Sayt test holatida ishlamoqda!
22 Avgust, 2026   |   9 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:13
Quyosh
05:39
Peshin
12:26
Asr
17:13
Shom
19:16
Xufton
20:38
Bismillah
22 Avgust, 2026, 9 Rabi`ul avval, 1448

Ramazon oyidamiz

07.05.2019   34114   25 min.
Ramazon oyidamiz

Ramazon oyi yozning eng issiq va uzun kunlariga to‘g‘ri keldi. Bu hol ro‘za tutishni biroz qiyinlashtirsa-da, aslida,

bu mashaqqatlar ro‘zadorga o‘zgacha shavqu-zavq beradi.

 

Abdurahmon ibn Afv (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi: «Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Alloh taolo sizlarga Ramazon oyi ro‘zasini farz qildi. Men sizlarga uning kechalarida taroveh namozini o‘qishni sunnat qildim. Kim uning ro‘zasini tutsa va tarovehni o‘qisa, gunohlaridan onasi tuqqan kungidek forig‘ bo‘ladi”, deganlar» (Imom Abu Dovud).

 

Insonmiz. Bilib-bilmay gunoh qilib qo‘yamiz. Ammo gunohining kechirilishini istamagan bormikan? Ramazonda mo‘minning oladigan nafasi ham ibodat bo‘lib tursa, ro‘za tutish barobarida son-sanoqsiz gunohlardan poklanib, halovatga erishish qanday yaxshi! Ramazon oyi gunohlardan qutulish uchun ana shunday eng zo‘r imkoniyat mavsumidir.

 

Ka’b ibn Ujra (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi: «Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Minbar oldiga kelinglar”, dedilar. Biz keldik. Uning birinchi pog‘onasiga ko‘tarilib, “Omin”, dedilar. Keyin ikkinchi pog‘onasiga ko‘tarildilar-da, “Omin”, dedilar. So‘ng uchinchisiga ko‘tarildilar-da, “Omin”, dedilar. Xutbani tugatib tushganlarida sahobalar: “Ey Allohning Rasuli, bugun sizdan hech eshitmaganimiz bir narsani eshitdik” deyishdi. U zot aytdilar: “Jabroil (alayhissalom) menga: “Ramazon oyiga yetib, mag‘firat qilinmagan kishi halok bo‘lsin”, dedi. Men: “Omin”, dedim. “Huzurida siz zikr qilinsangiz, sizga salavot aytmagan kishi halok bo‘lsin”, dedi. Men: “Omin”, dedim. Keyin: “Kimning ota-onasini yoki ulardan birini keksayib, uni jannatga kirgizmasa u halok bo‘lsin”, dedi. Men: “Omin”, dedim» (Tabaroniy, Bayhaqiy va Hokim).

 

Ro‘za ulug‘ ibodat. Biroz teranroq fikrlasak, uning qanchalar buyuk imkoniyatlar fasli ekanini anglashimiz mumkin.  Ro‘zador bir oy davomida kuni bilan o‘zini yeb-ichishdan tiyadi, nafsiga qarshi turadi. Kun qancha uzun va havo qancha issiq bo‘lmasin, o‘zini nazorat qiladi, hech kim ko‘rmaydigan joylarda ham man qilingan narsalardan saqlanadi. Jismi va ruhini poklab, nafsini tarbiyalaydi va yil bo‘yi harom narsalardan tiyilishga ko‘nikma hosil qiladi. Ro‘za tutgan kishining o‘ziga ishonchi ortadi, irodasi mustahkamlanadi, sabr-bardoshi qat’iylashadi va yana boshqa ko‘plab fazilatlarga ega bo‘ladi.

 

Vaqt to‘xtab turmaydi. Mushtoq bo‘lganimiz Ramazonning soatlari tobora ortda qolaveradi. G‘animat lahzalardan orttirgan yaxshi amallarimiz muhim. Yaxshi ko‘radigan jonimizni biroz qiyinchilikka qo‘yib bo‘lsa ham darajalar qozoniladigan daqiqalarni qo‘ldan boy bermay, topganlarimiz bilan shodlanadiganlar qatorida bo‘lolsak, umrimiz zoye bo‘lmaydi. Harakatlarimiz evaziga munosib samaraga ega bo‘lamiz.

 

Abu Hurayra (roziyallohu anhu) aytadi: «Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) dedilar: “U (Ramazon)ning oxirgi kechasida ro‘zadorlarning gunohlari kechiriladi”. Ular: “Ey Allohning  Rasuli, u Qadr kechasimi?”, deb so‘rashdi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Yo‘q, lekin ishchi ishini ado etganidan so‘ng ajri – haqi to‘la qilib beriladi”, dedilar (Imom Ahmad).

 

Bu muborak oy biz uchun ulug‘ imkoniyat, dedik. Bilib-bilmay qilgan gunohlarimizni mag‘firat qilishini Alloh taolodan so‘rashimiz uchun fursat, ajru mukofot! Bu anglay olganlarga qiyosi yo‘q ne’mat ham. U faqat Ramazon oyi ro‘zasini imon bilan savob talabida tutuvchi mo‘min-musulmonlargagina beriladi. 

 

Dunyoda turli sabablar tufayli ochlik, tashnalik azobini tortayotganlar ko‘p. Ramazonda qorni to‘qlar ham ixtiyoriy ravishda ularning holiga tushishadi. Kishi qalbida ularning holidan xabar olish, mehr-shafqat, rahmat, g‘amxo‘rlik tuyg‘ulari yanayam ko‘payadi.

 

Ramazon oyi hammaning – kattayu kichik, boyu kambag‘al, hokimu mahkum, kuchli va kuchsiz, to‘q va ochni tenglashtiradigan bag‘rikeng oydir. Hammamiz uchun bu oy muborak kechsin. Oqibati xursandchilik bo‘lgan mashaqqatlar toldirmasin.

 

 

 

Ramazon-2019
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

YUNЕSKO bilan O‘zbekiston mahalla tizimi tajribasini xalqaro darajada targ‘ib qilish masalasi muhokama qilindi

14.08.2026   50197   1 min.
YUNЕSKO bilan O‘zbekiston mahalla tizimi tajribasini xalqaro darajada targ‘ib qilish masalasi muhokama qilindi

O‘zbekiston va YUNЕSKOning Nomoddiy madaniy merosni muhofaza qilish to‘g‘risidagi konvensiyasi kotibiyati vakillari o‘rtasida onlayn uchrashuv bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.

Mamlakatimizning YUNЕSKO huzuridagi Doimiy vakolatxonasi ko‘magida tashkil etilgan muloqotda mahalla bilan bog‘liq madaniy an’ana va urf-odatlar, ularni xalqaro darajada targ‘ib qilish istiqbollari muhokama qilindi.

YUNЕSKOning Nomoddiy madaniy merosni muhofaza qilish to‘g‘risidagi konvensiyasi kotibi Fumiko Oxinata va Osiyo-Tinch okeani mintaqasi uchun mas’ul dastur mutaxassisi Nikolas Tan mavzu yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bayon etdi.

O‘zbekiston tomonidan Tashqi ishlar vazirligi, O‘zbekiston mahallalari uyushmasi hamda YUNЕSKO huzuridagi Doimiy vakolatxonasi vakillari mahallaning ko‘p asrlik tarixi, uning jamiyat hayotidagi alohida o‘rni va milliy an’analarni saqlashdagi ahamiyati haqida so‘z yuritdi.

Uchrashuvda mahalla O‘zbekiston xalqi turmush tarzining ajralmas qismi ekani ta’kidlandi. U insonlarni yaxshi qo‘shnichilik, o‘zaro yordam, hamjihatlik va katta avlod vakillariga hurmat tamoyillari asosida birlashtiradi.

YUNЕSKO Kotibiyati vakillari taqdim etilgan materiallarga katta qiziqish bildirdi. Ular O‘zbekistonda mahalla bilan bog‘liq shakllangan jamoat hayoti tartibining o‘ziga xos xususiyatlarini e’tirof etdi.

Suhbat davomida O‘zbekistonning nomoddiy madaniy merosni targ‘ib qilishdagi roli alohida qayd etildi. Shu nuqtayi nazardan, o‘zbek mahalla tizimi tajribasi YUNЕSKO Kotibiyati mutaxassislarida katta qiziqish uyg‘otdi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari