Tanlovga!
Qur’on shunday mo‘jizaviy kitobki, barcha insonlarni hidoyatga boshlash bilan birga, uni tilovat qiluvchi va uni tinglaguvchi uchun o‘qigan har bir harfiga 10 ta hasanot yoziladi. Har bir hasanot esa 10 barobardan 70 barobargacha ko‘paytirib beriladi.
Endi, bunday savoblar Ramazon oyi kelishi bilan ikki barobar qilib ko‘paytirib beriladi. Chunki, bu oyda banda gunohlardan tiyilib, Robbisi rozi bo‘ladigan ishlar bilan mashg‘ul bo‘ladi. Bu oyda qilinadigan fazilatli ishlar juda ko‘p bo‘lsa, ular ichida eng afzallaridan biri Qur’on tilovati hisoblanadi. Shu sababdan, barcha musulmonlar bu oyda ko‘proq vaqtlarini Qur’on bilan o‘tkazishga harakat qiladilar va bu borada ko‘proq xatm qilish uchun o‘zaro musobaqalshadilar.
Quyida ushbu «Ajr va savoblar» musobaqasida o‘zib ketishda sizga yordam beradigan ba’zi bir yo‘llarni keltiramiz.
Qur’oni Karim taqriyban 600 sahifa bo‘ladigan bo‘lsa, uni 30 kun Ramazon oyiga bo‘lib chiqsak, bir kecha kunduzda 20 sahifaga to‘g‘ri keladi. Endi, bu 20 sahifani bir kunlik 5 vaqt farz namozlariga bo‘lsak, har bir namozdan oldin 4 sahifadan tilovat qilish lozim bo‘ladi. Buni namozdan oldinmi, keyinmi farqi yo‘q. O‘zingiz uchun qulay bo‘lganini tanlashingiz mumkin.
Bu bilan siz bu oyda bir marotaba Qur’oni Karimni to‘liq xatm qilishingiz mumkin.
Lekin, siz bu oyning yarmi o‘tib ketdiku deyishingiz mumkin? Ammo, qolgan kunlarda ham Qur’oni Karimni xatm qilishingiz mumkin.
Misol uchun: Endi bugundan boshlab, har bir namozdan oldin va keyin 4 sahifadan tilovat qilishingiz kerak bo‘ladi.
Alloh taolo bu oyda fazilatli amallarni bajarishga barchamizni muvaffaq aylasin.
Toshkent Islom instituti talabasi
Muhammad Ali Muhyiddin
Luqmoni Hakim o‘z o‘g‘illariga qilgan nasihatlari Qur’oni karimda keltiriladi.
Nasihatning eng birinchisi – shikrdan qaytarish.
“Ey, o‘g‘ilcham! Allohga shirk keltirmagin! Chunki shirk ulkan zulmdir” (Luqmon surasi, 13-oyat).
Shirk eng og‘ir zulm, eng qabih jaholat va eng katta gunoh sanaladi.
Nasihatning ikkinchisi – ota-onaning haqqini ado etish.
“Agar ular (ya’ni ota-onang) seni o‘zing bilmagan narsalarni Menga sherik qilishga zo‘rlasalar, u holda ularga itoat etma! Ularga (garchi kofir bo‘lsalarda) dunyoda yaxshi muomalada bo‘lgin” (Luqmon surasi, 15-oyat).
Ota-ona hatto mushrik bo‘lsalar-da, ularga qo‘pol munosabatda bo‘lmaslik talab etiladi.
Nasihatning uchinchisi – Alloh oshkor maxfiy har bir narsa bilib turuvchi Zot.
“Ey, o‘g‘ilcham! Shubha yo‘qki, agar xantal (o‘simligining) urug‘idek (yaxshi yoki yomon amal qilinadigan) bo‘lsa, bas, u (amal) biror xarsang tosh ichida yo osmonlarda yoki yer ostida bo‘lsa, o‘shani ham Alloh keltirur. Zero, Alloh lutfli va ogoh zotdir” (Luqmon surasi, 16-oyat).
Nasihatning to‘rtinchisi – namoz, amri ma’ruf, nahyi munkar va sabr.
“Ey, o‘g‘ilcham! Namozni barkamol ado et, yaxshilikka buyur va yomonlikdan qaytar hamda o‘zingga yetgan (balolar)ga sabr qil!...” (Luqmon surasi, 17-oyat).
Nasihatning beshinchisi – ochiq yuzli, shirin so‘zli, tavoze’li bo‘lish, kibrlanmaslik.
“Odamlarga (kibrlanib) yuzingni burishtirmagin va yerda kerilib yurmagin! Chunki Alloh barcha kibrli, maqtanchoq kimsalarni suymas” (Luqmon surasi, 18-oyat).
Nasihatning oltinchisi – baqir-chaqir qilmaslik.
“(Yurganingda) o‘rtahol yurgin va ovozingni past qilgin! Chunki ovozlarning eng yoqimsizi eshaklar ovozidir” (Luqmon surasi, 19-oyat).
Davron NURMUHAMMAD