Sayt test holatida ishlamoqda!
14 Avgust, 2026   |   1 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:02
Quyosh
05:31
Peshin
12:28
Asr
17:21
Shom
19:28
Xufton
20:54
Bismillah
14 Avgust, 2026, 1 Rabi`ul avval, 1448

Quyosh tizimi haqida tafakkur

13.05.2019   12180   3 min.
Quyosh tizimi haqida tafakkur

Ma’lumki, Yer Quyosh atrofida aylanadi. Ularning orasidagi masofa 150 million kilometrni tashkil etadi. Yorug‘lik bu masofani 8 daqiqada bosib o‘tadi. Quyoshning hajmi Yerning hajmidan bir million uch yuz ming marta kattadir. Bu – Quyosh o‘z ichiga bir million uch yuz ming dona Yerni sig‘dira oladi deganidir. Yerning quruqlik qismi Shimoliy Amerika, Janubiy Amerika, Afrika, Osiyo, Yevropa hamda Avstraliya va Okeaniya qit’alaridan iborat bo‘lib, bular Yer sharining beshdan bir qismini egallaydi. Qolgan to‘rt qismi okean va dengizlardan iborat.

Shuningdek, barchaga ma’lumki, osmonda burjlar bor. Alloh taolo Qur’oni Karimda shunday degan:

وَالسَّمَاء ذَاتِ الْبُرُوجِ

“Burjlar egasi bo‘lgan osmon bilan qasam” (Buruj surasi, 1-oyat).

Ana shu burjlarning ichida Aqrab burji ham bor bo‘lib, uning markazida kichik bir yulduz bor. Yulduzning nomi “Aqrab yuragi” (Antares)dir. Ushbu yulduz o‘z ichiga Yer va Quyoshni, ularning o‘rtasidagi masofasi bilan birgalikda sig‘diradi.

Alloh taolo Qur’oni Karimda shunday degan:

وَكَأَيِّن مِّن آيَةٍ فِي السَّمَاوَاتِ وَالأَرْضِ يَمُرُّونَ عَلَيْهَا وَهُمْ عَنْهَا مُعْرِضُونَ

“Ular osmonlaru yerdagi qanchadan-qancha oyat-belgilar qarshisidan yuz o‘girgan hollarida o‘tarlar” (Ya’ni, ularga e’tibor qilmaydilar. Ulardan ibratlanib, va’z-nasihat olib, iymonga kelmaydilar. Inson yashab turgan borliqning har bir qarichida Allohning borligiga, birligiga, qudratiga, tadbiriga, biluvchiligiga va boshqa kamoli sifatlariga dalolat qiluvchi oyat-belgilar, dalil-hujjatlar mavjud. Lekin odamlar o‘sha hujjatlarga, oyat-belgilarga e’tibor bilan qaramaydilar. Shuning uchun ham iymonga kelmaydilar.)  (Yusuf surasi, 105-oyat).

Shuning uchun men doim insonlarni tafakkur qilishga chorlayman, qiziqtiraman. Inson tafakkur orqali butun borliqning Yaratuvchisi bo‘lgan Alloh taoloni taniydi. Agar siz avval Allohni tanib, keyin Uning buyruqlarini tanisangiz, Uning toatiga sadoqat, ixlos va zo‘r g‘ayrat bilan kirishasiz. Agar Uning buyruqlarini bilsangiz-u, ammo Uning O‘zini tanimasangiz, Uning toatidan yuz o‘girishga urinasiz.

Biz aytib o‘tgan yulduz koinotdagi kichik bir jismdir. Borliqda milliardlab galaktikalar, ularning har birida esa milliardlab yulduzlar bor.

Biz “Somon yo‘li” nomli galaktikaning tarkibiga kiramiz. Bizning galaktikamiz boshqa galaktikalar oldida juda kichikdir. Quyosh o‘zining sayyoralari bilan birgalikda ushbu galaktikada kichik bir nuqta bo‘lib ko‘rinadi.

Endi boshqa galaktikalar bilan solishtirganda, bizning galaktikamiz kichik ko‘rinsa, galaktikamiz ichidagi Quyosh tizimi nuqtadek ko‘rinsa, Quyosh tizimining bir bo‘lagi bo‘lgan Yer Quyoshdan bir million uch yuz ming marta kichik bo‘lsa, Yerga nisbatan inson qanday ko‘rinarkin? Albatta, zarradek yoki undan ham kichikroq ko‘rinadi.

         Shu  zarradek bo‘lgan inson Robbisini tanishi uchun tafakkur qilishi kerak. Tafakkur qilgan sari Allohdan bo‘lgan qo‘rquvi, U Zotni ulug‘lashi ziyoda bo‘lib boradi. Qo‘rquvi va ulug‘lashi ziyoda bo‘lgan inson Uning toatida ixlosli, g‘ayratli bo‘ladi.

Alloh taolo sari yo‘l Uning yaratganlari haqida tafakkur qilishdan boshlanadi. 

 

Doktor Muhammad Rotib Nabulsiyning mav’izalaridan

Nozimjon Iminjonov tarjimasi

 

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Pol Kapur: «Bu yerda tarixni nafaqat ko‘rasiz, balki uni his qilasiz»

12.08.2026   17423   3 min.
Pol Kapur: «Bu yerda tarixni nafaqat ko‘rasiz, balki uni his qilasiz»

AQSH Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo ishlari bo‘yicha yordamchisi Samir Pol Kapur O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi, xabar bermoqda iccu.uz.

Islom sivilizatsiyasining ko‘p asrlik tarixi, uning ilm-fan, madaniyat va ma’rifat taraqqiyotiga qo‘shgan ulkan hissasi O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyalarida yaxlit va ta’sirchan tarzda namoyon etilgan. Tashrif davomida Samir Pol Kapur islomgacha bo‘lgan davr sivilizatsiyalaridan tortib, Yangi O‘zbekiston davriga qadar bo‘lgan tarixiy jarayonlarni aks ettiruvchi galereyalar, buyuk allomalarning ilmiy-ma’rifiy merosi, noyob qo‘lyozmalar, muqaddas yodgorliklar hamda zamonaviy raqamli texnologiyalar asosida yaratilgan interaktiv ekspozitsiyalar bilan yaqindan tanishdi.

Mehmon ekspozitsiyalarning mazmunan izchilligi va tarixiy jarayonlarni bir-biri bilan uzviy bog‘liq holda namoyon etish usuliga alohida e’tibor qaratdi. Uning qayd etishicha, bu yerda muzey eksponatlari orqali o‘tmish haqida ma’lumot olish bilan cheklanib qolmay, tarixiy davrlar ruhini his qilish, ular o‘rtasidagi bog‘liqlikni anglash imkoni ham mavjud.

Samir Pol Kapur o‘z taassurotlarini quyidagicha ifodaladi:

«Bu muhtasham maskan. Islom tarixi va madaniyatining asrlar davomidagi taraqqiyoti bilan yaqindan tanishish men uchun unutilmas tajriba bo‘ldi. Bu yerda tarixni shunchaki kitob sahifalari orqali emas, balki o‘z ko‘zingiz bilan ko‘rasiz, uni his qilasiz va go‘yo o‘sha davrlarning ichida bo‘lasiz. Shu bois ushbu noyob maskanni barpo etishga hissa qo‘shgan barcha insonlarga samimiy minnatdorchilik bildiraman.
Yoshlarga ham bu yerga kelishni albatta tavsiya qilaman. Chunki bu maskan nafaqat tarixni o‘rganish, balki o‘tmish bilan kelajak o‘rtasidagi uzviy bog‘liqlikni anglash imkonini beradi. Men uchun eng esda qolarli lahzalardan biri Qur’oni karimga bag‘ishlangan golografik namoyish bo‘ldi. U menda katta taassurot va hayajon uyg‘otdi.
Menimcha, bu dargoh islom sivilizatsiyasining jahon tamadduniga qo‘shgan ulkan hissasini butun dunyoga namoyon etishga xizmat qiladi. Shuning uchun har bir inson bu yerga tashrif buyurib, ana shu boy va bebaho meros bilan shaxsan tanishishi lozim».

Pol Kapurning fikricha, Markazning ahamiyati uning tarixiy merosni namoyon etish bilangina cheklanmaydi. Ushbu maskan yosh avlod uchun o‘tmish saboqlarini anglash, ilm-fan va ma’rifatning sivilizatsiya taraqqiyotidagi o‘rnini his etish, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhini shakllantirish uchun ham muhim ma’naviy-ma’rifiy maydon vazifasini o‘taydi.

Tashrif yakunida AQSH Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo ishlari bo‘yicha yordamchisi Samir Pol Kapur Islom sivilizatsiyasi markazidan olgan taassurotlari yuksak ekanini qayd etib, ushbu maskan boy tarixiy merosni zamonaviy muzey texnologiyalari va ta’sirchan taqdimot usullari orqali jahon jamoatchiligiga yetkazishda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari