Sayt test holatida ishlamoqda!
18 Sentabr, 2026   |   7 Rabi`us soni, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:47
Quyosh
06:06
Peshin
12:17
Asr
16:38
Shom
18:32
Xufton
19:47
Bismillah
18 Sentabr, 2026, 7 Rabi`us soni, 1448

Ko‘z qanday ro‘za tutadi?

17.05.2019   40129   3 min.
Ko‘z qanday ro‘za tutadi?

Tanlovga! 

Ko‘z ham ro‘za tutadimi deysizmi? Ha, albatta. Ko‘z ham ro‘za tutadi. Qanday qilib deysizmi?

Ko‘zning ro‘zasi: haromdan uni saqlash, fahsh narsalardan uzoqlashtirish va qaytarilgan narsalardan yiroq tutish.

Alloh taolo shunday marhamat qiladi:

قُلْ لِلْمُؤْمِنِينَ يَغُضُّوا مِنْ أَبْصَارِهِمْ وَيَحْفَظُوا فُرُوجَهُمْ ذَلِكَ أَزْكَى لَهُمْ إِنَّ اللَّهَ خَبِيرٌ بِمَا يَصْنَعُونَ * وَقُلْ لِلْمُؤْمِنَاتِ يَغْضُضْنَ مِنْ أَبْصَارِهِنَّ وَيَحْفَظْنَ فُرُوجَهُنَّ

   (سورة النور 30-31)

Sen mo‘minlarga ayt, ko‘zlarini tiysinlar va farjlarini saqlasinlar. Ana shu ular uchun pokdir. Albatta, Alloh nima hunar qilayotganlaridan xabardordir. Sen mo‘minalarga ayt, ko‘zlarini tiysinlar va farjlarini saqlasinlar (Nur surasi 30-31-oyatlar).

Ko‘z qalbning yurgazuvchisi va ruhning eshigidir. U sababli yaxshiliklar va pokiza narsalarga erishish yoki munkar ishlar sababli azobga duchor bo‘lishi mumkin.

Abu Said al-Xudriy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ko‘zni tiygin” dedilar (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyati).

Nazarini saqlay olmagan kishi to‘rtta musibatga duchor bo‘ladi:

Birinchisi: Qalb har joyda, har o‘rinda xavotirda va siniq holatda bo‘ladi. Ko‘ngil xotirjamligini yo‘qotadi. Bir joyga o‘rnasha olmaydi. Doim nimalardandir shikoyat qiladi. Bu ko‘zning u yoq bu yoqqa alanglashishidan bo‘ladi.

Ikkinchisi: Ko‘zi oldida gavdalanib turgan narsaning yo‘qotishligi bilan jonu tanni toliqtirib, unga qiyinchiliklar keltirib chiqaradi.

Uchinchisi: Ibodatni va uning halovatini ketishligi.

Iymon va yaqiniy ilm halovatini ko‘zini tiya olgan va qovoqlarini berkitgan kishigina totadi.

To‘rtinchisi: Yon-atrofdagi narsalarga qarayverganligiga yarasha katta gunoh va jazoga loyiq bo‘lish.

Alloh taolo bizni bulardan asrasin!

Kishi ko‘zini xarom narsalardan tiyishi evaziga Alloh taolo unga haqiqiy iymon halovatini totishlikni ne’mat qilib beradi.

Ulamolar ko‘z haqida shunday deyishgan: “Ko‘z yo‘lboshlovchidir. Qo‘yib yuborilsa ovlaydi, bo‘ysundirilsa bosh egadi va o‘z holiga tashlab qo‘yilsa qalbga fasodni olib keladi”.

Ko‘zni bo‘sh qo‘ysang, seni uqubatga tashlaydi. Tizginini bo‘sh qo‘ysang seni azobga duchor qiladi. Ko‘zini xaromdan tiyib, botinini taqvo va zohirini esa sunnat bilan bezagan kishiga biror narsa xavf tug‘dira olmaydi.

Ko‘zni muhofaza qilishda 5 ta karomat va foydalar bor:

  1. Alloh taoloning ko‘zni tiyish borasidagi buyrug‘iga bo‘ysunish;
  2. Qalbning salomatligi, rohati, xotirjamligi va xursandchiligi;
  3. Fitnalardan uzoq bo‘lish, balolardan omonda bo‘lish va xatolardan saqlanish;
  4. Bandaga Alloh taolo tomonidan ilm-ma’rifat, tavfiq va to‘g‘ri yo‘lning ochilishi;
  5. Bandaga Alloh taolo tomonidan yaxshilik va yomonlik o‘rtasini ajratish sifatining berilishi. Alloh taolo ko‘zini tiyganlargagina beradigan qalbdagi nur.

Ramazon oyida oshqozonlarimiz ro‘za tutganidek, ko‘zlarimiz ham Alloh taolo harom qilgan narsalardan ro‘za tutsin!

Ushbu muborak oyda qilayotgan ibodatlarimizni Alloh O‘z dargohida maqbul aylasin!

Ko‘kaldosh o‘rta maxsus islom bilim yurti

Mudarrisi Fayzullayev Doniyor

Manbalar asosida tayyorladi

Ramazon-2019
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

“Em Insight”: Toshkentdagi xalqaro mediaforum islom sivilizatsiyasining zamonaviy qiyofasini namoyon etdi

28.08.2026   116112   1 min.
“Em Insight”: Toshkentdagi xalqaro mediaforum islom sivilizatsiyasining zamonaviy qiyofasini namoyon etdi

Britaniyaning “Em Insight” jurnalida O‘zbekistonda bo‘lib o‘tgan “Islom sivilizatsiyasi: yangi nigoh, yangi kashfiyotlar” mavzusidagi xalqaro mediaforumga bag‘ishlangan maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.

Nashrda yozilishicha, O‘zbekiston Islom sivilizatsiyasi markazi tomonidan tashkil etilgan “Islom sivilizatsiyasi: yangi nigoh, yangi kashfiyotlar” xalqaro mediaforumi xorijlik OAVda katta qiziqish uyg‘otgan.

Raqamli platformalar, sun’iy intellekt va axborot xurujlari avj olgan hozirgi zamonda ommaviy axborot vositalarining mamlakatlar, madaniyatlar va sivilizatsiyalar haqidagi tasavvurlarni shakllantirishdagi o‘rni tobora ortib bormoqda.

Maqolada ta’kidlanishicha, Al-Xorazmiy, Ibn Sino, Beruniy, Imom Buxoriy, Imom Termiziy va Mirzo Ulug‘bek kabi jahon ilm-fani rivojiga beqiyos hissa qo‘shgan buyuk mutafakkirlar yurti bo‘lmish O‘zbekiston bu kabi global muhokamalar uchun eng maqbul maydondir.

Qatarning “The Peninsula” gazetasi mas’ul muharriri Muhammad Osmon forumning raqamli axborot asridagi ahamiyatiga to‘xtalib, Imom Buxoriyning hadislarni to‘plash va ularning haqqoniyligini tekshirishdagi qat’iy yondashuvini tilga oldi.

U ushbu metodologiyani manbalarni chuqur o‘rganish va verifikatsiya qilishning o‘chmas namunasi deb atadi va bu tamoyillar feyk xabarlar hamda sun’iy intellekt mahsulotlari ko‘paygan hozirgi davrda juda ahamiyatli ekanini bildirdi.

O‘zbekiston Milliy axborot agentligi muharriri O‘tkir Alimov forumning Mustaqillikning 35 yilligi ostonasida o‘tkazilayotganiga e’tibor qaratgan. U 50 mamlakatdan 300 ga yaqin OAV vakillarining Toshkentda jamlangani O‘zbekistonning sivilizatsiyalar chorrahasi sifatidagi o‘rni ortib borayotganidan dalolat berishini ta’kidladi.

Maqolada Toshkentdagi xalqaro mediaforum jurnalistika mas’uliyati, tarixiy tadqiqotlar chuqurligi va zamonaviy texnologiyalar imkoniyatlarini birlashtirgan holda Islom sivilizatsiyasini yangi, zamonaviy qiyofada dunyoga tanitishga xizmat qilishi bayon etilgan.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari