Ramazonda iftorlik va saharlik dasturxonini taomlar bilan bezash ayolu qizlarimiz, opa-singil va kelinlarimizning yumushlari sirasiga kiradi. Aslida bu oy kam taom yeyiladigan, ochlik va ochlar holi his qilinadigan mavsumdir. Ammo shu oyda ham taomni ko‘p yeyishga urinamiz. Ayollarimiz iftorlik dasturxoniga shunaqa ko‘p taom hozirlashadiki, uni qo‘ygani xontaxtada joy yetishmaydi. Qorin ochligi sabablimi yoki boshqami, juda ko‘p narsa pishiriladi. Bir necha xil taomlar, somsa, pechene, turli salatlar, sharbatlar va hokazo.
Kuni bo‘yi och yurgan tana birdaniga shuncha narsani yeb, uni hazm qilishga qiynaladi, oshqozonga yuk bo‘ladi, semirish, harakatning keskin kamayishi sodir bo‘ladi.
Ayol-qizlarimiz faqat yeyiladigan, kerakli miqdordagi taomlarni hozirlab, qolgan vaqtlarini oshxonada o‘tkazmasdan, Alloh taoloni zikr qilib, tanani oziqlantirishga bo‘lgan urinishlarini kamaytirib, ruhning ozuqasiga ko‘proq e’tibor qaratsalar oila a’zolari ko‘p ovqat yeb, qiynalish muammosidan qutulgan, kelinlar esa zikrning savobiga erishgan bo‘lardilar.
Ko‘p taom yegandan keyin uning ustidan ko‘p suv ichishga to‘g‘ri keladi. Bu esa tanani og‘irlashtirib, dangasa bo‘lishga, ibodat qilish, ilm o‘rganish va yana biror foydali ishlar bilan shug‘ullanishdan sustkashlik qilishga olib keladi.
Saharlikda ro‘za tutishga quvvat bo‘lsin deb ko‘proq taom yeymiz. Balki buni tushunsa bo‘lar. Ammo iftorlik dasturxonini me’yoridan oshirmaslik kerak.
Alloh taolo Qur’oni Karimda shunday marhamat qilgan:
“Yeb-iching va isrof qilmang. Chunki U zot isrof qiluvchilarni sevmas” (A’rof surasi, 31-oyat).
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam hadisi sharifda “Ishlarning xayrlisi o‘rtachasidir” deganlar.
Ushbu oyat va hadisga amal qilib, taom yeyish borasida ham o‘rtacha yo‘lni tutsak, ham hadisga amal qilgan bo‘lamiz, ham o‘zimizni hazmda qiynalish muammosidan qutqargan bo‘lamiz. Zero, ulamolar mazkur oyatdagi “isrof qilmang” jumlasini “To‘ygandan keyin taom yemang” deb tafsir qilishgan.
Biz shuncha nozu ne’matlar bilan iftorlik qilayotganimizda, ro‘zamga quvvat bo‘lsin deb saharlikda ko‘p ovqat yeb o‘tirganimizda qo‘shnimizni eslab qo‘yaylik! Ular ham biz kabi saharlik va iftorlik qilishyaptimikin yoki ularning dasturxonida bizdagi taomning o‘ndan biri ham yo‘qmikin?!
Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi «Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Sizlardan birortangiz o‘zi uchun yaxshi ko‘rgan narsani birodari uchun ham ravo ko‘rmaguncha mo‘min bo‘la olmaydi», dedilar». Beshovlaridan faqat Abu Dovud rivoyat qilmagan.
Iftorlikda ko‘p ovqat yeb, nafas olishga ham qiynalib turgan paytimizda ular yodimizga kelsin! Imkon qilib, ikki-uch xil taomimizning yarmini ularga olib chiqib bersak, qancha savobga erishamiz, iymonimiz komil bo‘ladi.
Aziz dindoshlar, taomlanishda me’yorga amal qilaylik! Ramazon oyida yashayotganimiz, ro‘za tutayotganimiz o‘zimizga bilinsin! Ochlik, tashnalikni his etaylik! Ana shunda biz bir oy davomida his qilgan holat yon qo‘shnimizning butun yil davomida his etadigan holati ekanini anglab yetamiz va ularga yordam berishga shoshilamiz!
Alloh taolo barchamizni isrofdan saqlanib, me’yorida taomlanishimizni va faqirlar holidan tez-tez xabar olib turishimizni nasib etsin!
Dovudxon domla mav’izalari asosida
Nozimjon Iminjonov tayyorladi
«Yosh farzandlarni ovqatdan oldin va keyin qo‘l yuvishga, ovqatlanishni «Bismillah» bilan boshlashga, o‘ng qo‘l bilan yeyishga, yeb bo‘lganidan so‘ng Yaratganga shukr aytishga odatlantirishingiz lozim. Shuningdek, o‘ng qo‘l bilan yozish, kiyim kiyganda o‘ngidan boshlash, uyga o‘ng oyoq bilan kirish, har bir ishni «Bismillah» bilan boshlashga ham o‘rgating.
Bolalarga tozalikka rioya qilish, tirnoqlarini olish, kiyimlarini toza-pok saqlash, tahoratxonaga kirish-chiqish tartiblaridan ta’lim bering.
Farzandlarga xoli holda, uyaltirmay, boshqalar oldida sharmanda qilmay nasihat qilishingiz lozim. Ba’zan sho‘xlik qilib, gapingizga quloq solishmasa yoki biror ishda xato qilishsa, ularni urmay-so‘kmay, tushuntirishingiz zarur. Juda iloji bo‘lmay qolganida bir-ikki kun gaplashmay qo‘ysangiz, kifoya.
Farzandlaringizning kimlar bilan do‘st va hamsuhbat bo‘lishlariga e’tiborli bo‘ling, ko‘chada sababsiz, bemaqsad turish va yurishlariga, sizdan so‘ramay, uzoq vaqt biror mashg‘ulot bilan shug‘ullanishlariga yoki olis joyga ravona bo‘lishlariga ruxsat bermang.
Farzandlarni uyda va ko‘chadagi tanish-notanish odamlarga «Assalomu alaykum» deb salom berishga, qo‘ni-qo‘shnilarga yaxshilik va yordam ko‘rsatishga, aziyat yetkazmaslikka, uyingizga kelgan mehmonga hurmat ko‘rsatish va xizmat qilishga odatlantiring.
O‘g‘il-qizlaringizni kufr so‘zlardan, birovlarni haqorat qilishdan, behayo gaplarni gapirishdan qaytaring. Bularning nihoyatda yomonligini, yaramas so‘z-gaplar tufayli odam qattiq gunohkor bo‘lishi va zarar ko‘rishini muloyimlik bilan tushuntiring. O‘zingiz ham bu borada ularga ibrat-namuna bo‘ling, chiroyli axloq sohibi ekaningizni isbotlang.
Farzandlarni qimorning turli ko‘rinishlari, qarta, oshiq va o‘rtaga pul qo‘yib o‘ynaladigan barcha o‘yinlardan qaytarish darkor. Qimor bo‘lmasa ham, qimmatli vaqtini behuda sovuradigan, dars tayyorlash va foydali mashg‘ulotlardan ayiradigan o‘yinlarni ham cheklash lozim. Ularning axloqsiz, behayo, fahsh suratli gazeta-jurnallar, kitoblarni o‘qishlariga, jinsiy munosabatlarni, shafqatsizlik, axloqsizlik, yovuzliklarni targ‘ib qiladigan film va tomoshalarni ko‘rishlariga yo‘l bermang.
“Bamisoli sirka asalni buzganidek, badfe’llik va axloqsizlik ham kishining qilayotgan amallarini buzadi”.
Farzandlaringizni sigaret chekish va aroq ichishdan qaytarib, bu illatlarning inson sog‘lig‘i va iqtisodiga qanchalar zarar keltirishini, kulfatga boshlashini erinmay tushuntiring. Buning o‘rniga meva va shirinliklar iste’mol qilishga targ‘ib eting”.
O‘g‘il-qizlarimizni har qanday holatda ham rost so‘zlashga, yolg‘onni hatto hazil tariqasida ham gapirmaslikka, va’daga albatta vafo qilishga o‘rgatishimiz lozim. Chunki yosh bolalar odatda o‘ta ta’sirchan va taqlid qilishga o‘ch buladilar. Yolg‘onni atrofidagi muhitdan o‘rganib, ota-onasi yoki aka-ukalaridan biror manfaatga erishish uchun yolg‘on ishlatishlari mumkin. To‘g‘rilik har bir yaxshilikning asosi, yolg‘on esa har qanday yomonlikning onasi va boshlanishidir. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Albatta, to‘g‘rilik yaxshilikka boshlaydi. Yaxshilik jannatga boshlaydi. Yolg‘on yomonlikka olib boradi. Yomonlik esa do‘zaxga olib boradi”, deganlar. O‘zimiz ham ularga biror narsa va’da qilsak, olib berishimiz, bordi-yu, buning imkoni topilmay qolsa, ularga tushuntirib, muddatini uzaytirishimiz kerak.
Davomi bor...
Muhammad Quddus ABDULMANNON,
Xo‘jaobod tumani “Yetti chinor” jome masjidi imom noibi.