Sayt test holatida ishlamoqda!
24 Yanvar, 2026   |   5 Sha`bon, 1447

Toshkent shahri
Tong
06:19
Quyosh
07:42
Peshin
12:40
Asr
15:48
Shom
17:33
Xufton
18:49
Bismillah
24 Yanvar, 2026, 5 Sha`bon, 1447

Ramazon – rahmat oyi

13.05.2019   40558   9 min.
Ramazon – rahmat oyi

Tanlovga!

Allohga behisob shukrlar bo‘lsin ona yurtimizda tinchlik deb atalmish ulug‘ ne’mat hukm surmoqda. Har yili Muhtaram Yurtboshimiz tomonlaridan alohida maxsus Ramazon oyini munosib tarzda o‘tkazish maqsadida qarorlari chiqarilayotgani, yurtimizda diniy qadriyatlarimizga juda katta e’tibor berilayotgani muqaddas dinimizga bo‘lgan yuksak hurmat ehtiromning nishonasi desak, mubolag‘a qilmagan bo‘lamiz, albatta.

Insonni kamolot sari yetaklovchi milliy va diniy qadriyatlarimizdan biri Ramazon oyi bilan bog‘liq marosimlardir. Bu oyda tutiladigan ro‘za amali insonda o‘z nafsini boshqara olish, sabr-qanoatli bo‘lish, maqsad sari sobitqadamlik bilan intilish kabi fazilatlarning shakllanishiga xizmat qiladi. Bu fazilatlarni kasb etgan inson esa hayotda duch keladigan har qanday to‘siqlarni osonlik bilan yengib o‘ta oladi.

Ro‘za Islomning besh asosidan biri bo‘lib, payg‘ambar yuborilgan har bir ummatga farz qilingan. Qur’oni karimdagi Baqara surasi 183 – 184 - oyatlari bilan ro‘zaning farzligi sobit bo‘lgan va uning asoslari haqida bahs yuritilgan. Hammaga farz qilingan ro‘za qamariy Ramazon oyining ro‘zasidir. Dinning ustuni va tayanchi namoz bo‘lsa, jamiyatniki-zakot, ruhniki esa-ro‘zadir. Ramazon oyi ro‘zasini tutmoq ikkinchi hijriy sanada farz qilingan bo‘lib, ro‘za tutishning inson uchun foydalari juda ham ko‘p. Jumladan, ro‘za tutgan kishining taqvodorligi oshadi.

Har bir ilohiy amrda o‘ziga xos hikmat bo‘ladi. Ro‘zaning barcha xususiyati va hikmati yolg‘iz Allohga ayon. Bir narsa aniqki, Ramazon – rahmat va mag‘firat oyi, oylarning sultoni va eng ulug‘idir. Ro‘za jasadga ham, ruhga ham fayz bag‘ishlaydi, uni qayta tiriltiradi. Moddiy va ma’naviy zararlardan muhofaza qiladi. Boshqa oylarga nisbatanbu oyda Allohga yaqinlashish, ulug‘ ajru-mukofotlarga sazovor bo‘lish imkoniyatlari ko‘proq. Qadr kechasining ming oydan afzalligi, bu kechada qilingan ibodatning savobi ming oylik qilingan ibodatning savobidan ortiqligini bir tasavvur qilib ko‘rsak. Bu oyda ixlos, samimiyat ila tavba qilsak, gunohlarimiz kechiriladi, duolar qilsak, ijobat bo‘ladi, inshaolloh!. Hatto farishtalar ham buoyda Allohning maxsus farmonini bajarish uchun yerga tushadilar.

Qur’oni karim shu oyda nozil bo‘ldi. Allohning rasuli odamlarni islom diniga da’vat qilishni shu oyda boshladi. Shu oydan boshlab islom dini zafarga kuch-quvvatga, nurga to‘laverdi. Shuning uchun ham Ramazon oyi va Ramazon ro‘zasi butun musulmon ummati tarafidan buyuk bir muhabbat va ayricha hurmat bilan e’zozlanadi.

Bu oyda yer yuzining turli tarafidagi musulmonlar mushtarak tuyg‘u va mushtarak qarashlar bilan birlashadilar, bir xil vaqtda ochiqadilar, chanqaydilar, jamoat bo‘libtartibli, e’tiqodli holatda Allohga taslim bo‘ladilar, muhabbat namunasini ko‘rsatadilar. Yaxshilik, xayru saxovat eshiklari barchaga barobar ochiladi. Allohning avf va mag‘firat xazinasidan har bir mo‘min o‘z ulush va nasibasini olishga harakat qiladi. Mo‘min-musulmonlar ro‘za davomida ruhlarini sabr-qanoat, mashaqqat va qiyinchiliklarda toblaydilar. Alloh bergan ne’matlarning qadriga yetish haqida o‘ylay boshlaydilar.

