Taroveh – faqat ramazon oyida xufton bilan vitr vojib orasida o‘qiladigan 20 rakat namoz. Erkak va ayol uchun sunnati muakkada. Uni jamoat bilan birga o‘qish esa sunnati kifoyadir. Fazilatlarga boy bo‘lgan ramazon oyining fazilatlaridan biri ham oy davomida taroveh namozi o‘qilishidir. Payg‘ambarimiz (alayhissalom) taroveh namozi xususida bunday deganlar:
“Kim Allohdan savob umid etib, Ramazon namozini (tarovehni) o‘qisa, oldingi gunohlari kechiriladi”, deya marhamat qilganlar (Imom Buxoriy, Imom Muslim rivoyati).
Tarovehning fazilatlaridan biri – bunda Qur’oni karim to‘liq xatm qilinadi va tarovehga qatnagan kishi ushbu xatm ishtirokchisiga aylanadi. Muhtaram domlalarimiz amri ma’ruflarida ta’kidlaganlaridek, Alloh taolo O‘zining bandalariga yaratgan bu imkoniyatdan foydalanib qolish kerak. Ramazon o‘tganidan so‘ng bu qorilarni qo‘y so‘yib chaqirsangiz ham uning uyingizda o‘tirib Qur’onni xatm qilib chiqishga vaqti bo‘lmaydi. Jamoatni-ku, qo‘yaverasiz.
Taroveh tabiatan iymonu e’tiqodida nuqsoni yo‘q, g‘ayrat-shijoati jo‘sh urgan odamlar o‘qiydigan namoz. Chunki iymoni kamolga yetmagan kishilar kun uzog‘i ro‘zador bo‘lib och yurib toliqqani va kechalar uyquga to‘ymayotgani bois bu namozga borishni turli bahonalar topib paysalga soladilar. Negaki, 2-2.5 soat tik oyoqda turish ularning nafsiga og‘ir keladi.
Xuftonu vitrni qo‘shib hisoblaganda 29 rakat bo‘ladigan namozning nomi bo‘lgan “taroveh” so‘zi “tarveha”ning ko‘pligi bo‘lib, o‘zbekchada “orom oldirish”, “dam berish” ma’nolarini bildirar ekan. Odamni obdon charchatadigan namozga nega bunday ot qo‘yilgan ekan? degan savol tug‘ilishi tabiiy, albatta.
Ma’lum bo‘lishicha, bu ifoda aslida namozning har to‘rt rakatidan so‘ng to‘xtab, dam olingani uchun qo‘llanilgan ekan. Shuning o‘ziyoq tarovehni o‘qish shijoatli odamlarga nasib etishiga dalolat qiladi.
Tarovehning fazilatlaridan biri jamoatning ko‘pligi bo‘lsa, yana biri – ko‘plab odamlar xufton namozini aksar hollarda masjidga chiqmasdan uylarida o‘qiydilar; lekin ramazon oyida, taroveh sabab bo‘lib farz ibodat bo‘lgan xuftonni ham jamoat bilan o‘qish sharafiga muyassar bo‘ladilar. Buning uchun esa ko‘pdan-ko‘p ajru savoblarga erishadilar.
Tarovehning yana bir fazilati – jamoatning duosidir. Ko‘pning duosi ko‘l bo‘ladi deganlaridek, yig‘ilgan jamoatning ichida duosi mustajob bo‘ladigan xislatli kishilar bo‘lsa, ana o‘shalarning sharofati bilan bizning duomiz ham qabul bo‘ladi, inshoalloh.
Tarovehda yil davomida bir-birini ko‘rishga intizor bo‘lib, ammo ishining ko‘pligidan ko‘rishishga vaqt topa olmay yurgan do‘stu yoronlar diydorlashadilar. Bir-biriga bo‘lgan mehr-muhabbatlari yanada ziyoda bo‘ladi.
Tarovehga borayotganda, tarovehdan qaytayotganda qilingan suhbatlarda yordamga muhtoj kishilar borligini eshitamiz, qo‘limizdan kelguncha ularga ko‘maklashamiz va buning uchun ham savob olamiz.
Alloh taoloning mehribonligini qarangki, mana shu muborak oyda bosgan har bir qadamimizga mukofotlar va’da qilib, o‘qigan namozlarimizning savobini boshqa oylardagiga nisbatan bir necha barobar ko‘paytirib qo‘yibdi. Tarovehda esa ham namozning, ham xatmi Qur’onning, ham jamoatning savobi bor. Bundan unumli foydalanib qolgan kishilar naqadar baxtiyor insonlardir.
Alloh taolo barchamizni ro‘zasini mukammal tutadigan, tarovehni zavqu shavq bilan ado etadigan tolei baland bandalari qatoriga qo‘ysin.
Damin JUMAQUL
Joriy yilning 19-20 avgust kunlari O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi oliy va o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilarining «Zamonaviy diniy ta’lim: pedagogika, ilm-ma’rifat va innovatsiya» nomli I ilmiy-amaliy anjumani Islom sivilizatsiyasi markazida bo‘lib o‘tadi.
Davlatimiz Rahbari tomonidan har jabhada olib borilayotgan yangilanish va islohotlarga hamohang tarzda Diniy idora tarixida ilk bor o‘tkazilayotgan ushbu tadbirda jami 700 nafar pedagog va soha mutaxassisi, jumladan, 300 nafar ishtirokchi bevosita anjuman zalida, 400 nafar ishtirokchi esa hududlardan videoselektor orqali qatnashadi.
Anjumandan ko‘zlangan maqsad sohadagi istiqbolli rejalarni muhokama qilish, diniy ta’limda pedagogik va kasbiy mahoratni oshirish, ta’lim jarayoniga zamonaviy texnologiyalarni yanada keng tatbiq etish hamda diniy ta’limni yangi bosqichga olib chiqishdir.
Dastur doirasida soha rahbarlari ishtirokida tahliliy ma’ruzalar, taniqli professorlar tomonidan mahorat darslari, ilmiy-metodik mashg‘ulotlar bo‘lib o‘tadi. Shuningdek, ishtirokchilar O‘zbekiston musulmonlari idorasi, Islom sivilizatsiyasi markazi bilan yaqindan tanishib, Hazrati Imom majmuasidagi tarixiy qadamjo va obidalarni ziyorat qilishadi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati