Sayt test holatida ishlamoqda!
18 Sentabr, 2026   |   7 Rabi`us soni, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:47
Quyosh
06:06
Peshin
12:17
Asr
16:38
Shom
18:32
Xufton
19:47
Bismillah
18 Sentabr, 2026, 7 Rabi`us soni, 1448

Rahmat dahasining fazilati

08.05.2019   34409   31 min.
Rahmat dahasining fazilati

Muborak va fayzu shukuhga to‘la, rahmat, mag‘firat oyi ramazon kirib keldi.

Ramazon Alloh taoloning bizlarga bergan eng buyuk ne’matlaridan biridir. Zero, bu oyda ikki dunyomiz saodati uchun vasila bo‘lgan Qur’oni karim nozil qilingan. Alloh taolo Baqara surasining 183-oyatida bunday marhamat qiladi: “Ey imon keltirganlar, taqvoli bo‘lishlaringiz uchun sizlardan oldingi (ummat)larga farz qilingani kabi sizlarga ham ro‘za tutish farz qilindi”.

 

Ramazon ro‘zasi Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) Madinaga hijrat qilganlaridan so‘ng bir yarim yil o‘tgach, sha’bon oyining o‘ninchi kunida farz qilingan. Undan avval Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) har oyda uch kun va muharram oyining o‘ninchi kunlari nafl ro‘za tutar edilar.

 

Allohga beadad shukrlar bo‘lsin, muborak Ramazon oyi­ni barchamiz tinchlik-xotirjamlikda, osoyishtalikda o‘tkazib kelayotirmiz. Bu oyning dastlabki o‘n kuni – “rahmat” dahasida ro‘yi zaminga Allohning rahmati yog‘ildi. Yaratganning o‘zi qodir qilganicha ro‘za tutib, taroveh namozlarini ado etamiz.

 

Salmon Forsiy  (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi: “Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) Sha’bon oyi oxirida bizlarga xutba qildilar: Ey insonlar! Buyuk, muborak oy sizlarga soya solib turibdi. Bu oyda ming oydan ko‘ra yaxshiroq bir kecha bor. Alloh taolo bu oyning ro‘zasini farz qildi, kechasi bedor bo‘lishni nafl qildi. Kim unda biror bir yaxshilik ila Allohga yaqinlik hosil qilsa, xuddi boshqa oylarda farzni ado qilganga o‘xshaydi. Bu oy sabr oyidir. Sabrning savobi jannatdir. Bu oy o‘zgalardan ko‘ngil so‘rash, mehr-muruvvat ko‘rsatish oyidir. Bu oyda mo‘min kishining rizqi ziyodalashadi. Kim u kunda biror ro‘zadorga iftorlik qilib bersa, bu uning gunohlariga mag‘firat va jahannamdan ozod bo‘lishiga sabab bo‘ladi. Hamda unga ham ro‘zadorning ajridan biror narsa kamaytirilmagan holda o‘shancha ajr bo‘ladi”, dedilar. Shunda: “Yo Rasululloh, bizlarning har birimiz ro‘zadorni taomlantiradigan narsa topa olmaymiz-ku”, dedik. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Alloh taolo bu savobni ro‘zadorga bir yutim sut yo bir dona xurmo yo bir qultum suv bilan iftorlik qilgan kishiga ham beradi, kim ro‘zadorni to‘ydirsa, Alloh taolo uni mening Havzimdan sug‘oradiki, undan keyin to jannatga kirguniga qadar chanqamaydi. Bu oyning avvali rahmat, o‘rtasi mag‘firat, oxiri jahannamdan ozod bo‘lishdir. Kim qo‘l ostidagiga (quliga) yengillik qilsa, Alloh taolo uni mag‘firat qiladi va uni do‘zaxdan ozod qiladi. Bu oyda to‘rt xislatni ko‘paytiringlar. Ikki xislat bilan Rabbingizni rozi qilasizlar. Yana yana ikki xislatga esa albatta muhtoj bo‘lasizlar. Rabbingizni rozi qiladigan ikki xislat, “La ilaha ilalloh” shahodat kalimasi va U zotga istig‘for aytishlaringiz. Siz ularga albatta muhtoj bo‘ladigan ikki xislat esa, Alloh taolodan jannatni ato qilishini va jahannamdan saqlashini so‘rashlaringizdir”, dedilar (Imom Bayhaqiy rivoyati).

 

“O‘sha yili Ramazonning ilk kuni yoz oyining oxirgi chorshanbasiga to‘g‘ri kelgan, bomdod namoziga chiqqanlarning barchasi ro‘zaga niyatlangan edi. Sayyidi koinot hazratlarining yuzlari barq urib turardi. Har doimgidan xursand ekanlariga shubha yo‘q. Fayzini, barakotini kechagi suhbatda anglatganlari ushbu muborak oyga yetishish va bir oy muddat bilan Rabbilariga ibodat nizomi ichiga kirish ul zotni albatta xursand etib, saodatmand qiladida! Buning ustiga, tunda Jabroili amin yana yangi xushxabar keltirdi: bundan buyon Ramazon oylarida Qur’oni karimning o‘sha kunigacha nozil bo‘lgan qismini birgalikda o‘qib, yana bir bor xatm qiladigan bo‘ldilar.

 

Vahiy farishtasi Jabroil o‘qiydi, Sarvari anbiyo jim tinglab o‘tirishlari kerak. Lekin bu tinglash quloq bilan emas, qalb bilan, ruh bilan, ko‘ngil bilan bo‘lar, mohiyatini Ollohdan va rasulidan boshqa hech kim bilmaydigan bir tilovat va tinglash bilan tunlar bezalar edi. O‘qilgan har oyatda payg‘ambarimizning ayri bir xotiralari bo‘lardi. Har bir oyatning qayerda, qachon, qaysi sabab bilan nozil qilinganini yaxshi biladigan ham ul zot edilar. Jabroili aminni tinglar ekanlar, ba’zan Hiro tog‘ining qiyaliklari orasida berilgan «O‘qi» amrini eslar, ba’zan uylarida vahiyning ta’siridan qutulish uchun yotoqqa kirganlarida nozil bo‘lgan «Ey (liboslariga) burkanib olgan zot, turingda, (insonlarni oxirat azobidan) ogohlantiring» (Muddassir, 1-2) oyatlari bilan titrar, ba’zan Safo tepaligida insonlarga ilk bor da’vat qilgan kunlarining xotiralari bilan yashar edilar” (“Saodat asri qissalari”dan).

 

Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi vasallam) Ramazon kirishi arafasida bunday marhamat qilgan ekanlar: “Muborak oy sizlarga kirib kelmoqda. Sizlarga uning ro‘zasini tutish farz qilindi. U oyda jannat eshiklari ochiladi, jahannam eshiklari qulflanadi va shaytonlar kishanlanadi. Unda ming oydan yaxshiroq bir kecha ham bor. Kimki bu oyning yaxshiliklaridan mahrum qolsa, haqiqatdan ham mahrum qolgandir!” (Imom Ahmad va Nasoiy rivoyati).

 

Alloh taolo huzurida ro‘za tutuvchilarning maqomi qay darajada ekanligi haqida hadisi sharifda bunday deyiladi: “Jannat to‘rt turli insonga mushtoq bo‘lib turadi: Qur’on o‘quvchi, tilini (yomon so‘zlardan) saqlaguvchi, och-yalang‘ochlarga ovqat beruvchi va ramazon oyida ro‘za tutuvchilarga”.

 

Shuningdek, ramazonning o‘ziga xos odoblari borki, inson ularga bir oy mobaynida ko‘nikma hosil qilgach, yil davomida o‘sha axloq va odoblarni o‘zida saqlab, amal qilishi lozim bo‘ladi. Ya’ni, g‘iybat, chaqimchilik, yolg‘on so‘z va yolg‘on qasamlardan tiyilish kerak. Shu bilan birga, tilni fahsh va behudaliklardan, qalbni xusumat va adovatdan, ko‘zni gunoh ishlarga qarashdan, quloqni noshar’iy narsalarni eshitishdan va a’zolarni birovga zulm qilishdan saqlash zarur.

 

Alloh taolo barchamizga ramazonni qanday go‘zal boshlagan bo‘lsak, shunday yakunlashni nasib etsin!

 

 

 

Ramazon-2019
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

"Imom Buxoriy" ordeni — yuksak ehtirom ramzi!

28.08.2026   79920   2 min.

Kuni kecha mamlakatimiz mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan muhtaram Prezidentimiz tomonidan yuksak davlat mukofotlariga sazovor bo‘lgan bir guruh vatandoshlarimiz taqdirlandi.

Eng quvonchlisi shuki, tadbirda diniy-ma’rifiy sohada fidokorona xizmat qilib kelayotgan, xalqimizning ma’naviy yuksalishiga beqiyos hissa qo‘shayotgan taniqli ulamolarimiz va faxriylarimizning zahmatli mehnatlari yuksak darajada e’tirof etildi!

Xususan, Diniy idora tizimida uzoq yillardan beri samarali xizmat qilib kelayotgan ustozlardan  O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov, O‘zbekiston musulmonlari idorasi Faxriylar kengashi raisi Shayx Abdulaziz Mansur, Samarqand viloyati Payariq tumani "Imom al-Buxoriy" jome masjidi faxriy imomi Mahmudjon domla Ibodullayev, Buxoro viloyati Kogon tumani "Bahouddin Naqshband" jome masjidi imom-xatibi Abdug‘ofur domla Razzoqov "Imom Buxoriy" ordenini Davlatimiz Rahbaridan qabul qilib olishdi.

Ustozlarning ilmiy-ma’rifiy faoliyati, xalq ichida ma’rifat ulashishdagi fidoyiliklari davlatimiz tomonidan yuksak qadrlangani butun diniy-ma’rifiy sohada mehnat qilayotganlar uchun katta faxr va sharafdir.

Ushbu voqea Yangi O‘zbekistonda diniy-ma’rifiy sohaga, milliy qadriyatlarimizni avaylab-asrash hamda rivojlantirishga qaratilayotgan izchil va xayrli siyosatning amaliy ifodasidir.

Xalqimizda qadimdan ma’rifat ahlini ulug‘lash, ularning zahmatli mehnatini qadrlash ezgu an’ana sanaladi. Islom ta’limotida ham ilm egalariga alohida maqom va hurmat bilan qaraladi. Zero, Imom Termiziy bobomiz rivoyat qilgan hadisi sharifda: «Ulamolar payg‘ambarlarning merosxo‘rlaridir», deyilgan.

Ulamolarga ko‘rsatilayotgan bunday e’tiborning nechog‘li xayrli ekani quyidagi hikmatda ham o‘z ifodasini topgan. Ulug‘ zotlardan biri Tovus rahmatullohi alayh otasidan quyidagicha rivoyat qilgan: «To‘rt kishini hurmat qilish sunnatdir: olim, yoshi ulug‘ inson, podshoh va ota» (Imom Abdurazzoq rivoyati).

Mazkur yuksak mukofot milliy va diniy qadriyatlarimizni tiklash, Islom ma’rifatini keng targ‘ib etish, jamiyatda bag‘rikenglik va tinchlik-omonlikni bardavom saqlash yo‘lidagi ko‘p yillik xayrli xizmatlarning munosib e’tirofidir.

Davlatimizning bunday e’tibori diniy soha xodimlariga yanada ulkan mas’uliyat yuklaydi, ma’naviy yuksalish yo‘lidagi xayrli xizmatlar ko‘lamini yanada kengaytirishga xizmat qiladi, insha Alloh.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari