Sayt test holatida ishlamoqda!
12 Iyun, 2025   |   16 Zulhijja, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:04
Quyosh
04:49
Peshin
12:28
Asr
17:38
Shom
20:00
Xufton
21:38
Bismillah
12 Iyun, 2025, 16 Zulhijja, 1446

Ramazon oyi fazilatlari

07.05.2019   35041   24 min.
Ramazon oyi fazilatlari

Ramazon oyi odamlar uchun hidoyat (manbai) va to‘g‘ri yo‘l hamda haq bilan botilni ajratuvchi ochiq oyatlardan iborat Qur’on nozil qilingan oydir.

Ramazon oyi har doim oylarning sultoni, sayyidi, eng yaxshisi bo‘lib kelgan va hamisha shunday bo‘lib qolaveradi.

Ramazon oyi ro‘za, tarovih va tilovat oyi bo‘lib, uning ro‘zasini tutish farz, tarovih namozini o‘qish sunnat, Qur’oni karimni xatm qilish esa fazilatdir.

Ramazon shunday qadrli va g‘animat oydirki, unda tutilgan ro‘zaning savobini bevosita Alloh taoloning O‘zi beradi.

Ramazon oyida jannat darvozalari ochiladi, jahannam qopqalari yopiladi, itoatsiz jin-shaytonlar zanjirlar bilan bog‘lanadi.

Ramazon oyi gunohlar mag‘firat qilinadigan, rahm-shafqat ko‘rsatiladigan va do‘zaxdan ozod qilinadigan oydir.

Ramazon oyi Alloh va Rasulining buyruqlarini bajarishda, qaytariqlaridan qaytishda va sinov-imtihonga uchraganda sabr-toqatli va chidamli bo‘lishni o‘rganadigan oydir.

Ramazon oyi o‘zaro birdamlik, mehribonlik  ko‘rsatiladigan, insonlar bir-birlari haqida qayg‘urib, xato-kamchiliklarini kechiradigan oydir.

Ramazon oyi xayrli ishlarda hamkorlik qilinadigan, musulmonlar bir-birini qo‘llaydigan oydir.

Ramazon tenglik oyi bo‘lib, bu oyda qariyalar ziyorat qilinadi, bemorlardan xabar olinadi, muhtojlarga yordam beriladi, musibatzada insonlardan ko‘ngil so‘raladi va yetimlar ovutilib, yupatiladi.

Ramazon yutuqlar oyi bo‘lib, ulkan savoblar qo‘lga kiritiladi hamda nafs va shaytonlar mag‘lub etiladi.

Ramazon oyida musulmonlarning Alloh huzuridagi martabalari yuqori ko‘tariladi, xayrli ishlarining mukofotlari ko‘paytiriladi va kichik gunoh ishlari kechiriladi.

Ramazon oyining oxirgi o‘n kunligining toq kechalaridan birida Qadr kechasi yashirilgan bo‘lib, u Qadr kechasi bo‘lmagan qamariy ming oydan yaxshiroqdir. Kim o‘sha kechaning yaxshiligidan mahrum bo‘lsa, demak u ko‘p mahrum bo‘libdi.

Barchamizga Ramazon oyi muborak bo‘lsin. Ro‘zasini tutishda, tarovih namozlarini o‘qishda, Qur’oni karimni xatm qilishda va boshqa xayrli ishlarni ado etishda Alloh taolo muvaffaqiyatlar ato etsin. Bu ishlarni ixlos ila bajarib taqvo hosil qilgan kishilarga xushxabar yor bo‘lsin.

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam Ramazon oyi kirib kelishi bilan sahobalarini muborakbod qilar va bu oyning fazilatlarini bayon etar edilar, toki bu oyga tayyor bo‘lsinlar va bu fursatdan foydalansinlar.

Abu Hurayra roziyallohu anhu aytadi: “Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam sahobalariga xushxabar qilib, aytardilar: “Sizga muborak Ramazon oyi keldi. Alloh sizga uning ro‘zasini tutishni farz qildi. Bu oyda jannat darvozalari ochilur, jahannam qopqalari yopilur, itoatsiz jin-shaytonlar zanjirband qilinur. Bu oyda bir kecha bo‘lib, u ming oydan yaxshiroqdir. Kim o‘sha kechaning yaxshiligidan mahrum bo‘lsa, demak u mahrum bo‘libdi”[1].

Ulamolarimiz bu hadisni insonlar bir-birlarini Ramazon oyi bilan muborakbod etishlariga asos bo‘ladi, deyishadi. Nima uchun bir-birlarini tabriklashmasin, axir bu oyda jannat darvozalari ochilsa, jahannam qopqalari yopilsa, itoatsiz jin-shaytonlar zanjirband qilinsa, ming oydan yaxshiroq Qadr kechasi bo‘lsa va hokazo...

Boshqa bir hadisda[2]: “Bir nido qiluvchi: “Ey yaxshilik talabgori, savob ishlarga kirish! Ey yomonlik talabgori, gunoh ishlardan tiyil!”, deb nido qilib turadi. Allohning do‘zaxdan ozod qilinadigan bandalari bor bo‘lib, (Ramazonning) har kechasi shundoq bo‘lur”, deyilgan ya’ni, avvaldan do‘zaxga tushishga loyiq bo‘lib qolgan bandalardan ba’zilari Ramazoni sharif tufayli Alloh tomonidan kechirilib, do‘zaxdan ozod qilinurlar.

Bu va boshqa hadislar asosida Ramazon oyining ba’zi xususiyatlari va fazilatlari haqida to‘xtalamiz:

Bu oyda jannat darvozalari ochiladi va jahannam eshiklari yopiladi, chunki bu oyda jannatga kirish uchun sabab bo‘lgan xayrli ishlar va solih amallar ko‘proq bajariladi, do‘zaxga kirish uchun sabab bo‘lgan gunoh-ma’siyatlar va yaramas, jirkanch, uyatli ishlar kamroq sodir etiladi. Jannat darvozalari musulmonlarni xayrli ishlarga shoshilishga targ‘ib qilib ham ochiladi. Do‘zax eshiklari esa, gunohlardan qaytgan, istig‘for aytgan, afsus-nadomat chekkan, qayta qilmaslikka niyat qilgan holda tavba qilishga targ‘ib qilib yopiladi. Natijada, bu oyda vafot etgan va ruhi do‘zaxga mahkum qilingan kimsalar, bu oyning sharofati ila shu oyning oxirigacha do‘zaxga kiritilmay turadi. Jannatning barcha darvozalari ochilishi Ramazon oyida yer yuziga Allohning rahmati ko‘p nozil bo‘lishiga ham ishoradir.

Bu oyda itoatsiz jin-shaytonlar zanjirlar bilan bog‘lab qo‘yiladi, qo‘l-oyoqlariga kishanlar solinadi, natijada, insonlarni vasvasa qilisholmaydi, g‘arazli maqsadlariga yetisholmaydilar. Bu Allohning bandalariga nisbatan mehribonligi va lutfu inoyati bo‘lib, U Zot ularga o‘z nafslaridan g‘olib bo‘lishlariga yordam beradi va itoatsiz jin-shaytonlarning makr-hiylalaridan asraydi.

Ramazon oylarining sharofati ila mo‘min bandalarning kichkina gunohlari o‘z-o‘zidan kechirib yuboriladi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Agar katta gunohlardan saqlanib yurilsa, besh vaqt namoz, juma namozi o‘zidan keyingi juma namozigacha, Ramazon kelgusi Ramazon oyigacha o‘rtada qilingan gunohlar uchun kafforot bo‘ladi”[3], deganlar.

Ramazon oyining oxirgi o‘n kunligining toq kechalaridan birida Qadr kechasi yashirilgan bo‘lib, u Qadr kechasi bo‘lmagan qamariy ming oydan yaxshiroqdir. Sahih hadislarda Qadr kechasi Ramazonning oxirgi o‘n kunlarining toq kechalaridan birida ekani bayon qilingan. “Arjah (haqiqatga eng yaqin) qavlga binoan, Qadr kechasi har yili mazkur toq kechalarda biridan-biriga ko‘chib yuradi”[4]. “Ulamolarimiz Qadr kechasi bir yil u kechada, bir yil bu kechada bo‘lib, ko‘chib yuradi, degan fikrni aytganlar”[5].

Mana shu bir kechada bajarilgan ibodat sakson uch yildan ko‘proq muddat ichida qilingan ibodatga teng bo‘ladi. Bir kecha! Aniqrog‘i, tarovih namozidan qaytganingizdan keyin saharlikkacha bor-yo‘g‘i to‘rt soatlik kecha. Agar siz bu muborak kechani toat va ibodatda o‘tkazsangiz, go‘yo siz bu toat-ibodatni sakson uch yildan ko‘proq vaqt davomida tinmay bajarayotgandek bo‘lasiz.

Ramazon oyining har kunida qabul bo‘ladigan bir duo bor. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Albatta, Ramazonning har kunida barcha musulmonlar uchun qabul bo‘ladigan bir duo bor”, deganlar[6]. Agar bu duo ro‘za paytida ayniqsa, iftordan salgina oldin qilinsa, maqsadga muvofiq bo‘ladi. Yana Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytadilar: “Uch kishining duosi qaytarilmaydi: adolatli imom, ro‘zador to iftor qilgunicha va mazlumning duosi”[7].

Ramazon Qur’on tilovati, zikr va istig‘for oyidir. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bu oyda Qur’onni to‘liq Jabroil alayhissalom nazoratlaridan o‘tkazib olar edilar. Vafot topadigan yillarida esa, Qur’onni bu ulug‘ farishtadan ikki marta o‘tkazib olganlar. U zot Ramazon oyida Qur’on tilovatini kuchaytirib, tungi namozdagi qiroatlarni uzaytirardilar. O‘tgan solihlarimiz ham bu oyda Qur’onni bir necha bor xatm qilib chiqishardi.

Bu oy xayr-ehson oyidir. Zero, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bu oyda boshqa oylarga qaraganda yanada saxiyroq bo‘lib ketardilar. Abdulloh ibn Abbos aytadilar: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam insonlarning eng saxovatlisi edilar. Ramazon oyida yanada saxovatliroq bo‘lib ketardilar[8].

Bu oyning xususiyatlaridan biri Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning ushbu hadislarida mujassamdir: “Kim iymon ila, savob umidida Ramazon ro‘zasini tutsa, uning o‘tgan gunohlari kechiriladi. Kim iymon ila, savob umidida Ramazon kechalarining ma’lum bir qismini tarovih namozini o‘qish bilan o‘tkazsa, uning o‘tgan gunohlari kechiriladi. Kim iymon ila, savob umidida Qadr kechasini toat-ibodatda o‘tkazsa, uning o‘tgan gunohlari kechiriladi”[9].

Bu oy tungi namozlar va nafl ibodatlar oyi hamdir. “Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam Ramazon kechalarini ibodat bilan o‘tkazib chiqardilar. Qachon oyning oxirgi o‘n kuni kelsa, oila a’zolarini va namozga kuchi yetadigan katta-yu kichikni uyg‘otardilar”[10]Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning uyda o‘qiydigan nafl ibodatlarini Ramazonda masjidga chiqib, jamoat ko‘z o‘ngida uch kun mobaynida o‘qiganlari U zotning bu oydagi tungi namozlarga kuchli e’tibor qaratganlaridan darak beradi. Sahobalar bu oyda U zotning nafl namozlarga bo‘lgan e’tiborlarini ko‘rib, uni o‘zlariga doimiy odat qilib olganlar. Bu yaxshi odat hozirgi kungacha davom etib kelmoqda. Ramazon oyidagi tungi namozlar fiqh istilohida “tarovih” deyiladi. Bu namozni o‘qish barcha muslim va muslimalar uchun sunnat hisoblanadi. Musulmonlar g‘ofil qolib, bu namozni o‘tkazib yubormasliklari kerak. Chunki Ramazondagi nafl namozlar uchun beriladigan ulug‘ savoblar boshqa oylarda berilmaydi.

Ramazon oyida qilingan umraning savobi haj savobiga teng, hatto Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan birga qilingan hajning savobiga tengdir. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ramazondagi umra hajga teng”[11], “Ramazondagi umra men bilan birga qilingan hajning savobiga tengdir”[12], deya marhamat qilganlar.

