Yurtimizda mehmon bo‘lgan muborak Ramazon ham oxirlab bormoqda. Solih amallarni yetarlicha qila olmagan mo‘min bandalar uchun imkoniyat tugadi degani emas ekan. Chunki amallar xotimasiga qarab belgilanishi ma’lumdir. Shuning uchun ham aziz yurtdoshlar, qolgan mana shu oz miqdordagi sanoqli kunlarni o‘zgacha g‘ayrat-shijoat bilan o‘tkazishga harakat qilaylik. Bu borada bizga mo‘minning asosiy quroli bo‘lgan duo yordam beradi.
Alloh taolo musulmonlarga ro‘zani farz qilgan oyatlarining so‘nggida mana bunday marhamat qiladi: “Bandalarim qachon sizdan Men haqimda so‘rasalar, (ayting) Men yaqinman, duo qiluvchi qachon duo qilsa, ijobat qilaman”. (Baqara surasi). Ro‘zadorning duosi shaksiz qabul qilinishi haqida Payg‘ambar (s.a.v.) ham bir necha hadislarda ta’kidlab o‘tganlar. Jumladan, ibn Umar (r.) rivoyat qilgan hadisda “Ro‘zadorning og‘iz ochish davrida qabul qilinadigan duosi bor”, (Nasoiy rivoyati) degan bo‘lsalar, Abu Hurayra (r)dan rivoyat qilingan hadisda “uch kishining duosini qaytarmaslik Allohning zimmasidadir: ro‘zadorni og‘iz ochguncha (qilgan duosini), mazlumni g‘olib kelguncha (qilgan duosini) va musofirni qaytib kelguncha (qilgan duosini)”, deganlar (Bazzor rivoyati). Yana bir hadisda ul zot marhamat qiladilar: “Ramazonda Allohni ko‘p yod etuvchi mag‘firat qilinadi va bu oyda Allohdan so‘rovchi quruq qolmaydi”. (Tabaroniy rivoyati). Bulardan ko‘rinib turibdiki, biz duo orqali katta-katta fazilatlarga erishishimiz mumkin ekan. Ayniqsa, sizu-bizlar o‘tkazayotgan damlarda Alloh taolo iltijolarni qaytarmasligini untmasligimiz kerak ekan.
Diyorimizdagi ko‘plab masjidlarda Ramazon sharofati bilan boshlangan Qur’on xatmlari davom etmoqda. Bu ham bizlar uchun yana bir fursat demakdir. Chunki Imom Bayhaqiy Anas (r) dan rivoyat qilgan hadisda Nabiy (s.a.v.): “Har bir xatmning mustajob duosi bor”, deganlar. Ushbu hadis boshqa o‘rinda mana bunday lafz bilan keladi “Qur’on xatmida mustajob duo va jannatda bir daraxt bor”. (Bayhaqiy rivoyati).
Xullas, aziz aka-uka va opa singillar, modomiki Ramazon hali tugamagan ekan, biz uchun mustajob duolar imkoniyati bordir. Kelinglar, gunohlarimizni kechirilishi, farzandlarimizni baxtu-saodati, diyorimizni gullab-yashnashi uchun tunu-kun duolarda bo‘laylik, shoyadki Alloh taoloning baxtli bandalari qatori Rayyon eshigidan jannatiga kirsak.
Sayyidjamol Masayitov
Halollik va rostgo‘ylik insonning shaxsiy fazilatlari bo‘lish bilan birga, oila mustahkamligi, jamiyat taraqqiyoti va ijtimoiy munosabatlarning barqarorligini ta’minlaydigan muhim milliy, diniy, ma’naviy-axloqiy qadriyatlardir.
Islom dinida halollik va rostgo‘ylikka inson hayotining barcha sohalarini qamrab oluvchi muhim tamoyillar sifatida qaraladi. Halol va haromni farqlash, shubhali ishlardan saqlanish, o‘zgalarning haq-huquqini poymol qilmaslik, rostgo‘y va adolatli bo‘lish insonning nafaqat shaxsiy kamoloti, balki jamiyat oldidagi mas’uliyatini ham belgilaydi.
Qur’oni karim oyatlari va Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamning ko‘plab hadisi shariflarida insonlarni halollik va rostgo‘ylikka da’vat qilish, har doim halol bo‘lishga undash, aldov va yolg‘on guvohlik berishdan qaytarishga alohida e’tibor qaratilgan. Zero, halollik va rostgo‘ylik insonning ma’naviy kamolotini, imoni mustahkam va axloqi go‘zalligini namoyon etuvchi eng muhim fazilatlardir. Harom va yolg‘on esa nafaqat shaxsning obro‘si va unga ishonchini yemiradi, balki jamiyatda o‘zaro ishonchsizlik, adovat va nizolar kelib chiqishiga ham sabab bo‘ladi.
Alloh taolo "Nahl" surasining 105-oyatida bunday marhamat qilgan: “Yolg‘on so‘zlarni faqat Allohning oyatlariga imon keltirmaydiganlargina to‘qiydilar. Aynan o‘shalarning o‘zlari yolg‘onchilardir”.
Bu o‘rinda yolg‘onning qanchalik og‘ir ma’naviy illat ekani bayon qilinib, uning Allohning oyatlariga munosabat bilan bog‘liq jihati ko‘rsatib berilyapti. Oyatning nozil bo‘lish sababi Makka mushriklarining Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga nisbatan turli asossiz da’volarni ilgari surgani, jumladan, u zotni yolg‘onchilikda ayblaganidir. Ular Qur’oni karimni go‘yo Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning o‘zlari to‘qib chiqargani to‘g‘risida asossiz da’volarni ilgari surgan. Qur’oni karim esa bunday iddaolarni ochiq-oydin rad etgan.
Aslida yolg‘onni faqat imonsiz kishilargina to‘qiydi. Chunki, mo‘min kishi yolg‘onni katta gunoh deb biladi. Yolg‘on sababli qiyomatda azobga qolishdan qo‘rqadi. Shuning uchun har qanday vaziyatda rostgo‘y bo‘lishga intiladi. Hatto o‘z manfaatiga zid bo‘lgan holatlarda ham haqiqatni aytishni afzal biladi. Zero, haqiqiy imon insonni faqat ibodatlarga emas, balki yuksak axloqiy fazilatlarga ham undaydi.
Islom ta’limotida halollik va to‘g‘riso‘zlik maqtalgan, yolg‘on gapirish va haqiqatni yashirish keskin qoralangan. Jumladan, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: “Nabiysollallohu alayhi vasallam:“Rostgo‘ylikni o‘zingizga lozim tutingiz (rostgo‘y bo‘lingiz)! Chunki, rostgo‘ylik yaxshilikka yetaklaydi, yaxshilik esa jannatga yetaklaydi. Kishi doim rost gapirsa, Allohning huzurida “siddiq” (o‘ta rostgo‘y) deb yozib qo‘yiladi. Yolg‘ondan saqlaning! Chunki, yolg‘on fojirlikka (gunoh va buzuqlikka) yetaklaydi, fojirlik esa do‘zaxga yetaklaydi. Kishi yolg‘on gapiraversa, Allohning huzurida “kazzob” (o‘ta yolg‘onchi) deb yozib qo‘yiladi”, dedilar”. (Imom Buxoriy rivoyati).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam rostgo‘ylik va yolg‘onchilikning inson axloqi, ma’naviy hayoti va oxiratiga qay darajada ta’sir qilishini ochiq tarzda bayon qilib beryaptilar. Hadis mazmunidan anglashiladiki, insonning jannatga yoki do‘zaxga tushishida uning tili, ya’ni rostgo‘yligi yo yolg‘onchiligi hal qiluvchi omillardan ekan.
Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam halol va harom o‘rtasidagi shubhali narsalardan saqlangan kishi dini va obro‘yini pok saqlashi borasida bunday marhamat qilganlar: No‘’mon ibn Bashir roziyallohu anhudan rivoyat qilinishicha,“Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlarini eshitdim: “Halol ham aniq, harom ham aniq. Ularning o‘rtasida shubhali narsalar bor. Ko‘p odamlar buni bilmaydi. Kim shubhalardan saqlansa, dini va obro‘yini pok saqlaydi...” (Imom Buxoriy rivoyati).
Bu o‘rinda Nabiy sollallohu alayhi vasallam insonlarni ehtiyotkorlik va poklikka da’vat etmoqdalar. Chunki, halollik tamoyillariga amal qilgan inson hayotning har bir jabhasida, jumladan, so‘zida, oilaviy munosabatlarida, ta’lim olishda, mehnat faoliyatida va jamiyatdagi o‘zaro munosabatlarida adolat, poklik va rostgo‘ylikka intiladi. O‘zgalarning haq-huquqlarini hurmat qiladi, birovning mol-mulki yoki mehnatining mahsuliga tajovuz qilmaydi, aldov, xiyonat va manfaatparastlikdan uzoq bo‘lishga harakat qiladi. Bunday fazilatlar insonning shaxsiy obro‘-e’tiborini yuksaltirish bilan birga jamiyat a’zolari o‘rtasida o‘zaro ishonch va hamkorlik muhitini mustahkamlaydi.
Muxtasar qilib aytganda, halollik va rostgo‘ylik ijtimoiy hayotning barqarorligini, insonlar o‘rtasidagi ishonch va jamiyat taraqqiyotini ta’minlovchi muhim ma’naviy-axloqiy asosdir. Islom ta’limotidagi halollik, rostgo‘ylik, adolat va omonatdorlikka oid ko‘rsatmalar bu qadriyatlarning inson va jamiyat hayotidagi o‘rni naqadar muhim ekanini ko‘rsatadi. Har bir inson o‘z hayoti va faoliyatida halollik, rostgo‘ylik, adolat va vijdonlilikni ustuvor tamoyilga aylantirsa, jamiyatda sog‘lom ma’naviy muhitni shakllantirish imkoniyati ortadi.
Yo‘ldoshxon Isayev, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati