Tanlovga!
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Osmonlar va yerni, va undagi jamiki maxluqotlarni yaratgan buyuk Zotga hamd-u sanolar, payg‘ambarimiz Muhammad Mustafo sollallohu alayhi va sallamga salovot-u salomlar bo‘lsin!
Mana bizni yil bo‘yi sog‘intirib, o‘zi ham bizni sog‘inganidan o‘tgan yilgi vaqtidan 12 kun ilgarilab Ramazoni sharif kirib keldi.
Men hadis bilimdoni emasman, diniy saviyam o‘ziga yarasha, shu jumladan Ramazon oyi haqida ham bilimlarim unchalik serob emas. Ushbu fikrlarim jamlanmasini shunchaki Ramazon ro‘zasini aslida nima uchun tutayotganini anglamayotgan tengdoshlarimga yordam bo‘lishi uchun yozdim.
Yoshligimdan fikr-u xayolimga muqim o‘rnashgan bir tuyg‘u bor, bu ham bo‘lsa padarim tomonidan anglatilgan qilgan barcha amallarimizning Alloh uchun bo‘lishi lozimligidir. Afsuslar bo‘lsinki, juda ko‘pchilik yoshlarda qilayotgan amallarini kim uchun bajarilayotganligini anglamaslik hodisasi uchraydi. Maktabda o‘qib yurgan kezlarim, namoz va ro‘za ibodatlarini ado qilishni boshlaganimning ilk yillarida maktabda kimdir mening ro‘zador ekanligimni bilib qolishidan juda qo‘rqardim, chunki hech kim buni to‘g‘ri qabul qilmasdi. Allohga hamdlar bo‘lsinki, hozir tengdoshlarimizning juda ko‘pchiligi Ramazon ro‘zasini to‘liq ado qilishga urinishadi. Ammo bu ibodatni Alloh farz qilgani uchun emas, balki o‘zlarining biror hojatlari yechim topishligi umidida qilishayotgani juda ayanchlidir.
Ayrim tengdoshlarimizning oliy maqsad deb bilganlari – talabalik baxti nasib qilishi umidida, boshqalari uylarida tinchlik bo‘lishi va yaxshi xonadonga kelin bo‘lishlik orzusida, eng achinarlisi, ko‘pchilik dugonalarimizning tanalaridan ortiqcha vaznni yo‘qotish va go‘zal qomat egasi bo‘lish niyatida Ramazon ro‘zasini tutib berishayotganini ko‘rib beixtiyor yoqa ushlaymiz.
Qadrli tengdoshlar, aqlim yetganicha sizlarga fikrlarimni anglatayin, unutmangki, Alloh hammasini ko‘rib turibdi, hatto xayolimizdan o‘tgan tuyg‘ular ham Unga ayondir. shunday ekan, keling endi biz ham xuddi payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom aytganlaridek, Alloh uchun, savob umidida ro‘zani ado qilaylik. Keling, qalbimizni to‘lig‘icha Allohga bog‘laymiz, va o‘zimiz kutmaganimiz bir holda iymonga, baxtga, ilmga, va asosiysi, xotirjamlik ne’matiga ega bo‘laylik.
shu o‘rinda yana bir gapni aytib o‘tmoqchiman. Ramazon oyi kirganidan buyon eshitayotgan savollarim orasida “Ramazonda labimiz yoki boshqa a’zolarimizga bo‘yoq qo‘yish mumkinmi” qabilidagi savoldir. Bu haqda ma’lumot izlab hech qanday yechim topolmadim. shu sabab o‘z fikrimni qisqacha aytib o‘tmoqchiman.
Qadrli dugonajonlar, biz uchun ro‘zador bo‘lmagan holatimizda Alloh bergan tanamizni biror vosita orqali boshqacha qilib ko‘rsatishimiz qaytarilgan bir holatda, Ramazonda bu ish qanday qilib to‘g‘ri bo‘la oladi?! Unutmangki, oddiylik go‘zallikdir, biz qalbimizni go‘zal qilaylik, Alloh yuzimizni o‘zi go‘zal qilib qo‘yadi, InshaAlloh!!
Muborak Ramazon oyi barchangizga qutlug‘ bo‘lsin ahli musulmon!!!
Robiyaxon
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Bugungi kunda ijtimoiy tarmoqlarda ko‘p yoki tez ovqat yeyish bo‘yicha “musobaqa”lar ommalashib bormoqda. Ba’zilar buni shunchaki qiziqarli shou deb bilsa, boshqalar uni rekord o‘rnatish vositasi sifatida qabul qiladi. Biroq Islom ta’limotida ham, zamonaviy tibbiyotda ham inson organizmini zo‘riqtirishi va isrofga yo‘l qo‘yishi taqiqlanadi.
Islom me’yorni buyuradi
Alloh taolo bunday marhamat qiladi: “Yeb-iching va isrof qilmang. Chunki, U isrof qiluvchilarni sevmas” (A’rof surasi, 31-oyat).
Ushbu oyat nafaqat ovqatning halol bo‘lishini, balki uning miqdori ham me’yorda bo‘lishi lozimligini anglatadi. Zero, ortiqcha ovqat yeyish ham isrofning bir ko‘rinishi hisoblanadi. Bu oyat “butun tib ilmini o‘zida jamlagan oyat” deya hatto g‘ayridinlar tomonidan e’tirof etilgan.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Odam bolasi qornidan ko‘ra yomonroq idishni to‘ldirmagan. Odam bolasiga qaddini tutib turadigan bir necha luqma kifoya. Juda bo‘lmasa (oshqozonining) uchdan birini taomiga, uchdan birini ichimligiga, uchdan birini nafasiga (havoga) ajratsin”, dedilar (Imom Temiziy, Imom Ibn Moja rivoyati).
Bu hadis sog‘lom ovqatlanishning eng qisqa va mukammal dasturi sanaladi.
Ibn Sino: “Kasallikning ikkita sababi bor. Biri ko‘p yeyish, ikkinchisi to‘q qoringa yeyish”, degan.
Ilmiy fakt: oshqozon to‘yganini darhol bildirmaydi
Inson ovqatlanayotganda to‘yish haqidagi signallar oshqozondan miyaga taxminan 15-20 daqiqa ichida yetib boradi. Shu sababli juda tez ovqatlangan odam ehtiyojidan ancha ko‘p ovqat iste’mol qiladi.
Tadqiqotlarda tez ovqatlanuvchi insonlarda ortiqcha vazn, semirish, 2-tur qandli diabet xavfi yuqori ekani aniqlangan.
Oshqozonning imkoniyati cheklangan
Oddiy holatda inson oshqozonining hajmi taxminan 1-1,5 litr atrofida bo‘ladi. U ma’lum darajada kengayishi mumkin, ammo qisqa vaqt ichida bir necha litr ovqat va suyuqlik qabul qilish oshqozon devorini zo‘riqtiradi. Ko‘p ovqat yeyish esa, oshqozonning haddan tashqari kengayishi, oshqozon harakatining vaqtincha to‘xtab qolishi, hatto oshqozon yorilishi kabi o‘limga olib keladi.
Aniq fakt: xot-dog yeyish musobaqalarida o‘lim holatlari kuzatilgan
Tez ovqat yeyish musobaqalarida eng katta xavflardan biri – bo‘g‘ilish.
Xot-dog, gamburger yoki katta bo‘lakli go‘shtni juda tez yutish natijasida ovqat nafas yo‘liga tushishi mumkin. Bunday musobaqalar vaqtida bo‘g‘ilish sababli bir qancha ishtirokchilar vafot etgani kuzatilgan.
Yurak va qon aylanishiga ta’siri
Katta hajmdagi ovqat hazm qilinishi uchun hazm tizimiga ko‘proq qon yuboriladi. Bu holat yurak urishining tezlashishiga, qon bosimining o‘zgarishiga va yurak ishining og‘irlashishiga sabab bo‘ladi. Yurak-qon tomir kasalligi bor insonlarda bu holat yanada xavfli.
Inson tanasi – omonat
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Senda tanangning ham haqqi bor”, deganlar (Imom Buxoriy rivoyati).
Demak, inson tanasi bilan tajriba o‘tkazish, uni ko‘ngilochar musobaqalar uchun zo‘riqtirish Islomning inson salomatligini asrash tamoyiliga ziddir. Shuning uchun, inson o‘z joniga ham, tanasiga ham qasddan zarar yetkazmasligi lozim.
Xulosa
Mo‘min kishi ovqatni nafsni qondirish yoki rekord qo‘yish uchun emas, balki Robbisiga ibodat qilishga quvvat bo‘lishi maqsadida, me’yor bilan iste’mol qiladi. Chunki me’yor – Islomning go‘zal fazilatlaridan biri, salomatlik esa Allohning eng katta ne’matlaridandir.
Davron NURMUHAMMAD