Har yili musulmonlar tomonidan intiqib kutiladigan, Alloh taoloning oylari ichida eng suyuklisi bo‘lmish Ramazonning ham yarmi ortda qoldi. Har bir inson bilib-bilmay kichik va katta gunohlar qiladi, juda bo‘lmasa birovning ko‘nglini og‘ritib qo‘yadi, haqqiga xiyonat qilib qo‘yadi. Alloh taoloning va’da bergan marhamatiga ixlos ila, ana shu ishlardan poklanish hamda onadan yangi tug‘ilgan kabi begunoh bo‘lib chiqish maqsadida ushbu oyga doim intiq bo‘ladi. Alloh taoloning marhamatining kengligini qarangki, har yili bandasiga yangidan imkon beradi, yilda bir marotaba uni tozalaydi, poklaydi. Biz insonlar esa bundan har yili foydalanaveramiz, foydalanaveramiz. Xuddi ona farzandini oq yuvib, oq tarab ko‘chaga chiqarib yuborgandan keyin uning ko‘cha-kuyda o‘ynab, yana kir-chir bo‘lib kelganidek. Chunki bola uyda uni yana yuvib-tarab qo‘yadigan onajoni borligiga ishonadi-da. Shu kabi, inson ham Kechirguvchi Alloh taologa shu kabi “erkalik” qilsa kerak. Lekin afsuski, bu uning so‘nggi Ramazoni bo‘lishi mumkinligini doim ham anglay olmaydi.
----- O‘n besh kundan beri saharlikka ham iftorlikka ham alohida tadorik. Mana hozir ham navbatdagi iftorlikka ona qizi bilan oshxonada tayyorgarlik ko‘rayapti. Iftor dasturxoni deganda, turli nozu-ne’matlar, dasturxonga sig‘may ketadigan taomlar emas, balki me’yorida, isrofdan nari bo‘lgan dasturxon. Ana ota ham qo‘lida tarvuz ko‘tarib ishdan qaytdi. Oila otani iliq tabassum ila kutib oldi. O‘g‘il otaning qo‘lidan tarvuzni olib oshxonaga olib kirdi. Iftorlik vaqti bo‘lib ota-ona va ulardan o‘rnak olayotgan ikki farzand Alloh taoloning va’da bergan mag‘firatidan umid qilgan holda, uzundan-uzun duo qilib og‘izni ham ochdilar. Ana shu lahzalardagi rohatni til bilan ta’riflab bo‘lmasa kerak. Buni faqat boshdan o‘tkazish kerak. Shom namozini ado etib taomlangandan so‘ng tarovih namoziga harakat boshlandi.
“Qush uyasida ko‘rganini qiladi” deganlaridek, qanday go‘zal namuna.
----- Saharlikka yaqin vaqt. Ona chanqadi shekilli, oshxonaga suv ichgani chiqdi. Oshxonaning esa chirog‘i yoqiq, qizi saharlik qilish bilan ovora:
- Bugun ham ro‘za tutmoqchimisan? Axir, o‘qishga borasan, toliqib qolasan. Och qoringa darslarni tushuna olmaysan. Hali ulgurasan ro‘za tutishga, hozir faqat o‘qishing haqida o‘ylashing kerak. Sen yoshsan, kattaroq bo‘lganingda tutarsan.
- Oyijon, ko‘pchilik ro‘za tutayapti. Men ham saharlik va iftor qilganimda hamma-hamma tilaklarimni aytayapman, o‘qishimni a’lo baholarga bitirishimni ham Alloh taolodan so‘rayapman. Siz xavotir olmang, qiynalmayapman, oyijon.
Farzandga to‘g‘ri yo‘lni ko‘rsatadigan, nima to‘g‘ri-yu, nima noto‘g‘ri ekanligini ilk ta’lim beradigan va o‘rnak bo‘ladigan ota-ona emas-mi?
----- Ramazon oyi davom etmoqda. Bu xonadondan esa afsus uning tarovati taralmayapti. Har kungi kundalik tartibdagi hayot davom etmoqda. Ertalab nonushta, o‘qishda va ish joyida tushlik, kechki ovqatning iftor vaqtiga umuman aloqasi yo‘q. Xuddi osmondan yerga taralgan Ramazonning nuri qalin parda tortilgan ushbu xonadonning derazasidan kira olmagandek.
Alloh taolodan barchamizning qalbimizni Ramazon kabi barcha marhamatlari bilan to‘ldirishini so‘raymiz.
----- Yo‘nalishli taksining ichi to‘la. Haydovchi rulga o‘tirib mashinani o‘t oldirdi va shu vaqtning o‘zida papirosini ham tutatdi. Mashina derazasi ochiq bo‘lgani bilan shamol ham atay qilgandek hamma tutunni ichkariga haydadi. Hammayoq papiros hidiga to‘ldi. Shunda keksa onaxon haydovchiga qarab dedi:
- O‘g‘lim, shu papirosingni mashinaga o‘tirishingdan oldin cheksang bo‘lmaydimi? Hammayoqni tutatib yubording-ku? Bu tutinni hidlab biz ham zaharlanishimizni qo‘ya tur, axir hozir Ramazon oyi bo‘lsa, oramizda qancha ro‘zadorlar bor. Nahot Ramazonga hurmating yo‘q?
Haydovchi bir ensasini qotirgandek bo‘ldimi yoki uyaldimi, sekin papirosini derazadan uloqtirdi.
Biroz vaqt o‘tmasdan xuddi kelishib olgandek, orqa o‘rindiqda kimdir pisillatib gazli ichimligini ochdi.
Kim nima uchun Ramazon ro‘zasini tutmayotganining ming bir sababi bordir. Lekin, oramizda ro‘za tutmaydiganlar bo‘lsa-da, uning mohiyatini bilmasliklariga ishonmaysiz. Chunki bu haqida ommaviy axborot vositalari tomonidan har kuni qanchadan-qancha ma’lumotlar berib borilmoqda, ko‘rsatuvlar namoyish etilayapti. Nahot, Ramazonning hurmatini qilish shunchalar mushkul bo‘lsa?
Xulosa o‘rnida... Bir necha yillar oldin, ko‘p qavatli uyning oltinchi qavatida yashagan paytlarimiz derazadan qaraganda boshqa bir necha ko‘p qavatli uylar ko‘rinib turar edi. Ramazon oyining birinchi kunlaridan boshlab saharlikka turganimizda doim derazadan tashqariga qarardim. Qorong‘i bo‘lganligi sababli oshxona chiroqlari yoqiq bo‘lgan, saharlikka unnagan xonadonlarni sanash qiyin emas edi. Bugun qancha odam ro‘za harakatida ekanligi bilinardi. Ramazon oxirlab borgan sari ba’zi chiroqlar yonmay boshlardi, safimiz kamaygani yaqqol ko‘rinardi.
Alloh taolodan qalbimizdan hidoyatini darig‘ tutmasligini, Ramazonning so‘nggi kunlarigacha ihlosimizni bardavom qilishini va g‘aflat girdobi o‘z domiga tortishidan panoh so‘raymiz.
Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti va
Hadichai Kubro ayol-qizlar o‘rta maxsus islom bilim yurti
o‘qituvchisi Saodat Valiyeva
Bugungi jamiyatimizda odob-axloq jihatidan oqsoqliklar ko‘zga tashlanmoqda. Salom berish, yordamga muhtojlarni ko‘rganda ko‘maklashish, o‘zidan kattalarga hurmat ko‘rsatish kabi qadriyatlar kamayib borayotganini hech kim inkor qilmasa kerak. Holbuki, har bir ota-ona farzandining ilmli, solih va yetuk inson bo‘lib kamol topganini ko‘rishni orzu qiladi. Biroq “holva” degan bilan og‘iz shirin bo‘lmaydi. Ya’ni quruq orzu-havasning o‘zi kifoya qilmaydi. Balki doimiy va tartibli ta’lim-tarbiya ishiga kirishish lozim bo‘ladi. Bu borada jamiyatdagi insonlarni uch toifaga bo‘lish mumkin:
1. O‘zi ham amal qilib, farzandini ham ezgulikka yetaklaydiganlar. Bu tutum dunyo va oxirat saodatini ko‘zlagan mo‘minning yo‘li. Tarbiyada eng samarali omil ota-onaning shaxsiy namunasidir. Bolaga, avvalo, Allohni tanitish va solih amallar bilan o‘rnak bo‘lish lozim. Qur’oni karimda ta’kidlanganidek, iymon keltirib, ezgu amal qilganlarga dunyoda pokiza hayot, oxiratda esa abadiy jannat bashorati berilgan (Nahl surasi, 97-oyat).
2. O‘zi amal qilmay, farzandi tarbiyasiga mol-dunyo sarflaydiganlar. Unutmang, pul hamma narsani hal qilmaydi. Ota-onaning o‘zi diniy va axloqiy majburiyatlarni bajarmasa, pand-nasihatlari farzandga ta’sir qilmaydi. Oilaviy muhitda ota ta’minotga, ona tarbiyaga mas’ul bo‘lib, o‘zaro hurmat va hamjihatlik bo‘lishi shart.
Shuningdek, ota-onalarning behuda ishlar, masalan, telefonga ko‘p bog‘lanib qolishi tarbiyadagi eng katta bo‘shliqni yuzaga keltiradi. Farzand kamoloti uchun uning vaqtini to‘g‘ri taqsimlash, uyqu va dars tartibini doimiy nazoratda tutish, tartibni ushlash lozim. Eng muhimi, xulq ilmdan ustun turadi: xulqsiz berilgan ilm insonni zalolatga yetaklaydi, shu bois farzandga go‘zal axloqiy tarbiya berib, so‘ng ilm bilan ziynatlash kerak.
3. O‘zi ham amal qilmay, farzandini ham bunga chaqirmaydiganlar. Bu toifaning oqibati xatarlidir. Alloh taolo Toha surasida bunday marhamat qiladi: “Kim Mening zikrimdan yuz o‘girsa, albatta, uning uchun tang hayot bo‘lur...” (124-oyat). Mana shu oyatning o‘ziyoq kishini sergak torttirib, bu toifadan bo‘lib qolmaslikka undashi lozim.
Xulosa shuki, farzand qalbi va ruhiyati ildiz otishi kerak bo‘lgan daraxt ko‘chati kabidir. Uning ildizini iymon va taqvo mustahkamlaydi. Shunday ekan, kim farzandlari kamolini ko‘rishni istasa, amali va e’tiborini bilan shunga harakat qilsin. Alloh taolo barchamizni to‘g‘ri yo‘lda bardavom qilib, zurriyotlarimiz kamolini ko‘rsatsin.
Aziza RAHMATOVA,
Samarqand tumani bosh otinoyisi