Sayt test holatida ishlamoqda!
13 Sentabr, 2026   |   2 Rabi`us soni, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:41
Quyosh
06:01
Peshin
12:19
Asr
16:45
Shom
18:40
Xufton
19:56
Bismillah
13 Sentabr, 2026, 2 Rabi`us soni, 1448

Ramazon va go‘zal xulqlar

18.05.2019   48450   4 min.
Ramazon va go‘zal xulqlar

Sahobai kiromlar aytadilar: Biz muborak Ramazon oyi kelganida,  Nabiy sallallohu alayhi va sallamning amallari ichida uch narsani yanada ziyoda bo‘lishini sezar edik.

Birinchi narsa: Nabiy sallallohu alayhi va sallam ibodatga juda ko‘p mashg‘ul bo‘lar edilar. Vaholanki, Nabiy sallallohu alayhi va sallamning oddiy kunlardagi ibodatlari ham shunday ediki “ko‘p ibodat qilganlaridan muborak oyoqlari ishib ketar edi”. Shunday bo‘lsada, muborak Ramazon oyida Nabiy sallallohu alayhi va sallam oldingidan ham ko‘proq ibodat qilar edilar.

Ikkinchi narsa: Nabiy sallallohu alayhi va sallam  Ramazon oyida Allohning yo‘lida juda ko‘p xayr-sadaqa qilar edilar. Ramazon oyida saxovatlari yanada oshib ketar edi.

Uchinchi narsa: Nabiy sallallohu alayhi va sallam  Ramazon oyida Allohga ko‘p duo qilib yig‘lar edilar.

Ushbu uch amalda Ramazon oyi ichi yanada ziyodalik ko‘zga tashlanar edi. 1.Ibodatga juda ko‘p g‘ayrat qilishlik.

2.Alloh ta’oloning yo‘lida ko‘p xayr-sadaqa qilishlik.

3.Alloh ta’ologa ixlos bilan duo qilib ko‘z yosh to‘kishlik.

Biz ham muborak Ramazon oyida mana shu uch amalga xos e’tibor qarataylik. Ibodat orqali jismimizga taskin beraylik. Bizning jismimiz dunyo ishlari uchun har kuni toliqadi. Hayotda biror shunday vaqt ham kelsinki, u Allohning ibodati uchun ham toliqib tursin. Biror shunday vaqt ham kelsinki, bizning ko‘zlarimiz uyquga mushtoq bo‘lsin va biz: “Agar sen Allohning roziligi uchun uyg‘oq tursang, u holda qiyomat kuni Alloh ta’oloning diydori nasib bo‘ladi. Bu ko‘zlar bugun uyg‘oq bo‘lsa, u holda ertaga qabr ichida shirin uyquda bo‘ladi” deb  o‘zimizga tushuntiraylik. Darhaqiqat, ibodatda uyg‘oq turish oyi kelyapti. Biz oromimizni kamaytirib olaylik. Bu ibodat mashaqqatini ko‘tarish oyidir deb o‘zimizga tushuntiraylik.

Shu o‘rinda Iftor vaqtidagi mukofot haqida ham eslatib o‘tsak:

Shari’at buyuradiki, agar biror mardikor birovning uyida ishlasa va ish vaqti tugasa, uning peshona terisi qurimasdan turib, unga ish xaqqini berib yuborish kerak. U holda nima deb o‘ylaysiz? Qachonki, shariat biz ojiz bandalarga mardikorning peshona terisi qurimasdan ish xaqqini berib yuborishga buyurib turganda, qaysi banda Alloh ta’olo uchun butun kun  bo‘yi Uning buyurgan ishini qilsa, ro‘za tutsa, ochqolsa, chanqasa va mashaqqatlarga chidasa, endi, uning iftor vaqti bo‘lganda, (go‘yoki, ish vaqti tugaganda) Alloh ta’olo unga o‘sha zahoti mehnatining mukofotini bermaydimi?  Shunday bir farq borki, biz biror mardikorni ishlatish uchun uyga olib kelsak, ey, birodar! Senga shuncha haq beraman, sen esa bizga mana bu ishni kilib ber, deb u bilan ish haqqini kelishib olamiz. O‘sha ishni qilib bo‘lgandan keyin biz unga kelishilgan ish haqqini berib yuboramiz. Lekin kimning himmati baland bo‘lsa, u mardikor bilan ish haqqini kelishib o‘tirmaydi, qancha desang beraman, sen esa bizga mana bu ishni qilib ber deydi. Xuddi shuningdek,  Alloh ta’olo ham: “Ey, Mening suyukli mahbubimning ro‘zador ummatlari! Siz xolis Men uchun ro‘za tuting va iftor vaqti bo‘lganda, nima so‘rasangiz beraman. Sizlar nimani so‘rasangiz, Men Robbingiz so‘raganingizga ko‘ra ato qilaman. So‘rashlik sizning ishingizdir. Sizlarni so‘ragan narsalaringizga to‘ldirib tashlashlik Mening ishimdirdeb shunday muomala qiladi. Shuning uchun, ro‘zadorning duosi qabul bo‘ladi.

Nabiy sallallohu alayhi va sallam:

إن للصائم عند فطره دعوة لا ترد

Albatta, ro‘zadorning iftor vaqtida rad qilinmaydigan duosi bor deganlar.

Shu o‘rinda inson fikridan kichik bir mulohaza o‘tadi: Har kuni iftorliklarga boramiz, afsuski, shunday holatlarga guvoh bo‘lamiz, kun bo‘yi Robbimizning buyurgan ishini qilib, ro‘za tutamiz, ochqaymiz, chanqaymiz, mashaqqatlarga chidaymiz, iftor vaqtida Robbimiz mehnatimiz mukofotini beraman, duolaringizni qabul qilaman deb turganda esa, behuda gaplar bilan ovoramiz. Qudrati cheksiz bo‘lgan Robbimiz Ramazonni Payg‘ambar sallallohu alayhi va sallamdek foydalanishimizni va iftorlikda unumli duo qiladigan va duolari ijobat bo‘ladigan bandalaridan qilsin. Valhamdulillahi Robbil alamin.

Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti

katta  o‘qituvchisi Faxriddin Mamanosirov

Ramazon-2019
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

O‘zbekistonda jahon xattotlar tanlovi 26 avgustda e’lon qilinadi

25.08.2026   42466   2 min.
O‘zbekistonda jahon xattotlar tanlovi 26 avgustda e’lon qilinadi

O‘zbekistonda noyob Qur’on yaratish bo‘yicha jahon xattotlar tanlovi 26 avgust kuni O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida e’lon qilinadi. Tanlov «Islom sivilizatsiyasi: yangi nigoh — yangi kashfiyotlar» xalqaro mediaforumi doirasida o‘tkaziladi, xabar bermoqda UzDaily.uz.

«Dunyo Qur’oni: xattotlik an’analaridan — kelajak merosi sari» loyihasini xattot va Islom sivilizatsiyasi markazi huzuridagi Xattotlik maktabi direktori Habibullo Solih taqdim etadi. Bu haqda tadbir tashkilotchisi xabar berdi.

Tanlov doirasida turli mamlakatlar va xattotlik maktablarining islomiy xattotlikdagi eng yaxshi an’analarini birlashtirgan noyob Qur’on yaratish ko‘zda tutilgan.

Tanlovning tantanali e’loni «Asrlarni birlashtiruvchi meros. Islom sivilizatsiyasining ma’naviy mazmunlari» mavzusidagi yalpi sessiyaning yakuniy qismi bo‘ladi. Sessiya 26 avgust kuni soat 09:30 dan 12:00 gacha o‘tkaziladi.

Tadbir doirasida ommaviy axborot vositalarining stereotiplar va islomofobiyani yengishdagi roliga bag‘ishlangan xalqaro muhokama ham bo‘lib o‘tadi. Unda Islom hamkorlik tashkiloti, Jazoir, Ummon, Pokiston, Saudiya Arabistoni, Iroq, Mali va O‘zbekistonning davlat tuzilmalari hamda OAV vakillari ishtirok etadi.

Forum dasturidan Qur’oniy va qo‘lyozma merosga bag‘ishlangan loyihalar ham o‘rin olgan. Ular orasida «114 Qur’on: islom olamining 114 xattotlik durdonasi», «Katta Langar Qur’oni: haqiqat va rivoyatlar» xalqaro loyihasi hamda «Sun’iy intellekt — qadimiy qo‘lyozmalarni o‘qishning raqamli kaliti» loyihasi bor.

O‘zbekistonda xattotlikni rivojlantirishga institutsional darajada ham e’tibor qaratilmoqda. Islom sivilizatsiyasi markazi huzurida Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan tashkil etilgan Xattotlik maktabi faoliyat yuritmoqda. Maktabda suls, nasx, nasta’liq, ruq’a, devoniy va kufiy kabi an’anaviy yozuv uslublarini o‘rgatish rejalashtirilgan.

Xattotlik san’ati Samarqand viloyatidagi yangi Imom al-Buxoriy majmuasida ham namoyon etilgan. Majmua peshtoqlari va ayvonlari devorlari «Sahih al-Buxoriy»dan olingan hadislar bitilgan yozuvlar bilan bezatilgan. Majmua huzurida Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va Hadis ilmiy maktabi ham faoliyat yuritadi.

Xalqaro mediaforumning asosiy maydoni O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi bo‘ladi.

Tadbirda qariyb 50 mamlakatdan media va ekspertlar hamjamiyatining 300 ga yaqin vakili ishtirok etadi. Ular orasida mediakompaniyalar, axborot agentliklari va telekanallar rahbarlari, jurnalistlar, prodyuserlar, olimlar hamda kreativ industriya mutaxassislari bor.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati

 

O'zbekiston yangiliklari