Ramazon oxirlab bormoqda. Biz rejalashtirgan qaysi ezgu amallarimizga ulgurdigu qaysilarini keyingi yilga olib qo‘ymoqchimiz. Biroq hali vaqtimiz bor, oylar sultonining har daqiqasi bebaho va mazmunli, ulguramiz ko‘p ezguliklarga inshoolloh.
Qur’oni karimning Niso surasi, 80-oyatida Alloh taolo shunday marhamat qiladi: “Kimda-kim Payg‘ambarga itoat etsa, demak, u Allohga itoat etibdi. Kimda-kim bosh tortsa, Sizni ular ustidan qo‘riqlovchi qilib yuborganimiz yo‘q”. Chindan ham, Nabiy (a.s.)ning hayot yo‘llari biz o‘rganishimiz, namuna olishimiz uchun eng munosib hidoyat manbaidir. Payg‘ambarimiz (s.a.v.) Ramazon oyi davomida har doimgidan ko‘proq ibodat va ezguliklar qilishga shoshilar edilar. Biz ham ularning bu qutlug‘ yo‘llaridan yurishga muyassar bo‘lishni dilimizga tugganmiz. Zero, bu bizning oliy maqsadimiz bo‘lishi kerak.
Qur’oni karimni ko‘proq tilovat qilishning ayni pallasi – Ramazon oyidir. U Qur’on oyi, ma’rifat oyi deb bejiz ta’kidlanmagan. Bu muborak shahr – Qur’on nozil bo‘lgan oydir. Hadislarda keltirilishicha: “Jabroil (a.s.) Rasululloh (s.a.v.)ning oldilariga Ramazonda har tunda kelar, bu hol Ramazon tugaguncha davom etar edi. Rasululloh Jabroil (a.s.)dan Qur’onni o‘tkazib olar edilar”. Ushbu hadisdan ma’lumki, Ramazon oyida qancha ko‘p Qur’on o‘qilsa shuncha yaxshi, uning yaxshiligi va barakasi ham ortib boraverar ekan. Qolaversa, oyatlarning mazmunini tushunishga harakat qilish, suralar mohiyatini tafakkur qilish alohida ahamiyatga egadir. Bugungi kunda tobora chiroy ochib borayotgan masjidlarda ado etilayotgan xatmi Qur’onlar ana shu go‘zal an’ananing davomidir.
Ramazonda har qachongidan ham saxovatli bo‘lmoq joiz. Binobarin, Payg‘ambarimiz (s.a.v.) ham saxiylik bobida peshqadam edilar. Ayniqsa qutlug‘ oyning sharofati bilan ularning karamlari yanada ortgandan ortib boraverar edi. Hadislarda ta’kidlanishicha, “Rasululloh (s.a.v.) insonlarning eng saxiysi edilar. ayniqsa Ramazonda Jabroil (a.s.) bilan uchrashganlarida saxiyliklari yanada ortar edi”. Demak, hali vaqtimiz bor. Atrofimizga bir nazar tashlaylik, qiynalgan qarindoshlarimiz yoki nochor qo‘ni-qo‘shniyu beva-bechoralarning holidan bir bor xabar olib, keksalarni yo‘qlashni unutmaylik.
Bu oyda duolarimizni yanada ko‘paytirishimiz fazilatli. Ayniqsa, iftor paytida qilingan duoning xosiyati bemisl. Rasululloh (s.a.v.) og‘iz ochganlarida shunday der edilar: “Tashnalik ketdi, tomirlar namlandi va ajr savob sobit bo‘ldi”. Iftor payti duolar qabul bo‘ladigan vaqtlar qatoridadir. Bu esa naqadar buyuk imkoniyat. Ramazonning qadrli lahzalarida, iftorlik pallasida chin dildan, yurak-yurakdan Yaratganga iltijo qilishning fazli tengsiz. Bu g‘animat onlardan foydalanib qolaylik.
