Ro‘zani bizlarga farz qilgan Alloh taologa hamdu sanolar bo‘lsin. Ramazon tunlarini bedor o‘tkazishni sunnat qilgan zot Muhammad mustafo (sollallohu alayhi va sallam)ga salavot va salomlar bo‘lsin.
Bugungi taraqqiyot yetib bo‘lmas darajada rivojlanayotgan bir davrda, barcha ko‘proq mol-dunyo to‘plash va hojatdan ortiqcha hashamatli imoratlar qurishga berilib ketmoqda. Ba’zilar yaxshi yashash va farovon hayot kechirish eng oliy maqsad deb o‘ylaydilar. Undan boshqa mehr-oqibat, ta’lim-tarbiya, xulq-odob, qarindosh-urug‘chilik, qo‘ni-qo‘shnichilik, ajr-savob, yaxshilik, ezgulik kabi qalbni xotirjam qilib, dilni xushnud qiladigan insoniyatning ma’naviy hayoti ular uchun ikkinchi darajalidir. Zero inson hayotida eng oliy ne’mat qalb xotirjamligidir. Ba’zi kimsalar xotirjam yashash da’vosida kunni tunga ulab, kunlari tinmay, tunlari uxlamay, bir chaqa foydani deb yoru do‘sti, qon-qarindoshi hatto aka-ukalaridan aloqani uzib, molu-dunyo yig‘moqdalar. Aslida xotirjamlik shundami? Ming mashaqqatlar va hayot tashvishlarini ro‘kach qilib, bola-chaqa bahonasida to‘plangan boylik va mol-dunyo bir zum xotirjamlik berolmayotgani hammaga ma’lum. Bugun rivojlangan mamlakatlarda aksar odamlar baland imoratlar va ko‘p mol-dunyoga egalar, lekin ularda xotirjamlik yo‘q. Ular birozgina xotirjam bo‘lish, uxlab xordiq chiqarish, orom olish uchun turli xil dori vositalaridan foydalanishlari hech kimga sir emas. Bekamu ko‘st yashash, faravon hayot kechirish, oson pul topish ilinjida tinch va osuda yurtini tashlab o‘zga yurtlarga ketayotganlar ham oramizda yo‘q emas. Natijada xotirjam faravon hayotga erishish qolib, sog‘-salomat o‘z vatanlariga qaytishlari so‘roq ostida qolmoqda. Mol-dunyoning ko‘pligi, uylarni hashamatli bo‘lishi insonni moddiy ehtiyojini qondiradi. Xotirjamlik esa, inson ma’naviyatiga bog‘liqdir.
Xo‘sh xotirjamlik nimada? Xotirjamlik qayerda? Kim xotirjam? Inson nima qilsa, qalbi xotirjam, dili xushnud, ichki dunyosi farah va sururga to‘lib, jismi rohatlanadi? Bu savollarga javobni muqaddas dinimizdan, Qur’oni karim oyatlari va hadisi shariflardan topish mumkin.
Ramazon rahmat va mag‘firat oyidir. Ramazonda mo‘min-musulmonlarning qalblari xotirjam bo‘ladi, ruhlari taskin topadi, jismlari rohatlanadi. “Nima uchun shunday?” degan savol tug‘ilishi tabiiy hol. Chunki bu oyda isyonkor jinlar va shaytonlar zanjirband qilinadi, ro‘za tutiladi, Qur’oni karim xatm qilinadi. Bu oyda Alloh taoloning kalomi – Qur’oni karim xatm qilinadi. Alloh taoloninig rahmati, mag‘firati va mo‘minlarga bo‘lgan fazli, jannatninig vasfi, ajr-savoblarninig va’dasi haqidagi Qur’on oyatlarini eshitgan mo‘minlarning qalbiga sukunat-xotirjamlik kirib, rahmati buyuk Zotga muhabbatlari ziyoda bo‘ladi. Alloh taolo bu haqda shunday marhamat qiladi:
“Ular imon keltirgan va qalblari Allohning zikri bilan orom oladigan zotlardir. Ogoh bo‘lingizki, Allohni zikr etish bilan qalblar orom olur (va taskin topur)” (Ra’d, 28).
