Bandalariga ikki dunyo saodatini ko‘zlab, ro‘zani Islomning farz ibodatlari qatoriga qo‘shgan Alloh taboraka va taologa hamdu sanolar bo‘lsin!
Ummatlariga mehr ko‘rsatib, ro‘za tutishni barcha sir-asrorlari ila ta’lim bergan habibimiz Muhammad (sollallohu alayhi vasallam)ga abadul abad salovotu salomlar bo‘lsin!
Dindosh birodarlariga ro‘za haqidagi bilimlarni yetkazib, o‘rgatgan dinimiz yo‘lchi yulduzlari – sahobai kiromlarga Alloh taoloning rahmati va roziligi bo‘lsin!
Aziz dindoshlar mana, yana bir bora Ramazoni sharif boshimizga soyabon bo‘lib tashrif buyurdi. Bizga ma’lumki, qadimdan musulmonlar muborak Ramazonda doimgidan-da ko‘proq Qur’on tilovat qilishga, doimgidanda ko‘proq har bir xatti-harakatlarida axloqliroq va karamliroq bo‘lishga harakat qiladilar. Chunki suyukli payg‘ambarimiz Muhammad (sollallohu alayhi vasallam)ning o‘zlari ana shunday qilganlar va barcha Islom amallari qatori bu masalada ham ummatlariga o‘rnak bo‘lib, alohida ta’lim berganlar.
Insonning ro‘zadan boshqa hamma qilgan amallari o‘zi uchun bo‘ladi. Faqat tutgan ro‘zasigina Alloh taolo uchun bo‘ladi. Ya’ni, ro‘zadan boshqa amallarda amal qiluvchi xohlasa ham, xohlamasa ham bir oz xo‘jako‘rsinga qilish, o‘zgalarning havasi, maqtovi, obro‘-e’tiborini qozonish hissi paydo bo‘ladi. Misol uchun, namoz o‘qigan odamning tahorat qilganini, namozga joy tanlaganini va nihoyat, namoz o‘qiyotganini boshqalar ko‘radi. Bu odam namoz uchun tahorat qilmoqda, bu odam namoz uchun joy tanlamoqda, bu odam namoz o‘qimoqda, yaxshi odam ekan, degan fikr xayolidan o‘tib, unga hurmat-e’tibor bilan qaraydi. Shu kabi zakot berganini qancha yashirsa ham, hech bo‘lmaganda zakot olgan kishi bilib, haqqiga duo qiladi. Hajga borgani esa umuman shov-shuv bo‘lib ketadi. Qaytganidan so‘ng qanchadan-qancha insonlar uning ziyoratiga kelishadi. Hamma uni “Hoji ota” yoki “Hoji ona” deb chaqira boshlaydi. Ro‘zada esa bu narsalarning birortasi yo‘q, kechasi hech kim ko‘rmaydigan vaqtda saharlik qiladi. Kunduzi esa hamma qatori yuraveradi. Hech kimsiz, yolg‘iz o‘zi qolganida ro‘za tutgan inson Alloh taolo ko‘rib turganini his qilib, og‘zini ochib yubormaydi. Ushbularning barchasi ro‘za Alloh uchun tutilishining belgilaridir. Shu bois ham yolg‘iz Alloh uchun bo‘lgan ibodatning mukofotini Alloh taoloning O‘zi berishini va’da qilgan. Ro‘za uchun beriladigan savobning ko‘payishi shunchalarki, uni Alloh taolodan boshqa hech kim bilmaydi, idrok ham qila olmaydi.
Nabiy (sollallohu alayhi vasallam) “Qachonki Ramazon kelsa, jannat eshiklari ochilur, do‘zax eshiklari yopilur va shaytonlar kishanlanur”, dedilar. (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyati).
Aziz dindoshlar! E’tiboringizni ushbu hadisi sharifdagi “…va shaytonlar kishanlanur” jumlasiga qaratmoqchiman. Bizga ma’lumki, shayton doimo insonlarni Alloh taoloning ibodatidan, toatidan chetlanishga undaydi, vasvasa qiladi va odam bolasining qon tomirida suzib yuradi. Mo‘min-musulmonlarga rahmat bo‘lib Ramazoni sharif tashrif buyursa, isyonkor shaytonlar o‘zlari uchun sevimli bo‘lgan bu ishlaridan to‘silib, kishanlarga mahkum etiladilar. Shu o‘rinda savol paydo bo‘ladi: Shunday bo‘lsa nega baribir bilib-bilmay ma’siyatlar sodir etaveramiz? Hattoki, ba’zi insonlarning gunoh ishlarda bardavom bo‘layotganlariga guvoh bo‘lamiz? Ushbu savollarning javobi esa quyidagicha: Ramazoni muborak hurmatidan shaytonlar kishanlangan paytda ma’siyatga boshlovchi, tutgan ro‘zaning, Alloh asrasin, mukammalligi ketib, nuqsonli bo‘lishiga sababchi bo‘luvchi narsa – NAFSdir. Demak, Ramazoni sharifning muborak kunlari davomida biror-bir gunoh sodir etgudek bo‘lsak, “Ha, shayton o‘lgur yo‘ldan urdi-da”, deyishimiz noo‘rindir. Bejizga hikmatlarda: “Aql mudroq, nafs esa uyg‘oqdir”, deyilmagan. Shaytonlar kishanlangan Ramazon oyida kim bilandir tortishib qolishimiz, kimnidir g‘iybat qilishimiz, dilozor ishlarga yo‘l qo‘yishimiz-nafsimizning uyg‘oqligi, hali ham kishanlanmaganidandir. Ushbu oy nafslarimizni poklash, ruhimizni sayqallash uchun qulay fursatdir. Ro‘zadagi chanqoq, ochlik, tunggi bedorlik, taroveh namozlari, xatmi Qur’onlar, xayru ehsonlar-nafsimizga qarshi kurashdir.
Shunday ekan, Alloh O‘z fazlu marhamatidan bahramand aylab, Ramazoni sharifni faqat go‘zal amallar, savobli ishlar bilan o‘tkazish baxtini barchamizga nasib etsin! Bu oyda nafsimiz “Xotirjam nafslar” safiga qo‘shilsin.
Muhsina Isoqjonova tayyorladi.
Insonga mehr ko‘rsatish, muhtojning holidan xabar olish, bemorga tasalli berish va ehtiyojmandlarga ko‘mak qo‘lini cho‘zish xalqimiz ma’naviyatining azaliy fazilatlaridandir. Islom ta’limotida ham saxovat, mehr-oqibat va inson qadrini ulug‘lash eng ulug‘ amallardan biri sifatida e’tirof etilgan. Chunki bir insonning ko‘nglini ko‘tarish, uning qalbiga umid va ishonch bag‘ishlash jamiyatda mehr-muhabbat, hamjihatlik va totuvlikni mustahkamlaydi.
Shu ezgu qadriyatlarni hayotga tatbiq etish, aholining ehtiyojmand qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash va yurtdoshlarimiz qalbida mehr-shafqat tuyg‘ularini yanada kuchaytirish maqsadida 2026 yil 13 avgust kuni Samarqand viloyati Urgut tumanida keng ko‘lamli ma’naviy-ma’rifiy hamda xayr-saxovat tadbirlari o‘tkazildi.
Mazkur xayrli tadbirlarda Samarqand viloyati bosh imom-xatibi vazifasini vaqtincha bajaruvchi Nursultonxon domla Abdumannonov, viloyat bosh imom-xatibi o‘rinbosari Xayrullo domla Sattarov, VAQF xayriya jamoat fondi Samarqand viloyati filiali rahbari Yoqubjon domla Mansurov, uning o‘rinbosari A.Sultonov, shahar va tuman bosh imom-xatiblari, «Haj–2026» ziyoratchilari, mahalla faollari va nuroniylar ishtirok etdilar.
O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan o‘tkazilgan ushbu xayrli aksiya doirasida ijtimoiy himoyaga muhtoj, kam ta’minlangan va boquvchisidan ayrilgan 300 ta oila holidan xabar olindi. Ularning xonadonlariga tashrif buyurilib, turmush sharoitlari o‘rganildi, oilalarga zarur oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berildi.
Tashriflar davomida bemor va keksalarning holidan xabar olinib, ular bilan samimiy suhbatlar o‘tkazildi. Ularning haqqiga shifo, xonadonlariga fayzu baraka, yurtimizga tinchlik-xotirjamlik tilab duolar qilindi. Zero, muhtojning ko‘nglini ko‘tarish va uni yolg‘iz emasligini his ettirish ham insonparvarlikning yuksak ko‘rinishidir.
Shu bilan birga, hayotida turli ijtimoiy qiyinchiliklarga duch kelgan hamda yot g‘oyalar ta’siriga tushib qolish xavfi mavjud bo‘lgan ayrim fuqarolar bilan yakka tartibda muloqotlar tashkil etildi. Suhbatlarda sof e’tiqod, oila muqaddasligi, farzand tarbiyasi, halol mehnat, Vatanga sadoqat, milliy va diniy qadriyatlarga hurmat, shuningdek, turli buzg‘unchi g‘oyalarga nisbatan ma’naviy immunitetni mustahkamlash masalalari hayotiy misollar asosida tushuntirildi.
Tadbirlar doirasida Urgut tumanidagi jome masjidlarda peshin namozidan so‘ng ma’naviy-ma’rifiy uchrashuvlar ham o‘tkazildi. Ularda mehr-oqibat, qo‘ni-qo‘shnichilik munosabatlarini mustahkamlash, yoshlarni milliy va diniy qadriyatlarga sodiqlik ruhida tarbiyalash, oila tinchligini asrash, jamiyatda o‘zaro hurmat va ahillik muhitini qaror toptirish kabi dolzarb mavzular atroflicha yoritildi.
Uchrashuvlar yakunida mamlakatimiz tinchligi, xalqimiz farovonligi, Vatanimiz ravnaqi va yosh avlodning ilmli, odobli hamda vatanparvar insonlar bo‘lib voyaga yetishi haqida xayrli duolar qilindi.
Bugun yurtimizda inson qadrini ulug‘lash, aholining ehtiyojmand qatlamlarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, jamiyatda mehr-saxovat va o‘zaro g‘amxo‘rlik muhitini qaror toptirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Urgut tumanida o‘tkazilgan mazkur xayrli tadbirlar ham ana shu ezgu maqsadlarga xizmat qilib, aholi o‘rtasida hamjihatlik, bag‘rikenglik va insonparvarlik tuyg‘ularini yanada mustahkamladi.
Mehr bor joyda ishonch, saxovat bor joyda baraka, inson qadri ulug‘langan jamiyatda esa tinchlik va farovonlik qaror topadi. Ana shunday ezgu amallar xalqimiz o‘rtasidagi birdamlik rishtalarini mustahkamlab, yurtimizning yanada obod va fayzli bo‘lishiga xizmat qiladi.
Samarqand viloyati vakilligi matbuot xizmati