Ramazon mehr-oqibat, muruvvat faslidir. Ayniqsa, kishi o‘z oila a’zolari bilan yanada xushmuomala bo‘lishi, ezguligu saxovatlarini avvalo oilasi uchun ado etmog‘i muhim hisoblanadi. Hadisi sharifda: “Sizlarning eng yaxshingiz oilasiga yaxshilaridir”, deya marhamat qilinadi. Payg‘ambarimiz (s.a.v.) ham Ramazon oyida ahli oilasiga go‘zal muomala qilganlar, ayollariga ibodat va boshqa masalalarda ta’lim berganlar.
Ramazon oxirlab borayotgan kunlarda har bir musulmon fitr sadaqasi haqida unutmasligi lozim. Binobarin, hadisi sharifda shunday deyiladi: “Rasululloh (s.a.v.) fitr sadaqasini ro‘zadorning so‘kish va lag‘v ishlarini poklash hamda miskinlar uchun taom ma’nosida farz qildilar. Kim uni namozdan oldin ado qilsa, maqbul zakot, kim namozdan so‘ng ado qilsa, sadaqaning bir turi hisoblanadi”. Demak, ushbu muborak kunlarda faqirlarning xonadoniga xursandchilik ulashish, muhtojlarga yordam qo‘lini cho‘zish bir tomondan zimmamizdagi mas’uliyatli vazifa bo‘lsa, ikkinchidan, oilalarga shodlik va baraka olib keluvchi sharafli va savobli amallardan ekan.
Biz Ramazonning g‘animat imkoniyatlarining dengizdan tomchisinigina eslatib o‘tdik. Biroq, uning yaxshiliklarini sanab oxirlash mumkin emas. Ramazon oxirlab bormoqda. Uning imkoniyatlarga boy lahzalarini isrof qilmaylik. Qolaversa, Ramazon oyidan ta’lim olganlarimizni yil davomida o‘zimizga odat bilaylik: Hamisha ezguliklarga shoshilaylik, Qur’oni karim tilovati va ma’rifat egallashdan to‘xtamaylik, duolarimizda Allohdan yurtimizga tinchlik, xalqimizga omonlik so‘raylik, muhtoj va kasallar holidan hamisha xabardor bo‘laylik. Ana shunda Ramazon shukuhi qalblarimizni yil davomida tark etmaydi.
Sharifa G‘ANIYEVA,
“Ziyo” studiyasi bosh muharriri
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Doktor Muhammad Rotib Nobulsiy aytadilar: “Damashqlik ustozim 97 yoshda bo‘lsalarda, tetik, hatto tishlari ham soppa-sog‘, ko‘zlari ravshan edi. Qiziqib buning sababini so‘raganimizda: “Yoshligimizda a’zolarimizni gunohlardan asragandik, qariganimizda Alloh taolo ularning xizmatidan bizni mahrum etmadi”, deb javob berdilar”.
Alloma Tabariy rahimahulloh 70 yoshida ham kemadan quruqlikka sakrab tushardilar. Yoshlar taajjublanib: “Buncha kuch-quvvat qayerdan?” deb so‘rashganda, u zot: “Biz a’zolarimzni yoshligimizda gunohlardan saqlagan edik, qariganimizda esa Alloh taolo ularni biz uchun saqlab qoldi”, dedilar.
Tobe’in Hasan Basriy rahmatullohi alayh yoshlari 90 dan oshgan bo‘lsada dalada ishlardilar. Buni ko‘rgan odamlar: “Yoshligingni qanday saqlab qolding?” deb so‘rashdi. Hasan Basriy rahimahulloh: “Men yoshligimni saqlab qoldim, Alloh esa keksaligimni saqlab qoldi”, dedilar.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ko‘zning zinosi – (nomahramga) qarashdir”, deganlar. Boshqa bir rivoyatda “Ko‘z ham zino qiladi. Ko‘zning zinosi (nomahramga) qarashdir”, deyilgan (Imom Buxoriy rivoyati).
Davron NURMUHAMMAD