Joriy bo‘lgan vaqti: hijriy ikkinchi yil.
Hukmi: bizning mazhabimizga ko‘ra, fitr vojib amal sanaladi.
Sharti: ramazondan fitrga (og‘iz ochiqligi) chiqish munosabati bilan berilgani uchun shunday ataladi.
Mohiyati: fitr moldan emas, kishi boshidan sadaqa sanaladi.
Hikmati: Ro‘zador uchun behuda gap-so‘z va harakatlardan poklanish, miskinlar uchun taomlanishdir.
Miqdori: fitr sadaqasi bug‘doydan yarim so’, arpadan bir so’, mayizdan yarim so’ va xurmodan bir so’dir. Bir so’ taqriban (≈) 4 kilogrammdir.
Shunga ko‘ra, bu yilgi FITR sadaqasining miqdori Toshkent shahar bozorlaridagi narxga ko‘ra:
≈ 2 kilogramm bug‘doydan 6 000 (olti ming) so‘m;
≈ 4 kilogramm arpadan 10 000 (o‘n ming) so‘m;
≈ 2 kilogramm mayizdan 70 000 (yetmish ming) so‘m;
≈ 4 kilogramm xurmodan 100 000 (yuz ming) so‘m bo‘ladi.
Beriladigan vaqti: Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam fitr zakotini ro‘zador uchun behuda gap-so‘z va harakatlardan poklanishi va miskinlar uchun taomlanishi bo‘lsin uchun farz qildilar. Kim uni namozdan oldin ado qilsa, u maqbul zakot bo‘lur. Kim uni namozdan keyin ado qilsa, sadaqalardan bir sadaqa bo‘lur» (Abu Dovud, Ibn Moja va al-Hokim rivoyat qilgan).
Fitr sadaqasiga nima beriladi? Hanafiy mazhabida fitr ro‘zasini taom bo‘ladigan narsaning o‘zi bilan berish shart emas, qiymatini bersa ham bo‘ladi, deyilgan.
Kimlarga beriladi? Fitr sadaqasi o‘zining yurtidagi musulmon miskinlarga beriladi. Boshqa ertda qarindoshlari bo‘lsa, ularga ham berish mumkin. Kofirga, murtadga, fosiqqa, boyga, dangasaga, ota-onasiga, bolasiga va xotiniga berilmaydi.
Fitr qanday chiqariladi? Kishi xotini, katta bolasi, boy bo‘lgan yosh bolasi nomidan sadaqai fitr bermaydi. Boy bo‘lgan yosh bolaga o‘zining molidan beradi.
Vaqtida berilmasa... Fitr sadaqasi uni bermagan odam zimmasidan soqit bo‘lmaydi. Uni ramazon oyidan keyin ham berishi lozim (Muxtasar ul-viqoya).
Damin JUMAQUL tayyorladi
Doktor Muhammad Rotib Nobulsiy aytadi: «Damashqlik ustozim 97 yoshda bo‘lsa-da, tetik, ko‘zlari ravshan, hatto tishlari ham soppa-sog‘ edi. U kishidan buning sababini so‘raganimda:“Yoshlikda a’zolarimni gunohlardan asragandim, qariganimda ham Alloh taolo ularning xizmatidan mahrum etmadi”, deb javob berdi».
Alloma Tabariy rahimahulloh 70 yoshida ham qayiqdan sakrab tushardi. U kishini ko‘rganlar: “Buncha kuch-quvvat qayerdan?” deb so‘rashganida, ustoz: “Biz a’zolarimizni yoshligimizda gunohlardan saqlagan edik, qariganimizda esa Alloh taolo ularni biz uchun saqlab qoldi”, dedi.
Hasan Basriy rahmatullohi alayh 90 yoshdan oshgan bo‘lsa-da, dalada ishlardi. Buni ko‘rganlar: “Hali ham yosh yigitdek mehnat qilasiz. Bunga qanday erishgansiz?” deb so‘rashdi.
Hasan Basriy rahimahulloh: “Men yoshligimni saqlab qoldim, Alloh esa keksaligimni saqlab qoldi”, dedi.
“Yoshligini saqladi” degan iboradan zinodan uzoq bo‘lish tushuniladi. Chunki zino umrni qisqartiradi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ko‘z ham zino qiladi. Ko‘zning zinosi (nomahramga) qarashdir”, deganlar (Imom Buxoriy rivoyati).
Davron NURMUHAMMAD