Imom Muqotil ushbu oyat tafsirida: “Allohning zikridan Qur’oni karim iroda qilingan”, deydi. Inson qalbiga orom baxsh etib, sukunat va xotirjamlik berdigan buyuk omil Alloh zikridir. Alloh taoloni eslab, tafakkur qilgan, bergan ne’matlariga shukrona tarzida ibodat va Qur’oni karim tilovati bilan mashg‘ul bo‘lgan banda qalbiga ilohiy xotirjamlik va orom berilishi oyati karimada zikr qilinmoqda. Bugungi kunda mustaqillik sharofati bilan yurtimiz masjidlarida xatmi Qur’onlar bo‘lmoqda, unda Kalomullohni eshitib, barcha qalblar xotirjam, dillar orom olmoqda, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Ramazon oyida shunday xayrli ish bo‘lgani uchun ham u boshqa oylardan fazilatlidir.
Abu Hurayra (roziyallohu anhu)dan rivoyat qlinadi: “Payg‘ambarimiz Muhammad (sollallohu alayhi va sallam): “Kim bir mo‘minning dunyodagi mashaqqati, g‘am-tashvishini aritsa, Alloh taolo qiyomat kuni uni g‘am-tashvishdan xalos qiladi. Kim qiynalgan odamning og‘irini yengil qilsa, Alloh taolo uni dunyo va oxiratdagi og‘irini yengil qiladi. Kim mo‘minning aybini yopsa, Alloh taolo uni dunyo va oxiratdagi aybini berkitadi. Inson o‘z birodaroga yordam berarkan, Alloh taolo ham u bandasiga yordamchidir. Kim ilm izlab bir yo‘ldan yursa, Alloh taolo u uchun jannatga bo‘lgan yo‘lni yengil va oson qilib qo‘yadi. Qaysi bir qavm Alloh taoloninig uylaridan birida jam bo‘lib, Alloh taoloning Kitobini o‘qisalar yoki o‘zaro dars qilsalar, ularga tinchlik va xotirjamlik tushib, rahmat qamrab oladi. Farishtalar ularni o‘rab oladilar. Alloh taolo ularni o‘z dargohidagilar oldida zikr qiladi”, dedilar” (Imom Muslim rivoyati).
Hadisi sharifda Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) qalb xotirjamligiga yetishish omillarini sanab o‘tdilar. Haqiqiy xotirjamlikkka erishmoqchi bo‘lganlar Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) sunnatlariga amal qilsin. Mo‘min-musulmonga yordam qilish, og‘irini yengil qilish, aybini yopish Alloh taoloning kalomini o‘qishdek qalbga orom baxsh etadi. Kelinglar xotirjamlik va oromni Alloh taolo buyurganidek, Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) ta’lim berganlaridek qidiraylik.
Inson Ramazonda ro‘za tutib, bir necha soatlar och qoladi. Natijada jismi ma’lum miqdorda ochlik sababidan zaiflashadi. Jismdagi zaiflik insonni turli-tuman narsalarga yo‘rg‘alash, dunyoning arzimagan matosiga yugurib-yelish kabilardan to‘sadi. Inson yeb-ichish bilan bir qatorda ma’naviy jihatdan ham mukammal ro‘za tutib, g‘iybat, ko‘z zinosi, chaqimchilik, hayosiz so‘zlar, baxillik va hasad kabi illatlardan saqlansa, u haqiqiy xotirjamlikka erishib, qalbi surur va farahga limmo-lim to‘ladi.
Alloh taolo ushbu Ramazon oyida qalblarimizga xotirjamlik, orom, surur va farahni mukammal qilib bersin. Ushbu xotirjamlikni yil davomida bizlarga hamroh qilsin hamda ikki dunyo soadatiga erishtirsin.
Bahriddin PARPIYEV
Jonajon vatanimiz O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan taraqqiyot tobora yangidan yangi bosqichlarga qadam qo‘yishda davom etmoqda. Bu, shubhasiz, jamiyat hayotining har bir jabhasida “Inson manfaatlari hamma narsadan ustun” tamoyiliga asoslangan o‘ziga xos bir qator islohotlarni amalga oshirishda ham o‘z ifodasini topmoqda.
Mamlakatimizda turli dinlarga e’tiqod qiluvchi millat vakillari o‘rtasida o‘zaro diniy bag‘rikenglikni targ‘ib etish, millatlararo totuvlik va ijtimoiy barqarorlikni ta’minlashga qaratilgan islohotlar ham shular jumlasidandir. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 21 aprel kuni e’lon qilingan “Fuqarolarning vijdon erkinligi huquqi kafolatlarini yanada mustahkamlash hamda diniy-ma’rifiy sohadagi islohotlarni yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonida ham ayni shu masalalar nazarda tutilgan.
Mazkur farmonda ta’kidlanishicha, jahon tamaddunida alohida o‘rin tutgan, umumbashariy taraqqiyot omili bo‘lgan ilm-fan va madaniyat rivojiga katta hissa qo‘shgan buyuk alloma va mutafakkirlarimiz qoldirgan ulkan ilmiy-ma’naviy merosini chuqur o‘rganish, yosh avlod qalbida Vatanga sadoqat, milliy-diniy qadriyatlarga hurmat tuyg‘ularini tarbiyalashda ulardan unumli foydalanish bu islohotlarning asosiy negizini tashkil etadi.
Farmon asosida Din ishlari bo‘yicha qo‘mita va O‘zbekiston musulmonlari idorasi hamda Buxoro viloyati hokimligining Bahouddin Naqshband yodgorlik majmuasi markazi muassisligida Bahouddin Naqshband ilmiy-tadqiqot markazini tashkil etish takliflari ma’qullangan va uning asosiy vazifalari belgilab berilgan. Jumladan, unda “...buyuk ajdodimiz Bahouddin Naqshband va naqshbandiylik tariqati allomalarining yuksak insonparvarlik g‘oyalarini ilmiy asosda o‘rganish, yosh avlodni bag‘rikenglik hamda o‘zaro hurmat ruhida tarbiyalash maqsadida targ‘ibot ishlarini olib borish” ham qayd etib o‘tilgan.
Albatta, bu vazifani bajarish nafaqat olimlar, balki bugun diniy sohada xalqqa xizmat qilayotgan barcha xodimlar zimmasiga ham ulkan mas’uliyat yuklaydi. Zero, sohaning har bir xodimi tasavvuf ta’limoti tarixi va uning bugungi kundagi ahamiyatini teran anglashi, yurtimizda yashab, ijod qilgan ulug‘ allomalarning boy ilmiy-ma’naviy merosini xalqqa yetkazishi, keng targ‘ib qilishi zamon talabidir.
Bahouddin Naqshband va naqshbandiylik tariqati haqida so‘z ketganda, eng avvalo, turli manbalarda bu ulug‘ alloma haqida aytilgan fikr-mulohazalarga to‘xtalib o‘tish o‘rinlidir.
Ana shunday manbalardan biri, so‘zsiz, ulug‘ mutafakkir Alisher Navoiy bobomizning qator asarlaridir. Shoir ijodida naqshbandiylik tariqati asosiy o‘rin tutadi. Har bir asarining g‘oyaviy mazmuni, ularda ilgari surilgan tasavvufiy qarashlar bevosita uning Bahouddin Naqshband va naqshbandiylik tariqatiga katta e’tibor berganligidan darak beradi. “Lison ut-tayr” dostoni ham bundan mustasno emas.
Asarning “Xoja Bahouddin Naqshband so‘zi fanoyi komil maqomida” bobida shoir ulug‘ allomaga shunday ta’rif beradi:
Xojai oliy sifoti arjmand,
Shah Baho ul Haq vad-din Naqshband.
Chun bu iqlim uza bo‘ldi taxtgir,
Tuzdi yo‘qluk kishvari uzra sarir.
Navoiy ta’kidlashicha, Shoh Bahouddin Naqshband oliy axloqiy sifatlarga ega zotdir. Chunonchi, u zot bu iqlim taxtiga o‘tirgach, ya’ni dunyoga kelgan kunidan boshlab, o‘zini yo‘qlik taxtida ko‘rdi. Demak, Shoh Bahouddin Naqshband hazratlarining eng ulug‘ insoniy fazilatlaridan o‘zligini anglab, xudbinlikdan kechishdir. Shoir fikrini davom ettirar ekan yozadi:
O‘z vujudin pok sayri haqshunos,
Har ne birlakim qilur erdi qiyos.
Ondin o‘zni kam topar erdi base,
Sarvu guldin o‘ylakim xoru xase.
