Imom Buxoriy (rahmatullohi alayh) va bir qancha muhaddislar rivoyat qilgan hadisi qudsiyda Alloh taolo: “Odam bolasining ro‘zadan boshqa hamma amali o‘zi uchun, faqat ro‘za Men uchun va uning mukofotini Men O‘zim berurman”, deydi.
Hadisi qudsiyning mazmun va mohiyatini tushunib, anglab yetishish uchun hadisning matni izoh va sharhlarga ehtiyoj sezadi.
“Sahihul Buxoriy”ning sharhi “Fathul Boriy”da Ibn Hajar Asqaloniy (rahmatullohi alayh) ushbu hadisi qudsiyning ma’nosini yoritib, undagi muhim o‘nta asl mohiyatni bayon qiladi.
Quyidagi hadis bu ma’noni qo‘llab-quvvatlaydi.
عَنِ ابْنِ شِهَابٍ، أَنَّ رَسُولَ اللهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: "لَيْسَ فِي الصِّيَامِ رِيَاءٌ"رواه البيهقي
Ibn Shihobdan rivoyat qilinadi: “Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Ro‘zada riyo bo‘lmaydi”, dedilar (Imom Bayhaqiy rivoyat qilgan).
Ro‘za banda bilan Rabbi orasidagi sirriy amal bo‘lib, o‘ziga xos ibodatdir. Ro‘zadan boshqa hamma amallarda biron bir amalni bajarayotgan shaxs o‘zgalarning havasi, maqtovi, e’tiborini jalb qilishni istab qoladi. Shuning uchun Alloh taolo amallarning ichida “...faqat ro‘za Men uchundir...”, deb xoslamoqda.
Quyidagi hadis bu ma’noni qo‘llab-quvvatlaydi.
عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَعَنْ رَسُولِ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ"مَامِنْحَسَنَةٍعَمِلَهَاابْنُآدَمَإِلَّاكُتِبَلَهُعَشْرُحَسَنَاتٍإِلَىسَبْعِمِائَةِضِعْفٍقَالَاللَّهُعَزَّوَجَلَّإِلَّاالصِّيَامَفَإِنَّهُلِيوَأَنَاأَجْزِيبِهِيَدَعُشَهْوَتَهُوَطَعَامَهُمِنْأَجْلِي"
Abu Hurayra (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi: “Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Odam bolasi qilgan yaxshi amallarining savobi o‘n barobardan yetti yuz barobarigacha ko‘paytirib yoziladi. Alloh taolo: “Faqat ro‘za undan mustasno (ya’ni, ro‘zaning savobi behisob beriladi). Chunki, ro‘za Men uchundir va uning mukofotini Men O‘zim berurman.U (odam bolasi) ro‘zada shahvati va taomini men uchun tark qilur”, – dedilar (Imom Nasoiy rivoyat qilgan).
Ro‘zaning savobi behisob ekaniga quyidagi oyati karima ham dalil bo‘ladi.
قال الله تعالى: إِنَّمَا يُوَفَّى الصَّابِرُونَ أَجْرَهُمْ بِغَيْرِ حِسَابٍ [الزمر: 10]
Albatta, sabr qiluvchilarga (oxiratda) mukofotlari behisob berilur.
Ro‘zasabr bilan sayqal topadigan ibodat. Ro‘zador kishi nafsining xohish- istaklarini sabr bilan to‘xtatadi. Sabr qiluvchining mukofoti oyati karimada aytilganidek behisob beriladi.
Ibn Abdul Birr (rahmatullohi alayh) hadisi qudsiyda “...faqat ro‘za Men uchundir...” deyilishi ro‘za ibodatining fazilatiga kifoya qiladi deydilar. Go‘yoki, bu ibodatning fazilati borasida ortiqcha ta’rifga zarurat yo‘q.
Quyidagi hadis bu ma’noni qo‘llab-quvvatlaydi.
عَنْ أَبِي أُمَامَةَ قَالَ قُلْتُ يَا رَسُولَ اللَّهِ أَخْبِرْنِي بِعَمَلٍ ينفعني الله به قَالَ عَلَيْكَ بِالصَّوْمِ فَإِنَّهُ لَا مِثْلَ لَهُ رواه النسائي
Abu Umoma (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi:
U zot: “Ey Allohning rasuli (sollallohu alayhi va sallam), Alloh taolo u tufayli menga manfaat beradigan amalning xabarini bering”, dedim.
Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) “Ro‘zani o‘zingga lozim tutgin! Chunki, ro‘zaga barobar keladigan amal yo‘q”, dedilar (Imom Nasoiy rivoyati).
Zayn ibn Munir (rahmatullohi alayh): “Umumiy o‘rinda bir narsaning xoslanishi faqatgina o‘sha narsani ulug‘lash uchun bo‘ladi”, deydilar.
Imom Qurtubiy (rahmatullohi alayh): “...faqat ro‘za Men uchundir...” hadisining ma’nosi: “Bandalarning amallari o‘zlarining hollariga munosibdir. Faqat ro‘za Haq taoloning sifatlaridan bir sifatiga munosibdir. Alloh taolo “...faqat ro‘za Men uchundir...” deyish bilan go‘yoki, “Ro‘zador mening sifatlarimdan biriga ega bo‘lib, menga yaqinlashmoqda”, demoqchi.
عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ يَقُولُ: سَمِعْتُ أَبَا الْقَاسِمِ صلى الله عليه وسلم يَقُولُ: "قَالَ اللَّهُ عَزَّ وَجَلَّ: كُلُّ الْعَمَلِ كَفَّارَةٌ، إِلاَّ الصَّوْمَ، وَالصَّوْمُ لِى وَأَنَا أَجْزِى بِهِ.رواه احمد
Abu Hurayra (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi: “Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Alloh taolo aytadi: hamma amal kaffarotdir. Faqat ro‘za mustasnodir. Chunki ro‘za Men uchundir va uning mukofotini Men O‘zim berurman”, dedilar (Imom Ahmad rivoyati).
Ro‘zadan boshqa solih amallar qiyomat kunida insonning dunyoda qilgan xato va kamchiliklarini kafforot bo‘lishi uchun xizmat qilish ehtimoli bo‘ladi. Faqat ro‘za ibodati saqlanib qoladi. Ro‘zaning ajru savobi xato va kamchiliklarning kafforoti uchun behuda ketmaydi.
Ro‘za ham ixlos kabi sirriy ibodat. Ibodatlardagi ixlosni Alloh taolodan o‘zga hech kim bilmagani kabi ro‘zani ham hech kim bilmaydi.
Ibn Hajar Asqaloniy (rahmatullohi alayh) mazkurlarni zikr qilib, bularning ichida birinchi, ikkinchi, sakkizinchi va to‘qqizinchisi boshqalarga nisbat e’tiborli va yorqinroq ekanligini qayd qiladilar.
Jaloliddin Xolmo‘minov,
“Ko‘kaldosh” o‘rta maxsus bilim yurti mudarrisi
Bismillahir Rohmanir Rohiym
O‘g‘il har oylik maoshini onasiga topshirar, uning yuzidagi tabassumni ko‘rib, o‘zini dunyodagi eng boy inson deb hisoblardi.
Yillar o‘tib, onasi olamdan o‘tdi. Navbatdagi maoshini olgan o‘g‘il bir zum ne qilarini bilmay qoldi-yu, bir qarorga keldi: «Pullarni onamning nomidan ehson qilaman».
Shu kundan e’tiboran, u har oy masjidlarga suv kullerlari o‘rnatishni odat qildi. Namozxonlar suv ichib, onasining haqiga duo qilishlaridan qalbi taskin topardi.
Kunlardan bir kun mahalla masjidida yangi kuller o‘rnatilganini ko‘rib, «Attang, bu safar kechikdim-a», deb o‘kindi. Shunda yoniga imom kelib:
– Xayrli hadya uchun rahmat, – dedi.
– Uzr, adashdingiz, shekilli. Buni men olib kelmadim...
– Yo‘q, adashmadim. Buni sizning nomingizdan o‘g‘lingiz keltirdi.
Orqasiga o‘girilgan ota jilmayib turgan o‘g‘liga ko‘zi tushdi.
– Bolam, bunga pulni qayerdan olding? – hayajondan ko‘zlari yoshlandi otaning.
– Ota, anchadan beri menga beradigan pullaringizni yig‘ib yurgandim. Siz buvijonim uchun xayrli ish qilayotganingizni ko‘rib, men ham siz uchun shunday qilishni istadim.
Otaning ko‘zlaridan quvonch yoshlari sizib chiqdi. U o‘g‘liga nasihat qilmagan, shunchaki o‘z amali bilan namuna bo‘lgandi.
Ha, farzandlar eshitgan gaplarini unutishi mumkin, ammo ko‘rgan amallarini hech qachon unutmaydi. Bugun ota-onamizga qilgan yaxshiligimiz ertaga farzandlarimizdan albatta qaytadi.
Akbarshoh RASULOV