Har lahzasi rahmat, barakot va mag‘firat nurlariga cho‘mgan muborak kunlardamiz. Ramazon — haqiqiy mo‘min-musulmon uchun o‘ttiz kunlik bayram. Yoshi katta birodarlarimiz hol-ahvol so‘rashayotib “Ulug‘ ayyomlaringiz muborak bo‘lsin!” deb qutlaydilar. Shu qutlovdan ham Ramazon oyining qadr-qiymati va mas’uliyatini anglash qiyin emas. Shukrki, yildan yilga ro‘zadorlar, ibodatga kirishayotganlar karvoni ortib bormoqda. Ayniqsa, ro‘za ibodatining tobora yosharib borayotgani, ro‘zadorlar safida yoshlar, hatto yosh bolalarning ko‘pligidan ko‘ngilu ko‘z quvnaydi. Shu o‘rinda haqli mulohaza o‘rtaga chiqadi: ro‘za ibodatiga kirishayotgan har bir mo‘min bu ibodatning mazmun-mohiyati va mas’uliyatini anglab yetayotirmi? Ro‘za xolis Alloh uchun, ruh va badan tarbiyasi, gunohlardan tiyilish va poklanish uchun farz qilingan ibodat ekanligini bilamizmi?
Ne’matlar shukrini anglatguvchi ibodat
Alloh taolo Qur’oni karimda shunday marhamat qiladi: “Ey, imon keltirganlar! Sizlardan oldingi (ummat)larga farz qilingani kabi sizlarga ham ro‘za tutish farz qilindi, shoyad (u sababli) taqvoli bo‘lsangiz”. (“Baqara” surasi, 183-oyat). Shuningdek: “Bas, sizlardan kim bu oyda (o‘z yashash joyida) hozir bo‘lsa, ro‘zasini tutsin”, oyati ham Ramazon ro‘zasining farzligiga dalildir.
Abu Imoma al-Bohiliy roziyallohu anhu aytadilar: Men Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni Hajjatul Vado’dagi xutbada shunday deganlarini eshitganman: “Allohga taqvo qiling, besh vaqt namozingizni o‘qing, bir oy ro‘zangizni tuting, mollaringizni zakotini bering, amirlaringizga itoat qiling, Rabbingizning jannatiga doxil bo‘lasizlar” (Termiziy rivoyati).
Demak, ro‘za ne’matga shukr keltirish uchun vasiladir. Chunki, ro‘za ne’matlarning ichida eng qadrlisi va zaruri bo‘lmish yeyish, ichish va jimo’ qilishdan nafsni tiyish bo‘lib, ma’lum vaqt o‘zini bu ne’matlardan tiygan kishi uning qadriga yeta boshlaydi. Zero, ne’matning qadri undan bebahra bo‘lgandagina bilinadi. Bu esa, kishini ne’matga shukr qilishiga sabab bo‘ladi. Ne’matga shukr qilish ham aqlan va ham shar’an farzdir.
Ruhiy va jismoniy poklanish
Ro‘za banda va Rabbining o‘rtasidagi xos ibodatdir. Alloh taolo ro‘zaga ajr berish yolg‘iz O‘ziga taalluqli ekanini aytdi, ya’ni: “Ro‘za Mening uchundir. Mukofotini o‘zim beraman”. Chunki ro‘za boshqa ibodatlar kabi inson ko‘zi tushadigan, barcha xabardor bo‘ladigan amal emas. Uni Allohdan boshqa hech kim ko‘ra olmaydi. Shu sabab Alloh taolo bu amalning mukofoti yolg‘iz o‘ziga taalluqli ekanining xabarini berdi.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Har bir narsaning zakoti bor, jasadning zakoti ro‘zadir”. Ma’lumki, zakotning ma’nosi tozalash demakdir. Demak, ro‘za tufayli kishi jasadini undagi ortiqcha va zararli moddalardan tozalasa, axloqini zararli odat va xulqlardan tozalab oladi. Chunki, a’zolarni gunoh ishlarni qilishdan tiyish ro‘zaning maqbul bo‘lishining asosiy shartlaridandir.
Kim ro‘zador?
– Ro‘zador, tana a’zolarini gunohdan tiygan kishi.