Bular Ramazon oyining ayrim xususiyatlari va fazilatlaridir. Demak, Ramazoni sharif har bir musulmon banda uchun ulkan savoblar topib qolish, do‘zaxdan ozod bo‘lib olish uchun juda ham qulay fursat ekan. Shuning uchun ham bu oyning kelishidan xursand bo‘lishimiz, yaxshi kutib olishimiz va bu fursatdan har birimiz unumli foydalanib qolishimiz darkor. Buning uchun esa, bu muborak oyning ro‘zasini ixlos bilan tutib, har bir daqiqasini g‘animat bilib, ko‘proq ibodat va yaxshiliklar qilib qolishimiz kerak.

O‘tgan ba’zi azizlarimiz Ramazondan oldin olti oy davomida Allohdan Ramazon oyiga yetkazishini so‘rab duo qilardilar, so‘ng yana olti oy davomida husni qabul qilishini so‘rab, duo qilardilar[13]. Zero ular Ramazon oyidagi xayr-baraka, ulkan savob, mo‘l-ko‘l ajr-mukofot, Allohga qurbat hosil qilish kabi imtiyozlardan xabardor edilar.

Alloh bizlarga ham ularning yo‘llarini bersin, omiyn.

 

Abdul Azim Ziyouddin

Toshkent islom instituti katta o‘qituvchisi

 


[1] Ahmad ibn Hanbal, Nasoiy, Bayhaqiy, Ibn Abu Shayba va Is'hoq ibn Rohavayhlar rivoyati, isnodi sahih.

[2] Imom Termiziy, Nasoiy, Ibn Moja, Ibn Xuzayma, Ibn Hibbon va Hokimlar rivoyati.

[3] Imom Muslim rivoyati.

[4] Ahmad ibn Hajar Asqaloniy, “Fathul Boriy sharhu sahihil Buxoriy”.

[5] Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf, “Hadis va Hayot”, 9-juz, 159-bet.

[6] Imom Ahmad, Bazzor va boshqalar rivoyati. Muhaddis Shu’ayb Arnaut: “Bu hadisning isnodi Buxoriy va Muslim shartlariga ko‘ra sahihdir”, degan.

[7] Ibn Moja, Termiziy, Ahmad ibn Hanbal, Bayhaqiy, Ibn Hibbon, Tayolisiy, Ibn Xuzayma va Is'hoq ibn Rohavayhlar rivoyati. Imom Termiziy bu hadisni “hasan”, degan.

[8] Bayhaqiy va Hokimlar rivoyati. “Al mustadrak ’alas sahihayn bi ta’liqiz Zahabiy” kitobida: “Bu hadis Buxoriy va Muslimlarning shartiga ko‘ra sahihdir”, deyilgan.

[9] Buxoriy, Muslim va boshqalar rivoyati.

[10] Muslim rivoyati.

[11] Buxoriy, Muslim va boshqalar rivoyati.

[12] Abu Dovud, Bayhaqiy, Tabaroniy, Ibn Xuzayma va Hokimlar rivoyati. Hokim: “Bu hadis Buxoriy va Muslimlarning shartiga ko‘ra sahihdir”, degan.

[13] Shayx Ali ibn Noyif Shahhud, “Mavsu’atul xutabil minbariya”, “Mavsu’a ad-diynu an-nasiyhatu” va “Mavsu’atul buhusi val maqolotil ilmiya”.

 

 

Ramazon-2019
Boshqa maqolalar

Qalbingizni zabonsiz toshga aylantirib qo‘ymang.

09.06.2025   5166   4 min.
Qalbingizni zabonsiz toshga aylantirib qo‘ymang.

Har yangi kunning tongini ko‘rganingizda qalbingizni zikr ila to‘ldiring. Iymon zikrlariga quloq tutar ekansiz, borliq Yaratgan Zot sari talpinayotganini his qilasiz. Alloh taolo aytadi: «...Mavjud bo‘lgan barcha narsa hamd bilan Unga tasbeh aytur...»[1]. Balki uyda, balki ko‘chada, qayerda bo‘lsangiz-da, Allohning zikriga shoshiling. Zikrlarni ko‘paytirganingiz sari Allohga bo‘lgan muhabbatingiz ortib boradi, osmonlaru yerning Xoliqi bo‘lgan Alloh taolodek buyuk Zot suyanchig‘ingiz ekanini anglaysiz...

Ushbu misralarni doim yodda tuting:

Gar ersa qalblar Xoliqin zikridin mosuvo,
Alar jasad ichidin joy olgan tosh kabi go‘yo.

Qalbingizni zabonsiz toshga aylantirib qo‘ymang.
Toshda na mehr va na his bor. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Robbini zikr qiladigan bilan zikrdan yiroqda bo‘lgan kishi xuddi tirik bilan o‘lik kabidir” [2],  deganlar.

Yana Nabiy alayhissalom: “Sizlarga amallaringizning eng xayrlisi va Sultoningiz huzurida eng pokiza, darajangizni yuqorilatadigan, sizlar uchun tillo-kumushlarni ehson qilgandan-da, dushmaningizga yo‘liqib, uning boshini tanasidan judo qilishingiz, u ham sizning kallangizni bo‘yningizdan uzib tashlashidan-da yaxshiroq amal qaysi ekanini bildirib qo‘yaymi?!” dedilar. Sahobalar: ”Ha, ey Allohning Rasuli”, deyishdi. U zot: U Allohning zikridir”,3] dedilar.

Ubayd ibn Umayr aytadilar: “Mo‘minning amal daftaridagi hamd ila tasbeh – u bilan dunyo tog‘laricha tillo sudralib yurishidan xayrlidir”.

Nabiy alayhissalom yana boshqa bir hadisda: «Alloh taoloning fazilat izlab kezib yuruvchi farishtalari bo‘lib, ular zikr aytib o‘tirilgan davralarni izlab yurishadi. Shu asnoda zikr bo‘layotgan davrani topishsa, farishtalar zikr halqasidagilar bilan birgalikda o‘tirishadi va bir-birlarini qanotlari bilan o‘rab olishadi, shu tarzda zikrdagi kishilar bilan dunyo osmonining orasi farishtalar bilan to‘lib ketadi. Zikr halqasidagi kishilar tarqalib ketishsa, farishtalar osmonga ko‘tarilib ketishadi.

Keyin Alloh taolo hammasini bilib turgani holda, ulardan: “Qayerdan keldinglar? – deb so‘raydi. Ular: “Biz yerdagi bandalaring oldidan keldik. Ular Senga tasbeh aytyaptilar, takbir, tahlil aytib, Senga maqtov yo‘llayaptilar va O‘zingdan so‘rashyapti”, deb javob qaytarishadi.

Alloh taolo: “Ular Mendan nimani so‘rayapti?” – dey­di. Farishtalar javoban: “Sendan jannatingni so‘rashyapti”, deyishadi.  Alloh taolo: “Ular jannatimni ko‘rishganmi?” – deya farishtalardan yana savol so‘raydi. Farishtalar javob berib: “Yo‘q! Ey Yaratgan Zot!” – deyishadi. Alloh subhanahu va taolo yana: “Mabodo ular jannatimni ko‘radigan bo‘lsalar, holat qanday bo‘ladi-ya?” – deydi. Farishtalar: “Ular yana Sendan panoh tilashyapti”, deyishadi. Alloh taolo savol tariqasida: “Nimadan panoh berishimni so‘rashyapti?” – deydi.

Ular: “Jahannamingdan, ey Yaratgan Zot!” – deb javob qaytarishadi. “Ular do‘zaximni ko‘rganmi?” – deb so‘raydi Alloh taolo. Javob qaytarib: “Yo‘q!” – deyishadi ular.

Alloh taolo: “Ular do‘zaximni ko‘rishsa qanday bo‘larkin?” – deydi.

Farishtalar: “Ular yana Sendan mag‘firat qilishingni so‘rashyapti”, deyishadi.

Alloh taolo: “So‘zsiz ularning gunohlarini kechirdim, ularga so‘rovlarini ato etdim va panoh tilagan narsalaridan ularni O‘z panohimga oldim”, deydi.

Farishtalar: “Ey Yaratgan Zot! Ular orasida falonchi, o‘ta xatokor qul ham bor. U o‘tib keta turib ularning oldiga o‘tirib oldi”, deyishadi. Alloh taolo shunday deya marhamat qiladi: “Uni ham kechirdim! Ular hammajlislari badbaxt bo‘lmaydigan kishilardir”, deydi»[4]dedilar. 

 


[1]  Isro surasi, 44-oyat.
[2]  Imom Muslim rivoyati.
[3]  Imom Termiziy rivoyati.
[4]  Imom Muslim rivoyati.