Bag‘rida Allohning rahmat va mag‘firatini, biz ojiz bandalar jismiga do‘zax olovidan najot lutf-inoyatini joylagan sog‘inchli oy, marhabo! Ey mohi Ramazon! Senda rahmat va hidoyat manbai – Qur’oni karim nozil bo‘lgan. Tunlaring orasiga yashiringan bir kecha ming oydan afzal, qadrli. Xotamul anbiyo – Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ga kelgan buyuk vahiy – “O‘qi!” amriga yolg‘iz guvoh bo‘lgan Qur’on oyi Marhabo!
Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Agar ummatim Ramazon oyida ular uchun qancha fazilatlar borligini bilganlarida edi, yilning hammasi Ramazon bo‘lishini xohlar edilar” degan muborak o‘gitlari hikmatini tuyish ila seni sog‘indik, mohi Ramazon!
“Oylarning eng afzali Ramazon” (Imom Tabaroniy rivoyati) seni sog‘inch ila yil bo‘yi intiq kutdik! Allohning kalomi nozil qilingan muborak oy, bag‘ringda nafsimizning qutqularidan, zanjirband etilgan shaytoni la’in vasvasalaridan xalos bo‘lamiz. Ming oydan xayrli bo‘lgan kechang – Qadrda, ibodat qilib, ulkan savoblar qozonib, kelgusi yil uchun tushiriladigan taqdirimiz uchun duoi xayrlar qilamiz. Marhamati qahridan ustun bo‘lgan Olamlar Rabbisining bandalariga bergan barakotli mohi, shu sabab senga mushtoqmiz.
Yil bo‘yi Seni o‘zgacha sog‘inch, ishtiyoq, umid bilan kutamiz. Tashrifing-la mo‘minlar boshi uzra rahmat, mag‘firat yog‘iladi. Senda jannat eshiklari ochiladi, do‘zax qopqalari berkitiladi.
Ilk dahangda behisob rahmatdan dillarimiz yorishadi. Axir, banda uchun Alloh rahmatidan ham ortiq ne bor?! Zotan, Parvardigor rahmati tushgan makon hamisha obod, tinch-totuv, mehr-muhabbat, sadoqat, omonlik... faqat ezgulik hukmida bo‘ladi. Xatolar kechiriladi, astoydil qilingan tavbalar qabul qilinadi, qalblar poklanadi. Gunohlarimizdan forig‘ etuvchi mag‘firat borki, ezgu niyatlar ila xayrli ishlarga shoshilamiz. Zero, Yaratganning rahmatiga erishgan, gunohlari afv etilgan inson, albatta, buyuk xursandchilikda bo‘ladi. So‘nggida jismni olovdan saqlash inoyati qalbimizga taskinlik baxsh etadi.
Chunki sarvari olam Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Ro‘za himoya qiluvchi qalqon va jahannam o‘tidan saqlovchi mustahkam qo‘rg‘ondir” deganlar (Imom Ahmad va Imom Bayhaqiy rivoyati).
Ana shu mujdalar ila qalblarimiz ta’rifga sig‘mas shodu xurramlikka to‘la. Insonlar qalbida bir-birlariga ochiq ko‘ngillilik, mehr-muhabbatning paydo bo‘lishi, ayniqsa, xushfe’llik, tavoze, olijanoblik va saxovat singari fazilatlarning yuksalishi sening tashrifing sharofatidandir.
Savobli ishlarni ado etib, savobga erishmoq istagida chin ixlos ila, qalbdagi imon gavhari bilan senga intilamiz, qadri ulug‘ aziz oy! Senga sog‘inchim boisi, hadisi qudsiyda aytilgan (Abu Hurayra (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi): “Odam bolasining har bir amali uning uchundir. Faqat ro‘za men uchundir. Unga o‘zim mukofot beraman!” (Imom Ahmad, Imom Muslim va Imom Nasoiy rivoyati) degan Allohning marhamatidir.
Ajib bir saodatki, ikki dunyo yaxshiliklariga eltuvchi xayrli amallar mujassam qilingan ey mohi Muborak! Tashrifing qutlug‘ bo‘lsin!
Mahmud QAHHOROV,
Kitob tumanidagi 55-maktab o‘qituvchisi
Qoraqalpog‘iston musulmonlari qoziyoti tizimidagi barcha masjidlar va diniy soha xodimlari ushbu tashabbusga labbay deb javob bergan holda, hududlarni tozalash, obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlarida faollik ko‘rsatmoqdalar.
Masjidlar xodimlari va ko‘ngilli namozxonlar nafaqat ziyoratgohlar va masjidlar atrofini, balki mahallalar, ko‘chalar va aholi xonadonlarini tartibga keltirishda jonbozlik ko‘rsatishmoqda. Ayniqsa, ko‘makka muhtoj, imkoniyati cheklangan va nogironligi bo‘lgan vatandoshlarimizning uy-joylari, hovlilari va atroflarini obodonlashtirib berishga alohida e’tibor qaratilayotgani ayni mehr-saxovat namunasidir.
Poklik — imon javharidir
Islom dini poklik va ozodalikka juda katta e’tibor beradi. Sarvari koinot Rasululloh sollallohu alayhi vasallam o‘z hadisi shariflarida: «Poklik imonning yarmidir», deb marhamat qilganlar. Musulmon kishi nafaqat o‘z tanasi va kiyimini, balki yashab turgan uyini, mahallasini va atrof-muhitni ham doimo ozoda saqlashi lozim. Zero, go‘zal axloq va tozalik nafaqat sog‘lom turmush garovi, balki ruhiy xotirjamlik manbai hamdir.
«Ozodalik ko‘ngildan boshlanadi», deydi dono xalqimiz. Bugun Qoraqalpog‘iston diyorlarida olib borilayotgan bunday xayrli amallar nafaqat atrof-muhitning ko‘rkiga ko‘rk qo‘shmoqda, balki insonlar qalbida mahalladoshlik, birodarlik va shukronalik tuyg‘ularini yanada mustahkamlamoqda.
Xayrli ishlar, obodonlashtirish va mehr-saxovat tadbirlari Qoraqalpog‘iston bo‘ylab tizimli ravishda davom etmoqda.
Qoraqalpog‘iston musulmonlari qoziyoti Matbuot xizmati