Ramazon oyi kelishi sababli jannat eshiklari ochilib, do‘zax eshiklari berkitilar ekan. Shaytonlar kishanband qilinib, Alloh taoloning rahmat farishtalari yer yuziga tushar ekan. Ramazon oyining boshqa fazilatlari ham ko‘p bo‘lib, ulardan yana biri ro‘za o‘z sohibini do‘zax o‘tidan asrashligidir. Inson ro‘za tutish bilan gunoh ishlardan o‘zini saqlashga harakat qiladi, shu jumladan ro‘za insondagi shahvoniy hirslarni bo‘g‘ib turadi. Ro‘za bizlarga bu dunyoda gunoh ishlardan saqlaguvchi bir qo‘rg‘on bo‘lsa, oxiratda do‘zaxdan to‘sib to‘sib turuvchi bir qo‘rg‘on kabidir. Shuning uchun Rasuli akram sallallohu alayhi va sallam ro‘za ibodatini do‘zaxdan asrovchi vosita dedilar.
Ro‘za tutmoqlik faqat yeb ichish va shahvoniy hirsni jilovlash kabi moddiylikdan iborat narsalardan saqlanish emas. Balki, ro‘za farz qilinishining asosiy hikmati bandalarda taqvo hosil qilish, musulmonlarning ma’naviy-ruhiy dunyosini shakllantirish ekanligini Alloh taolo “Baqara” surasining 183-oyatida ma’lum qilgan. Insonning ruhiy va ma’naviy dunyosini shakllantirib, uning xulqini oliylarga ko‘taradigan ishlardan biri bema’ni so‘zlar, haqorat qilish, masxaralash, behuda gap sotish, g‘iybat, bo‘htonlardan o‘zini tiyishdir. Ro‘za tutgan kishi esa o‘zini mana shunday qabih ishlardan saqlash kerakligini Payg‘ambar sallallohu alayhi va sallam ta’kidlaganlar. Tilni bunday be’mani narsalardan saqlamaslik ro‘zaning asl mohiyatiga putur yetkazib, uni savobidan mahrum bo‘lishga olib keladi.
Payg‘ambar sallallohu alayhi va sallam ushbu hadislarida ro‘za va uning fazilatlari, ro‘zadorning zimmasidagi burchlari va unga bo‘lgan hisobsiz ajr-savoblarni birma-bir bayon qildilar. Darhaqiqat, muborak Ramazon oyi kelishi bilan bandalarga mana shunday fazilatlar, ulkan savobu ajrlar yog‘iladi.
Ramazon oylarning sayyidi, xojasidir. Uning boshqa oylardan fazilatli jihatlari bor. Ular quyidagilar:
1) Ramazonda Qur’oni karim nozil bo‘ldi.
U Ramazonda, xususan, Laylat ul-qadrda Lavh ul-mahfuzdan Bayt ul-izzatga bir daf’ada endirildi. Keyinchalik Qur’oni karim Muhammad Mustafo sallallohu alayhi vasallamga 23 yil davomida bo‘lib-bo‘lib nozil etildi. Alloh taolo degan:
شهر رمضان الّذي أنزل فيه القرآن هدًى للنّاس وبيّناتٍ من الهدى والفرقان
“Ramazon oyi – odamlar uchun hidoyat (manbai) va to‘g‘ri yo‘l hamda ajrim etuvchi hujjatlardan iborat Qur’on nozil qilingan oydir”. (Baqara surasi, 185-oyat).
2) Ramazon oyining ro‘zasi Islomning beshta arkonlardan biridir.
Imom Buxoriy va Imom Muslimlar Hazrati Ibn Umar raziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisi sharifda bunday deyiladi: “Islom beshta ustun tepasiga bino bo‘lgandir: Allohdan o‘zga iloh yo‘qligiga, Muhammad Allohning elchisi ekanligiga guvohlik berish; namozni barpo qilish; zakotni berish; Baytullohni tavof qilish; Ramazon ro‘zasini tutishdir”.
3) Ramazon oyida qilingan sadaqalar, xayr-ehsonlar boshqa oylardan ko‘ra afzaldir.
Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam o‘zlari tabiatan saxiy edilar, Ramazon kirishi bilan esa saxovatlari, yaxshiliklari ommaviy, uzluksiz bo‘lib ketar edi. Ramazon oyida qilingan yaxshiliklar boshqa oylardagidan yetmish barobar ortiq bo‘lishi haqidagi hadisi sharif (Bayhaqiy rivoyatida) vorid bo‘lgan. Ibrohim Naxa’iydek tobi’in: “Ramazonda bir marta tasbih aytish boshqa oylarda ming marta aytishdan yaxshiroqdir”, degan ekanlar.
4) Ramazonda ming oydan yaxshiroq bo‘lgan bir kecha bor.
U Laylat ul-qadr, ya’ni Qadr kechasidir. Mazkur kechaning ming oydan yaxshiroq ekanligini Alloh taoloning o‘zi ham, Rasululloh alayhissalom ham ta’kidlaganlar.
5) Ramazonda boshqa oylardan farqli o‘laroq kechalari namoz bilan qoim bo‘lish sunnat qilingan.
Taroveh namozlari masjidlarda ommatan o‘qilishi, jamoat bo‘lib duo qilishlar fayzu futuhini hech narsa bilan o‘lchab bo‘lmaydi!
6) Ramazonning oxirgi o‘n kunligida masjidlarda e’tikof o‘tirishlar sunnati muakkadadir.
Janobi Rasululloh sallallohu alayhi vasallam, ahli ayollari va as'hoblari bilan e’tikof o‘tirishni kanda qilmaganlar. Hatto ul zoti sharif umrlarining oxirgi yilida yigirma kun e’tikof o‘tirganlari naql qilingan. E’tikof esa ibodatlarga sho‘ng‘ish, Allohga astoydil bandalik qilish demakdir!
7) Ramazon Qur’on oyidir.
Qur’oni karimni o‘qish va o‘rganish oyidir. Qur’on o‘qishni ko‘paytirish, Qur’on darslarini ziyoda qilish bu oyda mustahabdir. Zotan, Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam ham Jabroil alayhissalom bilan Qur’on darslarini Ramazoni sharifda hammaning ko‘z o‘ngida qilar, ko‘paytirar edilar. O‘tgan salafi solihiyn, ota-bobolarimiz hatto madrasa darslarini, o‘zlarining ilmiy ishlarini Ramazonda to‘xtatib, faqatgina Qur’oni karim bilan shug‘ullanganlari ma’lum.
8) Ramazonda boshqa oylarda bo‘lmaydigan iftorliklar bor.
Bu xursandchilik, kattayu kichikning dili shod bo‘ladigan bir tadbirdir. “Kimki bir ro‘zadorni iftor qildirib, qornini to‘ydirsa, uning savobidan kamaytirilmasdan unga ham beriladi”, degan ma’nodagi hadisi sharif vorid bo‘lgan.
9) Ramazonda qilingan umra ibodati boshqa vaqtda qilinganidan savobi ortiqdir.
Ramazonda qilingan umra farz haj amali bilan tengligi aytilgan hadis ham bor.
Safvatullo Qayumov,
“Hidoya” o‘rta maxsus islom
bilim yurti o‘qituvchisi
Ulamolarning ba’zilari: “Barcha yaxshiliklar shu hadisda jamlangan”, degan bo‘lsalar, ayrimlari: “Ushbu hadis Islomning yarmidir, chunki hukmlar Haq taologa yoki maxluqotlarga tegishli bo‘ladi. Ushbu hadis maxluqotlarga tegishli hukmlarni yoritib bergan”.
“Jome’ul kabir” kitobida Muhammad ibn Abdulloh ibn Salom aytadi: «Kunlarning birida Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning huzurlariga kelib: “Menga qo‘shnim ozor beryapti”, dedim. Shunda u zot: “Sabr qil”, dedilar. Ikkinchi marta kelganimda ham: “Sabr qil”, dedilar. Uchinchi bor kelganimda: “Ko‘ch-ko‘roningni yig‘ishtir-da, ko‘chaga olib chiq. Kim uchrasa, unga: “Qo‘shnim menga ozor bermoqda”, deb aytgin”, dedilar. Shu sabab o‘sha qo‘shning insonlarning malomatiga qoladi» deb, so‘ngra: “Kimning Allohga va oxirat kuniga iymoni bo‘lsa, yaxshi gap gapirsin yoki jim tursin. Kimning Allohga va oxirat kuniga iymoni bo‘lsa, qo‘shnisiga yaxshilik qilsin”, dedilar.
“Kimning Allohga va oxirat kuniga iymoni bo‘lsa…” jumlasidagi “iymon”dan murod “mukammal iymon”dir. Alloh va oxirat kuniga xoslanganining hikmati shuki, Yaratgan Zotga va qiyomatda amaliga yarasha jazo berilishiga iymon keltirgan kishi “Yaxshi gap gapirsin yoki jim tursin”.
Imom Navaviy rahmatullohi alayh aytadi: “Agar bir kishi gapirishni xohlasa, gapiradigan gapi haqiqatan yaxshi va savobga loyiq bo‘lsa, gapirsin. Agar gapirmoqchi bo‘lgan gapi haromga yoki makruhga eltadigan bo‘lsa, tiyilsin”. Chunki Alloh taolo Qur’oni karimda: “U (inson) biror so‘zni talaffuz qilmas, magar (talaffuz qilsa), uning oldida hoziru nozir bo‘lgan bir kuzatuvchi (farishta u so‘zni yozib olur)”, degan (Qof surasi, 18-oyat).
Abu Muhammad ibn Abu Zayd Molikiy rahmatullohi alayh aytadi: “Barcha yaxshi odoblar to‘rt hadisdan tarmoqlanadi:
Luqmoni Hakim o‘g‘liga bunday vasiyat qilgan: “Agar gapirish kumush bo‘lsa, sukut oltindir”.
Ibn Muborak aytadi: “Agar gap Alloh taoloning toati borasida bo‘lsa, kumushdir, Alloh taologa gunoh qilishdan sukut qilmoq esa oltindir”.
Zunnun Misriy rahmatullohi alayh aytadi: “Insonlarning eng yaxshisi o‘z tiliga egalik qila olganidir”.
“Kimning Allohga va oxirat kuniga iymoni bo‘lsa, mehmonini hurmat qilsin”. Qo‘shniga yaxshilik qilish, unga ozor bermaslik mo‘min kishi Islomining to‘g‘riligi va iymonining komilligidan hisoblanadi. Alloh taolo O‘z Kalomida bunday degan: “Allohga ibodat qilinglar va Unga hech narsani shirk keltirmanglar. Ota-onaga, qarindoshga, yetimlarga, miskinlarga, yaqin qo‘shniga, yon qo‘shniga, yondagi sohibga, yo‘qsil yo‘lchiga va qo‘lingizda mulk bo‘lganlarga yaxshilik qilinglar. Albatta, Alloh dimog‘dor va maqtanchoq kimsani suymas” (Niso surasi, 36-oyat).
Imom Buxoriy rahimahullohdan rivoyat qilingan hadisda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam bunday marhamat qilganlar: «“Allohga qasam, mo‘min bo‘la olmaydi, Allohga qasamki, mo‘min bo‘la olmaydi, Allohga qasamki, mo‘min bo‘la olmaydi”. Shunda Rasulullohdan so‘raldi: “Ey Allohning Rasuli, kim u?” U zot: “Qo‘shnisi uning ozorlaridan, yomonliklaridan va aziyatlaridan omonda bo‘lmagan kishi”, dedilar».
“Kimning Allohga va oxirat kuniga iymoni bo‘lsa, mehmonini hurmat qilsin”. Bu xislat payg‘ambarlarning va solih kishilarning xulqlari, odatlari va Islomning go‘zal odoblaridandir. Ibrohim alayhissalom “Mehmondo‘stlarning otasi” deb kunyalangan. Chunki u zot bir yoki ikki mil (o‘rtacha 4000 qadam) yurib, shu asnoda duch kelgan kishini uyiga olib kelib mehmon qilgan.
O‘tkir MAHMUDOV,
“Xoja Buxoriy” o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi o‘qituvchisi
“Hidoyat” jurnalining 2025 yil 9-sonidan
http://hidoyatuz.taplink.ws