Odatiy kunlardan biri. Avtobus yo‘lovchilar bilan to‘la. O‘zimga qulay joyga turib olib, bahor manzarasini oynadan tomosha qilib boraman. Maktabdan qaytayotgan bolajonlarning chug‘ur-chug‘uri xuddi avtobusga qamalib qolgan gala-gala qushlarning ovoziga o‘xshab ketadi. Shuncha shovqin-suronning ichida kimningdir uzuq-yuluq gapi qulog‘imga chalindi:
- Qanaqasini oldingiz?
- Namoz o‘rgatadigan kitob. Diniy qo‘mitaning muhri tushirilgani o‘tar ekan. Bekor o‘tirmay “u-bu” o‘rganlaring, deyishibdi. Pulim shunga yetdi.
- Ha, mayli, shunisiga ham shukr...
Beixtiyor orqamga o‘girildim. Oldi o‘rindiqda bo‘ylari pastgina, rangi qoramtir, ozg‘in, ko‘zlari mungli o‘rta yoshlardagi bir ayol. Orqasidagi yoshi kattaroq ayol tomonga damba-dam o‘girilib, hasrat qilib qo‘yadi...
- Kim so‘rasa, bir yillik harbiy xizmatga ketgan deyapman. Boshqa nima ham derdim. Qayerdaligini qanday aytaman. Agar bir yildan keyin yana so‘rashsa, harbiy sohada ko‘tarilib, komandirovkaga ketgan deb qo‘ya qolaman. E-e-e, yig‘layverib ko‘zimda yosh qolmadi, olti oy bo‘ldi ketganiga. Haligi gap bor-ku, “o‘lgan o‘lib ketarkan, qolganlar yashashi kerak”, deya mana yig‘lamay ham qo‘ydim...
- Chakki bo‘libdi. Hay, mayli siqilmang, buyog‘iga o‘zingizni asrang. Boshga tushganini ko‘z ko‘radi. Bundan yomoni bo‘lishi ham mumkin edi-ku!
- Ha, tinmay Xudodan so‘rayman, duo qilaman...
Gapning siyoqidan onaizor siqilab turgani, farzandiga biror korhol bo‘lgani sezilib turardi. Gaplashib ketayotgan orqadagi ayol yo qo‘shnisi yo biror qarindoshi bo‘lsa kerak: dardini aytib biroz tin olmoqchi bo‘lsa kerak...
Bekatlarda yo‘lovchilar tushib, salon ancha bo‘shadi. Ayniqsa g‘ujur-g‘ujuri quloqni qomatga keltirayotgan chug‘urchuqlar tushgach, avtobus ichi tinchidi-qoldi. Xayriyat! Boyagi mushtipar opaxonning to‘g‘risida joy bo‘shadi. O‘sha yerga o‘trib oldim. Qo‘lida yirtilay-yirtalay deb turgan hamyoni. O‘shandan uvadasi chiqqan bir bo‘lak qog‘ozni chiqardi. Uzun ro‘yxat yozilgan. Ona ro‘yxatni belgilab, har birining to‘g‘risiga narx yoza boshladi. Asta so‘radim:
- Bozorlikmi, opa?
- Ha, har oy olib boraman. Narxini yozib xo‘jayinimga ko‘rsatishim kerak. Mana ikki xalta to‘la narsa.
Haqiqatda oyoq tomonda katta ikkita xaltada mayda-chuydalar liq to‘la.
- Kechirasiz, xafa ko‘rinasiz. Biror musibat yuz berdimi?
Ha, boshimizga shunaqa kunlar ham bor ekan. Bolam yomon yigit emasdi. Hammaga qo‘lidan kelganicha yordam berardi. Ko‘pchilikni ishlik qilib qo‘yardi. O‘zining o‘rniga qo‘yib bo‘lsa ham insonlarga ko‘maklashardi. Epchil, uddaburon yigit edi. Nima bo‘ldi-yu, o‘sha kuni kechqurun uydan chiqib ketdi. Qayergaligini aytmadi. Ancha hayalladi. Kelavermadi. Tong ham otdi. Ming xavotirdan o‘lay dedim. O‘sha kuni politsiya mahkamasida ekanligi xabari keldi. Avvaliga eshitib, tushunmay garang bo‘ldim. Xo‘jayinim ikkimiz o‘sha yerga yugurdik. Afsuski, bir kun oldin uyidan ozod qushday uchgan bolam, ertasiga jinoyatchiga aylanib-ulguribdi. Qo‘llarida kishan, boshi egik. Yuz-ko‘zlari qontalash, momataloq. Yonida yana uchta o‘rtoqlari ham bor. “Voy bola-a-m”, deb dod soldim. Sho‘ring qurgurlar, o‘g‘lim va yana uchta o‘rtog‘i - to‘rt kishi bo‘lib bir yigitni do‘pposlashibdi, o‘lasi qilib kaltaklashibdi. Xullas kaltak yegan bola reanimatsida ekan. Xullas tergov, surishtiruv, ayblov, shikoyatlar boshlanib ketdi. Otasi ikkimiz nima bo‘lsak, bo‘ldik. Xo‘jayinim bu ko‘rgulikni ko‘tarolmay, esdan og‘ay dedilar. Ruhiy shifoxonada ancha davolandilar. Hozir ham ahvollari haminqadar. Uyqu dori ichib, ko‘p-ko‘p uxlaydilar. Deyarli gapirmaydilar. O‘zim infarkt bo‘ldim. Dori bilan tikkaman.
- Anavi bola tuzalib ketdimi, keyin?
- Uch oy deganda o‘ziga keldi. Yana bilmadim. Sudda sog‘ga o‘xshab ko‘rindi, atay yotib olgan bo‘lishi ham mumkin. Unisi Xudoga ayon... Uyidagilar shikoyat yozishdi. Jarima to‘latmoqchi bo‘lishdi. To‘lashga umuman ikonimiz, qurbimiz yetmaydi, nachora. Bolamga 8 yil berishdi. Ozodlikdan mahrum bo‘ldi. Umidim - shoyad avfga loyiq ko‘rishsa... Uning uchun ham o‘zim kechirim so‘rayman, qayerga bo‘lsa ham boraman. Bechoraginam, mana xatlarini ko‘ring-da! Tinmay uzr aytadi. Meni yig‘latgani uchun afsus chekadi. Qamoqdan o‘ziga kerakli narsalarni so‘rab xat yozibdi. Mana hozir ham ro‘yxat yozib yuborgan. Shularni to‘ldirib yuribman. Manavi dorilarim, bunisi esa yuragimni kardiogrammasi. Bu xo‘jayinimga ichirayotgan dorilarim ro‘yxati, tepada ularga qo‘yilgan tashxis ham bor. Mana o‘qib ko‘ring. U boyagi eskirib ketgan hamyonidan ketma-ket qog‘ozlarni chiqarib ko‘rsata boshladi. Ha, deya bosh siltayman. Sabr tilayman.
- Boyagi namoz o‘rgatadigan kitob...
- Ha, uni qamoqda tarbiyasi og‘ir bolalarga tavsiya qilishibdi. Bekor yurmay kitob o‘qilaring, deya. Shuning uchun olgandim.
- Bu qiyin holatda ro‘zg‘orni kim tebratyapti?
- O‘zim... Katta o‘g‘lim ham qarashadi.
- Dastyorlikka qizlar bormi?
- Yo‘q-da! Men ahmoq o‘g‘il bolalar ichida katta bo‘lganim, akalarimdan ko‘p dakki yeganim uchun katta bo‘lsam, faqat o‘g‘il ko‘raman, qizlik bo‘lmayman deb qattiq niyat qilganman. Mana niyatga yarasha ikki o‘g‘lim bor. Dardkash, mehribon qizim yo‘q. O‘g‘illarimdan biri ham mana bunaqa ish qilib, yuzimizni yerga qaratib qo‘ydi. Ayni arimiyaga boradigan, o‘qib-pul topadigan, belimga quvvat bo‘ladigan mahalida-ya... Qayerda adashdim, qanday xato qildim. Gul yoshligi xazon bo‘lmasa deb qo‘rqaman... Duv-duv oqqan yoshlar qamoqdan kelgan maktubni namladi. Sazoyi bo‘lib qolgan onaning hasratini eshitib turganlar ham yig‘ladi.
Onaizor bekatiga yetgach, apil-tapil ikkita xaltasini sudrgancha eshik tomon shoshdi. G‘ijimlangan pulni chiptachiga uzatdi-yu, qayergadir shoshib ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi. O‘zi ketsa ham gaplari qulog‘imdan ketmas, farzandiga yig‘lab nola qilishi yuragimni o‘yib yuborganday bo‘lardi. Men ham onaman, axir... Unga achindim. Duo qildim. Chayqalib-chayqalib borayotgan avtobus xayolimni ham chalkashtirib yubordi. Hissiyotlar biroz jilovlandi. Aqlga issiqlik yugurdi. Tavba, qochgan ham, quvgan ham Xudo deydi, deb bekorga aytishmagan ekan. Bu yerda qamalgan bolasiga bir ona kuysa, u yerda to‘rt kishi changalida kaltaklangan bolasiga boshqa ona kuyadi. Bu tarbiyaning achchiq mevasi.
Shularni o‘ylab borarkanman, o‘rtog‘i bilan pulini hisoblayotgan yonimdagi bola do‘stiga shipshidi:
- Ahmoq, 1000 so‘m berma!
- Nega?
- 500 so‘p yetadi, biz hali kichkinamiz. Pulingni qolganini ko‘rsatma, berkitib qo‘yaver!
- Bolajon nechanchi sinfda o‘qiysan?
- 3 sinfda.
- Yo‘l kira 500 so‘m emas, 1200 so‘m-ku.
- Nima qipti?
- Avtobus ham davlatning mulki, benzin ketadi, qancha joyga beminnat oborib-obkeladi. Taksiga chiqsang, shuncha yo‘l uchun qancha oladi?
- 4000-5000 oladi, buni bilaman.
- Bilsang, to‘g‘ri to‘lab qo‘y. Chiptachining yana jahli chiqmasin!
- Nima-a-a, adamga bitta etsam bo‘ldi, qamatvoralla!
- Adang kim?!
- Ichki ishlarda katta rahbar bo‘lib ishlaydilar, chundizmi? Hech kimdan qo‘rqmiman!
Bu ham tarbiyaning achchiq mevasi.
Ey, Xudo, hech kimni farzandi kuydirmasin, yuzini yerga qaratmasin ekan. Ilgari yoshroq paytimda bunaqa gaplarni eshitib, ha-a, deya uncha e’tibor bermasdim. Ammo o‘zim ona bo‘lgach, farzand o‘stirgach, qo‘rqib ketaman. Bolam dunyoga kelganda bir sevingandim, bir sevingadim! Katta bo‘la boshlagach, ming hadikdaman. Go‘dakligida qornini, sog‘ligini o‘ylaysiz, ehtiyotlab parvarishlaysiz. Ulg‘aya boshlagach, jamiyatga kira boshlagach, fikrini, e’tiqodini, xulqini himoya qila boshlarkansiz. Shuni tarbiya deb atasalar kerakda. Bejizga dinimiz farzand tarbiyasiga qattiq e’tibor qaratmagan.
“Tarbiya dindandir. Rosululloh sallollohu alayhi vasallam dedilar: “Ota o‘z farzandiga chiroyli odobdan ko‘ra yaxshiroq hadiya berolmaydi”. (Termiziy va Ahmad rivoyati)
Ota-onaning bolasiga qilgan eng yaxshi mukofoti – chiroyli tarbiya berishidir. Betarbiya farzand ota-onaning sho‘ri, jamiyatning og‘rig‘i, - Alloh saqlasin - , Oxiratda yomon oqibat sababchisi.
Ey, do‘stim, balki siz ham juda aqlli, imonli, ijtimoiy mavqe’i, moliyaviy qudrati baland bo‘lgan otalarni ko‘p ko‘rgandirsiz, ammo ular farzandlari sababidan baxtsizdirlar. Boshqa tomonda esa ba’zi ota-onalar ko‘zlari quvnayotgani, hayotlari chiroyli o‘tayotganining guvohi bo‘lasiz. Bu ham farzandlari tufaylidir”.[1]
Bu dunyoda ham, Oxiratda ham baxtli bo‘lishni istagan inson farzandi tarbiyasiga bee’tibor bo‘lmasin. Agar ota-ona bolasiga Allohni erta tanitgan, vijdonli, halol qilib tarbiyalagan, diniy axloq va odoblarga o‘rgatgan bo‘lsa, farzand qay sohada, qay mansabda ishlamasin, halollikdan, to‘g‘rilikdan ajramaydi. Ota-ona yuzini shuvut qilmaydi. Tarbiyaning totli mevasidan bahramand bo‘lib yashaydi.
Xadichai kubro ayol-qizlar bilim yurti
o‘qituvchisi N.Saidakbarova
[1] Muhammad Rotib Nobulusiy, “Avladuna – al-varoqatur robihatul avla”
Yaqin Sharq va Markaziy Osiyo o‘rtasidagi strategik hamkorlik yangi bosqichga chiqmoqda. Iordaniya Hoshimiylar Podshohligi Bosh vazirining o‘rinbosari va tashqi ishlar vaziri Ayman as-Safadiyning O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrifi ikki mamlakat o‘rtasida so‘nggi yillarda jadal rivojlanayotgan siyosiy muloqot, madaniy diplomatiya va iqtisodiy hamkorlikning amaliy davomidir. Tashrif davomida tarixiy meros, sivilizatsiyalar muloqoti va zamonaviy taraqqiyot konsepsiyalarini uyg‘unlashtirgan Markaz ekspozitsiyalari bilan tanishgan delegatsiya O‘zbekistonning boy sivilizatsion merosi bugungi tashqi siyosat va xalqaro hamkorlik strategiyasining muhim qismiga aylanayotganini ta’kidladi, xabar bermoqda iccu.uz.
Iordaniya Hoshimiylar Podshohligi Bosh vazirining o‘rinbosari, Tashqi ishlar va xorijdagi vatandoshlar vaziri Ayman as-Safadiy boshchiligidagi rasmiy delegatsiya O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi.
Delegatsiya a’zolari Markaz muzeyi ekspozitsiyalari bilan tanishtirilib, uning konsepsiyasi haqida batafsil ma’lumot berildi.
Mehmonlarda eng katta qiziqish uyg‘otgan ekspozitsiyalardan biri Buyuk Ipak yo‘liga bag‘ishlangan bo‘lim bo‘ldi. Qadimgi savdo yo‘llari xaritalari, Sharq va G‘arbni bog‘lagan karvon yo‘llari, sivilizatsiyalar o‘rtasidagi iqtisodiy, ilmiy va madaniy almashinuv jarayonlarini aks ettiruvchi ekspozitsiyalar yuzasidan delegatsiya a’zolari mutaxassislarga ko‘plab savollar bilan murojaat qildi.
Amir Temur va Temuriylar davriga bag‘ishlangan bo‘lim ham mehmonlarda katta taassurot qoldirdi. Ayniqsa, mashhur xattot Umar Aqto tomonidan ko‘chirilgan ulkan Qur’on qo‘lyozmasi, Bibixonim tarixi hamda Temuriylar davrining yuksak madaniy muhitini aks ettiruvchi eksponatlar alohida e’tibor markazida bo‘ldi.
Delegatsiya, shuningdek, Yangi O‘zbekiston – Uchinchi Renessans poydevori ekspozitsiyasida O‘zbekistonning xalqaro maydondagi zamonaviy tashqi siyosati va global hamkorliklariga bag‘ishlangan interaktiv xaritaga ham alohida e’tibor qaratdi. Turli davlatlar bilan shakllangan strategik sheriklik va diplomatik munosabatlarni aks ettiruvchi raqamli ekspozitsiyalar mehmonlarda katta qiziqish uyg‘otdi.
Yangi O‘zbekiston – Uchinchi Renessans poydevori ekspozitsiyasida tashkil etilgan sport bo‘limi esa tashrifning eng samimiy lahzalaridan biriga aylandi. O‘zbekiston sportchilarining Olimpiya o‘yinlari va jahon chempionatlarida qo‘lga kiritgan yutuqlari haqidagi ma’lumotlar delegatsiya a’zolarida katta qiziqish uyg‘otdi. Suhbat davomida sportning xalqlar o‘rtasida o‘zaro ishonch, do‘stlik va hamkorlikni mustahkamlovchi muhim vosita ekani alohida qayd etildi.
Ayman as-Safadiy, Iordaniya tashqi ishlar vaziri:
– O‘tgan yili Janobi Oliylari Qirol Abdulloh II ibn al-Husaynning O‘zbekistonga amalga oshirgan tarixiy davlat tashrifidan so‘ng bu yerga kelish men uchun alohida mamnuniyatdir. O‘sha tashrif mamlakatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlarni yangi bosqichga olib chiqqan muhim voqea bo‘ldi. Bizni qardoshlik rishtalari, mushtarak tarix va o‘zaro ishonch birlashtirib turadi. Bugun esa ushbu hamkorlikni yanada chuqurlashtirish yo‘lida izchil ish olib boryapmiz.
Bugungi O‘zbekiston keng qamrovli islohotlar va jadal taraqqiyot bosqichini boshdan kechirmoqda. O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ushbu taraqqiyotning ma’naviy asoslarini mustahkamlaydigan, milliy merosni ilmiy asosda saqlash va uni xalqaro hamjamiyatga taqdim etishga xizmat qiladigan muhim muassasadir.
Boy tarixni kelajak taraqqiyoti bilan bog‘lay olgan bunday maskan har qanday xalq uchun bebaho boylikdir. Ishonamanki, ana shu mustahkam tarixiy poydevor O‘zbekistonning kelgusi taraqqiyotiga ham xizmat qiladi.
Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish uchun aniq maqsad va ravshan istiqbolga egamiz. Oldimizda hali foydalanilmagan ulkan imkoniyatlar mavjud. Joriy yil yakunida O‘zbekiston Prezidentining Ammon shahriga tashrifini katta mamnuniyat bilan kutmoqdamiz. Ishonchim komilki, bu uchrashuv strategik sherikligimizni yanada mustahkamlab, ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarga yangi sur’at bag‘ishlaydi, — dedi Iordaniya tashqi ishlar vaziri.
Tashrif yakunida O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxoliqov delegatsiya a’zolariga Markazning esdalik sovg‘alarini topshirdi.
Shuningdek, Ayman as-Safadiy Markazning «Faxriy mehmonlar» kitobiga o‘z taassurotlarini yozib qoldirdi. Ushbu qayd O‘zbekiston va Iordaniya o‘rtasidagi tarixiy do‘stlik, umumiy ma’naviy qadriyatlar hamda strategik sheriklikni yanada mustahkamlashga qaratilgan umumiy intilishlarning ramziy ifodasi bo‘ldi.
O‘zbekiston musulmonlar idorasi Matbuot xizmati