Imom Buxoriy rahmatullohi alayh va bir qancha muhaddislar rivoyat qilgan hadisi qudusiyda Alloh taolo: “Odam bolasining ro‘zadan boshqa hamma amali o‘zi uchun, faqat ro‘za Men uchun va uning mukofotini Men – O‘zim berurman” -deydi.
Hadisi qudusiyning mazmun va mohiyatini tushunib, anglab yetishish uchun hadisning matni izoh va sharhlarga ehtiyoj sezadi.
“Sahihul Buxoriy”ning sharhi “Fathul Boriy”da Ibn Hajar Asqaloniy rahmatullohi alayh ushbu hadisi qudusiyning ma’nosini yoritib, undagi muhim o‘nta asl mohiyatni bayon qiladi.
Quyidagi hadis bu ma’noni qo‘llab-quvvatlaydi.
عَنِ ابْنِ شِهَابٍ، أَنَّ رَسُولَ اللهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: "لَيْسَ فِي الصِّيَامِ رِيَاءٌ" رواه البيهقي
Ibn Shihobdan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Ro‘zada riyo bo‘lmaydi” – dedilar. Imom Bayhaqiy rivoyat qilgan.
Ro‘za banda bilan Robbisi orasidagi sirriy amal bo‘lib, o‘ziga xos ibodatdir. Ro‘zadan boshqa hamma amallarda biron bir amalni bajarayotgan shaxs, o‘zgalarning havasi, maqtovi, e’tiborini jalb qilishni istab qoladi. Shuning uchun Alloh taolo amallarning ichida “...faqat ro‘za Men uchundir...” -deb xoslamoqda.
Quydagi hadis bu ma’noni qo‘llab-quvvatlaydi.
عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ عَنْ رَسُولِ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ"مَا مِنْ حَسَنَةٍ عَمِلَهَا ابْنُ آدَمَ إِلَّا كُتِبَ لَهُ عَشْرُ حَسَنَاتٍ إِلَى سَبْعِ مِائَةِ ضِعْفٍ قَالَ اللَّهُ عَزَّ وَجَلَّ إِلَّا الصِّيَامَ فَإِنَّهُ لِي وَأَنَا أَجْزِي بِهِ يَدَعُ شَهْوَتَهُ وَطَعَامَهُ مِنْ أَجْلِي "
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Odam bolasi qilgan yaxshi amallarining savobi o‘n barobardan yetti yuz barobarigacha ko‘paytirib yoziladi. Alloh taolo: “Faqat ro‘za undan mustasno. (ya’ni, ro‘zaning savobi behisob beriladi)Chunki, ro‘za Men uchundir va uning mukofotini Men – O‘zim berurman. U (odam bolasi)ro‘zada shahvati va taomini men uchun tark qilur” – dedilar. Imom Nasaiy rivoyat qilgan.
Ro‘zaning savobi behisob ekaniga quydagi oyati karima ham dalil bo‘ladi.
قال الله تعالى: إِنَّمَا يُوَفَّى الصَّابِرُونَ أَجْرَهُمْ بِغَيْرِ حِسَابٍ
Albatta, sabr qiluvchilarga (oxiratda) mukofatlari behisob berilur (Zumar, 10-oyat).
Ro‘za sabr bilan sayqal topadigan ibodat. Ro‘zador kishi nafsining xohish- istaklarini sabr bilan to‘xtatadi. Sabr qiluvchining mukofoti oyati karimada aytilganidek behisob beriladi.
Ibn Abdu Birr rahmatullohi alayh hadisi qudusiyda “...faqat ro‘za Men uchundir...” deyilishi ro‘za ibodatining fazilatiga kifoya qiladi –deydilar. Go‘yoki, bu ibodatning fazilati borasida ortiqcha ta’rifga zarurat yo‘q.
Quydagi hadis bu ma’noni qo‘llab-quvvatlaydi.
عَنْ أَبِي أُمَامَةَ قَالَ قُلْتُ يَا رَسُولَ اللَّهِ أَخْبِرْنِي بِعَمَلٍ ينفعني الله به قَالَ عَلَيْكَ بِالصَّوْمِ فَإِنَّهُ لَا مِثْلَ لَهُ رواه النسائي
Abu Umoma roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
U zot: “Ey, Allohning rasuli (sollallohu alayhi va sallam) Alloh taolo u tufayli menga manfaat beradigan amalning xabarini bering” –dedim.
Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) “Ro‘zani o‘zinga lozim tutgin! Chunki, ro‘zaga barobar keladigan amal yo‘q” – dedilar. Imom Nasaiy rivoyat qilgan.
Zayn ibn Munir rahmatulloh alayh: “Umumiy o‘rinda bir narsaning xoslanishi faqatgina o‘sha narsani ulug‘lash uchun bo‘ladi” –deydilar.
Imom Qurtubiy rahmatullohi alayh: “...faqat ro‘za Men uchundir...” hadisining ma’nosi: “Bandalarning amallari o‘zlarining hollariga munosibdir. Faqat ro‘za, Haq taoloning sifatlaridan bir sifatga munosibdir. Alloh taolo “...faqat ro‘za Men uchundir...” deyish bilan go‘yoki, “Ro‘zador mening sifatlarimdan birga ega bo‘lib, menga yaqinlashmoqda” -demoqchi.
عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ يَقُولُ: سَمِعْتُ أَبَا الْقَاسِمِ صلى الله عليه وسلم يَقُولُ: "قَالَ اللَّهُ عَزَّ وَجَلَّ: كُلُّ الْعَمَلِ كَفَّارَةٌ، إِلاَّ الصَّوْمَ، وَالصَّوْمُ لِى وَأَنَا أَجْزِى بِهِ. رواه احمد
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Alloh taolo aytadi: hamma amal kafforotdir. Faqat ro‘za mustasnodir. Chunki, ro‘za Men uchundir va uning mukofotini Men – O‘zim berurman.” – dedilar. Imom Ahmad rivoyat qilgan.
Ro‘zadan boshqa solih amallar qiyomat kunida insonning dunyoda qilgan xato va kamchiliklarni kafforot bo‘lishi uchun xizmat qilish ehtimoli bo‘ladi. Faqat ro‘za ibodati saqlanib qoladidi. Ro‘zaning ajru savobi xato va kamchiliklarni kaffaroti uchun behuda ketmaydi.
Bu fikrni aytuvchi Ibn Arabiy rivoyat qilgan boshqa bir hadisi qudusiyni dalil qilib keltiradi. Hadisi qudusiyda Alloh taolo aytadi: “Ixlos sirlarimdan bir sirdir. Uni yaxshi ko‘rgan bandalarimning qalbiga solaman. Undan farishta ham xabardor bo‘lmaydi, xabardor bo‘lsa, uni yozar edi. Shayton ham xabardor bo‘lmaydi, xabardor bo‘lsa, u fasod qilar edi”-deydi.
Ro‘za ham ixlos kabi sirriy ibodat. Ibodatlardagi ixlosni Alloh taolodan o‘zga hech kim bilmagani kabi, ro‘zani ham hech kim bilmaydi.
Ibn Hajar Asqaloniy rahmatullohi alayh mazkurlarni zikr qilib, bularning ichida birinchi, ikkinchi,sakkizinchi va to‘qqizinchisi boshqalarga nisbat e’tiborli va yorqinroq ekanligini qayd qiladilar.
Jaloliddin XOLMO‘MINOV
“Ko‘kaldosh” o‘rta maxsus islom bilim yurti mudarrisi
18 avgust Toshkentning nafaqat diniy, balki madaniy va ilmiy merosi tarixida muhim o‘rin tutuvchi sana. Qur’oni Karimning eng qadimiy qo‘lyozmalaridan biri sifatida e’zozlanadigan Usmon Mus'hafi asrlar davomida Markaziy Osiyo tarixining turli bosqichlariga guvoh bo‘lib kelgan, xabar bermoqda iccu.uz.
Ushbu nodir qo‘lyozma yirik hajmdagi pergament varaqlarga yozilgan bo‘lib, matni qadimiy Hijoz xatida bitilgan. Mus'hafda hozirgi arab yozuvidagi nuqta va harakat belgilari mavjud emas. Manbalarda uning saqlanib qolgan qismi 338 yoki 353 varaqdan iborat ekani haqida turli ma’lumotlar uchraydi. Ayrim yo‘qolgan pergament varaqlar keyinchalik qog‘oz bilan almashtirilgan. Qo‘lyozmaning aniq sanasi xususida ilmiy adabiyotlarda turli qarashlar mavjud.
Tarixiy ma’lumotlarga ko‘ra, Mus'haf uzoq yillar Samarqandda saqlangan. 1868–1869 yillarda u Sankt-Peterburgga olib ketilgan va Imperator xalq kutubxonasiga topshirilgan. 1905 yilda qo‘lyozmaning 50 ta faksimile nusxasi ko‘chirilgan. 1917 yildagi siyosiy o‘zgarishlardan keyin musulmon ulamolarining talabi bilan Mus'haf avval Ufaga, keyin esa O‘rta Osiyoga qaytarilishi jarayoni boshlangan.
1924 yilda Usmon Mus'hafi Tatariston, Boshqirdiston va Turkiston ulamolaridan tashkil topgan maxsus kuzatuvchilar hamrohligida maxsus poyezd orqali Ufadan Toshkentga olib kelindi. Toshkentga olib kelinganidan so‘ng Mus'haf bir muddat shahardagi masjidlardan birida saqlandi. Keyinchalik uning asrab-avaylanishini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston tarixi davlat muzeyiga topshirildi.
1989 yil 14 mart kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan Musulmonlarning IV quriltoyida O‘zbekiston hukumati qarori bilan Usmon Mus'hafining musulmonlar ixtiyoriga qaytarilgani e’lon qilindi. Keyinchalik u O‘zbekiston musulmonlari idorasi ixtiyoriga topshirildi. Mus'haf bir muddat Hazrati Imom majmuasidagi «Mo‘yi Muborak» madrasasi muzey-kutubxonasida maxsus sharoitda ham saqlandi.
Usmon Mus'hafining tarixiy va madaniy ahamiyati xalqaro miqyosda ham e’tirof etilgan. 1997 yilda qo‘lyozma YUNЕSKOning «Memory of the World» — «Jahon xotirasi» dasturi ro‘yxatiga kiritilgan.
2025 yil 13 noyabr — Usmon Mus'hafi tarixida yana bir muhim sana. Aynan shu kuni nodir qo‘lyozma O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga olib kelindi. Bugun Qur’on zalidagi asosiy eksponatlardan biri sifatida alohida o‘rin egallab, yurtimizning ko‘p asrlik diniy, ilmiy va ma’naviy merosini namoyon etuvchi bebaho yodgorlik sifatida taqdim etilgan. Shuningdek, Markazda turli davrlarda Somoniylar, Qoraxoniylar, Xorazmshohlar va Temuriylar davrida ko‘chirilgan Qur’on nusxalarini ham ko‘rish mumkin. Usmon Mus'hafi tarixi bu faqat bir qo‘lyozmaning tarixi emas. Bu asrlar osha saqlangan ilmiy va ma’naviy meros, uni asrab-avaylagan avlodlar xotirasi va O‘zbekiston zaminida shakllangan buyuk islom sivilizatsiyasining uzviy davomiyligi haqidagi tarixdir.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati