Insonlar, zamon va makonlarning ba’zilarining ba’zilaridan fazilatli bo‘lishi Alloh taoloninig hikmatidir. Taqvodor betaqvodan, olim johildan, dono nodondan, sabrli besabrdan, quvvatli mo‘min zaif mo‘mindan afzaldir. Shuningdek, Ka’ba va Masjidi nabaviydagi namoz boshqa masjiddagi namozdan fazilatlidir. Jumaladan, Ramazon barcha oylar ichida fazilatda tengsizdir.
Ramazon qamariy yilning to‘qqizinchi oyidir. Ramazon arabcha “ramzo” so‘zidan olingan bo‘lib, yomg‘ir ma’nosini anglatadi. Yomg‘ir yer yuzi g‘uborini yuvganidek, Ramazon bandalar gunohlarini yuvib, qalblarini poklaydi. Bu oyda solih amallar gunohlarga kafforat bo‘lgani uchun ham shunday nomlangan.
Imom Mujohid (rahmatullohi alayhi) aytadi: “Ramazon Alloh taoloning ismidir. Ramazon oyi Alloh oyi degan ma’noni anglatadi”. Bu borada Nabiy (sollallohu alayhi vasallam): “Ramazon demanglar. Chunki Ramazon Alloh taoloning ismlaridan biridir. Ramazon oyi denglar”, dedilar (Bayhaqiy rivoyati).
Ro‘za bizdan oldingi ummatlarga ham farz bo‘lgan qadimiy ibodatdir. Alloh taolo ro‘zani farz qilish bilan Ramazon oyini sharafladi. Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam): “Alloh taolo Ramazon ro‘zasini farz qildi. Men uning kechalarida ibodat qilishni sunnat qildim. Ramazon ro‘zasini tutib, tunida qoim bo‘lgan odam onadan tug‘ilgan kundagi kabi gunohdan forig‘ bo‘ladi”, dedilar.
Shuningdek, bu oyda payg‘ambar (alayhimussalom)larga ilohiy kitoblar tushirilgan. Vosila (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilindi. Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam): “Ibrohim (alayhis salom)ning sahifalari Ramazonnnig birinchi, Tavrot oltinchi, Injil o‘n uchinchi tunida nozil qilindi. Alloh taolo Qur’oni karimni Ramazonning yigirma to‘rtinchi tunida nozil qildi”, dedilar. Sahifalar, Tavrot, Injil va Zabur kabi ilohiy kitoblar payg‘ambar (alayhimussalom)larga to‘liq bir to‘plam holida tushirildi. Qur’oni karim Ramazon oyi Qadr kechasida dunyo osmonidagi Baytul izzaga to‘liq-mukammal qilib tushirildi. So‘ngra Muhammad (sollalohu alayhi vasallam)ga bo‘lak-bo‘lak qilib nozil qilindi. Alloh taolo shunday marhamat qiladi:
“Albatta, Biz uni (Qur’onni «Lavhul-mahfuz»dan birinchi osmonga) Qadr kechasida nozil qildik” (Qadr, 1).
“…albatta, Biz uni muborak kechada nozil qildik” (Duxon, 3).
Ramazon oylarning yaxshisidir. Uning birinchi tuni Ramazon tunlarining eng afzali bo‘lib, unda barcha musulmonlarga ro‘za farz bo‘ladi, jannat eshiklari ochiladi, do‘zax eshiklari yopiladi, shaytonlar va isyonkor jinlar kishanlanadi, Alloh taolo bandalariga toat-ibodatni oson qilib, rahmatini yog‘diradi. Bu haqida Abu Hurayra (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi: “Payg‘ambarimiz (sollalohu alayhi va sallam): “Ramazonning birinchi tuni bo‘lsa, shayton va jinlar kishanlanadi, do‘zax eshiklari yopilib, qayta ochilmas, jannat eshiklari ochiladi va qayta yopilmas. Har tunda bir jarchi “Ey yaxshilikni istovchi unga intilgin, ey yomonlik xohlovchi undan to‘xtagin, har kimsa Alloh izni bilan do‘zaxdan ozod bo‘lur”, deb nido qiladi”, dedilar” (Imom Ahmad, Bayhaqiy).
Ramazon oyi va uning ro‘zasi keyingi yilgacha bo‘lgan kichik gunohlarga kafforat bo‘ladi. Kichik gunohlar mag‘firat qilinadi, faqat gunohi kabiralar kechirilmaydi. Bu borada Abu Hurayra (roziyalohu anhu)dan rivoyat qilingan hadisi sharifda shunday deyilgan: “Nabiy (sollalohu alayhi va sallam): “Banda katta gunohlardan saqlansa, besh vaqt va juma namozi keyingi juma namozigacha, Ramazon keyingi Ramazongacha bo‘lgan kichik gunohlarga kafforatdir”, dedilar (Imom Muslim).
Ramazon oyida umra qilinsa, oyning sharafi va barakasi bilan uning savobi hajning savobiga tenglashtiriladi. Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam): “Ramazondagi umra hajga tengdir”, dedilar (Imom Muslim). Bu hadis sharhida Imom Munaviy “Umra hajga savobda tenglashadi, farzni soqit qilish ma’nosida emas”, dedilar.
Muhtaram Prezidentimiz boshchiliklarida xalqimiz ko‘plab yutuqlarga erishdi, tinchlik-osoyishtalik va faravonlikka yetishdi. Shular jumlasiga Ramazon oyida umra ziyoratini ham qo‘shish mumkin.
Ramazon oyining yana bir fazilati ming oydan afzal qadr kechasining borligidir. Qadr kechasi fazlininig ulug‘vorligi undagi fazilatlarnig ko‘pligiga bog‘liqdir. Bu kechada ming oyda misli bo‘lmagan ko‘p yaxshiliklar taqsimlanadi. Bu tundagi bir solih amal qadr kechasi bo‘lmagan ming oydagi amaldan yaxshidir. Kim bu kecha yaxshiligidan mahrum bo‘lsa, komil savoblar va gunohlarning mag‘fur bo‘lishidan bebahra qoladi.
Taroveh namozi Ramazon oyining gultojidir. Ulamolar Ramazon tunlarida qiyom turish sunnat deb ijmo qilganlar. Imom Navaviy “Ramazonda qiyom turishdan taroveh namozi iroda qilingan, ya’ni, qiyomdan qasd qilingan narsa taroveh namozi bilan hosil bo‘ladi”, deydi. Abu Hurayra (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi: “Kim Ramazon oyida imon va savob umidida tunlarda qoim bo‘lsa, uning avvalgi gunohlari kechiriladi”, dedilar” (Imom Buxoriy, Muslim).
E’tikof Nabiy (alayhissalom) doim amal qilgan sunnat amaldir. E’tikof Ramazondan boshqa biror oyda yo‘q. Shuning uchun ham u Ramazonning fazilatidir. Olimlar bir ovozdan e’tikofning sunnat ekaniga ijmo qilganlar. Oysha (roziyalllohu anho)dan rivoyat qilindi: “Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) vafot etgunlaricha Ramazonning oxirgi o‘n kunida e’tikof o‘tirar edilar. U zot vafot etgach, ayollari e’tikof o‘tirishdi” (Imom Buxoriy).
Ramazon rahmat oyi, Ramazon mag‘firat oyi, Ramazon inson do‘zaxdan ozod bo‘ladigan oy, Ramazon taqvo oyi, Ramazon saxovat oyi, Ramazon ruhan poklanish oyi, Ramazon sabr-bardosh oyi, Ramazon salomatlik oyidir. Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) zamonlaridan hozirgi kungacha bu oyning barakasi, fazilati haqida kitoblar yozildi, ilmiy majlislarda suhbatlar qilindi, gazeta-jurnallarda maqolalar chop etildi, bu qiyomat kunigacha davom etadi. Bilganimizga amal qilib, ushbu oydan ruhan pok, jismonan baquvvat, gunohlar mag‘firat qilingan holda chiqib, Alloh taoloning rahmatiga erishish barchamizga nasib qilsin!
Bahriddin Parpiyev
Halollik va rostgo‘ylik insonning shaxsiy fazilatlari bo‘lish bilan birga, oila mustahkamligi, jamiyat taraqqiyoti va ijtimoiy munosabatlarning barqarorligini ta’minlaydigan muhim milliy, diniy, ma’naviy-axloqiy qadriyatlardir.
Islom dinida halollik va rostgo‘ylikka inson hayotining barcha sohalarini qamrab oluvchi muhim tamoyillar sifatida qaraladi. Halol va haromni farqlash, shubhali ishlardan saqlanish, o‘zgalarning haq-huquqini poymol qilmaslik, rostgo‘y va adolatli bo‘lish insonning nafaqat shaxsiy kamoloti, balki jamiyat oldidagi mas’uliyatini ham belgilaydi.
Qur’oni karim oyatlari va Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamning ko‘plab hadisi shariflarida insonlarni halollik va rostgo‘ylikka da’vat qilish, har doim halol bo‘lishga undash, aldov va yolg‘on guvohlik berishdan qaytarishga alohida e’tibor qaratilgan. Zero, halollik va rostgo‘ylik insonning ma’naviy kamolotini, imoni mustahkam va axloqi go‘zalligini namoyon etuvchi eng muhim fazilatlardir. Harom va yolg‘on esa nafaqat shaxsning obro‘si va unga ishonchini yemiradi, balki jamiyatda o‘zaro ishonchsizlik, adovat va nizolar kelib chiqishiga ham sabab bo‘ladi.
Alloh taolo "Nahl" surasining 105-oyatida bunday marhamat qilgan: “Yolg‘on so‘zlarni faqat Allohning oyatlariga imon keltirmaydiganlargina to‘qiydilar. Aynan o‘shalarning o‘zlari yolg‘onchilardir”.
Bu o‘rinda yolg‘onning qanchalik og‘ir ma’naviy illat ekani bayon qilinib, uning Allohning oyatlariga munosabat bilan bog‘liq jihati ko‘rsatib berilyapti. Oyatning nozil bo‘lish sababi Makka mushriklarining Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga nisbatan turli asossiz da’volarni ilgari surgani, jumladan, u zotni yolg‘onchilikda ayblaganidir. Ular Qur’oni karimni go‘yo Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning o‘zlari to‘qib chiqargani to‘g‘risida asossiz da’volarni ilgari surgan. Qur’oni karim esa bunday iddaolarni ochiq-oydin rad etgan.
Aslida yolg‘onni faqat imonsiz kishilargina to‘qiydi. Chunki, mo‘min kishi yolg‘onni katta gunoh deb biladi. Yolg‘on sababli qiyomatda azobga qolishdan qo‘rqadi. Shuning uchun har qanday vaziyatda rostgo‘y bo‘lishga intiladi. Hatto o‘z manfaatiga zid bo‘lgan holatlarda ham haqiqatni aytishni afzal biladi. Zero, haqiqiy imon insonni faqat ibodatlarga emas, balki yuksak axloqiy fazilatlarga ham undaydi.
Islom ta’limotida halollik va to‘g‘riso‘zlik maqtalgan, yolg‘on gapirish va haqiqatni yashirish keskin qoralangan. Jumladan, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: “Nabiysollallohu alayhi vasallam:“Rostgo‘ylikni o‘zingizga lozim tutingiz (rostgo‘y bo‘lingiz)! Chunki, rostgo‘ylik yaxshilikka yetaklaydi, yaxshilik esa jannatga yetaklaydi. Kishi doim rost gapirsa, Allohning huzurida “siddiq” (o‘ta rostgo‘y) deb yozib qo‘yiladi. Yolg‘ondan saqlaning! Chunki, yolg‘on fojirlikka (gunoh va buzuqlikka) yetaklaydi, fojirlik esa do‘zaxga yetaklaydi. Kishi yolg‘on gapiraversa, Allohning huzurida “kazzob” (o‘ta yolg‘onchi) deb yozib qo‘yiladi”, dedilar”. (Imom Buxoriy rivoyati).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam rostgo‘ylik va yolg‘onchilikning inson axloqi, ma’naviy hayoti va oxiratiga qay darajada ta’sir qilishini ochiq tarzda bayon qilib beryaptilar. Hadis mazmunidan anglashiladiki, insonning jannatga yoki do‘zaxga tushishida uning tili, ya’ni rostgo‘yligi yo yolg‘onchiligi hal qiluvchi omillardan ekan.
Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam halol va harom o‘rtasidagi shubhali narsalardan saqlangan kishi dini va obro‘yini pok saqlashi borasida bunday marhamat qilganlar: No‘’mon ibn Bashir roziyallohu anhudan rivoyat qilinishicha,“Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlarini eshitdim: “Halol ham aniq, harom ham aniq. Ularning o‘rtasida shubhali narsalar bor. Ko‘p odamlar buni bilmaydi. Kim shubhalardan saqlansa, dini va obro‘yini pok saqlaydi...” (Imom Buxoriy rivoyati).
Bu o‘rinda Nabiy sollallohu alayhi vasallam insonlarni ehtiyotkorlik va poklikka da’vat etmoqdalar. Chunki, halollik tamoyillariga amal qilgan inson hayotning har bir jabhasida, jumladan, so‘zida, oilaviy munosabatlarida, ta’lim olishda, mehnat faoliyatida va jamiyatdagi o‘zaro munosabatlarida adolat, poklik va rostgo‘ylikka intiladi. O‘zgalarning haq-huquqlarini hurmat qiladi, birovning mol-mulki yoki mehnatining mahsuliga tajovuz qilmaydi, aldov, xiyonat va manfaatparastlikdan uzoq bo‘lishga harakat qiladi. Bunday fazilatlar insonning shaxsiy obro‘-e’tiborini yuksaltirish bilan birga jamiyat a’zolari o‘rtasida o‘zaro ishonch va hamkorlik muhitini mustahkamlaydi.
Muxtasar qilib aytganda, halollik va rostgo‘ylik ijtimoiy hayotning barqarorligini, insonlar o‘rtasidagi ishonch va jamiyat taraqqiyotini ta’minlovchi muhim ma’naviy-axloqiy asosdir. Islom ta’limotidagi halollik, rostgo‘ylik, adolat va omonatdorlikka oid ko‘rsatmalar bu qadriyatlarning inson va jamiyat hayotidagi o‘rni naqadar muhim ekanini ko‘rsatadi. Har bir inson o‘z hayoti va faoliyatida halollik, rostgo‘ylik, adolat va vijdonlilikni ustuvor tamoyilga aylantirsa, jamiyatda sog‘lom ma’naviy muhitni shakllantirish imkoniyati ortadi.
Yo‘ldoshxon Isayev, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati