Sayt test holatida ishlamoqda!
30 Avgust, 2026   |   17 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:24
Quyosh
05:47
Peshin
12:24
Asr
17:04
Shom
19:04
Xufton
20:23
Bismillah
30 Avgust, 2026, 17 Rabi`ul avval, 1448

Kopiya Osuda yurtda Ramazon shukuhi

18.05.2019   2945   5 min.
Kopiya Osuda yurtda Ramazon shukuhi

Ramazon oyi kelishi sababli jannat eshiklari ochilib, do‘zax eshiklari berkitilar ekan. Shaytonlar kishanband qilinib, Alloh taoloning rahmat farishtalari yer yuziga tushar ekan.  Ramazon oyining boshqa fazilatlari ham ko‘p bo‘lib, ulardan yana biri ro‘za o‘z sohibini do‘zax o‘tidan asrashligidir. Inson ro‘za tutish bilan gunoh ishlardan o‘zini saqlashga harakat qiladi, shu jumladan ro‘za insondagi shahvoniy hirslarni bo‘g‘ib turadi. Ro‘za bizlarga bu dunyoda gunoh ishlardan saqlaguvchi bir qo‘rg‘on bo‘lsa, oxiratda do‘zaxdan to‘sib to‘sib turuvchi bir qo‘rg‘on kabidir. Shuning uchun Rasuli akram sallallohu alayhi va sallam ro‘za ibodatini do‘zaxdan asrovchi vosita dedilar.  

Ro‘za tutmoqlik faqat yeb ichish va shahvoniy hirsni jilovlash kabi moddiylikdan iborat narsalardan saqlanish emas. Balki, ro‘za farz qilinishining asosiy hikmati bandalarda taqvo hosil qilish, musulmonlarning ma’naviy-ruhiy dunyosini shakllantirish ekanligini Alloh taolo “Baqara” surasining 183-oyatida ma’lum qilgan. Insonning ruhiy va ma’naviy dunyosini shakllantirib, uning xulqini oliylarga ko‘taradigan ishlardan biri bema’ni so‘zlar, haqorat qilish, masxaralash, behuda gap sotish, g‘iybat, bo‘htonlardan o‘zini tiyishdir. Ro‘za tutgan kishi esa o‘zini mana shunday qabih ishlardan saqlash kerakligini Payg‘ambar sallallohu alayhi va sallam ta’kidlaganlar. Tilni bunday be’mani narsalardan saqlamaslik ro‘zaning asl mohiyatiga putur yetkazib, uni savobidan mahrum bo‘lishga olib keladi.  

Payg‘ambar sallallohu alayhi va sallam ushbu hadislarida ro‘za va uning fazilatlari, ro‘zadorning zimmasidagi burchlari va unga bo‘lgan hisobsiz ajr-savoblarni birma-bir bayon qildilar. Darhaqiqat, muborak Ramazon oyi kelishi bilan bandalarga mana shunday fazilatlar, ulkan savobu ajrlar yog‘iladi.

Ramazon oylarning sayyidi, xojasidir. Uning boshqa oylardan fazilatli jihatlari bor. Ular quyidagilar:

1) Ramazonda Qur’oni karim nozil bo‘ldi. 

U Ramazonda, xususan, Laylat ul-qadrda Lavh ul-mahfuzdan Bayt ul-izzatga bir daf’ada endirildi. Keyinchalik Qur’oni karim Muhammad Mustafo sallallohu alayhi vasallamga 23 yil davomida bo‘lib-bo‘lib nozil etildi. Alloh taolo degan:

شهر رمضان الّذي أنزل فيه القرآن هدًى للنّاس وبيّناتٍ من الهدى والفرقان

“Ramazon oyi – odamlar uchun hidoyat (manbai) va to‘g‘ri yo‘l hamda ajrim etuvchi hujjatlardan iborat Qur’on nozil qilingan oydir”. (Baqara surasi, 185-oyat).

2) Ramazon oyining ro‘zasi Islomning beshta arkonlardan biridir. 

Imom Buxoriy va Imom Muslimlar Hazrati Ibn Umar raziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisi sharifda bunday deyiladi: “Islom beshta ustun tepasiga bino bo‘lgandir: Allohdan o‘zga iloh yo‘qligiga, Muhammad Allohning elchisi ekanligiga guvohlik berish; namozni barpo qilish; zakotni berish; Baytullohni tavof qilish; Ramazon ro‘zasini tutishdir”.

3) Ramazon oyida qilingan sadaqalar, xayr-ehsonlar boshqa oylardan ko‘ra afzaldir. 

Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam o‘zlari tabiatan saxiy edilar, Ramazon kirishi bilan esa saxovatlari, yaxshiliklari ommaviy, uzluksiz bo‘lib ketar edi. Ramazon oyida qilingan yaxshiliklar boshqa oylardagidan yetmish barobar ortiq bo‘lishi haqidagi hadisi sharif (Bayhaqiy rivoyatida) vorid bo‘lgan. Ibrohim Naxa’iydek tobi’in: “Ramazonda bir marta tasbih aytish boshqa oylarda ming marta aytishdan yaxshiroqdir”, degan ekanlar.

4) Ramazonda ming oydan yaxshiroq bo‘lgan bir kecha bor. 

U Laylat ul-qadr, ya’ni Qadr kechasidir. Mazkur kechaning ming oydan yaxshiroq ekanligini Alloh taoloning o‘zi ham, Rasululloh alayhissalom ham ta’kidlaganlar.

5) Ramazonda boshqa oylardan farqli o‘laroq kechalari namoz bilan qoim bo‘lish sunnat qilingan. 

Taroveh namozlari masjidlarda ommatan o‘qilishi, jamoat bo‘lib duo qilishlar fayzu futuhini hech narsa bilan o‘lchab bo‘lmaydi!

6) Ramazonning oxirgi o‘n kunligida masjidlarda e’tikof o‘tirishlar sunnati muakkadadir. 

Janobi Rasululloh sallallohu alayhi vasallam, ahli ayollari va as'hoblari bilan e’tikof o‘tirishni kanda qilmaganlar. Hatto ul zoti sharif umrlarining oxirgi yilida yigirma kun e’tikof o‘tirganlari naql qilingan. E’tikof esa ibodatlarga sho‘ng‘ish, Allohga astoydil bandalik qilish demakdir!

7) Ramazon Qur’on oyidir. 

Qur’oni karimni o‘qish va o‘rganish oyidir. Qur’on o‘qishni ko‘paytirish, Qur’on darslarini ziyoda qilish bu oyda mustahabdir. Zotan, Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam ham Jabroil alayhissalom bilan Qur’on darslarini Ramazoni sharifda hammaning ko‘z o‘ngida qilar, ko‘paytirar edilar. O‘tgan salafi solihiyn, ota-bobolarimiz hatto madrasa darslarini, o‘zlarining ilmiy ishlarini Ramazonda to‘xtatib, faqatgina Qur’oni karim bilan shug‘ullanganlari ma’lum.

8) Ramazonda boshqa oylarda bo‘lmaydigan iftorliklar bor. 

Bu xursandchilik, kattayu kichikning dili shod bo‘ladigan bir tadbirdir. “Kimki bir ro‘zadorni iftor qildirib, qornini to‘ydirsa, uning savobidan kamaytirilmasdan unga ham beriladi”, degan ma’nodagi hadisi sharif vorid bo‘lgan.

9) Ramazonda qilingan umra ibodati boshqa vaqtda qilinganidan savobi ortiqdir. 

Ramazonda qilingan umra farz haj amali bilan tengligi aytilgan hadis ham bor.

Safvatullo Qayumov,

“Hidoya” o‘rta maxsus islom

 bilim yurti o‘qituvchisi

Ramazon-2018
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Ozarbayjonlik jurnalistlar Samarqanddagi Imom Buxoriy maqbarasini ziyorat qildi

21.08.2026   50892   1 min.
Ozarbayjonlik jurnalistlar Samarqanddagi Imom Buxoriy maqbarasini ziyorat qildi

"Report" xabariga ko‘ra, tashrif O‘zbekiston bo‘ylab media-tur doirasida bo‘lib o‘tdi.

Imom Buxoriy maqbarasi Samarqand viloyatidagi eng muhim ma’naviy va tarixiy obidalardan biridir.

Tashrif davomida Ozarbayjon ommaviy axborot vositalari vakillari Imom Buxoriy maqbarasi, masjid, muzey va kutubxona vazifasini bajaruvchi xonani o‘z ichiga olgan yodgorlik majmuasi hududi bilan tanishdi. Jurnalistlarga majmuaning yaratilish tarixi, Imom Buxoriy hayoti va ilmiy merosi, shuningdek, uning islom ilm-fanidagi alohida o‘rni haqida so‘zlab berildi.

Media-tur ishtirokchilari majmuaning muzey qismiga alohida e’tibor qaratdi. Bu yerda islom madaniyati va Imom Buxoriy merosiga oid qo‘lyozmalar va turli tarixiy materiallar taqdim etilgan. Shuningdek, muzeyda turli mamlakatlar vakillari tomonidan majmuaga sovg‘a qilingan Qur’oni karim nusxalari ham saqlanadi.

Ishtirokchilarga majmua turli mamlakatlardan kelgan dindorlar uchun ziyoratgoh va allomaning ma’naviy merosini asrab-avaylashning muhim markazi ekanligi haqida so‘zlab berildi. Jurnalistlar majmuaning me’moriy xususiyatlari va tashrif buyuruvchilar uchun yaratilgan zamonaviy infratuzilma bilan ham tanishdi.

Imom Buxoriy eng nufuzli islom ulamolaridan biri va islom an’anasidagi eng muhim hadis to‘plamlaridan biri bo‘lgan "Sahih al-Buxoriy" hadislar to‘plamining muallifi hisoblanadi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

Dunyo yangiliklari