Tanlovga!
Ko‘z ham ro‘za tutadimi deysizmi? Ha, albatta. Ko‘z ham ro‘za tutadi. Qanday qilib deysizmi?
Ko‘zning ro‘zasi: haromdan uni saqlash, fahsh narsalardan uzoqlashtirish va qaytarilgan narsalardan yiroq tutish.
Alloh taolo shunday marhamat qiladi:
قُلْ لِلْمُؤْمِنِينَ يَغُضُّوا مِنْ أَبْصَارِهِمْ وَيَحْفَظُوا فُرُوجَهُمْ ذَلِكَ أَزْكَى لَهُمْ إِنَّ اللَّهَ خَبِيرٌ بِمَا يَصْنَعُونَ * وَقُلْ لِلْمُؤْمِنَاتِ يَغْضُضْنَ مِنْ أَبْصَارِهِنَّ وَيَحْفَظْنَ فُرُوجَهُنَّ
(سورة النور 30-31)
“Sen mo‘minlarga ayt, ko‘zlarini tiysinlar va farjlarini saqlasinlar. Ana shu ular uchun pokdir. Albatta, Alloh nima hunar qilayotganlaridan xabardordir. Sen mo‘minalarga ayt, ko‘zlarini tiysinlar va farjlarini saqlasinlar” (Nur surasi 30-31-oyatlar).
Ko‘z qalbning yurgazuvchisi va ruhning eshigidir. U sababli yaxshiliklar va pokiza narsalarga erishish yoki munkar ishlar sababli azobga duchor bo‘lishi mumkin.
Abu Said al-Xudriy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ko‘zni tiygin” dedilar (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyati).
Nazarini saqlay olmagan kishi to‘rtta musibatga duchor bo‘ladi:
Birinchisi: Qalb har joyda, har o‘rinda xavotirda va siniq holatda bo‘ladi. Ko‘ngil xotirjamligini yo‘qotadi. Bir joyga o‘rnasha olmaydi. Doim nimalardandir shikoyat qiladi. Bu ko‘zning u yoq bu yoqqa alanglashishidan bo‘ladi.
Ikkinchisi: Ko‘zi oldida gavdalanib turgan narsaning yo‘qotishligi bilan jonu tanni toliqtirib, unga qiyinchiliklar keltirib chiqaradi.
Uchinchisi: Ibodatni va uning halovatini ketishligi.
Iymon va yaqiniy ilm halovatini ko‘zini tiya olgan va qovoqlarini berkitgan kishigina totadi.
To‘rtinchisi: Yon-atrofdagi narsalarga qarayverganligiga yarasha katta gunoh va jazoga loyiq bo‘lish.
Alloh taolo bizni bulardan asrasin!
Kishi ko‘zini xarom narsalardan tiyishi evaziga Alloh taolo unga haqiqiy iymon halovatini totishlikni ne’mat qilib beradi.
Ulamolar ko‘z haqida shunday deyishgan: “Ko‘z yo‘lboshlovchidir. Qo‘yib yuborilsa ovlaydi, bo‘ysundirilsa bosh egadi va o‘z holiga tashlab qo‘yilsa qalbga fasodni olib keladi”.
Ko‘zni bo‘sh qo‘ysang, seni uqubatga tashlaydi. Tizginini bo‘sh qo‘ysang seni azobga duchor qiladi. Ko‘zini xaromdan tiyib, botinini taqvo va zohirini esa sunnat bilan bezagan kishiga biror narsa xavf tug‘dira olmaydi.
Ko‘zni muhofaza qilishda 5 ta karomat va foydalar bor:
Ramazon oyida oshqozonlarimiz ro‘za tutganidek, ko‘zlarimiz ham Alloh taolo harom qilgan narsalardan ro‘za tutsin!
Ushbu muborak oyda qilayotgan ibodatlarimizni Alloh O‘z dargohida maqbul aylasin!
Ko‘kaldosh o‘rta maxsus islom bilim yurti
Mudarrisi Fayzullayev Doniyor
Manbalar asosida tayyorladi
Imom Buxoriy majmuasi nafaqat O‘zbekiston, balki butun islom olami uchun ulug‘ va muqaddas qadamjolardan biri hisoblanadi.
Hazrat Imom Buxoriydek buyuk muhaddis nomi bilan bog‘liq ushbu majmua bugun yurtimizning eng yirik ma’naviy va madaniy markazlaridan biriga aylangan. Har kuni minglab ziyoratchilar bu yerga kelib, ajdodlar merosi, ma’rifat va muqaddas tarix bilan yuzlashmoqda.
Majmua nafaqat ziyoratgoh, balki xalqimizning boy ma’naviy merosi, milliy me’morchiligi va islom sivilizatsiyasidagi o‘rnini namoyon etuvchi noyob madaniy ob’yektdir. Uni barpo etish uchun katta mehnat, yuksak mahorat va qimmatbaho qurilish materiallari sarf etilgan. Shu bois bu qutlug‘ maskanni asrab-avaylash har birimiz uchun muhim vazifadir.
Yaqinda Madaniy meros agentligi tomonidan ayrim ziyoratchilarning majmua hududida beparvo munosabatda bo‘layotgani haqida ma’lumot berildi. Ayrim holatlarda ustunlar, ayvonlar va muzey eksponatlariga ehtiyotsiz munosabatda bo‘lish, chiqindilarni duch kelgan joyga tashlash kabi holatlar kuzatilmoqda. Bu esa nafaqat ziyoratgoh ko‘rkiga, balki uning ma’naviy muhitiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
Bu holat barchamizni sergaklikka chaqirishi kerak. Zero, muqaddas qadamjoga kelgan inson avvalo o‘zini munosib tutishi, tozalik va tartib-qoidalarga amal qilishi lozim. Chunki ziyoratgoh — oddiy sayrgoh emas. Bu yerda asrlar nafasi, buyuk ajdodlar ruhi va ma’rifat ziyosi mujassam.
Tozalik esa inson madaniyatining eng muhim ko‘rsatkichlaridan biri. Islom ta’limotida ham poklikka alohida ahamiyat berilgan. Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom “Tozalik — iymonning yarmidir”, deya ta’kidlaganlar. Demak, ziyoratgoh hududida ozodalikni saqlash nafaqat fuqarolik burch, balki ma’naviy mas’uliyat hamdir.
Ayniqsa, chet ellik mehmonlar O‘zbekiston haqidagi ilk taassurotni aynan shunday muqaddas maskanlar orqali oladi. Agar ziyoratgoh ozoda, tartibli va fayzli bo‘lsa, bu xalqimizning yuksak madaniyati va ma’naviyatini namoyon etadi. Aksincha, beparvolik va tartibsizlik mamlakatimiz nufuziga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Yosh avlodni ziyoratgoh madaniyati ruhida tarbiyalash ham muhim ahamiyatga ega. Bolalar kattalardan ibrat oladi. Agar ota-ona muqaddas joyda tartibga amal qilsa, ehtiyotkor bo‘lsa, farzand ham shu ruhda tarbiya topadi. Shu bois har bir inson o‘z harakati bilan boshqalarga namuna bo‘lishi kerak.
Imom Buxoriy majmuasi — millatimiz g‘ururi va ma’naviy boyligi. Uni asrash, tozaligini saqlash va ehtirom bilan munosabatda bo‘lish har bir insonning vijdoniy burchidir. Ziyoratgohlarga bo‘lgan munosabatimiz orqali biz o‘z madaniyatimiz, ma’naviyatimiz va ajdodlar merosiga bo‘lgan hurmatimizni namoyon etamiz.
Asliddin Mustafoyev, majmua axborot xizmati rahbari.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati