Sayt test holatida ishlamoqda!
28 Dekabr, 2024   |   27 Jumadul soni, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:23
Quyosh
07:48
Peshin
12:30
Asr
15:20
Shom
17:04
Xufton
18:24
Bismillah
28 Dekabr, 2024, 27 Jumadul soni, 1446

Ro‘za badan bo‘lsa, libosi solih amallardir

17.05.2019   35856   20 min.
Ro‘za badan bo‘lsa, libosi solih amallardir

Alloh taolo bizlarga ramazoni sharif oyida ro‘za to‘tishni farz ayladi.  Shu sabab bizlar farzni qanday shaklda ado etishni ilmlari va taqvolari ila bezalib butun dunyoga dars bergan olimlarimizdan o‘rgansak maqsadga muofiq bo‘ladi.

Parvardigor jamolini ko‘rish va Rayyon eshigidan kirib, abadiy jannatga musharraf bo‘lish har bir bandaning orzusidir. Buning uchun buyurilgan narsalarni bajarib, qaytarilgan narsalarni tark qilmog‘imiz kerak.

Alloh farz qilgan har bir amalning vazifalari va xususiyatlari bor. Uning fazilatiga yetish uchun unga zarar yetkazadigan uning faqat(ro‘za degan) ismini qoldiradigan amallardan saqlanishimiz kerak bo‘ladi. Buning uchun biz Sunnatga binoan ro‘za tutishimiz kerak bo‘ladi. Buni ismini esa olimlarimiz “Sunnat ro‘za” deb nomlashgan. Alloh taolo har bir amalni O‘zi aytganday qilmasangiz zinhor qabul qilmasligini qat’iy aytgan. Rasululloh o‘zlari o‘rnak bo‘lib qaysi bir ummatida Alloh belgilagan amrlari bo‘zilsa, tezlik bilan u haqda o‘zlarining muborak hadislari orqali qaytariqlarini berganlar. Siz rozi bo‘lmagan amalga Alloh taolo ham rozi bo‘lmasligini juda yaxshi bilib olishimiz kerak. Oddiy ilmsiz odam ham sizdagi qabihliklarga rozi bo‘lmasa, siz yana qanday qilib o‘zingiz amalingizga buyuk ajrlar olishni istaysiz?  Buyuk ajrlarni olish uchun Alloh va uning Rasuli va Nabiysi bo‘lgan Muhammad Mustofo sollallohu alayhi vasallamning amaliy tarzda namuna bo‘lgan ro‘zalariga e’tibor bilan, fikr doirangizni kengaytirib o‘ta mas’uliyatli ishga yondashganday o‘qib, uni qalbga singdirib, uning amalini butun vujudingizda singdirib go‘yo Alloh uni ko‘zatib turganligini his qilib, tutmoqlikdir. Bu masala yuzasidan qo‘yidagi ma’lumotlarga ko‘z yuritib chiqsak foydadan holi bo‘lmaydi, degan umidda ushbu mu’jazgina ma’lumotlarni keltirdek.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan marfu’ holatdagi hadis “Har bir amalning kafforoti bor ro‘zadan tashqari. (ya’ni boshqa amallar kafforot sababli gunohlar yuvilib amali qabul bo‘ladi, lekin ro‘zada Alloh va uning sevikli Rasuli qaytargan amallarni qilib qo‘ysa, uning tutgan ro‘zasi qabul qilinmaydi). Ro‘za men uchundir va uning mukofotini men o‘zim beraman deydi Alloh taolo”. Xuddi shunga o‘xshash rivoyatni Abu Dovud Tayolisiy o‘z musnadlarida keltirib o‘tgan.

    Shu’badan, Shu’ba esa Muhammad ibni Zayyoddan rivoyat qiladi. “Alloh taolo aytadi: “Har bir amalning kafforoti bor ro‘zadan tashqari”. Qosim ibn Asbig‘ Shu’badan boshqacha yo‘l bilan rivoyat qiladi: “Odam bolasi qilgan har bir amal uchun kafforot bordir, faqatgina ro‘za bundan mustasnodir.

  Xuzayfa sanadi sahih hadisni rivoyat qiladi. “Kishining o‘z ahli, moli va bolalari ichidagi fitnalarning kafforoti namoz, ro‘za, sadaqalardir”.

Ibn A’rabiy ba’zi zohidlardan naql qildiki. Albatta ro‘za to‘rt qismga bo‘linadi:

  1. Avomlarning ro‘zasi unda yeyish va ichish va jimodan saqlanishligidir.
  2. Avomlarning xoslarining ro‘zasi, xarom qilingan amal va xarom qilingan so‘zlardan saqlanishlikdir.
  3. Va xoslarning ro‘zasi u ro‘za Allohning zikri va ibodatidan tashqariga chiqmaydi.
  4. Xoslarning xosining ro‘zasi u shunday ro‘zaki ular uchun qiyomat kunigacha ro‘za doimiy bo‘ladi.

Ro‘za banda va Allohning o‘rtasidagi sirdir uni Alloh uchun xolis qilishligi va uning buyurgan amallarida uning roziligini talab qilib amalda doimiy bo‘lishlikdir. Chunki Alloh taolo ro‘zaning mukofotini o‘zi berishligini va’da qildi. Ro‘za o‘z ichiga nafsni sindirishlikni, badanni esa nuqsonli narsalardan saqlashlikni, yemoq- ichmoq achchiqligiga sabr qilishlik va shahvatni tark qilishni o‘z ichiga oladi.  Va eng asosiysi ro‘zadan taqvoli bo‘lib chiqishlikni maqsad qilingan.

Abu Hurayra roziyallohu anhu rivoyat qiladi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday dedilar: “Kim yolg‘onchiligini va yolg‘on so‘zga amal qilishni tashlamasa, uning taom va ichimlikdan o‘zini tiyishiga Alloh taolo muhtoj emas” (Imom Buxoriy rivoyati). Sharh: Ushbu hadis ro‘za hikmatlaridan biri axloqiy illatlardan xalos bo‘lish ekanini bildiradi. Ro‘za yolg‘on, g‘azab, g‘iybat, chaqimchilik, gina saqlash kabi yomonliklardan qutulish uchun munosib fursatdir. Inson tabiiy muhtoj bo‘lgan yeb- ichishdan o‘zini tiyish ila aslo ehtiyoji bo‘lmagan yolg‘on so‘z, g‘azablanish va chaqimchilik kabi ishlar bilan mashg‘ul bo‘lsa, xato qilgan bo‘ladi. Chunki ro‘za nafsning istagini sindirib, uni imon taqozosiga bo‘ysundirishga o‘rgatadi. Hadisda yolg‘on so‘z va yomonlikda unga teng bo‘lgan g‘iybat, chaqimchilik, hasad, hiyonat va zulm kabi illatlar tark qilinmas ekan, Alloh taolo unday kimsaning och, tashna bo‘lishiga muxtoj emasligi ta’kidlangan. Ramazon oyida savobli ishlar qilgan va gunoh ishlardan tiyilgan kishiga Alloh taoloning rahmati bo‘ladi. Ibni Hajar Asqaloniy aytadi: “Kishi yolg‘on gapirish, g‘azab qilish va so‘kinish kabi yomon illatlarni tark qilmas ekan, uning ro‘zasida savob yo‘q. Yolg‘on so‘z va u kabi illatlardan saqlangan kishigina mukofotga erishadi”.

Ibn Mu’nir: “Taom va ichimlikdan tiyilishiga Alloh taolo muhtoj emas” degani o‘shanday bandaning amallari qabul bo‘lmasligiga ishoradir...”, deydi.

Ro‘za go‘yo badandir. Uning libosi solih amallardir. Shu bois ro‘zador odam butun vujudini ro‘zaga qaratishi boshqalardan tazyiq yetganida ham “men ro‘zadorman”, deya g‘azabini jilovlay olishi kerak.

Bayzoviy aytadi: Ro‘zani Alloh taolo shari’atga kiritishdan maqsadi nafsni yeb – ichishdan tiyib qo‘yishmas. Balki, nafsi chaqiradigan yomon illatlardan shahvatini sindirish va nafsi ammorani nafsi mutma’innaga buysindirishdir. Agar siz shu narsani xosil qilmas ekansiz, Alloh taolo qilgan amalingizga qabul nazari bilan qaramaydi. Ro‘zador kishi hech bo‘lmasa bir oy qilgan amallarini qabulini o‘ylab katta va kichik gunohlarni kuni bo‘yi qilishdan saqlanib yursa va sabr qilsa, uning bu amalidan Alloh rozi bo‘ladi. Va kim shu oyda savob amallarni qilish va gunohlardan saqlanishni o‘ziga odat qilsa, u kishi keyingi ramazongacha yaxshi amallarni o‘ziga odat qilgan va gunohlardan saqlanishni o‘ziga dasturil amal qilgan bo‘ladi.

   Ro‘za banda va Allohning o‘rtasidagi sir bo‘lib, uning mukofotini O‘zi berishini va’da qildi. Yemaslik, ichmaslik, har narsaga sabr qilish va  shahvatni tark etish bilan nafsni sindirish ro‘zadagi taqvo bo‘ladi.

  Abu Hurayra roziyallohu anhu rivoyat qiladi: Rasululloh sollollohu alayhi vasallam: ...Ro‘za qalqondir (Abi Zannad: jahannamdan qalqondir degan). Endi sizlardan kim Ramazonda ro‘za tutsa,

فلا يرفث  - Fahsh so‘zlarni so‘zlamasin,  ولا يصخب – baland avozda baqirmasin.

Agar uni biror kishi so‘ksa yoki u bilan urushmoqchi bo‘lsa, ikki marta men ro‘zadorman, deb aytsin”, dedilar (Imom Buxoriy rivoyati).

  Ibn Huzayma roziyallohu anhu rivoyat qiladi: Nabiy sollolohu alayhi vasallam: “Agar sen ro‘zador bo‘lsang biror kishini so‘kma, agar seni biror kishi so‘ksa, men ro‘zadorman, deb ayt. Agar turgan bo‘lsang, o‘tirib ol, g‘azabing ketadi. Boshqa rivoyatda o‘tirganingda ham ketmasa tahorat qil va ikki rakat namoz o‘qi deganlar.

Ramazon ro‘zasining savobini olish usuli: O‘tgan olimlarimiz ro‘zaning savobini olish maqsadida bir nechta Rasulullohning tavsiyalarini bajarishgan. Ulardan biri Ro‘zaning savobi baland uning mukofoti esa behisob shu sababdan ro‘zadan oldin Rajab va Sha’bon oyi ro‘zalarini Ramazonga tayyorgarlik sifatida o‘z ummatiga namuna sifatida bizlarga ko‘rsatib berganlar. Agar oldingi ikki oyda ro‘za tutilsa Ramazondagi to‘liq savobni bekami ko‘st olib chiqiladi. Chunki u ikki oy mobaynida nafsini ibodat amali bilan chiniqtirdi. Shu sabab uning ruhi va jasadi ibodatga tayyor bo‘ldi. U martlar maydoniga chiqib bemalol ro‘zaning savobini to‘liq olib chiqib ketishga tayyor bo‘ladi. Rasulullohday zoti sharif o‘zlarining nafslarini ikki oy ro‘zaga tayyorlaganda biz ham bu oyga tayrgarligimiz xuddi shunday bo‘lishini nazorat qilishimiz kerak. Chunki tildagi 20 xil ofatdan saqlanish Allohning valiylarining qo‘lidan keladi xalos. Bu fursat shunday fursatki unda foydalangan odam bir yilga yetadigan gunohdan saqlanish zahirasini qo‘lga kiritadi. Qarang! Ramazon o‘zidan oldingi barcha gunohlarni yo‘q qilishi bilan birgalikda kelasi yilgacha biror bir gunoh qilmasligingizga kafil bo‘ladi. Ro‘za tutilganda inson nafsiga qattiq qiyinchilik va og‘ir mashaqqatlar sinovi yuklanadi. Shu paytda insonning tili ishga kirishadi. Til esa barcha savoblarni vayron qilib tashlaydi. Ayniqsa bu holat kishining qo‘l ostidagi kishilarda ochiq namoyon bo‘ladi. Ochlik paytida farzandiga baqirishi va ayoliga har xil narsalarni aytishi va ozor berishi ko‘zatilayapdi. Bu degani samarasiz harakat deganidir. Fazilat sohiblari bo‘lmish olimlar ro‘zaning qabul bo‘lgan bo‘lmaganligini oldingi va keyingi vaqt oralig‘i bilan ulchab ko‘rganlar. Agar yaxshilik tarafga qarab o‘zgarmagan bo‘lsa u ro‘zadan qo‘riq chiqibdi. Ya’ni: ro‘zadan nasibasini olib chiqmabdi degan ekanlar. Ro‘zaning ichida shunday savoblar jamlab qo‘yilganki xatto o‘tgan Payg‘ambar alayhissalomlar ham buni orzusida bo‘lganlar. Alloh taolo har bir kuniga bir payg‘ambarining umri davomida topgan savob amalini har bir ro‘za to‘tgan ummati Muhammadiyaga berishini va’da qilgan. Qarang! 30 kunda 30 ta ulug‘ payg‘ambarlarning savoblarini bermoqda, bu esa Allohdan bizga eng katta fazldir. Ro‘zadan ko‘zlangan bir necha maqsadlar bor. Ular qo‘yidagilardir:

  • Qalbingiz askarlarini bo‘ysindirishni o‘rganasiz;
  • Taqvo malakangiz oshadi;
  • Ibodatga qiziqishingiz ortadi;
  • Dankasalikdan asar ham qolmaydi;
  • Sabringiz ko‘chayadi;
  • Mehringiz oshadi;
  • Ochlarni to‘ydirishga oshiqasiz;
  • Butun vujudingiz yaxshilik qilishga odatlanadi.
  • Tunda ibodat qilishga odatlanasiz; tundagi ibodatni aslida xos kishilar bajaradi. Sizni Alloh xos bandalari qatoriga qo‘shishni xohlayapdi. Shuni esdan chiqarmangki tungi nafl ibodatlar Allohning nazarida bo‘ladi va nima so‘ralsa shak shubhasiz qabul bo‘ladi. Suloymon alayhissalom 70 kun tahajjud namoz o‘qib keyin Allohdan dunyoda hech bir kishiga berilmagan mulkni so‘radilar. Alloh ulug‘ payg‘ambariga so‘ragan narsasini berdi. Shunga ko‘ra butun ulamolar ittifoq qilishgan 70 kun mobaynida astoydil maqsadini so‘rasa, unga yetadi, deganlar. Bu tajribada sinalgan amaldir.
  • Qur’on o‘qishga odatlanasiz; shuni bilingki! O‘tgan barcha muhaddislar ham xattoki ramazon oyida hadis yozishni to‘xtatib shu oyni faqat qur’on tilovatiga bag‘ishlaganlar. Xatto Rasuli Akram sallollohu alayhi vasallam boshqa oylarga qaraganda bu oyda Qur’oni karimni Jabroil alayhissalomga ikki marta yoddan topshirar ekanlar. Qarangda! Rasulullohning o‘zlari bizlarga bu oyda Qur’oni karim masalasida chiroyli ibrat bo‘lmoqda. Ma’naviy poklanishda biror bir amal Qur’oni karimga yetmaydi. Uni iloji boricha shu oyda tafakkur ila o‘qib uning amaliy tarzining o‘zimizning qabul bo‘ladigan amallarimizda ishlatishlikni nasib qilsin.
  • E’tikof lazzatini tortasiz; Ulamolar ramazonning oxirgi 10 kuni e’tikofda o‘tirilsa, laylatul qodr kunidan benasib qolmaydi deganlar. 10 kunlik e’tikofda sunnatga binoan o‘tirilsa u yanagi shu kungacha biror bir sunnatga xilof ish qilmaslik fazilatiga ega bo‘ladi. Ro‘za sizning jasadingizni to‘zatsa e’tikof sizning ro‘hingizni to‘zatadi. Shayh Ashrof Ali Tahonaviy hazratlari Jomi’ul- ilm madrasasini tark etib Honaqayi imdodiyada chilla o‘tirishni lozim to‘tgan. Va mingdan ortiq kitobni shu joyning o‘zida yozib tashlagan. Abdulhay Laknaviy Hazratlari ham 110 dan ortiq kitobni odatga ko‘ra yozganlar. Demak, bizlar ham bunday fazilatli amalni qilishdan benasib bo‘lmaylik. Ramazondagi shu fazilat ularga shu bahtiyor amalni qisqa vaqt ichida amalga oshirishga sabab bo‘lgan.
  • Kam taom istimol qilishga odatlanasiz. Ko‘p istimol qilish insonga oltita ofatni keltiradi.

         Ayniqsa ramazondan so‘ng semirib chiqilsa undagi maqsad xosil bo‘lmagan bo‘ladi. Ulamolar ikki narsa insonni tez qaritadi deganlar. Ko‘p taom istimol qilish va ko‘p ayoli bilan shar’iy suhbat qilish deganlar. Bunga misol Hazrati Usmon roziyallohu anhuning xush surat bo‘lganlari hammamizga ma’lum. U sahobai sharif bir haftada bir marta ayollari bilan payshanba kuni shom bilan hufton oralig‘ida qo‘shilishlari ma’lumotlari keltirilgan. Sunnatga binoan taomlanishda to‘ymasdan tuxtatish kerak. Yana kam yeyishning fazilati tibbiy tarafdan ham isbotlangan. Insonda uchraydigan ko‘p kasalliklarning boshida ko‘p taom istemoli yotadi, deyiladi. Bir yilda bir oy ro‘za tutishdan maqsad ham oshqozon bechoraga dam berishdir. U ko‘p taomni hazm qilaman deb charchab ketadi. Shuning natijasida butun tanada zuriqish oqibatida turli hil bedavo kasalliklar kelib chiqadi. Ayniqsa, to‘q holatda yotilganda butun tana va bosh miya ishlagani bois charchagan holda to‘riladi.

         Shuni aytib o‘tish lozimki ulamolar ijmosida inson jasadini 3 kun davomida biror bir yaxshilikka qiyinchilikka sabr qilgan holda qalban odatlantirsa, inson jasadi hech qanday xato kamchilikka yo‘l qo‘ymasdan to‘tinchi kuni jasad  3 kunlik ishning amalining reaksiyasi bilan odatiy ravishda jasad ishga tushib ketadi. Go‘yo bu telefonning zaryadiga qiyos qilinadi. Zaryad olgandan so‘ng bemalol ishlagani kabi inson jasadi ham u tarzda ishlashda davom etadi. Aslida butun zaryad oladigan moslamalar shakli inson tanasi sababidan o‘ylab chiqilgan. Demak, inson majburiy xolatda Allohning farzlarini Rasulullohning sunnatlarini va ulamolar tavsiyalariga 30 kunlik muddatda amal qilib borsa. Uning ma’naviy zaryadi yanagi yil shu ramazon kunigacha yetishini ulamolar e’tirof etishgan. Ramazondan so‘ng bu holat ko‘zatilmasa. Demak, Alloh taolo bizdan istagan narsa amalga oshmagan bo‘ladi. U esa bekorga ramazon oyida o‘z nafsini qiynab ro‘za to‘tgan kishi misoli bo‘ladi. Oldingi zabardast olimlar Burgut misoli ilgir bo‘lishgan. Qayerda katta o‘lja bo‘lsa o‘shani axtarib yurishgan. Ya’ni: savobi past amalga qaramaganlar va unga nazar ham qilishmagan. Alloh taolo bizga shuncha behisob savoblarni berayotgan ekan, biz ham u savoblarni qanday qilib qo‘lga kiritishni o‘ylashimiz va amaliy tarzda unga munosibligimizni namoyon qilishimiz kerak bo‘ladi.

Taom ortidan keladigan zararlar:

Abu Sulaymon Daroniy aytadi, har narsaning boshi bor. Ko‘ngilning boshi ko‘p yemakdir. Va har kim ko‘p yemak odat qilsa besh narsaga mubtalo bo‘lgay.

Birinchi, ibodat zavqini topmagay;

Ikkinchi, xotirasi kesiladi. Nima eshitsa, darhol unutadi;

Uchinchi, shavqatsiz bo‘ladi! Chunki, o‘zi to‘qdir, barcha xalqni to‘q deb biladi;

To‘rtinchi, toat qilishga erinadigan bo‘ladi;

Beshshinchi, shahvati g‘olib bo‘ladi.

“Har kim valiylar martabasiga vosil bo‘lmoq istasa, dunyo va oxiratga rag‘bat qilmay, faqat Alloh taologa qalbini berib, halol luqma yesin”.

Abu Sulaymon Daroniy aytadi:

  • Ochlik oxirat eshigini, to‘qlik dunyo eshigini ochar.
  • Agar sening biror hojating bo‘lsa, ul hojating chiqmaguncha hech narsa yemagin. Chunki, ko‘p yemak aqlni ishlashdan to‘sadi. Shayton vasvasasiga soladi. Yuking qancha yengil bo‘lsa! O‘zoq mashaqqatli manzilingga yetish shuncha oson bo‘ladi.
  • Ro‘za sening o‘zingga ochlik, nafsingga qahrdir, ruhingga oziqa bo‘ladi.
  • Ochlik ko‘ngilni munavvar etar, to‘qlik ko‘ngilni qoraytirar.
  • Allohni topmas, to nafsini o‘ldirmaguncha va dunyodan yuz o‘girmaguncha
  • Gunohlarning boshi dunyoni sevmoqdir va toat- ibodat ko‘rki ochlikdir.

Abu Sulaymon Daroniy aytadi, mening kunlik odatim nonni tuz bilan yer edim. Bir kuni ko‘za ichida yog‘ bor ekan, unga qo‘shib yegandim. Bir yilcha uning ta’sirining zararidan toat zavqini topmadim. Endi men ajablandimki, hamisha nafs orzularini berursan, sening holing qanday bo‘ladi?

Shubhalik taomdan qo‘lni tortish:

Avliyolar sayyidi, atqiyolar peshvosi Horis Muhosibiy qachonki, bir shubhalik taomga qo‘l uzatadigan bo‘lsa, qo‘lining tomirlari chiqar va shundan bilar edikim, ul taom shubhalikdir.     Etlari ustixonga aylansa-da, vujudini shijoat va zavq-shavq tark etmagan kishilarga havaslanib boqishimiz kerakmasmikin? Butun kitoblari va xikmatlari bilan butun dunyoni to‘ldirgan ustozlarning hammalari shu sifatlarni o‘zlarida jam aylagan. Hamma fazilat ochlik ortidan rux oziqasi orqali kelib chiqadi. Katta olimlar ham xatto bizdan andoza olmanglar, goho ojiz banda bilib-bilmay nafsning aldoviga ko‘nadi, deb, nafsning yomonligidan ogoh qilib ketganlar. Holbuki, Saxl Tustariydek buyuk zot nafsini hamisha xumda qama-ganday saqlagan, lekin uning har xil rangda tuslanuvchi aldoviga yurmagan, dod-faryodiga quloq solmagan edi.

Hazrati Saxl Tustariy bir hikmatlarida aytadi:

 – Tavba muyassar bo‘lmas ul kishigakim, toki tilsiz bo‘lmagunicha; tilsiz bo‘la olmas, toki xilvatga kirmagunicha, xilvatga kira olmas, toki halol yemagunicha; halol yemoq hosil bo‘lmas, toki haqning haqqini ado etmaguncha. U ham hosil bo‘lmas, to vujudini pok saqlamagunicha, u ham hosil bo‘lmagay, haqdan inoyat yetmagunicha! – deb yozgan ekanlar. Badanda nam va oziqa qolmasdan turib ruxiy oziqa hisoblangan ilm tinglansa! Qalb kiri boshdan tir bo‘lib chiqib ketadi. Hasanul Basriy rahmatullohi alayh aytadilar: Sahoba Sa’d ibn Abu Vaqqos roziyallohu anhu boylar atrofida o‘ralashib yurmasdi. Farzandlari unga “Sizdan ulug‘lar ham ularning huzuriga boryapti, siz ham qatordan qolmang” deyishdi. Ul zot: “Ey farzandlarim! Qavm bir o‘likni o‘rab olgan bo‘lsa, unga men ham boraymi?! Allohga qasamki, kuchim yetgunicha ulardan qochaman”, dedilar. Farzandlari: “Ey otajon! Unda biz ochlikdan o‘lib ketamiz- ku?” – deyishdi. Sa’d ibn Abu Vaqqos roziyallohu anhu ularga shunday javob berdi:

– Ey bolalarim! Semiz munofiq holda o‘lishdan ko‘ra, och mo‘minligimcha rixlatga chekinishim men uchun suyukliroqdir. Tufroq, imonni emas, go‘sht va yog‘ni yeyishini unutdinglarmi!..

   Allohim o‘zing bizlardan qanday tarzda ro‘za to‘tmoqligimizni estagan bo‘lsang, O‘zing bizlarga u amallarni O‘zing estaganday amalga oshirishimizni nasib aylagin. Va ramazondan so‘ng go‘nohlardan go‘dak misoli pok chiqishligimizni va muttaqiy bo‘lib, kelasi yilgacha yaxshi amallarni musobaqa qiluvchi bo‘lishni nasib aylagin. Va sallollohu ala Muhammad va ala olihi va as'habihi ajma’iyn.

“Fathul Boriy”ning sharhi “Sahihil Buxoriy” asosida

Urol Nazar Mustofo tayyorladi.

Ramazon-2019
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Safar soati

27.12.2024   1047   6 min.
Safar soati

Ba’zi ulamolar insonning hayot bilan vidolashuv damlarini “safar chog‘i”, “safar soati” deyishadi. Xususan, mashhur olim Oiz Qarniy “Sahobalar hayotidan xotiralar” kitobida Amr ibn Os roziyallohu anhuning “safar soati” haqida so‘z yuritib, bu vaqtning rostgo‘ylik, ruhning pok­lanishi, oshkoralik va shaffoflik onlari ekanini ta’kidlaydi. 
 

Bu vaqtda o‘lim to‘shagida yotgan insondan dunyo bezaklariga intilish, ig‘vo, munofiqlik, soxtakorlik kabi illatlar chekinar va u o‘zining haqiqati bilan yolg‘iz qoladi. Hatto Fir’avn ham jon berish onida ichidagi maxfiy haqiqatni oshkor qilib, bunday degan:

لا إِلَهَ إِلا الَّذِي آَمَنَتْ بِهِ بَنُو إِسْرَائِيلَ وَأَنَا مِنَ الْمُسْلِمِينَ

“Iymon keltirdimki, Isroil avlodi iymon keltirgan Zotdan o‘zga iloh yo‘qdir. Men ham musulmonlardanman” (Yunus surasi, ٩٠-oyat).


Mashhur sahobiy Amr ibn Os roziyallo­hu anhu o‘lim to‘shagida yotarkan, yuzini devorga burib olgandi. Atrofida o‘tirgan do‘stlari va o‘g‘li Abdulloh Amr ibn Osga Misrni fath etib, Islomning yoyilishi­ga katta hissa qo‘shganini, Allohning rahmatidan umidvor bo‘lishini eslatar, u zot bo‘lsa, o‘zini qanday oqibat kuta­yotganini bilmagani bois qo‘rquvdan yig‘lardi.


Amr ibn Os roziyallohu anhu so‘nggi lahzalarini boshdan kechirar ekan, yashab o‘tgan hayotini xotirlab, bunday xulosaga keladi: “Mening umrim uch bosqichda o‘tdi. Islomdan oldin jaholat bosqichida yashadim. O‘sha paytda eng yomon ko‘rganim Rasululloh sollallohu alayhi va sallam edilar. Har qancha hiyla-nayrang ishlatib bo‘lsa ham, u zotni o‘ldirishga tayyor edim. Islomni qabul qilgach, Madinaga hijrat qildim. Bu hayotimdagi ikkinchi bosqich, ya’ni kufrdan Islomga o‘tish bosqichi edi...”


Amr ibn Os Makkadan Madinaga Xolid ibn Valid bilan birga hijrat qilgandi. Ular Madinaga yaqinlasharkan, Amr ibn Os Xolid ibn Validga: “Yo oldinda yur yoki orqada qol. Mening gunohlarim ko‘p. Rasulullohga ular haqida aytmoqchiman. U zot bilan yolg‘iz qolishni istayman”, dedi. Shundan so‘ng Xolid ibn Valid oldinga o‘tib ketdi. Amr ibn Os ro­ziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning oldilariga ke­lib: “Qo‘lingizni bering, bay’at qi­laman”, dedi.


Rasululloh Amr ibn Osga bay’at uchun qo‘llarini cho‘zganlarida, u payg‘ambarimizning muborak qo‘llarini mahkam ushlab oldi. Nabiy alayhissalom: “Senga nima bo‘ldi, ey Amr?” deb so‘radilar. Amr ibn Os: “Men shart qo‘ymoqchiman, ey Allohning Rasuli”, dedi. U zot: “Nimani shart qo‘yasan?” dedilar. Amr ibn Os: “Rabbim o‘tgan gunohlarimni mag‘firat qilishini shart qilib qo‘yaman”, dedi. Amr ibn Os johiliyat davrida Islomga qarshi janglarda qatnashgan va ko‘pgina gunoh ishlarga qo‘l urgandi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Ey Amr, bilmaysanmi? Islom o‘zidan oldingi narsalarni yo‘q qiladi (gunohlarni kechiradi)”, dedilar.


Amr ibn Os roziyallohu anhu aytadi: «Qo‘limni Rasululloh sollallohu alay­hi va sallamning qo‘llariga qo‘yib, bay’at qildim. Shundan so‘ng muhabbat va itoatkorlik ila u zotga hamroh bo‘ldim. U zot men uchun insonlarning eng sevimlisi edilar. Islomdan avvalgi nafratim muhabbatga aylandi. Rasuli akram sollallohu alayhi va sallamga bo‘lgan hurmatim sababidan u zotga tik qaray olmaganman. Agar mendan u zotni tasvirlab berishimni so‘rasangiz, bu ishni uddalay olmayman. Chunki u zotga bo‘lgan muhabbatim, ehtiromim va hayoim sababli Rasulullohning yuzlariga qaray olmaganman. Ana shu muhabbat tufayli qaytadan dunyoga kelgandek bo‘ldim... Koshkiydi, o‘sha holatimda vafot topgan bo‘lsam. Chunki mazkur holat din uchun kurash, ilm, tavba va hidoyat kabi his-tuyg‘ularni o‘zida jamlagandi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning vafotlaridan so‘ng o‘zgarib qoldim. Bu hayotimning uchinchi bosqichi edi. Bu bosqichda dunyo men bilan oshkora o‘yin qildi. Siffin va Jamal kabi fitnali hodisalar sodir bo‘ldi. Allohga qasam, jannatga kiramanmi yoki do‘zaxgami, bilmayman!.. Hozir birgina kalima bor, xolos. Uni Allohning huzurida o‘zim uchun hujjat qilaman. Bu: “La ilaha illallohu vahdahu la shariyka lah. Lahul-mulku va lahul hamdu va huva ’ala kulli shay’in qodir” kalimasidir».


Shundan so‘ng Amr ibn Os roziyallohu anhu kaftini mahkam siqdi va ruhi tanasidan chiqib ketdi. Uning o‘g‘li Abdulloh ibn Amr aytadi: “Otamni yuvgani olib kirdik. G‘assollar uning barmoqlarini yuvish uchun ochmoqchi bo‘ldilar, lekin ular mahkam siqilgandi. So‘ng uni kafanlash uchun barmoqlarini ochdik, lekin ular yana yopilib qoldi. Uni qabrga qo‘yganimizda ham qo‘llari mahkam siqilgandi”...


Ushbu voqea zamirida barchamiz uchun ulkan saboq bor. Amr ibn Os roziyallohu anhuning naqadar samimiyligi, tavhid kalimasini dili va tilida mahkam tutib, Rabbisiga yuzlanganiga havasdamiz, albatta.


Amr ibn Os roziyallohu anhu umrini uch bosqichga bo‘ldi. Bizning “safar soati”miz qanday kecharkin? Hayotimiz necha bosqichdan iborat bo‘ladi? Umrimiz qanday kechyapti? Rabbimiz biz ojiz bandalariga bu borada ham O‘z “taklif”ini taqdim etgan. Oli Imron surasi ٨-oyatida bunday duo bor:

رَبَّنَا لَا تُزِغْ قُلُوبَنَا بَعْدَ إِذْ هَدَيْتَنَا وَهَبْ لَنَا مِنْ لَدُنْكَ رَحْمَةً إِنَّكَ أَنْتَ الْوَهَّابُ

“Robbanaa laa tuzig‘ quluubanaa ba’da iz hadaytanaa vahab lanaa mil-ladunka rohmah. Innaka antal Vahhaab”.

“Ey Rabbimiz, bizni hidoyat yo‘liga solganingdan keyin dillarimizni (to‘g‘ri yo‘ldan) og‘dirma va bizga hu­zuringdan rahmat ato et! Albatta, Sen Vahhob (barcha ne’matlarni tekin ato etuvchi)dirsan”. 


Mehribon Zot barchamizni ushbu duo-oyat haqiqati bilan rizqlantirsin! 

Mavjuda NURIDDINOVA
 tayyorladi.

Maqolalar