Ma’lumki, Yer Quyosh atrofida aylanadi. Ularning orasidagi masofa 150 million kilometrni tashkil etadi. Yorug‘lik bu masofani 8 daqiqada bosib o‘tadi. Quyoshning hajmi Yerning hajmidan bir million uch yuz ming marta kattadir. Bu – Quyosh o‘z ichiga bir million uch yuz ming dona Yerni sig‘dira oladi deganidir. Yerning quruqlik qismi Shimoliy Amerika, Janubiy Amerika, Afrika, Osiyo, Yevropa hamda Avstraliya va Okeaniya qit’alaridan iborat bo‘lib, bular Yer sharining beshdan bir qismini egallaydi. Qolgan to‘rt qismi okean va dengizlardan iborat.
Shuningdek, barchaga ma’lumki, osmonda burjlar bor. Alloh taolo Qur’oni Karimda shunday degan:
وَالسَّمَاء ذَاتِ الْبُرُوجِ
“Burjlar egasi bo‘lgan osmon bilan qasam” (Buruj surasi, 1-oyat).
Ana shu burjlarning ichida Aqrab burji ham bor bo‘lib, uning markazida kichik bir yulduz bor. Yulduzning nomi “Aqrab yuragi” (Antares)dir. Ushbu yulduz o‘z ichiga Yer va Quyoshni, ularning o‘rtasidagi masofasi bilan birgalikda sig‘diradi.
Alloh taolo Qur’oni Karimda shunday degan:
وَكَأَيِّن مِّن آيَةٍ فِي السَّمَاوَاتِ وَالأَرْضِ يَمُرُّونَ عَلَيْهَا وَهُمْ عَنْهَا مُعْرِضُونَ
“Ular osmonlaru yerdagi qanchadan-qancha oyat-belgilar qarshisidan yuz o‘girgan hollarida o‘tarlar” (Ya’ni, ularga e’tibor qilmaydilar. Ulardan ibratlanib, va’z-nasihat olib, iymonga kelmaydilar. Inson yashab turgan borliqning har bir qarichida Allohning borligiga, birligiga, qudratiga, tadbiriga, biluvchiligiga va boshqa kamoli sifatlariga dalolat qiluvchi oyat-belgilar, dalil-hujjatlar mavjud. Lekin odamlar o‘sha hujjatlarga, oyat-belgilarga e’tibor bilan qaramaydilar. Shuning uchun ham iymonga kelmaydilar.) (Yusuf surasi, 105-oyat).
Shuning uchun men doim insonlarni tafakkur qilishga chorlayman, qiziqtiraman. Inson tafakkur orqali butun borliqning Yaratuvchisi bo‘lgan Alloh taoloni taniydi. Agar siz avval Allohni tanib, keyin Uning buyruqlarini tanisangiz, Uning toatiga sadoqat, ixlos va zo‘r g‘ayrat bilan kirishasiz. Agar Uning buyruqlarini bilsangiz-u, ammo Uning O‘zini tanimasangiz, Uning toatidan yuz o‘girishga urinasiz.
Biz aytib o‘tgan yulduz koinotdagi kichik bir jismdir. Borliqda milliardlab galaktikalar, ularning har birida esa milliardlab yulduzlar bor.
Biz “Somon yo‘li” nomli galaktikaning tarkibiga kiramiz. Bizning galaktikamiz boshqa galaktikalar oldida juda kichikdir. Quyosh o‘zining sayyoralari bilan birgalikda ushbu galaktikada kichik bir nuqta bo‘lib ko‘rinadi.
Endi boshqa galaktikalar bilan solishtirganda, bizning galaktikamiz kichik ko‘rinsa, galaktikamiz ichidagi Quyosh tizimi nuqtadek ko‘rinsa, Quyosh tizimining bir bo‘lagi bo‘lgan Yer Quyoshdan bir million uch yuz ming marta kichik bo‘lsa, Yerga nisbatan inson qanday ko‘rinarkin? Albatta, zarradek yoki undan ham kichikroq ko‘rinadi.
Shu zarradek bo‘lgan inson Robbisini tanishi uchun tafakkur qilishi kerak. Tafakkur qilgan sari Allohdan bo‘lgan qo‘rquvi, U Zotni ulug‘lashi ziyoda bo‘lib boradi. Qo‘rquvi va ulug‘lashi ziyoda bo‘lgan inson Uning toatida ixlosli, g‘ayratli bo‘ladi.
Alloh taolo sari yo‘l Uning yaratganlari haqida tafakkur qilishdan boshlanadi.
Doktor Muhammad Rotib Nabulsiyning mav’izalaridan
Nozimjon Iminjonov tarjimasi
O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi arafasida “Vaqf” xayriya jamoat fondining Jizzax viloyati filiali tomonidan xayriya tadbiri tashkil etildi.
Viloyatning turli hududlaridan bo‘lgan boquvchisini yo‘qotgan 35 nafar bolaning xatna to‘yi qilib berildi.
Tadbirda bolajonlarga velosiped, kostyum-shim va ko‘ylaklar, shirinliklar qutisi sovg‘a qilinib, bayram dasturxoni yozildi.
Bolajonlarga qo‘shilib, ularning yaqinlari ham quvonchdan tashakkur aytib, tashkilotchilar, Yurtboshimiz haqlariga duolar qilishdi.
Shuningdek, tadbir doirasida ijtimoiy himoyaga muhtoj, boquvchisini yo‘qotgan hamda kam ta’minlangan oilalar farzandlariga e’tibor va g‘amxo‘rlik ko‘rsatilib, ularga ham hadyalar ulashildi.
Bunday ezgu tashabbuslar jamiyatda o‘zaro mehr-oqibat, saxovat va hamjihatlik muhitini mustahkamlash, yosh avlod qalbida Vatanga muhabbat va insonparvarlik tuyg‘ularini yuksaltirishga xizmat qiladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati