Sayt test holatida ishlamoqda!
09 Iyun, 2026   |   22 Zulhijja, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:06
Quyosh
04:50
Peshin
12:27
Asr
17:37
Shom
19:59
Xufton
21:35
Bismillah
09 Iyun, 2026, 22 Zulhijja, 1447

Ramazon oyining oxirgi o‘n kunligi fazilati

25.05.2019   39225   2 min.
Ramazon oyining oxirgi o‘n kunligi fazilati

Payg‘ambarimiz sollollohu alayhi vasallam Ramazon oyining oxirgi o‘n kunida boshqa kunlaridan ko‘ra ko‘proq ibodat qilar, u kunlarni etikof bilan o‘tkazar va qadr kechasini ushbu kechalardan qidirar edilar[1].

Imom Buxoriy rahmatullohi alayhi o‘z sahihlarida Oisha onamiz roziyollohu anhodan rivoyat qiladilar: “Albatta Nabiy sollollohu alayhi vasallam, Ramazon oyining oxirgi o‘n kuni kirib kelsa, ahllarini uyg‘otar, tunlarini tiriltirar va bellarini mahkam bog‘lar edilar”[2]

Hadisi sharifdagi Oisha onamizning: “Bellarini mahkam bog‘lar edilar”,  degani Payg‘ambar sollollohu alayhi vasallamning ibodatga odatdagidan ko‘proq jiddu-jahd  qilib harakat qilganlaridan kinoya. Ba’zilar bu ayollaridan chetlashganlari, yaqinlik qilmaganlaridan kinoya deydilar.

“Tunlarini tiriltirar edi” deganlari esa, namoz va boshqa ibodatlar bilan tunning barchasini bedor o‘tkazar edilar degan ma’noda. Oisha onamiz roziyollohu anhodan rivoyat qilingan boshqa hadisda: “ Men Rosululloh sollollohu alayhi vasallamni Ramazon oyidan boshqa biror paytda bir kechada Qur’oni karimning barchasini o‘qiganlarini ham, tunning hammasini to tonggacha bedor bo‘lganlarini ham, bir oy avvalidan oxirigacha to‘liq ro‘za tutganlarini ham bilmayman”[3] deganlar.

“Ahllarini uyg‘otar edi” deganlari esa, ayollarini namozga uyg‘otar edi degan ma’noda. Payg‘ambar sollollohu alayhi vasallamning odatlaridan ma’lumki, U zot ahllarini boshqa kunlarda ham ibodatga uyg‘otar edilar. Vitr o‘qimoqchi bo‘lsalar Oisha onamizni uyg‘otganlari kabi.[4] Ammo Payg‘ambar sollollohu alayhi vasallamning ahli oilalarini Ramazon oyining oxirgi o‘n kunida uyg‘otishlari yilning boshqa kunlariga nisbatan ko‘proq bo‘lar edi.  

 

TII o‘qituvchisi 

A. Sobirov

 

[1] Imom Muslim Oisha roziyollohu anho onamizdan rivoyat qilgan(1175)

[2] Imom Buxoriy rivoyati(1913)

[3] Imom Nasaiy rivoyati(1641)

[4] Imom Buxoriy rivoyati(952)

 

Ramazon-2019
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Adovat – qalbni kemiruvchi illat

09.06.2026   1315   2 min.
Adovat – qalbni kemiruvchi illat

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Inson qalbi – Alloh taoloning nazari tushadigan muqaddas makon. Biroq bu makonni zaharlovchi, ma’naviy hayotni izdan chiqaruvchi illatlar borki, ularning eng xavflisi adovat va kek saqlashdir. Adovat shunday bir olovki, u avvalo egasining qalbini kuydiradi, so‘ngra jamiyat jipsligiga putur yetkazadi.

​Qur’oni karimda adovatdan qaytarilgan. 

​Islom dini insonlarni o‘zaro muhabbat va kechirimli bo‘lishga chorlaydi. 

Alloh taolo Qur’oni Karimda mo‘minlarni bir-birlariga nisbatan qalblarida g‘araz saqlamaslikka chaqirib, bunday marhamat qiladi: ​«Parvardigoro, O‘zing bizlarni va bizlardan ilgari iymon bilan o‘tganlarni mag‘firat qilgin va qalblarimizda iymon keltirgan zotlarga nisbatan biron g‘araz (adovat) paydo qilmagin...» (Hashr surasi, 10-oyat).

​Bu oyat mo‘min kishi nafaqat tilida, balki ichki dunyosida ham boshqalarga nisbatan pok bo‘lishi kerakligini anglatadi. Adovat bor joyda iymon halovati bo‘lmaydi.

​Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam ummatni adovat va nafratdan qattiq ogohlantirganlar. Zero, bu illat insonning qilgan barcha ezgu amallarini yo‘qqa chiqarishi mumkin. 

Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar:

​"Bir-biringizga adovat qilmang, bir-biringizga hasad qilmang va bir-biringizdan yuz o‘girmang. Ey Allohning bandalari, o‘zaro birodar bo‘ling!" (Imom Buxoriy, Imom Muslim rivoyati).


​Adovatning inson hayotiga ta’siri juda kuchlidir. 

​Adovat — bu ruhiy zanjir. Kek saqlagan inson doimiy bezovtalikda yashaydi. Uning salbiy oqibatlarini quyidagicha tasniflash mumkin:

​Ma’naviy tanazzul: Adovat egasining ibodatlaridan lazzat ketadi, chunki qalb nafrat bilan band.

​Ijtimoiy inqiroz: Oilalar buzilishi, qarindoshlar o‘rtasidagi rishtalar uzilishi va jamiyatdagi ixtiloflarning bosh manbai adovatdir.

​Sog‘liqqa ziyon: Tibbiy nuqtayi nazardan ham, doimiy nafrat va g‘azab qon bosimi, yurak xastaliklari va asab tizimi yemirilishiga sabab bo‘ladi.


Xulosa

​Adovat - qalbni ichidan kemiruvchi zangdir. Undan qutulishning yagona yo‘li - kechirimli bo‘lish. Birovdan o‘ch olish nafsni qondirishi mumkin, lekin kechirish qalbga haqiqiy orom beradi.

​Zero, ulug‘larimiz aytganlaridek: "Kechirimli bo‘lish – zaiflik emas, balki kuchli ruhiyat belgisidir". Qalbimizni adovatdan poklab, mehr-muhabbatga joy ochaylik, shunda ikki dunyo saodatiga erishamiz.

Habibullo Muminjonov,
Kosonsoy tumani “Islomxon” jome masjidi imom-xatibi

MAQOLA