Sahar payti turib, kunduzi ro‘za tutish niyatida yeb-ichish saharlikdir. Saharlik qilish mustahabdir. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam saharlik qilishga ko‘p targ‘ib etganlar. Bir o‘rinda saharlikning barakasi, fazilatini eslatib: “Saharlik qiling, saharlikda baraka bor”, degan bo‘lsalar (Muttafaqun alayh), boshqa bir o‘rinda: “Alloh taolo va Uning farishtalari saharlik qiluvchilarga rahmat tilab, duo qiladi”, deganlar (Tabaroniy va Ibn Hibbon rivoyati).
Hatto qorni to‘q, biror narsa yeyishga u qadar ehtiyoji yo‘q kishi ham hech qursa suv ichib olishi yaxshidir. Bu bilan u sunnatga ergashgan bo‘ladi.
Payg‘ambarimiz ro‘zani saharlik qilmay, ulab tutishdan qaytarganlar. Ammo saharlik qila olmagan kishi subhi sodiqdan to quyosh botguncha hech narsa yeb-ichmay ro‘za tutsa, ro‘zasi durust bo‘laveradi.
Saharlikni tongga yaqin qilish afzal. Faqat tong kirib qolgungacha kechiktirmaslik kerak. Chunki subhi sodiq kirishi bilan saharlik vaqti tugab, ro‘za vaqti boshlanadi. Saharlikni vaqti o‘tib ketganiga gumon qilinadigan paytga qadar kechiktirish taxrimiy makruh sanaladi (“Fatovoi Hindiya”).
Saharlik qilib bo‘lgach: “Navaytu an asuma sovma shahri Ramazona minal fajri ilal mag‘ribi, xolisan lillahi ta’ala. Allohu akbar”, deb duo qilinadi.
Ma’nosi: Ramazon oyining ro‘zasini xolis Alloh uchun subhdan kun botgungacha tutishni niyat qildim. Alloh Buyukdir.
Alloh taolo tutayotgan ro‘zalarimizni dargohida qabul qilsin!
Orif TOLIB
Bismillahir Rohmanir Rohiym
O‘g‘il har oylik maoshini onasiga topshirar, uning yuzidagi tabassumni ko‘rib, o‘zini dunyodagi eng boy inson deb hisoblardi.
Yillar o‘tib, onasi olamdan o‘tdi. Navbatdagi maoshini olgan o‘g‘il bir zum ne qilarini bilmay qoldi-yu, bir qarorga keldi: «Pullarni onamning nomidan ehson qilaman».
Shu kundan e’tiboran, u har oy masjidlarga suv kullerlari o‘rnatishni odat qildi. Namozxonlar suv ichib, onasining haqiga duo qilishlaridan qalbi taskin topardi.
Kunlardan bir kun mahalla masjidida yangi kuller o‘rnatilganini ko‘rib, «Attang, bu safar kechikdim-a», deb o‘kindi. Shunda yoniga imom kelib:
– Xayrli hadya uchun rahmat, – dedi.
– Uzr, adashdingiz, shekilli. Buni men olib kelmadim...
– Yo‘q, adashmadim. Buni sizning nomingizdan o‘g‘lingiz keltirdi.
Orqasiga o‘girilgan ota jilmayib turgan o‘g‘liga ko‘zi tushdi.
– Bolam, bunga pulni qayerdan olding? – hayajondan ko‘zlari yoshlandi otaning.
– Ota, anchadan beri menga beradigan pullaringizni yig‘ib yurgandim. Siz buvijonim uchun xayrli ish qilayotganingizni ko‘rib, men ham siz uchun shunday qilishni istadim.
Otaning ko‘zlaridan quvonch yoshlari sizib chiqdi. U o‘g‘liga nasihat qilmagan, shunchaki o‘z amali bilan namuna bo‘lgandi.
Ha, farzandlar eshitgan gaplarini unutishi mumkin, ammo ko‘rgan amallarini hech qachon unutmaydi. Bugun ota-onamizga qilgan yaxshiligimiz ertaga farzandlarimizdan albatta qaytadi.
Akbarshoh RASULOV