Sayt test holatida ishlamoqda!
17 Sentabr, 2026   |   6 Rabi`us soni, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:45
Quyosh
06:05
Peshin
12:18
Asr
16:40
Shom
18:33
Xufton
19:49
Bismillah
17 Sentabr, 2026, 6 Rabi`us soni, 1448

Ramazondagi eng ulkan mukofot

16.05.2019   45158   6 min.
Ramazondagi eng ulkan mukofot

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ro‘za to‘suvchidir, sizlardan kimdir ro‘zador bo‘lsa – so‘kmasin, shovqin-suron, baqir-chaqir qilmasin. Agar kimdir u bilan so‘kishmoqchi yoki urishmoqchi bo‘lsa, u:  “Men ro‘zadorman”, desin. Jonim izmida bo‘lgan Zotga qasamki, albatta, ro‘zadorning og‘zidan chiqadigan hid Allohning nazdida mushkning hididan ko‘ra  xushbo‘yroqdir. Alloh taolo: “Ro‘za men uchun, uning mukofotini O‘zim beraman.  Banda taomini, ichimligini va shahvatini men uchun tark qildi”, deb marhamat qilgan. Bitta yaxshilikka o‘n barobar oshiriladi”, dedilar” (Imom Buxoriy, Imom Muslim, Imom Termiziy, Imom Dorimiy,  Imom Abu Dovud va Imom Nasoiy rivoyati).

Sharh: “Ro‘za to‘suvchidir”.  Hadisning arab tilidagi matnida ushbu o‘rinda “الصيام جنة” “as siyomu junnatun” deyilgan. Bu yerda arab tilidagijunnatun” so‘zi  to‘suvchi degan ma’noni anglatadi. Ushbu so‘z har qanday to‘sadigan narsaga  nisbatan ishlatiladi. Ro‘za ham to‘suvchidir, u insonni yomon ishlardan va turli  gunohlardan saqlab do‘zaxdan to‘sadi. Chunki ro‘za shahvatlardan tiyilishdir, do‘zax esa shahvatlar bilan o‘ralgan. 

Ibn Asir roziyallohu anhu: “junnatun” so‘zining ma’nosi – ro‘za  ro‘zadorni shahvat va shunga o‘xshash aziyat beradigan narsalardan himoya qilib turadi degan ma’noni bildiradi”, deydi.

Imom Iyoz roziyallohu anhu aytadi: “Ro‘za insonni gunohdan, do‘zaxdan saqlaydi”. Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Jannat insonga  yoqmaydigan amallar bilan o‘ralgan. Do‘zax esa shahvatlar bilan o‘ralgan” dedilar (Imom Dorimiy, Imom Termiziy rivoyati).

Ya’ni, jannatga kirish oson emas, yoqmaydigan narsalardan murod bu –musibat va ibodatlardagi qiyinchiliklarga sabru bardoshli bo‘lish va gunohlardan tiyilishdir.

Usmon ibn Abul Os aytadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning: “Sizning jangdagi qalqoningiz kabi, ro‘za sizning qalqoningizdir” deganlarini eshitdim (Imom Ibn Moja, Imom Nasoiy rivoyati).

“Sizlardan kimdir ro‘zador bo‘lsa – so‘kmasin, shovqin-suron, baqir-chaqir qilmasin. Agar kimdir u bilan so‘kishmoqchi yoqi urishmoqchi bo‘lsa, u: “Men ro‘zadorman”, desin”.    Bu jumlalarda g‘oyat yuksak odob-axloq haqida so‘z bormoqda. Ro‘zador odam turli xildagi behuda, fahsh,  uyatsiz va nomaqbul so‘zlardan o‘zini tiyishi lozim. G‘azablanmasligi, shovqin-suron qilmasligi, halim, shirin so‘zli bo‘lishi kerak.   Agar u bilan boshqalar janjallashmoqchi yoki so‘kishmoqchi bo‘lsa, u vazminlik ila ro‘zadorligini ma’lum qiladi. Janjaltalab kishiga ro‘zaning hurmatidan beodoblikni tark qilishini eslatsin va o‘zi ham bunday ishlardan tiyilsin.    

“Jonim izmida bo‘lgan Zotga qasamki, albatta ro‘zadorning og‘zidan chiqadigan hid Allohning nazdida mushkning hididan ko‘ra  xushbo‘yroqdir”.  Hadisning arab tilidagi matnida ushbu yoqimsiz hidni “خلوف”, “xaluf” deb atalgan. Ma’lumki, ro‘zador insonning og‘zida ko‘p vaqt taom yemaganidan noxush hid paydo bo‘ladi. Ro‘za tufayli paydo bo‘lgan o‘sha yoqimsiz hid Alloh taolo nazdida mushku anbarning hididan-da, yoqimli ekanini Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam ta’kidladilar.   

“Alloh taolo: “Ro‘za men uchun. O‘zim uning mukofotini beraman,  Banda taomini, ichimligini va shahvatini men uchun tark qiladi”, deb marhamat qilgan”.

Bu jumlada qudsiy hadis  rivoyat qilinmoqda.  Boshqa bir rivoyatda: “Alloh taolo: “Odam  bolasining barcha amali o‘zi uchun, faqat ro‘za men uchun va uni mukofotini beraman”, dedi”.

Ro‘zador banda ro‘za kunlarida sabru qanoatda bardavom bo‘lib,   Parvardigorining amriga bo‘ysinish uchun barcha ne’matlar: taom va ichimliklarni iste’mol qilishdan va o‘z jufti haloliga (ayoli) yaqinliq qilishdan  shahvatini tiyadi.

Ro‘zadan boshqa amallarga ozgina bo‘lsa-da, riyo aralashadi, ya’ni banda bajarayotgan ibodatlarini boshqalar ham ko‘radi. Faqat ro‘za bundan mustasnodir. Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Ro‘zada riyo yo‘qdir. Alloh : faqat ro‘za men uchun … degan”.

Bir insonni ro‘za ekanini boshqalar bilishi qiyindir. Shu bois Alloh taolo ro‘zaning mukofotini O‘zi berishini bildirdi.

Imom Zuhriy roziyallohu anhu aytadi: “Ro‘zadan boshqa barcha amallar inson  tashqi harakatisiz bo‘lmaydi, faqat ro‘za qalbdagi niyat bilan boshqalar ko‘ziga ko‘rinmaydigan amaldir”.

Ro‘za ulug‘ ibodat. Ro‘zador kuni bo‘yi yeb-ichishdan o‘zini  tiyadi. Ayniqsa, yoz fasli kelgan Ramazon oyida kunlar uzun va havo harorati issiq bo‘lishi sababli mashaqqatliroq kechadi. Shunda ham ro‘zaning hurmatidan ro‘zador o‘zini nazorat qiladi, hech kim ko‘rmaydigan joylarda ham man’ qilingan narsalardan saqlanadi. Bu bilan ro‘zadorning sabru bardoshi sinaladi.

“Bitta yaxshilikka o‘n barobar oshiriladi”  boshqa rivoyatda bunday deyilgan: “...Bir yaxshilikka uning o‘n barobaridan to yetti yuz barobarigacha ko‘paytirib berilur”. Oxiratda barcha ibodatlar va yaxshiliklarga beriladigan ajru mukofotlar va savoblar miqdorining qancha berilishi aytilgan. Ammo faqat ro‘zaning oxiratdagi mukofotining miqdori  qanchaligini hech kim bilmaydi, buni Alloh taoloning O‘zigina biladi.

Demak, Ramazon biz uchun katta imkoniyat oyidir. Bilib-bilmay qilgan xatoyu kamchiliklarimizni kechirishini  Alloh taolodan so‘rashimiz uchun g‘animat fursatdir. Shunday ulug‘ kunlarda Alloh taolo barchamizni ulkan mukofotlarga sazovor qilsin! 

“Umdatul Qori sharhi Sahihil Buxoriy” asari asosida Urgut shahar bosh imom-xatibi Shodi  HAQBЕRDIYEV va “Islom nuri” gazetasi maxsus muxbiri Abduvohid O‘ROZOV tayyorladi.

 

Ramazon-2019
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Mustaqillik bayrami arafasida Qashqadaryoda bosh imomlar yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi

24.08.2026   48130   1 min.
Mustaqillik bayrami arafasida Qashqadaryoda bosh imomlar yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi

O‘zbekiston musulmonlari idorasining Qashqadaryo viloyati vakilligida shahar va tumanlar bosh imom-xatiblari ishtirokida yig‘ilish o‘tkazildi.


Tadbirni viloyat bosh imom-xatibi Rahmatillo domla Usmonov kirish so‘zi bilan ochib, yig‘ilganlarni yaqinlashib kelayotgan Mustaqilligimizning 35 yillik bayrami bilan samimiy muborakbod etdi. Uchrashuvda davlatimiz Rahbarining tegishli Farmoni bilan bir guruh diniy soha xodimlari «Imom Buxoriy» ordeni bilan taqdirlangani yurtimizda ma’naviy-ma’rifiy sohaga ko‘rsatilayotgan yuksak e’tibor va tarixiy voqea ekani alohida e’tirof etildi.


Yig‘ilishda «Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!» ezgu shiori ostida vohada amalga oshirilayotgan xayrli ishlar, yoshlarni Vatanga sadoqat va milliy-diniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash borasidagi faoliyat sarhisob qilindi.


Shuningdek, tadbir davomida imom-xatiblarga quyidagi ustuvor vazifalar yuklatildi:

  • Ehtiyojmand, boquvchisini yo‘qotgan va yakka-yolg‘iz keksalar holidan muntazam xabar olish;

  • Oilalar totuvligini mustahkamlash va mahallalarda ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlash;

  • Masjidlar, qadamjolar va qabristonlarni obodonlashtirish hamda tozalik tadbirlarida faollik ko‘rsatish.


Yig‘ilish yakunida diniy soha xodimlarining kelgusi faoliyatiga muvaffaqiyatlar tilandi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi

Qashqadaryo viloyati vakilligi
Matbuot xizmati

Mustaqillik bayrami arafasida Qashqadaryoda bosh imomlar yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi
O'zbekiston yangiliklari