Sayt test holatida ishlamoqda!
15 Avgust, 2026   |   2 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:04
Quyosh
05:32
Peshin
12:28
Asr
17:20
Shom
19:27
Xufton
20:52
Bismillah
15 Avgust, 2026, 2 Rabi`ul avval, 1448

Qadr kechasidagi savobning hajmi

27.05.2019   38785   6 min.
Qadr kechasidagi savobning hajmi

Biz ushbu maqolada qadr kechasini ibodat bilan o‘tkazgan kishi oladigan savobning hajmi haqida so‘z yuritamiz.

Qadr kechasi yil kechalari ichida eng ulug‘idir. Bu kecha haqida alohida sura nozil bo‘lgan. Bu kechaning ulug‘ligini oshirgan sabablardan biri Qur’on aynan shu kechada nozil bo‘la boshlaganidir.

Alloh taolo shunday deb marhamat qilgan:

إِنَّا أَنزَلْنَاهُ فِي لَيْلَةِ الْقَدْرِ وَمَا أَدْرَاكَ مَا لَيْلَةُ الْقَدْرِ لَيْلَةُ الْقَدْرِ خَيْرٌ مِّنْ أَلْفِ شَهْرٍ تَنَزَّلُ الْمَلَائِكَةُ وَالرُّوحُ فِيهَا بِإِذْنِ رَبِّهِم مِّن كُلِّ أَمْرٍ سَلَامٌ هِيَ حَتَّى مَطْلَعِ الْفَجْرِ

“Albatta, Biz u(Qur’on)ni Laylatul Qadrda tushirdik. Laylatul Qadr qandoq narsa ekanini senga nima bildirdi? Laylatul Qadr ming oydin yaxshiroqdir. Unda farishtalar va Ruh Robbilari izni bilan barcha ishlar uchun tushadir. U to tong otguncha salom bo‘lib turadir” (Qadr surasi).

Ichimizda qadr kechasini umrida hech bo‘lmaganda bir marta bo‘lsa ham topishni orzu qilmagan odam topilmasa kerak.

Yuqoridagi sura, xususan, “Laylatul Qadr ming oydin yaxshiroqdir” degan oyat haqida o‘ylab ko‘rsak, boshqa ming oyda amal qilib, qancha savob olsak, bu kechada bir amal qilib, undan ham ko‘p savob olishimizni anglab yetamiz.

Fikrimiz tushunarli va tasavvur qilishimiz oson bo‘lishi uchun bu kechada erishiladigan savob miqdorini raqamlarda ifoda etishga urinib ko‘raylik!

Xo‘sh, ming oyda nechta kecha bor?

Bu juda oson savol. Agar bir oyda 30 (o‘ttiz) kecha borligini e’tiborga olsak, ming oyda 30000 (o‘ttiz ming) kecha borligi ma’lum bo‘ladi. Demak, qadr kechasida bir amal qilgan xuddi boshqa kechalarda 30 000 (o‘ttiz ming)ta amal qilgandek bo‘ladi.

Albatta, biz savobni raqamlarda keltirishda taxminiy xulosa qilamiz. Chunki, oyatda ming oyga barobar deyilmagan, balki ming oydan yaxshiroq deyilgan. Bu esa savobning aniq miqdori qanchaligini Allohdan boshqa hech kim bilmaydi deganidir. Biz faqat ming oy haqida, amallarning ming oyga ko‘paytirilishi borasida so‘z yuritamiz.

Qadr kechasida Qur’ondan 1 (bir) harf o‘qisak, boshqa kechalarda 30000 (o‘ttiz ming) va undan ham ko‘proq harf o‘qigandek bo‘lamiz.

Endi yana bir oyatga e’tibor qaratsak:

مَن جَاء بِالْحَسَنَةِ فَلَهُ عَشْرُ أَمْثَالِهَا

“Kim bir yaxshilik qilsa, unga o‘n barobar qaytarilur” (An’om surasi, 160-oyat).

Qadr kechasida Qur’ondan 1 (bir) harf o‘qish boshqa kechalarda 30 000 (o‘ttiz ming) va undan ko‘p harf o‘qishning savobiga teng dedik. Endi bu oyatda aytilganidek, 30 000 (o‘ttiz ming)ni 10 (o‘n)ga ko‘paytiramiz. Natija 300 000 (uch yuz ming) bo‘ladi!

“Laylatul Qadr ming oydin yaxshiroqdir” degan oyatga binoan 1(bir) harf uchun 300 000 (uch yuz ming)dan ham ko‘proq savob bo‘ladi.

Qur’oni Karimdagi harflarning soni 300 000 (uch yuz ming)tadan ko‘proq bo‘lib, qadr kechasida Qur’ondan bir harf o‘qigan kishi boshqa kechalarda Qur’onni to‘liq o‘qib chiqqanning savobiga teng savob olar ekan.

Agar biz “Ixlos” surasini o‘qisak, qancha savob olamiz? Bu sura basmala bilan birga 66 (oltmish olti)ta harfdan iboratdir. Demak, biz “Ixlos” surasini basmala bilan birga (ya’ni 66 ta harfni) bir marta o‘qisak, Qur’oni Karimni 66 (oltmish olti) marta to‘liq o‘qib chiqqanning savobini olamiz.

Agar biz qadr kechasida bir marta duo qilsak, “Laylatul Qadr ming oydin yaxshiroqdir” oyatiga ko‘ra, boshqa kechalarda 30 000 (o‘ttiz ming) martadan ortiq,  “Kim bir yaxshilik qilsa, unga o‘n barobar qaytarilur” oyatini ham qo‘shganda, 300 000 (uch yuz ming) martadan ko‘proq duo qilganning savobiga ega bo‘lamiz.

Agar biz qadr kechasida bizga yomonlik qilgan 1 (bir) dona insonni kechirsak, “Laylatul Qadr ming oydin yaxshiroqdir” oyatiga ko‘ra, boshqa kechalarda 30 000 (o‘ttiz ming) donadan ortiq odamni,  “Kim bir yaxshilik qilsa, unga o‘n barobar qaytarilur” oyatini ham qo‘shganda, boshqa kechalarda 300 000 (uch yuz ming) donadan ko‘proq kishini kechirganning savobiga ega bo‘lamiz.

Agar biz qadr kechasida 1 (bir) rakat namoz o‘qisak, “Laylatul Qadr ming oydin yaxshiroqdir” oyatiga ko‘ra, boshqa kechalarda 30 000 (o‘ttiz ming) rakatdan ortiq namoz o‘qigan,  “Kim bir yaxshilik qilsa, unga o‘n barobar qaytarilur” oyatini ham qo‘shganda, boshqa kechalarda 300 000 (uch yuz ming) rakatdan ko‘proq namoz o‘qiganning savobiga ega bo‘lamiz.

Agar biz qadr kechasida 1 (bir) marta sadaqa qilsak, “Laylatul Qadr ming oydin yaxshiroqdir” oyatiga ko‘ra, boshqa kechalarda 30 000 (o‘ttiz ming) martadan ortiq,  “Kim bir yaxshilik qilsa, unga o‘n barobar qaytarilur” oyatini ham qo‘shganda, boshqa kechalarda 300 000 (uch yuz ming) martadan ortiq sadaqa qilganning savobiga ega bo‘lamiz.

Agar biz qadr kechasida qarindoshimizga 1 (bir) marta silai rahm qilsak, “Laylatul Qadr ming oydin yaxshiroqdir” oyatiga ko‘ra, boshqa kechalarda 30 000 (o‘ttiz ming) martadan ortiq,  “Kim bir yaxshilik qilsa, unga o‘n barobar qaytarilur” oyatini ham qo‘shganda, boshqa kechalarda qarindoshlarimizga 300 000 (uch yuz ming) martadan ko‘proq silai rahm qilganning savobiga ega bo‘lamiz.

Bu kabi misollarni ko‘plab keltirish mumkin.

Alloh taolo barchamizning ixlosimizni ziyoda qilsin! Ramazon oyini g‘animat bilib, har daqiqasidan foydalanib qolishga, xususan, qadr kechasida solih amallarni qilib bedor bo‘lishga muyassar etsin!

 

 

islam.ahram.org saytidan

Nozimjon Iminjonov tarjimasi

 

Ramazon-2019
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Muqaddas maskanga munosabat qanday bo‘lishi kerak?

14.08.2026   8006   2 min.
Muqaddas maskanga munosabat qanday bo‘lishi kerak?

Imom Buxoriy majmuasi nafaqat Ozbekiston, balki butun islom olami uchun ulugva muqaddas qadamjolardan biri hisoblanadi.

Hazrat Imom Buxoriydek buyuk muhaddis nomi bilan bog‘liq ushbu majmua bugun yurtimizning eng yirik ma’naviy va madaniy markazlaridan biriga aylangan. Har kuni minglab ziyoratchilar bu yerga kelib, ajdodlar merosi, ma’rifat va muqaddas tarix bilan yuzlashmoqda.

Majmua nafaqat ziyoratgoh, balki xalqimizning boy ma’naviy merosi, milliy me’morchiligi va islom sivilizatsiyasidagi o‘rnini namoyon etuvchi noyob madaniy ob’yektdir. Uni barpo etish uchun katta mehnat, yuksak mahorat va qimmatbaho qurilish materiallari sarf etilgan. Shu bois bu qutlug‘ maskanni asrab-avaylash har birimiz uchun muhim vazifadir.

Yaqinda Madaniy meros agentligi tomonidan ayrim ziyoratchilarning majmua hududida beparvo munosabatda bo‘layotgani haqida ma’lumot berildi. Ayrim holatlarda ustunlar, ayvonlar va muzey eksponatlariga ehtiyotsiz munosabatda bo‘lish, chiqindilarni duch kelgan joyga tashlash kabi holatlar kuzatilmoqda. Bu esa nafaqat ziyoratgoh ko‘rkiga, balki uning ma’naviy muhitiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatadi.

Bu holat barchamizni sergaklikka chaqirishi kerak. Zero, muqaddas qadamjoga kelgan inson avvalo o‘zini munosib tutishi, tozalik va tartib-qoidalarga amal qilishi lozim. Chunki ziyoratgoh — oddiy sayrgoh emas. Bu yerda asrlar nafasi, buyuk ajdodlar ruhi va ma’rifat ziyosi mujassam.

Tozalik esa inson madaniyatining eng muhim ko‘rsatkichlaridan biri. Islom ta’limotida ham poklikka alohida ahamiyat berilgan. Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom “Tozalik — iymonning yarmidir”, deya ta’kidlaganlar. Demak, ziyoratgoh hududida ozodalikni saqlash nafaqat fuqarolik burch, balki ma’naviy mas’uliyat hamdir.

Ayniqsa, chet ellik mehmonlar O‘zbekiston haqidagi ilk taassurotni aynan shunday muqaddas maskanlar orqali oladi. Agar ziyoratgoh ozoda, tartibli va fayzli bo‘lsa, bu xalqimizning yuksak madaniyati va ma’naviyatini namoyon etadi. Aksincha, beparvolik va tartibsizlik mamlakatimiz nufuziga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Yosh avlodni ziyoratgoh madaniyati ruhida tarbiyalash ham muhim ahamiyatga ega. Bolalar kattalardan ibrat oladi. Agar ota-ona muqaddas joyda tartibga amal qilsa, ehtiyotkor bo‘lsa, farzand ham shu ruhda tarbiya topadi. Shu bois har bir inson o‘z harakati bilan boshqalarga namuna bo‘lishi kerak.

Imom Buxoriy majmuasi — millatimiz g‘ururi va ma’naviy boyligi. Uni asrash, tozaligini saqlash va ehtirom bilan munosabatda bo‘lish har bir insonning vijdoniy burchidir. Ziyoratgohlarga bo‘lgan munosabatimiz orqali biz o‘z madaniyatimiz, ma’naviyatimiz va ajdodlar merosiga bo‘lgan hurmatimizni namoyon etamiz.

Asliddin Mustafoyev, majmua axborot xizmati rahbari.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari