Ramazon – taroveh oyi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam mag‘firatga noil bo‘lish, ajru savoblarni ko‘paytirib olish uchun bu oyda tunlari ibodatga qoim bo‘lishga targ‘ib qilib: “Kim Ramazon kechalari imon bilan, savob umidida qoim bo‘lsa, o‘tgan gunohlari kechiriladi”, deganlar (Imom Buxoriy va Muslim rivoyati). Olimlar Ramazon kechalari qoim bo‘lishdan murod taroveh namozini ado etishdir, deganlar. Tarovehni masjidda jamoat bo‘lib o‘qish Saodat asridan boshlangan amal. Hadisi sharifda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam taroveh namozi bandaning gunohlari mag‘firat bo‘lishiga sabab ekanini ta’kidlamoqdalar. Olimlar bu yerda gunohlar deyilganda kichik kichik gunohlar nazarda tutilganini ta’kidlashgan.
Tungi namoz mo‘minlar sharafi, solihlar odati, obidlar yaqinligidir. U bandani Alloh taologa yaqinlashtiruvchi eng afzal amaldir. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Tungi namozni kanda qilmang. U sizlardan oldin o‘tgan solihlar odati, Rabbinggizga yaqinlik, gunohlarga kafforat, ma’siyatlardan qaytaruvchidir” (Imom Ahmad va Imom Termiziy rivoyati).
Ramazon kechalarida qoim bo‘lish Rasululloh sollallohu alayhi vasallam sunnat qilgan ulug‘ ibodat. Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam tunda masjidda namoz o‘qidilar. U zotning bir qancha sahobalari u zotga ergashib uch kecha namoz o‘qishdi. To‘rtinchi kecha masjidga odam sig‘may ketdi. O‘sha kecha Rasululloh sollallohu alayhi vasallam masjidga chiqmadilar. Tong otganda u zot: “Sizlarning yig‘ilganlaringizni ko‘rdim. Sizlarning oldingizga chiqishdan meni to‘sgan narsa shuki, bu namoz sizlarga farz bo‘lib qolishidan qo‘rqqanim”, dedilar. Bu Ramazonda bo‘lgan edi” (Imom Buxoriy rivoyati). Bu hadisdan Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning ummatlariga shafqatlari va sahobalarning sunnatga, Ramazon kechalarini ibodat bilan o‘tkazishga qanchalik e’tiborli bo‘lganlarini ko‘rish mumkin.
Abu Zarr roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Kim imom ketgunicha u bilan birga namoz o‘qisa, unga kechani ibodat bilan o‘tkazganlik savobi yoziladi” (Imom Abu Dovud va Imom Termiziy rivoyati). Ya’ni kim xufton, taroveh va vitr namozlarini imom bilan birga o‘qisa, o‘sha kechani ibodatda o‘tkazganlik savobiga ega bo‘lar ekan. Shunday ekan, bu ibodatga e’tiborli bo‘lish, unda davomli bo‘lish ko‘p ajru savob keltiradi.
Ramazonning har oni muborak, sharaflidir. Shunday ekan, musulmon kishi bu oyni g‘animat bilib ro‘za, tilovat, taroveh, duolar bilan o‘tkazishi matlubdir.
Jamshid SHODIYEV tayyorladi.
Bismillahir Rohmanir Rohiym
O‘g‘il har oylik maoshini onasiga topshirar, uning yuzidagi tabassumni ko‘rib, o‘zini dunyodagi eng boy inson deb hisoblardi.
Yillar o‘tib, onasi olamdan o‘tdi. Navbatdagi maoshini olgan o‘g‘il bir zum ne qilarini bilmay qoldi-yu, bir qarorga keldi: «Pullarni onamning nomidan ehson qilaman».
Shu kundan e’tiboran, u har oy masjidlarga suv kullerlari o‘rnatishni odat qildi. Namozxonlar suv ichib, onasining haqiga duo qilishlaridan qalbi taskin topardi.
Kunlardan bir kun mahalla masjidida yangi kuller o‘rnatilganini ko‘rib, «Attang, bu safar kechikdim-a», deb o‘kindi. Shunda yoniga imom kelib:
– Xayrli hadya uchun rahmat, – dedi.
– Uzr, adashdingiz, shekilli. Buni men olib kelmadim...
– Yo‘q, adashmadim. Buni sizning nomingizdan o‘g‘lingiz keltirdi.
Orqasiga o‘girilgan ota jilmayib turgan o‘g‘liga ko‘zi tushdi.
– Bolam, bunga pulni qayerdan olding? – hayajondan ko‘zlari yoshlandi otaning.
– Ota, anchadan beri menga beradigan pullaringizni yig‘ib yurgandim. Siz buvijonim uchun xayrli ish qilayotganingizni ko‘rib, men ham siz uchun shunday qilishni istadim.
Otaning ko‘zlaridan quvonch yoshlari sizib chiqdi. U o‘g‘liga nasihat qilmagan, shunchaki o‘z amali bilan namuna bo‘lgandi.
Ha, farzandlar eshitgan gaplarini unutishi mumkin, ammo ko‘rgan amallarini hech qachon unutmaydi. Bugun ota-onamizga qilgan yaxshiligimiz ertaga farzandlarimizdan albatta qaytadi.
Akbarshoh RASULOV