– Tilini yolg‘on, fahsh va soxta narsalardan saqlagan kishi.
– Qornini ovqat va ichimliklardan, farji (jinsiy a’zosi)ni jinsiy qovushishdan saqlagan kishi.
– Agar gapirsa, ro‘zasiga jarohat yetkazadigan so‘zni so‘zlamaydi.
– Agar biror ishni bajarsa, ro‘zasini buzadigan ishni bajarmaydi.
– So‘zlarining barchasi manfaatli va yaroqli bo‘ladi.
– Shuningdek, bajargan barcha ishidan shunday bir hid taralsinki, suhbatdoshi uning hididan bahramand bo‘lsin.
– Ro‘zador bilan kim birga o‘tirsa, uning suhbatidan manfaat olsin.
– O‘tirgan kishi soxta, yolg‘on, buzuqlik va zulmdan omonda bo‘lsin.
– Mana shu faqat ovqat va ichimlikni o‘zidangina tiyilinmagan haqiqiy ro‘zadir.
– Ro‘za a’zolarni gunohdan tiyilishidir.
– Qorin ovqat va ichimlikdan tiyilishidir.
– Ovqat va ichimlik ro‘zani ochib, buzgani kabi gunohlar ham uning savobidan mahrum qilib, mevasini aynitadi. Oqibatda ro‘za tutmaganlar qatoriga qo‘shib qo‘yadi.
Salomatlik uchun foydalari
Tibbiy-ilmiy izlanishlar natijasida ro‘zaning turli jismiy va ruhiy kasalliklardan himoya qilish, ularning oldini olishda foydasi borligi ma’lum bo‘ldi. Masalan;
- ro‘za insondagi kasalliklarga qarshi immunitetni kuchaytiradi;
- ro‘za tutgan odamda semizlikka qarshi monelik paydo bo‘ladi;
- ro‘za buyrakda toshlar yig‘ilishidan saqlaydi;
- ro‘za inson jismini va uni to‘qimalarida to‘planib qoladigan turli zaharli moddalarni tozalashga yordam beradi. Oziq-ovqat, dori-darmon va havo orqali inson jismiga ko‘plab zaharli moddalar kirib qoladi. Ana shu moddalar faqat ro‘za orqali chiqib ketadi.
Shuningdek;
- semizlikdan kelib chiqadigan qon tomirlarning torayishi, qon bosimining ortishi va yurak kasalliklarini davolashda;
- qon aylanishiga oid kasalliklarni davolashda;
- bo‘g‘inlarning surunkali shishini davolashda foydaliligi aniqlangan.
***
Shaharda ijarada yashaydigan singlisi oylik maoshining yarmidan ko‘pini ijara haqiga to‘lab, bolalariga tansiq yegulik yedirolmaydi. Aka otasining xotirasiga iftorlik qilib, dasturxonni noz-ne’matlar bilan to‘ldirdi. Yo‘l kiraga pul topolmay otasining xotirasi uchun qilingan ehsonga bora olmagani uchun singlisidan yozg‘irib, ranjidi...
***
“Falonchining o‘g‘illari har yozda onasini sanatoriyada davolanishga jo‘natar ekan. Menga o‘xshab oyoqlari og‘rirdi, “Bolalarim baraka topishsin, sanatoriyaga ketma- ket uch yil davolangandim, ko‘rmaganday bo‘lib ketdim” dedi. Qaniydi, men ham shu darddan xalos bo‘lsam-a...” deydi ona boyaqish o‘g‘lining og‘ziga umidvor termulib. O‘g‘ilning quloqlariga gap kirmaydi; iftorlik dasturxoni yozib, unga nomdor ahli ilmlarni da’vat qilish harakatida yuribdi...
***
Qo‘shnisi jo‘jabirdek jon. To‘rt bola, er-xotin kaftdekkina tomorqadan oladigan daromadu, uch-to‘rt qo‘y-qo‘zi, sigir-buzoq boqib tirikchilik qiladi. Ayol saraton xastaligi bilan og‘rigan. Dori-darmoni, kimyoviy muolajasi falon pul. Boyaqish bolalarini o‘ylab har doim ham davolanishga pul ajratolmaydi. Badavlat qo‘shni ro‘zador. Bir necha marta iftorliklar uyushtirdi. Savob izladi. Aslida unga mushtoq savob bir devor narida edi...
Luqma
Biz qanday ro‘zadormiz?
Imkon qadar ro‘zaning ma’naviy-moddiy foydalari haqida ma’lumotlar berishga harakat qildik. Endi o‘zimizni bir taftish qilsak, zamondosh. Biz qanday ro‘zadormiz? Niyatimiz va amalimiz bilan ibodatimizga futur yetkazib qo‘ymayapmizmi? Ro‘zani xolis Alloh uchun, Uning mukofotidan umid qilib tutyapmizmi? O‘rganib qolgan tilimiz g‘iybatga ketib ochu tashnalik bilan kunni o‘tkazmayapmizmi? Uyqusizlik, ochlik va chanqoqlik mashaqqati sababli qosh-qovog‘imizni o‘yib, badjahl, horg‘in holatda yurib ro‘zaga iddao qilmayapmizmi? Muborak Ramazon oyida tanish-bilishlar bilan uchrashib qolganda, ijtimoiy tarmoqlarda muloqotda bo‘lganimizda bir-birimizdan “Ro‘zalar bilan charchamayapsizmi?” deb hol so‘raymiz. Ramazonga, ro‘zaga malomat qilinayotgandek emasmikan bu mehribonchiligimiz? Iftorlik qilish iddaosi bilan bolalarimizning rizqidan qiymayapmizmi? Savobni uzoqdan izlab, shundoq yonginamizda turgan ikki dunyoimizni obod qilishga yetgulik savobdan bebahra qolmayapmizmi? Har kuni saharlikda “Xolis Alloh uchun Ramazon oyi ro‘zasini subhdan to kun botgungacha tutmoqni niyat qildim. Alloh Buyukdir!” deya tilda niyat qilib, amalimiz bilan uni inkor qilmayapmizmi? Ro‘za ibodatini urf, parhez va yana allaqanday “avtoritet”lar uchun tutishga o‘zimizni majburlamayapmizmi? Mulohaza qiling, zamondosh, ro‘zadan maqsad — taqvo. Ochu yalang‘ochlar, muhtoju miskinlar holini his etish bilan ne’matlarga shukrona aytish va iymon lazzati, ibodat halovatidan bahramandlik bilan Allohga yaqin bo‘lishdir ro‘zaning asl mohiyati. Biz uni qanday tushunyapmiz va nechog‘li ado eta olyapmiz?
Qalbi va Rabbining huzurida yuzi yorug‘larga Ramazon halovati bardavom bo‘lsin! Ro‘zaning iymoniy lazzati ikki dunyoda sizni tark etmasin!
Umida ADIZOVA
Axborot manbasini aniqlash, ma’lumot kimdan olinganini tekshirish, turli rivoyatlarni o‘zaro solishtirish va ishonchli dalilni shubhali xabardan ajratish bugungi axborot makonining eng dolzarb masalalaridan biriga aylangan. Bundan qariyb o‘n ikki asr muqaddam Imom Buxoriy hadislarni saralashda manba zanjiri, roviylar ishonchliligi va rivoyatlarni qiyosiy tekshirishga tayangan ilmiy an’ananing eng mukammal namunalaridan birini namoyon etgan edi, xabar bermoqda iccu.uz.
2026 yilda O‘zbekistonda Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Islom sivilizatsiyasi markazi tashkilotchiligida Islom dunyosi ta’lim, fan va madaniyat tashkiloti — ICESCO hamda Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi hamkorligida o‘tkazilgan I Xalqaro islom sivilizatsiyasi forumi – yirik xalqaro ilmiy loyiha ana shu merosga zamonaviy tadqiqot nuqtayi nazaridan qayta murojaat qildi. Ana shu forum doirasida Samarqandda o‘tkazilgan xalqaro konferensiyada xalqaro olimlar, tadqiqotchilar tomonidan bir qator ma’lumotlar, yangiliklar taqdim etilgan. Bugungi kunda Islom sivilizatsiyasi markazi ana shu materiallar asosida 16 mamlakat olim va tadqiqotchilari ishtirokida Imom Buxoriy shaxsiyati, “Al-Jomi’ al-musnad as-sahih” asarining ilmiy metodologiyasi, qo‘lyozmalari, jahon ilmiy maktablaridagi o‘rni hamda asar atrofidagi tanqidiy bahslarni besh asosiy yo‘nalishda qamrab olgan qariyb 800 sahifalik ilmiy nashr ustida ishlamoqda.
Buxorodan boshlangan ilmiy yo‘l
Abu Abdulloh Muhammad ibn Ismoil al-Buxoriy 194 hijriy, 810 milodiy yilda Buxoroda tug‘ilgan. Yoshligidan hadis ilmiga qiziqqan alloma keyinchalik Makka, Madina, Iroq, Shom, Misr va Xuroson kabi o‘sha davrning yirik ilm markazlarida bo‘lib, ko‘plab muhaddislardan ta’lim olgan.
Uning eng mashhur asari — “Al-Jomi’ al-musnad as-sahih”, keng tarqalgan nomi bilan “Sahih al-Buxoriy”, sunniy islom ilmiy an’anasida eng nufuzli hadis to‘plamlaridan biri sifatida e’tirof etiladi.
Asarning ahamiyati faqat unda hadislar jamlangani bilan cheklanmaydi. Tadqiqotchilar uchun uning asosiy xususiyatlaridan biri — rivoyatlarni qabul qilish va saralashda qo‘llangan murakkab ilmiy mezonlardir.
Islom ilmlari tarixida sanad — xabar yoki hadisning bir roviydan boshqasiga yetib kelganini ko‘rsatuvchi rivoyat zanjiri — markaziy ahamiyat kasb etgan. Muhaddislar roviylarning tarjimayi holi, ishonchliligi, xotirasi, bir-biri bilan uchrashish imkoniyati va bir xabarning turli yo‘llar orqali qanday rivoyat qilinganini qiyosiy o‘rgangan.
Imom Buxoriy ana shu ilmiy muhitda faoliyat yuritib, hadislarni tekshirish va tasniflashda o‘ta yuqori talablar qo‘ygan olim sifatida tarixda qoldi.
“Sahih al-Buxoriy” — faqat to‘plam emas, ilmiy yondashuv
Imom Buxoriy merosiga bag‘ishlangan zamonaviy tadqiqotlarning eng muhim yo‘nalishlaridan biri uning hadislarni tanlash uslubi va asarni tayyorlash yondashuvini o‘rganishga qaratilgan.
Manbalarda alloma “Sahih al-Buxoriy” ustida 16 yil ishlagani qayd etiladi. Asarni yaratishga turtki bergan omillar qatorida uning ustozi, IX asrda yashagan buyuk muhaddis, faqih va Qur’on tafsiri olimi, Xurosonning eng nufuzli ulamolaridan biri Is'hoq ibn Rohavayhning sahih hadislarni alohida kitob shaklida jamlash haqidagi taklifi ham keltiriladi.
Biroq ilmiy nuqtayi nazardan asarning qimmati uni yaratish uchun sarflangan vaqtdan ko‘ra qo‘llangan metodologiyada yaqqolroq namoyon bo‘ladi.
Imom Buxoriy rivoyatlarning sanadiga, roviylarning maqomiga, ular o‘rtasidagi aloqa imkoniyatiga va hadislarning boshqa rivoyat yo‘llari bilan munosabatiga alohida ahamiyat bergan. Asardagi bob sarlavhalari ham oddiy texnik taqsimot emas: ular ko‘p hollarda muallifning fiqhiy xulosasi, dalilni qanday anglagani va bir rivoyatdan qanday huquqiy yoki axloqiy ma’no chiqarganini ko‘rsatadi.
Shu sababli “Sahih al-Buxoriy” asrlar davomida faqat o‘qilgan emas — sharhlangan, qiyoslangan, ko‘chirilgan, o‘qitilgan va tanqidiy tahlil qilingan.
Ilmiy konferensiya nimani o‘rgandi?
2026 yil 7–11 iyul kunlari Toshkent, Samarqand va Termiz shaharlarida I Xalqaro islom sivilizatsiyasi forumi doirasida 9–10 iyul kunlari Samarqandda “Imom Buxoriyning “Al-Jomi’ as-Sahih” asari — Ummat kitobi” mavzusidagi xalqaro ilmiy konferensiya tashkil etilgan konferensiyaning ilmiy dasturi Imom Buxoriy merosini bir yoqlama tarixiy xotira sifatida emas, balki kompleks tadqiqot obyekti sifatida o‘rganishga qaratildi. O‘zbekistondagi islom sivilizatsiyasi tomonidan tayyorlanayotgan ilmiy nashr bu jihat alohida ahamiyat kasb etdi. Olimlar va tadqiqotchilar tomonidan quyidagi 5 yo‘nalishda Imom Buxoriy merosi tahlil qilindi.
Birinchi yo‘nalish Imom Buxoriy shakllangan tarixiy, jug‘rofiy, ijtimoiy va ilmiy muhitni qamrab oldi. Bunda Buxoro va Movarounnahrning hadis ilmi taraqqiyotidagi o‘rni, oilaviy tarbiya, ustozlar muhiti va allomaning ilmiy shaxsiyati shakllanishiga ta’sir qilgan omillar tadqiq etildi.
Ikkinchi yo‘nalish “Al-Jomi’ as-Sahih”ning ichki ilmiy mexanizmiga qaratildi. Tadqiqotchilar Imom Buxoriyning isnod tizimi, hadislarni saralash va tasniflash mezonlari, rivoyatlardagi yashirin nuqsonlarni aniqlash usuli, bob sarlavhalarini shakllantirish mahorati hamda dalillash prinsiplarini tahlil qildi.
Bu yo‘nalish asarga oddiy hadislar majmuasi sifatida emas, balki murakkab ilmiy arxitekturaga ega manba sifatida qarash imkonini beradi.
Uchinchi yo‘nalish dunyo kutubxonalari va qo‘lyozma xazinalarida saqlanayotgan “Sahih al-Buxoriy” nusxalariga bag‘ishlandi. Qo‘lyozmalardagi qiroat, samo’, ijoza, muqobala va turli ilmiy qaydlar asarning asrlar davomida qanday o‘qilgani, ko‘chirilgani va avloddan avlodga yetkazilganini o‘rganish uchun muhim material hisoblanadi.
Bunday manbalar bir matnning tarixiy harakatini kuzatish, nusxalar o‘rtasidagi farqlarni aniqlash va asarning ilmiy transmissiyasini tiklash imkonini beradi.
To‘rtinchi yo‘nalish turli mamlakat va ilmiy maktablarning “Sahih al-Buxoriy”ni o‘rganishga qo‘shgan hissasini qamrab oldi. Asar asrlar davomida Shimoliy Afrikadan Markaziy Osiyoga, Yaqin Sharqdan Janubiy Osiyogacha bo‘lgan keng hududlarda o‘qitildi, sharhlandi va tadqiq qilindi.
Bu geografiya Imom Buxoriy merosining faqat bir davlat yoki mintaqa doirasidagi tarixiy qadriyat emasligini ko‘rsatadi.
Beshinchi yo‘nalish “Sahih al-Buxoriy” atrofida turli davrlarda bildirilgan ilmiy e’tirozlar, bahsli masalalar va ularga berilgan javoblarni o‘rganishga bag‘ishlandi.
Bu yo‘nalishning konferensiya dasturiga kiritilishi muhim: ilmiy merosni asrash uni faqat ulug‘lash bilan emas, balki unga qaratilgan savollarni ham ochiq ilmiy muhokama qilish bilan amalga oshirilishini ko‘rsatadi.
16 mamlakat tadqiqotchilari ishtirokidagi nashr
Konferensiya yakunlari keyinchalik alohida ilmiy nashrga aylandi.
ICESCO 2026 yil 16 iyulda “Imom Buxoriyning “Al-Jomi’ al-musnad as-sahih” asari: Ummat kitobi. Isnod va tasdiq sivilizatsiyasining ilmiy timsoli” nomli fundamental nashr tayyorlanmoqda.
Nashrda 16 mamlakat olimlari va tadqiqotchilari ishtirok etdi. Unda konferensiyaning yuqorida sanab o‘tilgan besh asosiy ilmiy yo‘nalishi bo‘yicha taqdim etilgan tadqiqotlar jamlanmoqda.
Nashr hadis ilmi tarixi bilan birga manbashunoslik, qo‘lyozmashunoslik, matn tanqidi, rivoyat metodologiyasi va islom intellektual tarixi uchun ham yangi tadqiqot materiallarini bir maydonga to‘pladi.
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi esa to‘plamdagi tadqiqotlar annotatsiyalarini o‘zbek tiliga tarjima qilishda ishtirok etdi.
Qadimiy sanad tizimi va zamonaviy axborot muhiti
Imom Buxoriyning ilmiy uslubini zamonaviy jurnalistika yoki bugungi faktcheking tizimi bilan aynan tenglashtirish tarixiy jihatdan to‘g‘ri bo‘lmaydi. Ular turli davrlar, vazifalar va ilmiy muhitlarga tegishli.
Biroq ular o‘rtasida muhim intellektual nuqta bor: axborotning o‘zi yetarli emas — uning manbasi ham tekshirilishi kerak.
Hadisshunoslik an’anasida “Bu xabar kimdan keldi?”, “Uni yetkazgan shaxs qanchalik ishonchli?”, “U mazkur ma’lumotni bevosita olishi mumkin bo‘lganmi?”, “Boshqa rivoyatlarda bu xabar qanday keltirilgan?” kabi savollar ilmiy tekshiruvning bir qismiga aylangan.
Bugun raqamli platformalar orqali ma’lumot bir necha soniya ichida millionlab odamlarga yetib borayotgan sharoitda ham manbani aniqlash, birlamchi ma’lumotni topish, mustaqil tasdiq izlash va xabarni kontekstda baholash ishonchli axborotning asosiy shartlaridan bo‘lib qolmoqda.
Shu nuqtayi nazardan Imom Buxoriy merosi faqat diniy yoki tarixiy ahamiyatga ega emas. U ma’lumot bilan ishlashda mas’uliyat, tekshirish va dalilga tayanish madaniyati qanday shakllanganini o‘rganish uchun ham muhim tarixiy tajribadir.
Imom Buxoriy tadqiqotlari uchun institutsional baza
Imom Buxoriy merosini tizimli o‘rganish O‘zbekistonda so‘nggi yillarda maxsus ilmiy muassasalar faoliyati bilan ham mustahkamlanmoqda.
2016 yil 18 oktyabrda Toshkentda bo‘lib o‘tgan Islom hamkorlik tashkiloti Tashqi ishlar vazirlari kengashining 43-sessiyasida o‘sha paytda Prezident vazifasini bajaruvchi Shavkat Mirziyoyev Imom Buxoriy yodgorlik majmui qoshida buyuk allomalar merosini o‘rganishga ixtisoslashgan xalqaro ilmiy-tadqiqot markazini tashkil etish tashabbusini ilgari surgan.
2017 yil 27 martda Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazini tashkil etish chora-tadbirlariga oid Prezident qarori qabul qilindi.
Bugun Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi va boshqa ixtisoslashgan ilmiy muassasalar o‘rtasidagi hamkorlik qo‘lyozmalarni o‘rganish, ilmiy nashrlar tayyorlash va O‘zbekistonda shakllangan intellektual merosni xalqaro akademik muhitga olib chiqish imkoniyatlarini kengaytirmoqda.
Samarqandda o‘tkazilgan xalqaro konferensiya va 16 mamlakat olimlari ishtirokida tayyorlanayotgan yangi ilmiy nashr esa Imom Buxoriy merosini faqat tarixiy xotira sifatida emas, balki hali ham tadqiq qilinishi, bahs qilinishi va yangi ilmiy savollar qo‘yilishi mumkin bo‘lgan tirik intellektual meros sifatida namoyon etishi kutilmoqda.
Axborot hajmi ortib, haqiqat bilan talqin, ishonchli manba bilan tasdiqlanmagan xabar o‘rtasidagi chegara tobora murakkablashayotgan bir davrda bu merosdan chiqadigan eng muhim xulosa sodda: ishonchli bilim manbani tekshirishdan boshlanadi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati