Alloh taolo bunday marhamat qiladi: “Ramazon oyiki, unda odamlarga hidoyat hamda hidoyatu furqondan iborat ochiq bayonotlar bo‘lib, Qur’on tushirilgandir. Sizdan kim o‘sha oyda hozir bo‘lsa, bas, ro‘zasini tutsin” dedilar (Baqara, 185).
Abu Hurayra (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi: “Nabiy (sollallohu alayhi va sallam): “Alloh taolo Odam bolasining hamma amali o‘zi uchun, faqat ro‘za Men uchundur va uning mukofotini Men –O‘zim berurman, dedi. Ro‘za saqlovchidir. Qachon qaysi biringiz ro‘zador bo‘lsa, fahshdan gapirmasin va baqir-chaqir qilmasin. Agar birortasi u bilan so‘kishmoqchi yoki urishmoqchi bo‘lsa, men ro‘zadorman, desin. Muhammadning joni uning izmida bo‘lgan Zotga qasamki, albatta, ro‘zador og‘zining hidi Allohning nazdida mushkning hididan xushbo‘yroqdir. Ro‘zadorga ikki xursandlik bordir. U ikkisini ham yashagay. Qachon iftor qilsa, xursand bo‘lgay va qachon Rabbisiga muloqot bo‘lganda, ro‘zasi ila xursand bo‘lgay”, dedilar” (Beshovlari rivoyat qilganlar).
Boshqa bir rivoyatda:”Odam bolasining hamma amali (savobi) ko‘paytirib berilur. Bir yaxshilikka uning o‘n mislidan to yetti yuz barobarigacha. Alloh azza va jalla: “Magar ro‘za men uchundir. Uning mukofotini Men berurman. U (Odam bolasi) shahvati va taomini Men uchun tark qilur”, dedi” deyilgan.
Imon keltirgan inson komil mo‘min bo‘lish uchun butun umri asnosida Alloh taolo buyurgan va Unga ma’qul bo‘ladigan xayrli amallarni ko‘plab bajarib, Allohning rizoligini topishni va bu bilan namoi a’mollariga ajru savoblarni orttirib yozilishi harakatida bo‘ladi. Allohning O‘zi yaratgan bandalariga marhamati juda keng ekanligini va bir qilgan solih amalimizga ba’zi hollarda o‘n yoki yetti yuz barobarigacha yoki undan ham ziyod (Vallohi a’lam) mukofot berish va’dasi borligini ham yuqorida keltirilgan birgina hadisi sharifdan ko‘rib turibmiz. Ana shunday namoi a’mollarimizga ajru savoblarni yozilishi harakatida bo‘ladigan bu muborak ulug‘ oy – hidoyat, rahmat va mag‘firat oyidir. Bu ulug‘ oy haqida Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) bunday xutba qilganlar.
Salmon Forsiydan (roziyallohu anhu) rivoyat qilinadi:
“Sha’bon oyining oxirgi kunida Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) bizga bir xutba o‘qidilar.
– Ey insonlar! Ulug‘ va barakotli oyning soyasi ustingizga tushdi. Bu oyda ming oydan-da xayrliroq bir kecha bor. Alloh taolo bu oyning kunduzlarida ro‘za tutishingizni farz va kechalari turib, namoz o‘qishingizni sunnat qilgan. Bu oyda kim zarracha yaxshilik qilsa, boshqa oylarda bir farz amal qilgandek savob oladi. Va kim bu oyda bir farz ado etsa, boshqa oylarda yetmish farz amal bajargandek bo‘ladi. Bu oy sabr va qiyinchiliklarga chidash oyidir. Sabrning evazi esa jannatdir. Bu oy faqir va yo‘qsillarga yordam oyidir. Bu oyda mo‘min kishining rizqi ko‘paytiriladi. Bu oyda bir kishining bir ro‘zadorni iftor qildirishi gunohlarning kechirilishiga va jahannam olovidan qutilishiga vasila bo‘ladi. Bundan tashqari unga ro‘zadorning savobidan kamaytirilmasdan uning savobichalik savob yoziladi, dedilar.
Sahobalar:
– Yo Rasululloh! Hammamiz ham ro‘zadorga iftor berishga kuchimiz yetmaydi-ku, – deyishdi.
Allohning Rasuli:
Alloh taolo bu savobni ro‘zadorga bir xurmo yoki suv qo‘shilgan bir qultum sut bilan iftor ettirganga ham beradi. Bu oyning boshi rahmat, o‘rtasi mag‘firat va oxiri olovdan qutulishdir. Kim bu oyda xizmatkor joriyalariga kam ish buyursa, gunohlari kechiriladi va (jahannam) olovidan qutuladi. Bu oyda qo‘lingizdan kelgancha shu to‘rt narsani qilinglar. Bu to‘rt narsadan ikkitasi bilan Rabbingizni xushnud qilasiz. Ikkitasiga esa o‘zingiz muhtojsiz. Rabbingizni xushnud qiladigan ikki narsa “Allohdan boshqa iloh yo‘q” deb shahodat keltirishingiz va istig‘for aytishingizdir. Sizlar muhtoj bo‘lgan ikki narsa Allohdan jannatni so‘rashingiz va jahannam olovidan panoh tilashingizdir. Kim bir ro‘zadorning chanqog‘ini qondirsa, Alloh taolo o‘sha odamga Mening hovuzimdan suv ichirib, jannatga kirgunicha chanqatmaydi”,dedilar (Munziriy; Ibn Huzayma, Bayhaqiy, Ibn Hibbon, “At-Targ‘ib”, 2-jild, 218-bet).
Abu Hurayra (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi: “Nabiy (sollallohu alayhi va sallam): “Kim Ramazon ro‘zasini iymon ila savob umidida tutsa, uning o‘tgan gunohlari mag‘firat qilinur”, dedilar”. Demak, ixlos va imon bilan savob umid qilib, Ramazon ro‘zasini tutishimiz, o‘tgan gunohlarimiz kechirilishiga sabab bo‘ladi. Har birimiz bu rahmatga, barakotga to‘la bo‘lgan hidoyat, rahmat va mag‘firat oyini g‘animat bilaylik. Alloh taolo hammalarimizning qilayotgan barcha toat- ibodatlarimizni o‘z dargohida qabul qilsin. Omiyn.
Yaqub JUMAMURATOV tayyorladi.
Imom Buxoriy majmuasi nafaqat O‘zbekiston, balki butun islom olami uchun ulug‘ va muqaddas qadamjolardan biri hisoblanadi.
Hazrat Imom Buxoriydek buyuk muhaddis nomi bilan bog‘liq ushbu majmua bugun yurtimizning eng yirik ma’naviy va madaniy markazlaridan biriga aylangan. Har kuni minglab ziyoratchilar bu yerga kelib, ajdodlar merosi, ma’rifat va muqaddas tarix bilan yuzlashmoqda.
Majmua nafaqat ziyoratgoh, balki xalqimizning boy ma’naviy merosi, milliy me’morchiligi va islom sivilizatsiyasidagi o‘rnini namoyon etuvchi noyob madaniy ob’yektdir. Uni barpo etish uchun katta mehnat, yuksak mahorat va qimmatbaho qurilish materiallari sarf etilgan. Shu bois bu qutlug‘ maskanni asrab-avaylash har birimiz uchun muhim vazifadir.
Yaqinda Madaniy meros agentligi tomonidan ayrim ziyoratchilarning majmua hududida beparvo munosabatda bo‘layotgani haqida ma’lumot berildi. Ayrim holatlarda ustunlar, ayvonlar va muzey eksponatlariga ehtiyotsiz munosabatda bo‘lish, chiqindilarni duch kelgan joyga tashlash kabi holatlar kuzatilmoqda. Bu esa nafaqat ziyoratgoh ko‘rkiga, balki uning ma’naviy muhitiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
Bu holat barchamizni sergaklikka chaqirishi kerak. Zero, muqaddas qadamjoga kelgan inson avvalo o‘zini munosib tutishi, tozalik va tartib-qoidalarga amal qilishi lozim. Chunki ziyoratgoh — oddiy sayrgoh emas. Bu yerda asrlar nafasi, buyuk ajdodlar ruhi va ma’rifat ziyosi mujassam.
Tozalik esa inson madaniyatining eng muhim ko‘rsatkichlaridan biri. Islom ta’limotida ham poklikka alohida ahamiyat berilgan. Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom “Tozalik — iymonning yarmidir”, deya ta’kidlaganlar. Demak, ziyoratgoh hududida ozodalikni saqlash nafaqat fuqarolik burch, balki ma’naviy mas’uliyat hamdir.
Ayniqsa, chet ellik mehmonlar O‘zbekiston haqidagi ilk taassurotni aynan shunday muqaddas maskanlar orqali oladi. Agar ziyoratgoh ozoda, tartibli va fayzli bo‘lsa, bu xalqimizning yuksak madaniyati va ma’naviyatini namoyon etadi. Aksincha, beparvolik va tartibsizlik mamlakatimiz nufuziga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Yosh avlodni ziyoratgoh madaniyati ruhida tarbiyalash ham muhim ahamiyatga ega. Bolalar kattalardan ibrat oladi. Agar ota-ona muqaddas joyda tartibga amal qilsa, ehtiyotkor bo‘lsa, farzand ham shu ruhda tarbiya topadi. Shu bois har bir inson o‘z harakati bilan boshqalarga namuna bo‘lishi kerak.
Imom Buxoriy majmuasi — millatimiz g‘ururi va ma’naviy boyligi. Uni asrash, tozaligini saqlash va ehtirom bilan munosabatda bo‘lish har bir insonning vijdoniy burchidir. Ziyoratgohlarga bo‘lgan munosabatimiz orqali biz o‘z madaniyatimiz, ma’naviyatimiz va ajdodlar merosiga bo‘lgan hurmatimizni namoyon etamiz.
Asliddin Mustafoyev, majmua axborot xizmati rahbari.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati