Malumotxona
Ramazon – Ramazon arabcha «ar-ramad» degan so‘zdan olingan bo‘lib, quyosh haroratining juda isib, qaynab ketishini anglatadi. «Ramazon» deyilishiga sabab, bu oyda gunohlar kuydiriladi. Ularni yondirib, kul qiladigan narsa solih amallardir.
Ro‘za – o‘zbek tiliga «ro‘za» deb tarjima qilinadigan «savm», «siyam» so‘zi lug‘atda nafs istaklaridan o‘zini tiyishni bildiradi. Istilohiy ma’nosi esa niyat qilib, tong otganidan kun botgunicha nafsning eng katta istaklari qatoriga kiruvchi yeyish-ichish va jinsiy aloqa kabi zaruriy ehtiyojlardan tiyilishdir.
Taroveh – lug‘atda dam olish, istirohat qilish ma’nolarini anglatadi. Istilohda esa ramazon oyi kechalarida xufton namozidan keyin, vitr namozdan oldin o‘qiladigan ta’kidlangan sunnat namozdir.
Xatm – tugatish, yakunlash. Taroveh namozlarida Qur’oni karimni bir oyda eng kamida bir marta o‘qish.
Tasbeh – Alloh taoloni turli noshoyista sifatlardan poklab yod etish.
Taroveh tasbehi – taroveh namozlarida har to‘rt rakatda dam olish uchun o‘tirgan aytiladigan tasbeh.
E’tikof – lug‘atda biror narsani ushlab turish, turib qolish degan ma’nolarni bildiradi. Shariatda esa masjidning ichidan chiqmay, Alloh taologa qurbat hosil qilish niyatida bir necha kun ibodatni lozim tutish ma’nosini anglatadi.
Qadr kechasi – Alloh taolo Qur’oni karimda “ming oydan yaxshiroq kecha” deya ta’riflagan, uning fazilati haqida alohida “Qadr surasini nozil qilgan tun. Ko‘pgina ulamolar qadr kechasini ramazon oyi oxirgi o‘n kunligining toq kechalaridan izlash kerakligini ta’kidlashgan.
Fitr sadaqasi – inson o‘zini poklashi, ro‘zada yo‘l qo‘yilgan ba’zi kamchiliklar o‘rnini to‘ldirishi, kambag‘al va muhtojlarga yordam bo‘lishi uchun joriy qilingan moliyaviy ibodatdir. Birlamchi ehtiyojidan ortiqcha mablag‘ga ega bo‘lganlarning fitr sadaqasini berishlari vojib.
Shayxi foniy – Ramazondan boshqa paytda ham, umrining oxirigacha ro‘za tuta olmaydigan kishilar. Masalan o‘ta qari va surunkali kasalga chalinganlar.
Fidya – lug‘atda badal, evaz degani. Biror uzrli sabab bilan ro‘za tutishga madori yetmaydiganlar har ramazonning har bir uni uchun bir miskinni bir kunlik taom bilan to‘ydiradi.
Kafforat – uzrsiz, qasddan ro‘zasini buzgan odam jazo sifatida ikki oy uzluksiz ro‘za tutadi. Bunga madori yetmasa, 60 nafar miskini ertalab va kechqurun ovqatlantiradi.
Zumrad FOZILJON qizi tayyorladi.
18 avgust Toshkentning nafaqat diniy, balki madaniy va ilmiy merosi tarixida muhim o‘rin tutuvchi sana. Qur’oni Karimning eng qadimiy qo‘lyozmalaridan biri sifatida e’zozlanadigan Usmon Mus'hafi asrlar davomida Markaziy Osiyo tarixining turli bosqichlariga guvoh bo‘lib kelgan, xabar bermoqda iccu.uz.
Ushbu nodir qo‘lyozma yirik hajmdagi pergament varaqlarga yozilgan bo‘lib, matni qadimiy Hijoz xatida bitilgan. Mus'hafda hozirgi arab yozuvidagi nuqta va harakat belgilari mavjud emas. Manbalarda uning saqlanib qolgan qismi 338 yoki 353 varaqdan iborat ekani haqida turli ma’lumotlar uchraydi. Ayrim yo‘qolgan pergament varaqlar keyinchalik qog‘oz bilan almashtirilgan. Qo‘lyozmaning aniq sanasi xususida ilmiy adabiyotlarda turli qarashlar mavjud.
Tarixiy ma’lumotlarga ko‘ra, Mus'haf uzoq yillar Samarqandda saqlangan. 1868–1869 yillarda u Sankt-Peterburgga olib ketilgan va Imperator xalq kutubxonasiga topshirilgan. 1905 yilda qo‘lyozmaning 50 ta faksimile nusxasi ko‘chirilgan. 1917 yildagi siyosiy o‘zgarishlardan keyin musulmon ulamolarining talabi bilan Mus'haf avval Ufaga, keyin esa O‘rta Osiyoga qaytarilishi jarayoni boshlangan.
1924 yilda Usmon Mus'hafi Tatariston, Boshqirdiston va Turkiston ulamolaridan tashkil topgan maxsus kuzatuvchilar hamrohligida maxsus poyezd orqali Ufadan Toshkentga olib kelindi. Toshkentga olib kelinganidan so‘ng Mus'haf bir muddat shahardagi masjidlardan birida saqlandi. Keyinchalik uning asrab-avaylanishini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston tarixi davlat muzeyiga topshirildi.
1989 yil 14 mart kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan Musulmonlarning IV quriltoyida O‘zbekiston hukumati qarori bilan Usmon Mus'hafining musulmonlar ixtiyoriga qaytarilgani e’lon qilindi. Keyinchalik u O‘zbekiston musulmonlari idorasi ixtiyoriga topshirildi. Mus'haf bir muddat Hazrati Imom majmuasidagi «Mo‘yi Muborak» madrasasi muzey-kutubxonasida maxsus sharoitda ham saqlandi.
Usmon Mus'hafining tarixiy va madaniy ahamiyati xalqaro miqyosda ham e’tirof etilgan. 1997 yilda qo‘lyozma YUNЕSKOning «Memory of the World» — «Jahon xotirasi» dasturi ro‘yxatiga kiritilgan.
2025 yil 13 noyabr — Usmon Mus'hafi tarixida yana bir muhim sana. Aynan shu kuni nodir qo‘lyozma O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga olib kelindi. Bugun Qur’on zalidagi asosiy eksponatlardan biri sifatida alohida o‘rin egallab, yurtimizning ko‘p asrlik diniy, ilmiy va ma’naviy merosini namoyon etuvchi bebaho yodgorlik sifatida taqdim etilgan. Shuningdek, Markazda turli davrlarda Somoniylar, Qoraxoniylar, Xorazmshohlar va Temuriylar davrida ko‘chirilgan Qur’on nusxalarini ham ko‘rish mumkin. Usmon Mus'hafi tarixi bu faqat bir qo‘lyozmaning tarixi emas. Bu asrlar osha saqlangan ilmiy va ma’naviy meros, uni asrab-avaylagan avlodlar xotirasi va O‘zbekiston zaminida shakllangan buyuk islom sivilizatsiyasining uzviy davomiyligi haqidagi tarixdir.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati