Tanlovga!
Alloh taologa hamd, payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam va u zotning ahli baytlari va sahobalariga salovotu salomlar bo‘lsin!
Ramazon… Bu so‘zni eshitganda qalblarga quvonch, ko‘ngillarga xushnudlik kiradi. Mo‘min kishilarning qalblarini sakinat o‘rab oladi. Beixtiyor uning xotiriga xursandchilik, shodlik damlari keladi. O‘tgan raamazon oyining shukuhini eslaydi. Ham jismiy ham botiniy kirliklardan tozalanishini o‘ylab xursand bo‘ladi. Qanday qilib ham bunday bo‘lmasin? Axir bu oyda shaytonlar kishanlanib, Alloh subhanahu va taoloning biz gunohkor bandalarga rahmat eshiklari ochilib, Alloh taolo “Qani tavba qiluvchi bormi? Uning tavbasini qabul qilaman. Qani duo qiluvchi bormi? Uning duosini ijobat qilaman” deb bizlarga O‘zining rahmatini va mag‘firatini aynan mana shu oyda yog‘diradigan bo‘lsa. Bizdan faqat gunohlardan haqiqiy tavba qilib, Alloh taologa hamdlar aytib, Alloh taoloning buyruqlariga xolis amal qilib, qaytariqlaridan qaytib, o‘zimizni isloh qilib, habibimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamning manhajlarini mahkam ushlab, dunyo va oxirat saodatlarini qo‘lga kiritishimizgina qolmaydimi? Ramazon oyi keldi. Chin tavba qilish vaqti kelmadimikan?
Aslida tavba eshiklari har doim ochiq. Modomiki, jonimiz halqumimizga tiqilmas ekan va quyosh mag‘ribdan chiqmas ekan bizlarning chin dildan qilgan tavbalarimiz qabul qilinadi in sha Alloh. Lekin hozir Ramazon oyida turibmiz, bu oy tavba uchun ayni fursat emasmi? Shubhasiz bu oyda boshqa oylarga qaraganda chin tavba qilishimiz oson bo‘ladi. Chunki, biz bu oyda boshqa oylarga qaraganda Robbimizning rahmatini ko‘proq his qilamiz. Lekin bu gapdan tavba uchun Ramazon oyini kutish kerak ekan degan gap kelib chiqmaydi. Jon Alloh taoloning omonati. Uni qachon xohlasa o‘sha payt oladi. Shunday ekan, bizga hozir Ramazon oyida turibmiz, bu oyni g‘animat bilib, tavba-tazarruga shoshilishimiz lozim bo‘ladi. Bekorga habibimiz Rasululloh sollallohu alayhi vasallam “Ramazonga yetib, mag‘firat qilinmagan kishining burni yerga ishqalsin, xor bo‘lsin!” demaganlar. Chunki Ramazonni g‘animat bilmagan kishi tavba qilmagan, mag‘firat so‘ramagan bo‘ladida. Birodarlarim! Bunday badbaxt kishilardan bo‘lib qolmaylik. Bu oyda gunohlardan tavba qilib, bu oydan chiqqanimizdan keyin ham bu gunohlarga qaytmaylik. Zeroki, Ramazonda tavba qilmasak, qachon tavba qilamiz? Ramazonda Allohga qaytmasak qachon Allohga qaytamiz?
Shu o‘rinda bir savol tug‘iladi. Chin tavba qanday bo‘ladi? Bu savolga Alloh taoloning Kitobi Qur’oni karimdan javob qidirib ko‘raylik. Alloh taolo shunday marhamat qiladi “Va ular fohisha ish yoki o‘zlariga zulm qilgan chog‘larida Allohni eslab, gunohlarini mag‘firat qilishini so‘raydilar, gunohlarini Allohdan o‘zga kim ham mag‘firat qiladi? Va ular, bilib turib, qilgan gunohlarida bardavom bo‘lmaslar”.
Demak, oyatdan kelib chiqadiki, gunohda bardavom bo‘linmasa, gunohni e’tirof qilinsa va istig‘for aytiladigan bo‘lsa, Alloh taolo gunohlarni kechirar ekan. Chin tavba qanday bo‘lishi borasida ulamolarimiz ham ko‘p gaplarni aytganlar. Shulardan ba’zilarini keltiramiz.
Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhu shunday deydilar “Haqiqiy tavba, xuddi sog‘ilgan sut yelinga qaytmaganidek, tavbadan keyin gunohlarga qaytmaslikdir”.
Said ibn Jubayr rohimahulloh aytadilar “Uchta shart bo‘lmasa tavba qabul bo‘lmaydi:
Hasan Basriy rohimahulloh shunday deydilar “Haqiqiy tavba o‘zi avval yaxshi ko‘rgan gunohidan nafratlanish. Gunohini eslaganda istig‘for aytishdir”.
Ali ibn Husayn rohimahulloh shunday deydilar “Tavba amal bilan va gunohlardan qaytish bilan bo‘ladi. Tavba shunchaki so‘z bilan bo‘lmaydi”.
Shayx Sha’roviy rohimahulloh o‘zlarining “Tavba” kitoblarida quyidagi lafzlarni keltiradilar “Tavba qilgan kishi uch narsani doim yodda tutishi lozim bo‘ladi:
Imom Navaviy rohimahulloh aytadilar “Har bitta gunohga tavba qilish vojibdir. Agar gunoh banda va Alloh taolo o‘rtasida bo‘lib, bu gunohga boshqa bir bandaning haqqi aralashmagan bo‘lsa, tavbaning uchta sharti bor:
Imom Navaviy rohimahullohning gaplaridan kelib chiqadiki, agar gunohga boshqa bir bandaning haqqi aralashgan bo‘lsa, tavba toki u bandani rozi qilmaguncha qabul bo‘lmaydi. Shuning uchun birovning haqqiga e’htiyot bo‘lish kerak. Yana shuni aytib o‘tish kerakki, tavbada yana bir daqiq sir bor. Tavba faqat gunoh sababidan qilinmaydi. Qanchadan-qancha solih insonlar, Alloh taoloning avliyolari bor, ular har damlarida tavba bilan, istig‘for bilan mashg‘ullar. Hattoki, Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam ham har kuni yuz marta istig‘for aytganlari hadislarda rivoyat qilinadi. Buning sababi esa, bu Alloh taologa tavozu’ namunasi, har doim Alloh taologa muhtoj ekanini e’tirof etishdir. Boshqa jihatdan olib qaraydigan bo‘lsak, insonlarning hech qaysi biri, Alloh taoloning bergan mo‘l-ko‘l ne’matlariga shukr qilib, adog‘iga yetkaza olmaydi. Shuning uchun ham u tavba bilan mashg‘ul bo‘ladi.
Mana bu – gunohlar bilan mashg‘ul bo‘lib yurganidan so‘ng, biz yuqorida bayon qilgandek chin tavba qilib, solih amallarda bardavom bo‘ladigan kishilarning tavbasidir. Bu esa Alloh taoloning oldidagi ulug‘ daraja hisoblanadi.
Azizlar! Mana chin tavba qanday bo‘lishni ham oz bo‘lsada bilib oldik. Ramazon oylarida turibmiz, bu oyni mana shunday tavbalar qilish uchun g‘animat bilaylik. Salafi solihlarimiz Ramazon oyi tugasa, bu oydan ajralganlari uchun yig‘lar ekanlar. Ko‘p narsalarga ulgurmay qolganlaridan nadomat chekar ekanlar. Mana bu narsa ham ularning tavbalariga dalolat qiladi. Albatta bu ularning o‘ta solih bo‘lganlaridan va qalblari toza bo‘lganliklaridandir. Biz ham habibimiz Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlariga ergashib, mana shunday solih kishilarning yo‘llarini tutishimiz kerak bo‘ladi.
Allohim bizlarni solih bandalaringni muvaffaq qilgan narsalarga muvaffaq qilgin. Bizlarni to‘g‘ri yo‘lingga hidoyat qilgin! Amiyn.
Manbalar asosida “Ko‘kaldosh” o‘rta maxsus islom bilim yurtining
4-kurs talabasi Xushvaqtov Abdulhay tayyorladi.
Bismillahir Rohmanir Rohiym
O‘tgan asrning saksoninchi yillarida o‘smir edim. O‘smirlik shunday davrki, inson o‘zini katta bo‘lib qolgan, hech kim unga teng kelolmaydigandek his qiladi.
Bir kuni onam bilan oramizda kelishmovchilik chiqdi. Aniq nima sabab bo‘lganini eslolmayman, lekin bir narsani yaxshi eslayman: men onamga ovozimni balandlatgan edim.
Otam ishdan uyga qaytgach, onam unga bo‘lgan voqeani aytib berdi. U meni darhol chaqirdi:
– Gaplashaylik, – dedi.
Biz mehmonxonada yolg‘iz qoldik. Otam, Alloh rahmat qilsin, ko‘p gapiradigan inson emas edi. Ammo u gapirsa, so‘zlari oltindek qadrli bo‘lardi.
U avval mening gaplarimni, vaziyatga mening ko‘zim bilan qarab tingladi. So‘ng biroz sukut saqlab:
– O‘g‘lim, ehtiyot bo‘l. Onangga ovozingni ko‘tarishingdan boshqa hamma narsani tushunish mumkin. Ammo bunga yo‘l qo‘ymayman. Agar o‘zingni tarbiyalay olmasang, seni tartib-intizom o‘rgatiladigan joyga yuboraman. U yerda senga odob va hurmatni o‘rgatishadi. Tushundingmi? – dedi.
Shu bilan suhbat tugadi.
Shundan so‘ng onamga birorta marta ovozimni ko‘targanim yo‘q.
Otam urishmadi, menga baqirmadi ham. Ammo bir necha soniyalik qat’iy so‘zi bilan hayotim davomida o‘tib bo‘lmaydigan chegarani belgilab qo‘ydi.
Bugun, oradan yillar o‘tib, o‘sha lahzani eslar ekanman, o‘smirlik davrida otaning qanday katta qalqon ekanini tushunaman.
Ona – oiladagi mehr va hurmatni saqlovchi zot. U jonini xavfga qo‘yib farzandni dunyoga keltiradi, tunlarini bedor o‘tkazadi, charchoqlarini yashiradi...
Ammo ayrim farzandlar ulg‘aygach bu qiyinchiliklarning barchasini unutib, onasiga beparvo munosabatda bo‘ladi. Ana shunday paytda otaning haqiqiy vazifasi namoyon bo‘ladi.
Haqiqiy ota qo‘pol bo‘lishi bilan emas, balki kerakli paytda qat’iyatligi bilan oilasini himoya qiladi.
Ota – oilaning umurtqa pog‘onasidir. Agar u zaiflashsa, butun oila zarar ko‘radi.
Bugun anglayapmanki, otamning o‘sha kuni aytgan so‘zlari tahdid emas, balki onamni himoya qilish edi. Bu – meni kelajakda hurmatli inson bo‘lib ulg‘ayishim uchun qilingan himoya edi.
Otam haqida qancha she’r yozmaylik, qancha so‘z aytmaylik, uning qadrini to‘liq ifodalab bo‘lmaydi. Shuning uchun otangiz borida uning qadriga yeting. Uning ketishini kutmang. Chunki ayriliqdan keyingi ko‘z yoshlar tiriklikdagi mehrning o‘rnini bosa olmaydi.
Davron NURMUHAMMAD