Ro‘za islomning boshqa ahkomlari va ibodatlari kabi jamiyat hayoti va taraqqiyotiga ham shubhasiz ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Xatmi Qur’on, taroveh namozlari va iftorliklar musulmonlarni yanada jipslashtiradi, ulardagi mehr oqibat, dinu diyonat tuyg‘ularini junbushga keltiradi.

Ramazoni sharifni har bir musulmon yaxshi kutib olib, hurmat va izzatini o‘z joyiga qo‘ygan holda kuzatishni orzu qiladi. Buning uchun avvalo, biz bu muborak oyning xislat va fazilatlaridan xabardor bo‘lmog‘imiz lozim. Chunki ro‘za oyi har yilda bir kelib ketadigan aziz mehmon. Uyimizga bir mehmon keladigan bo‘lsa, uni yaxshi kutib olib, hurmatini joyiga qo‘yib, ko‘ngildagidek kuzatish uchun bor imkoniyatlarimizni ishga solamiz.

Xuddi shuningdek, Ramazon oyini ham ishtiyoq va ixlos bilan kutib olib, unda qo‘limizdan kelgancha solih amallarni qilishga harakat etmog‘imiz lozim. Har bir inson bu oyda o‘zining imon va ixlosini charxlab, unga sayqal berib, e’tiqodu iymon nurini ziyoda qilib olishi zarur. Zero, har qanday musulmon odam ham yil mobaynida nafsoniy ishtiyoqlarini qondirish bilan ovora bo‘lib, kundalik turmush jarayonida sodir bo‘layotgan turli salbiy holatlardan tasirlanishi natijasida uning nuri imoni ancha xiralashib, aqidasi ham ancha-muncha zaiflashib qoladi.

Ramazon oyi dillarimizni yig‘ilib qolgan g‘uborlardan tozalab, vujudimizni axloqiy fazilatlar kasb etishga tayyorlab oladigan g‘animat bir fursatdir. Binobarin, bu oy boshqa o‘n bir oydan farq qilishi kerak. Shuning uchun masjidlarda xatmi Qur’on joriy etiladi. Bunday marosimlarda Qur’oni karim bir karra to‘liq o‘qib, eshittiriladi. Qur’oni karim esa yer yuzidagi barcha musulmonlarning eng muqaddas kitobi va diniy hayotlari uchun dasturulamal hisoblanmish ilohiy qonun-qoidalar majmuasidir.

Ro‘za ruhning ozuqasi, qalb osilishining eng buyuk omili. Ham jasadga ham ruhga foydalidir. Insonlar ro‘za tufayli nafslariga hokim bo‘lishga intiladilar. Boshqa ibodatlar esa, nafsini jilovlashga asosiy yordamchilardir, zero, faqat ro‘za bilangina nafsni idora qilib bo‘lmaydi. Ro‘za-ruhga ma’naviy ozuqa beradi, insonni malakut olamiga yetkazadi. Haq taoloning pinhoniy marhamatlariga erishtiradi.

Ro‘zador kishi ruhiy poklanishga erishadi. Aqlini nafsidan g‘olib bo‘lishga o‘rgatadi. O‘zini har xil shahvatlardan tiya oladi. Qalbida beva-bechora, och-nahorlarga nisbatan mehr paydo bo‘ladi.

Ro‘za qiyomat kuni ro‘zadorlarni shafoat qilib: “Yo Robbim, bular sening roziliging uchun yeyish va ichishni, shahvatni tark qilib ro‘za tutdilar, bularni bizga bag‘ishla!” – deydi.

Ro‘zaning shafoati ham Rasululloh sallollohu alayhi vasallamning shafoatlari kabi rad etilmaydi, qabul bo‘lib, mag‘firati ilohiyga va jannatga doxil bo‘lishga sabab bo‘ladi.

Hazrati Umoma roziyallohu anhu:

  • Ey Rasululloh, menga bir vazifa buyuring, debdi.

Ro‘za tutishda davom eting, shubhasiz, uning savobining tengi yo‘qdir, deb marhamat qilganlar.

U kishi takroran uch bor so‘raganida ham, u zot “Ro‘za tutishda davom eting, zero, ro‘zaning bahosi yo‘qdir” dedilar. Shuning uchun Umomaninguyida o‘choq yoqilmasdi. Faqat mehmon kelgandagina o‘choqlariga olov yonardi. Lekin ro‘zani o‘z qoidasiga muvofiq tarzda tutishga diqqat va ahamiyat berish kerak. Bunday tutilgan ro‘zasohibini ham jahannam olovidan qutqaradi, ham jannatga doxil qiladi.

Ramazonda ro‘zadorga besh xislat berildiki, bular boshqa ummatlarning hech biriga berilmagan:

1.Ro‘zadorning og‘zidan keladigan hid Alloh taolo nazdida mushk hididan ham yaxshiroqdir.

2.Iftor qilinguncha farishtalar ham ro‘zador uchun istig‘for aytib, unga mag‘firat talab qiladilar.

3.Haq taolo har kuni jannatning ziynatini oshiradi.

4.Shaytonlarning sarkashlari band etiladi.

5.Oxirgi kechada butun ro‘zadorlar mag‘firat qilinadilar.

Rahmati ilohiy shunchalar kengki, uni tasavvur qilishga insoniyatning aqli yetmaydi. Besh vaqt namoz har namoz orasidagi xatolarga, juma kungi namoz ikki juma orasidagi xatolarga, Ramazon oyi ibodatlari bir yillik gunohlarga kafforat bo‘ladi. Faqat mo‘min kishi gunohi kabiradan, ya’ni katta gunohlardan o‘zini saqlashi kerak.

Ro‘za Alloh uchundir. Ro‘zada urushish, yomon so‘zlar aytish esa insonni u kutayotgan, umid qilayotgan savoblardan mahrum qiladi.

Ro‘zador yeyish-ichishni, uyqu va zavqni, kunduzi jinsiy munosabatni tark qilishi, hammaga samimiy muhabbat va yordam ko‘rsatishi, faqat Alloh taoloning roziligini qozonish uchundir.

Ramazon oyida mag‘firat kunlari bo‘lib, bu kunlarda Allohning farzi bo‘lgan ro‘zani tutib, kechalari ibodat va duo bilan mashg‘ul bo‘lgan odamlarni Alloh taolo farishtalarga ko‘rsatib: “Ey farishtalar, mana bu bandalarimnini qaranglar, ularning dasturxonga qo‘l uzatmasdan o‘tirishlari ochlikka, tashnalikka sabr qilishlari faqat mening roziligimni topish uchundir. Sizlar guvoh bo‘linglarki, ramazon oyi mening oyim bo‘lgani va men itoat qilgan bandalarimga o‘zim xohlaganimcha, behisob mukofotlar berman, deb va’da qilganim uchun ularning barcha gunohlarini bugun mag‘firat qildim” – deydi.

Imom Buxoriy rivoyat qilganhadisda Payg‘ambarimiz sallollohu alayhi vasallam shunday deganlar: “Jannatda alohida bir eshik bo‘lib, u Rayyon (chanqoqlik yo‘q) deyiladi. Qiyomat kuni bu eshikdan faqat ro‘za tutgan kishilargina kiradilar”.

Alloh taolo barchamizga Ramazon oyini muborak qilsin, gunohlarimizdan poklanib, qalb ko‘zlarimiz ochilishini, dunyo va oxiratda baland martabalarga yetishimizni nasib aylasin. 

 

Muhammadi QORAYEV,

O‘zbekiston musulmonlari idorasining

Qashqadaryo viloyatidagi vakilligi yetakchi mutaxassisi,

Qarshi shahar “Qum qishloq” jome masjidi imom-xatibi.

Ramazon-2019
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Maromiylik" loyihasi doirasida maxsus bot ishga tushirildi

23.01.2026   6368   1 min.
Maromiylik

 

Xabaringiz bor, mas’ul tashkilotlar hamkorligida to‘y va oilaviy marosimlarda ortiqcha isrofgarchilik, dabdabaga yo‘l qo‘ymaslikka qaratilgan "Maromiylik" loyihasi amalga oshirilmoqda. 
Ayni masalada yurtdoshlarimiz, keng jamoatchilikning fikri, qarash va munosabatini o‘rganish,  takliflarini olish va umumlashtirish  maqsadida maxsus @rmmmvq_bot ishga tushirildi.

Hozirda 24/7 rejimida ishlayotgan mazkur bot orqali ishchi guruhning jamoatchilik bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri muloqoti yo‘lga qo‘yilib, fuqarolarning fikr-mulohazalari o‘rganilib, takliflar, tavsiyalar hamda e’tirozlar tizimli ravishda yig‘ib borilmoqda. 

Agar sizda ham shu masalada fikr va mulohaza, murojaat, takliflar bo‘lsa ushbu botga yuborish
ingiz mumkin!

Har bir fikr biz uchun muhim

O'zbekiston yangiliklari