Haqshunos – Allohni tanigan alloma o‘zini nimaga qiyos qilsa, undan past ko‘rar, ya’ni oddiy xas sarv bilan gulning nazdida qanchalik ko‘rimsiz bo‘lsa, u zot ham o‘z vujudini hech qachon biror narsadan ortiq ko‘rmas va butun hayoti davomida shunday kamtarlikka amal qilib yashagan. Agar insonlar o‘z hayotlarini insonparvarlik va bag‘rikenglik asosida qursalar, dunyoda ro‘y berayotgan o‘zaro nizolar, qirg‘inbarot urushlar, o‘tkinchi mol-dunyo uchun qilinayotgan pastkashliklarga barham berilgan, insonlar bir-biri bilan tinch-totuv hayot kechirgan, ona zamin bag‘rida begunoh go‘daklarning qonlari daryo bo‘lib oqmagan bo‘lar edi. Ammo afsuski, bugun dunyoning turli mamlakatlarida bunday mislsiz fojialarning guvohi bo‘lib turibmiz.
Tasavvuf ahli orasida Bahouddin Naqshbandiy hazratlarining: “Musibatlar juda ko‘pdir. Faqat eng buyuk musibat esa vaqtning foydasiz, bekorga ketishidir”, – degan pandu nasihati mashhurdir. Shunga ko‘ra hikoyatda naqshbandiylikning yana bir tamoyili bozgashtga ham to‘xtalib o‘tiladi. Unga ko‘ra o‘zining har bir nafasini nazorat qilgan orif uning biror lahzasi, hattoki, nafas olish va chiqarishning orasidagi onlardan biri ham, g‘aflat bilan behuda o‘tgan bo‘lsa bozgasht qilishi, ya’ni g‘aflatda kechgan har bir ishini qaytadan bajarishi lozimligini ta’kidlaydi.
Zero, ahli Haq – Allohning oshiqlari shu tariqa o‘z vujudini inkor etib, shu sabab bilan budini – borligini nabud – yo‘qlikka almashtiradiki, shoir bu o‘rinda kitobxonlarni naqshbandiylikning yana bir rashhasi “vuqufi qalbiy” – “qalbdan ogoh bo‘lish”ga qaratadi. Bu rahshaga ko‘ra solik hamisha o‘z qalbidan ogoh bo‘lishi, unda kechayotgan har bir o‘y-fikrlarni tartibga solib, hatto xayolan bo‘lsa-da, kibru havoga, manmanlikka yo‘l qo‘ymasligi kerak.
Alisher Navoiy Bahouddin Naqshband hazratlari umrlarining oxirigacha o‘zlarida mujassam bo‘lgan fazilatlarni tark etmaganligi va shu tariqa fano bo‘lganliklarini aytib, shunday yakunlaydi:
Bo‘yla oshom ettilar jomi fano,
Qolmog‘ondin so‘ng asar o‘zdin yano.
Haq vujudidin baqoye topmayin,
Jomi vahdatda liqoye topmayin,
Chun fano xayliga doxil bo‘ldilar,
Boqiyi mutlaqqa vosil bo‘ldilar.
Shoir ta’kidlashicha, Bahouddin Naqshband hazratlari o‘zligidan, ya’ni “men”likning kibru havolaridan kechgan holatda vafot etdilar. U kishining nazarida Haq vujudidan boshqa boqiy bo‘lmadi, o‘zining Haq nazdida hechligini anglab yetdi va fano xayli – ahliga qo‘shilib, boqiyi mutlaq – Alloh visoliga erishdi.
Alisher Navoiyning “Lison ut-tayr” dostonidan olingan hikoyatlar garchi hajman kichik bo‘lsa ham, Bahouddin Naqshband hazratlari ta’limotining eng asosiy tamoyillarini o‘zida aks ettirganligi bilan qadrlidir. O‘ylaymizki, mushtariylar bu asar tahlilini Prezidentimiz farmonlarida aytilgan “tasavvuf ta’limoti tarixi va uning bugungi kundagi ahamiyatini ilmiy tadqiq etish, “Yetti pir” allomalari va aziz avliyolarning boy ilmiy-ma’naviy merosini xalqaro maydonda keng targ‘ib qilish” yo‘lidagi arzimas urinishlarimizdan biri sifatida qabul qiladilar va yo‘l qo‘ygan nuqson-xatolarimizni kechiradilar. Albatta, umid qilamizki, bu borada yanada teranroq qarashlar bilan boyitilgan maqolalar bilan bizni xursand etadilar.
Alisher domla Naimov,
Farg‘ona viloyati bosh imom-xatibi o‘rinbosari