Sayt test holatida ishlamoqda!
28 Avgust, 2026   |   15 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:21
Quyosh
05:45
Peshin
12:24
Asr
17:06
Shom
19:07
Xufton
20:26
Bismillah
28 Avgust, 2026, 15 Rabi`ul avval, 1448

Nega Ramazonda gunoh qilamiz?

13.05.2019   37475   4 min.
Nega Ramazonda gunoh qilamiz?

Bandalariga ikki dunyo saodatini ko‘zlab, ro‘zani Islomning farz ibodatlari qatoriga qo‘shgan Alloh taboraka va taologa hamdu sanolar bo‘lsin!

Ummatlariga mehr ko‘rsatib, ro‘za tutishni barcha sir-asrorlari ila ta’lim bergan habibimiz Muhammad (sollallohu alayhi vasallam)ga abadul abad salovotu salomlar bo‘lsin!

Dindosh birodarlariga ro‘za haqidagi bilimlarni yetkazib, o‘rgatgan dinimiz yo‘lchi yulduzlari – sahobai kiromlarga Alloh taoloning rahmati va roziligi bo‘lsin!

Aziz dindoshlar mana, yana bir bora Ramazoni sharif boshimizga soyabon bo‘lib tashrif buyurdi. Bizga ma’lumki, qadimdan musulmonlar muborak Ramazonda doimgidan-da ko‘proq Qur’on tilovat qilishga, doimgidanda ko‘proq har bir xatti-harakatlarida axloqliroq va karamliroq bo‘lishga harakat qiladilar. Chunki suyukli payg‘ambarimiz Muhammad  (sollallohu alayhi vasallam)ning o‘zlari ana shunday qilganlar va barcha Islom amallari qatori bu masalada ham ummatlariga o‘rnak bo‘lib, alohida ta’lim berganlar.

Insonning ro‘zadan boshqa hamma qilgan amallari o‘zi uchun bo‘ladi. Faqat tutgan ro‘zasigina Alloh taolo uchun bo‘ladi. Ya’ni, ro‘zadan boshqa amallarda amal qiluvchi xohlasa ham, xohlamasa ham bir oz xo‘jako‘rsinga qilish, o‘zgalarning havasi, maqtovi, obro‘-e’tiborini qozonish hissi paydo bo‘ladi. Misol uchun, namoz o‘qigan odamning  tahorat qilganini, namozga joy tanlaganini va nihoyat, namoz o‘qiyotganini boshqalar ko‘radi. Bu odam namoz uchun tahorat qilmoqda, bu odam namoz uchun joy tanlamoqda, bu odam namoz o‘qimoqda, yaxshi odam ekan, degan fikr xayolidan o‘tib, unga hurmat-e’tibor bilan qaraydi. Shu kabi zakot berganini qancha yashirsa ham, hech bo‘lmaganda zakot olgan kishi bilib, haqqiga duo qiladi. Hajga borgani esa umuman shov-shuv bo‘lib ketadi. Qaytganidan so‘ng qanchadan-qancha insonlar uning ziyoratiga kelishadi. Hamma uni “Hoji ota” yoki “Hoji ona” deb chaqira boshlaydi. Ro‘zada esa bu narsalarning birortasi yo‘q, kechasi hech kim ko‘rmaydigan vaqtda saharlik qiladi. Kunduzi esa hamma qatori yuraveradi. Hech kimsiz, yolg‘iz o‘zi qolganida ro‘za tutgan inson Alloh taolo ko‘rib turganini his qilib, og‘zini ochib yubormaydi. Ushbularning barchasi ro‘za Alloh uchun tutilishining belgilaridir. Shu bois ham yolg‘iz Alloh uchun bo‘lgan ibodatning mukofotini Alloh taoloning O‘zi berishini va’da qilgan. Ro‘za uchun beriladigan savobning ko‘payishi shunchalarki, uni Alloh taolodan boshqa hech kim bilmaydi, idrok ham qila olmaydi.

Nabiy (sollallohu alayhi vasallam) “Qachonki Ramazon kelsa, jannat eshiklari ochilur, do‘zax eshiklari yopilur va shaytonlar kishanlanur”, dedilar. (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyati).

Aziz dindoshlar! E’tiboringizni ushbu hadisi sharifdagi “…va shaytonlar kishanlanur” jumlasiga qaratmoqchiman. Bizga ma’lumki, shayton doimo insonlarni Alloh taoloning ibodatidan, toatidan chetlanishga undaydi, vasvasa  qiladi va odam bolasining qon tomirida suzib yuradi. Mo‘min-musulmonlarga rahmat bo‘lib Ramazoni sharif tashrif buyursa, isyonkor shaytonlar o‘zlari uchun sevimli bo‘lgan bu ishlaridan to‘silib, kishanlarga mahkum etiladilar. Shu o‘rinda savol paydo bo‘ladi: Shunday bo‘lsa nega baribir bilib-bilmay ma’siyatlar sodir etaveramiz? Hattoki, ba’zi insonlarning gunoh ishlarda bardavom bo‘layotganlariga guvoh bo‘lamiz? Ushbu savollarning javobi esa quyidagicha: Ramazoni muborak hurmatidan shaytonlar kishanlangan paytda ma’siyatga boshlovchi, tutgan ro‘zaning, Alloh asrasin, mukammalligi ketib, nuqsonli bo‘lishiga sababchi bo‘luvchi narsa – NAFSdir. Demak, Ramazoni sharifning muborak kunlari davomida biror-bir gunoh sodir etgudek bo‘lsak, “Ha, shayton o‘lgur yo‘ldan urdi-da”, deyishimiz noo‘rindir. Bejizga hikmatlarda: “Aql mudroq, nafs esa uyg‘oqdir”, deyilmagan. Shaytonlar kishanlangan Ramazon oyida kim bilandir tortishib qolishimiz, kimnidir g‘iybat qilishimiz, dilozor ishlarga yo‘l qo‘yishimiz-nafsimizning uyg‘oqligi, hali ham kishanlanmaganidandir. Ushbu oy nafslarimizni poklash, ruhimizni sayqallash uchun qulay fursatdir. Ro‘zadagi chanqoq, ochlik, tunggi bedorlik, taroveh namozlari, xatmi Qur’onlar, xayru ehsonlar-nafsimizga qarshi kurashdir.

Shunday ekan, Alloh O‘z fazlu marhamatidan bahramand aylab, Ramazoni sharifni faqat go‘zal amallar, savobli ishlar bilan o‘tkazish baxtini barchamizga nasib etsin! Bu oyda nafsimiz “Xotirjam nafslar” safiga qo‘shilsin.

 

Muhsina Isoqjonova tayyorladi.

Ramazon-2019
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

“Arab Tourist”: Samarqand, Buxoro va Xiva — islom sivilizatsiyasi va jahon madaniy merosining bebaho durdonalari

20.08.2026   59468   1 min.
“Arab Tourist”: Samarqand, Buxoro va Xiva — islom sivilizatsiyasi va jahon madaniy merosining bebaho durdonalari

Saudiya Arabistonining turizm va sayohatlarga ixtisoslashgan “Arab Tourist” elektron nashrida “Markaziy Osiyoning qoq markazida joylashgan va Buyuk ipak yo‘li bilan bog‘langan mamlakat” sarlavhali tahliliy maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.

Maqolada Buyuk ipak yo‘li tarixida o‘zbek shaharlarining tutgan o‘rni alohida e’tirof etiladi. Xususan, Samarqand, Buxoro va Xiva kabi tarixiy shaharlar asrlar davomida Sharq va G‘arb o‘rtasidagi savdo, fan va madaniyat markazlari sifatida xizmat qilgani ta’kidlanadi. Registon maydoni, Ichan-qal’a va Buxorodagi me’moriy obidalar islom sivilizatsiyasi hamda jahon madaniy merosining bebaho durdonalari sifatida tilga olinadi.

Bundan tashqari, nashr O‘zbekistonning rang-barang tabiati va geografik relefiga to‘xtalib o‘tgan. Qizilqum cho‘li, serhosil Farg‘ona vodiysi, Tyan-Shan va Pomir-Oloy tog‘ tizmalari aholi joylashuvi va qishloq xo‘jaligi rivojida muhim o‘rin tutishi qayd etiladi.

Nashr, shuningdek, Buyuk Mirzo Ulug‘bek kabi donishmandlarning astronomiya va matematika sohasidagi buyuk kashfiyotlarini alohida e’tirof etgan.

Xulosada ta’kidlanganidek, Toshkent, Samarqand, Buxoro, Namangan va Andijon kabi shaharlar bugungi kunda nafaqat ma’muriy va iqtisodiy, balki jadal rivojlanayotgan yirik madaniy-turistik markazlar sifatida dunyo sayyohlari e’tiborini o‘ziga jalb etmoqda.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari