Xabaringiz bor, O‘zbekiston musulmonlari idorasi tashabbusi bilan 2019 yilgi muborak Ramazon oyida mo‘min-musulmonlarning telefon orqali yo‘llangan ro‘za tutish bilan bog‘liq shar’iy masalalariga ulamolarning tunu kun javob berish tizimi joriy etilgan edi.
O‘tgan vaqt mobaynida mo‘min-musulmonlarimizda bunday diniy-ma’rifiy xizmatga juda katta ehtiyoj mavjudligi yaqqol ko‘rindi. Sababi, e’lon qilingan markaz telefon raqamlari bir soniya bo‘lsa-da tin olgani yo‘q. O‘tgan 15 kun ichida ulamolar tomonidan 5 mingdan ziyod savol-javob qilingani fikrimizni yanada quvvatlaydi.
Mo‘min-musulmonlar tunu kun 24 soat davomida (ibodat vaqtlaridan tashqari) o‘zlarining ro‘za tutish bilan bog‘liq shar’iy savollariga javob olish imkoniyati yo‘lga qo‘yilishi juda katta qulaylik bo‘ldi.
Koll-sentrning quyidagi telefon raqamlari muntazam ishlab turganini ma’lum qilamiz:
90 9026910;
90 9170580;
93 5752832 (faqat ayol-qizlar uchun, 08:00 dan 18:00 gacha).
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Istiqlolimizning 35 yillik bayrami arafasida Farg‘ona viloyati bosh imom-xatibi Ubaydulloh domla Abdullayev ishtirokida Quvasoy shahrida xayriya tadbir o‘tkazildi. Unda 33 ta xonadonga oziq-ovqat mahsulotlari, 43 nafar bolajonga esa o‘quv qurollari va kiyim-kechaklar hadya qilindi.
Tadbirda farzandlar uchun munosib sharoit yaratish ezgulikning eng go‘zal ko‘rinishlaridan biri ekani, bugun yosh avlodning bilimi va kamoli uchun qilingan har bir xayrli amal ertangi kun taraqqiyotiga muhim hissa bo‘lib qo‘shilishi ta’kidlandi.
Bunday tadbirlar, shuningdek, Buvayda tumanidagi «Katta mahalla» masjidi jamoasi tomonidan ham tashkil etildi. Unda ijtimoiy ko‘makka muhtoj hamda boquvchisini yo‘qotgan oilalar farzandlaridan 70 nafariga maktabda ta’lim olishi uchun zarur bo‘lgan o‘quv qurollari tarqatildi. Bolajonlar mustaqillik bayrami hamda boshlanajak yangi o‘quv yili bilan muborakbod etildi.
Ilm va yoshlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan bunday ezgu tashabbuslar Farg‘ona shahridagi "Xo‘jamberdiboy", So‘x tumanidagi "Sulton Mahmud" masjidi jamoasi tomonidan ham tashkil etilmoqda.
O‘MI Farg‘ona viloyati vakilligi Matbuot xizmati