So‘nggi vaqtlarda Internet tarmoqlarida ayrim noxushliklarni islom shiorlariga bog‘lash – “imom unday bo‘ldi”, “masjid bunday bo‘ldi” deyish holatlari uchrayotgani ijobiy hodisa emas. Avvalroq “Denovda hamshahriga marixuana bergan masjid noibi qo‘lga olindi”, “Uyi tomsiz qolgan imomga yordam beraylik”, “Dahshatli alangadan mo‘jiza tufayli omon qolgan imom zudlik bilan operatsiya qilinishi zarur” kabi maqolalar e’lon qilingan edi. Bulardan maqsad nima? Shunday noxolis yo‘l orqali ommaning e’tiborini jalb qilish yo nashr reytingini oshirishmi?
O‘tgan kuni esa “Qo‘qonda imom yordamchisi giyohvand moddalar bilan qo‘lga tushdi” sarlavhali xabarda kosibchilik bilan shug‘ullanib, shu bilan birga, Qo‘qon shahridagi masjidlardan birida imomga yordamchilik qilib kelgan bir shaxs giyohvand moddalar bilan qo‘lga tushib, jazo tayinlangani haqidagi xabar e’lon qilindi.
Shu o‘rinda bir mulohaza, asosiy kasbi kosibchilik bo‘lgan insonning imomga yordamchilik qilganini (“yordamchi” degan shtat yo‘q) sarlavhaga olib chiqishdan maqsad nima? Nega sarlavha «Kosib giyohvand moddalar bilan qo‘lga tushdi» shaklida emas?.. Boz ustiga mazkur shaxs o‘tgan yili ishdan bo‘shab ketganiga nima deysiz?..
Jinoyat qilgan odamning dinga munosabati, masjidga aloqasi oldingi planga olib chiqilmasligi lozim. Bu odam jinoyat qilgan ekan, qonuniy jazosini oldi. Biroq har qanday imkoniyatdan foydalanish ilinjida diniy idora, masjid yo imom umuman, islom shiorlarini yomonotliq qilishga urinish durust emas, balki gunohdir.
Internetdagi betizgin erkinlik sababli ba’zilar hurmat-ehtirom kabi insoniy tuyg‘ularga, qonun-qoida kabi me’yorlarga rioya qilmayotgani ham ko‘zga tashlanmoqda. Alloh taolo Qur’oni karimda: “U (inson) biron so‘zni talaffuz qilmas, magar (talaffuz qilsa) uning oldida hoziru nozir bo‘lgan bir kuzatuvchi (farishta u so‘zni yozib olur)”, deb bayon qilgan (Qof surasi, 18-oyat).
Ushbu oyati karimadan jurnalistlarning ham aytganlari va yozganlarini muakkal farishtalar yozib borishi, vaqti yetib daftar ko‘tarilganda bugun yozganlarimiz ertaga o‘zimizning foydamiz yoki zararimizga hujjat bo‘lishi ayon bo‘lmoqda. Shunday ekan, yozgan materiallarimizni odamlarni hayratga soladigan qilish uchun Islom shiorlariga bog‘lashdan saqlanaylik!
Hammani lol qoldiradigan material yozaman, deya arzon shuhratga uchib, Islom shiorlariga zarar yetkazish – jurnalistika etikasiga ham, millatimiz axloqiga ham, dinimiz ta’limotiga ham mutlaqo to‘g‘ri kelmaydi.
Har bir so‘zimizni yozishga chog‘lanar ekanmiz, ongimizda Alloh taolo va Uning Rasulining bizni ogohlantirgan kalomlari, ajdodlarimiz ibrati, Islom dini qadr-qimmati paydo bo‘lsa, so‘z aytish mas’uliyatini yanada teranroq anglagan bo‘lar edik.
Zotan, qalam ahllarining sharafli kasbida qo‘lga kiritadigan yutuqlarini ta’min etuvchi muhim omil ham shu emasmi, o‘zi!
Umuman olganda, o‘sha jinoyatchining asl kasbi qolib, imomga yordamchi ekanining sarlavhaga chiqarilishining ham o‘ziga yarasha sabablari bor:
dindor odam jinoyatchi bo‘lmaydi;
dindor odam og‘ufurushlik bilan shug‘ullanmaydi;
dindor odamning bu kabi qabihlik bilan shug‘ullanishi boshqalarnikidan ikki chandon dahshatli hodisa sanaladi;
kosib – hunarmand, imomlik esa peshvolik...
Maqolaga sarlavha qo‘yilganda ana shu jihatlarga e’tibor qaratilgan. Biroq o‘quvchini qiziqtirish, jinoyatning ko‘lamini bo‘rttirib ko‘rsatish uchun qo‘lga tushgan jinoyatchilarning namoz-niyozi borini dinga bog‘layverish odamlarda din va dindorlarga nisbatan salbiy fikrni shakllantirishga, ulardan hadiksirashga sabab bo‘lib qolishi mumkin.
Ana shundan ehtiyot bo‘lgan ma’qul, azizlar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Adliya vazirligi Mikromoliya tashkiloti va bank faoliyatini o‘zgartirish tartibi to‘g‘risidagi nizomga o‘zgartirish va qo‘shimchalarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazdi (ro‘yxat raqami 3656-1, 01.08.2026 y.), xabar bermoqda huquqiyaxborot Telegram kanali.
Mazkur idoraviy hujjat "O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga O‘zbekistonda islomiy bank faoliyatini joriy etishga qaratilgan qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida" 2026 yil 27 martdagi O‘RQ–1126-son Qonunga muvofiq ayrim kredit tashkilotlari faoliyatini o‘zgartirishning quyidagi tartib-taomillarini belgilaydi:
Shuningdek, o‘z faoliyatini faqat islomiy bank faoliyatini amalga oshiruvchi bankka o‘zgartirishga faqat islomiy bank faoliyatini amalga oshiruvchi mikromoliya banki haqli.
Mikromoliya bankini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish va bank faoliyatiga doir tegishli litsenziya (litsenziyalar) olish uchun nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun mikromoliya banki binolarida shaharsozlik normalari va qoidalarida belgilangan talablarga muvofiq qulay shart-sharoitlar yaratilganligi bo‘yicha Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasining xulosasi mavjud bo‘lishi kerak.
Tashabbus Fors ko‘rfazi mamlakatlaridan investitsiyalarni jalb qilishga qaratilgan bo‘lib, dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, ushbu chora-tadbirlarni amalga oshirish iqtisodiyotga depozitlar va to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiyalar ko‘rinishida taxminan 1 milliard dollar jalb qilishi mumkin. Mutaxassislarning prognozlariga ko‘ra, 2035 yilga borib O‘zbekiston ushbu tizim ishga tushirilgandan beri dunyoda islom moliyasining eng tez o‘sishini namoyish etadi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati