1-savol: Mahallamizdagi o‘ziga to‘q kishilar xayr-ehson qilishadi, yetimlarga va kam ta’minlangan oilalarga yordam qilishadi. Ko‘plab xayrli ishlarda homiylik qiladilar. Ammo o‘zlari namozini o‘qimaydi, ro‘zalarini tutishmaydi. Ularning oxirati qanday bo‘ladi?
Javob: Musulmon kishi qanday solih amal qilmasin, Allohning rizosini topish, savobga erishishni niyat etsa, Alloh taolo uning niyatiga qarab savob beraveradi. Masalan, bir kishi namoz o‘qimasada, ammo xayru ehson, sadaqa qilish bilan Allohdan savob umid etsa, namoz o‘qimagani uchun gunohkor bo‘ladi, lekin xayru sadaqasi uchun savob oladi. Biroq shuni yaxshi bilish kerakki, xayru ehsonlar tufayli erishilgan savoblar tark qilingan namoz evaziga orttirilgan gunohga kafforat bo‘lmaydi. Balki o‘qilmagan namozlar uchun Allohdan istig‘for so‘rab, tavba qilishi va bundan keyin biror vaqt ham namozni tark qilmasdan o‘qishi shart. Dunyo hayoti insonga berilgan imtihon muddati bo‘lib, hech kim umri qanday holatda nihoyasiga yetishini oldindan bilmaydi. Shunday ekan, inson doimo tavba va istig‘forda bardavom bo‘lib, avvalo, o‘zi uchun, qolaversa, boshqalar uchun ham Allohdan solih amallarga muvaffaq qilishini, hayoti dunyoda farz amallarni ado etishga muyassar aylashini duo qilib so‘ramog‘i lozim.
2-savol: Ramazon ro‘zasini tutishni boshlashda va uni tugatishda taqvimga e’tibor berish kifoyami yoki, albatta, oyni ko‘rish shartmi?
Javob: Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam): “Oyni ko‘rib ro‘za tutishni boshlanglar, oyni ko‘rib ro‘za tutishni tugatinglar!” deganlar.
Demak, shariat ko‘rsatmasiga binoan Ramazon ro‘zasi Ramazon oyi ko‘rinishi bilan boshlanib, shavvol oyi ko‘rinishi bilan tugaydi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) boshqa bir hadislarida: “Bir oy gohida o‘ttiz kunlik, gohida yigirma to‘qqiz kunlik bo‘ladi”, deganlar.
Hadisning mazmuniga qaraganda, oy har doim ham o‘ttiz kunlik bo‘lavermas ekan. Shuning uchun ham Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) Ramazonning boshlanishida va tugashida, albatta, oyni ko‘rishni shart qilganlar. Ammo bu degani har bir kishi o‘zi oyni ko‘rmaguncha ro‘zani boshlamasin yoki tugatmasin, degani emas.
Ma’lumki, havoda gaz va chang-g‘uborlar bo‘lgani sababli ko‘pincha yangi oyni birinchi kunida ko‘rish imkoni bo‘lmaydi. Agarda har bir kishi o‘zicha oyni ko‘rib, keyin ro‘za tutsin, deyilsa, u holda birinchi kun oyni ko‘ra olmagan kishilar ro‘zani bir kun keyin tutadi va natijada bir kunlik ro‘zasi qazo bo‘ladi. Bu esa musulmonlar o‘rtasida ixtilof chiqishiga sabab bo‘ladi. Shuning uchun ham oyni ko‘rish bo‘yicha maxsus idoralarda shu sohaning mutaxassislari ish olib boradilar. Ular yil davomida oyning harakatini kuzatib, shu asosda yillik taqvimlarni ishlab chiqadilar. Ramazon ro‘zasi taqvimi ham ularning xulosasiga ko‘ra tayyorlanadi. Ammo shu bilan kifoyalanib qolmay, O‘zbekiston musulmonlari idorasi xodimlaridan bir guruhi musulmonlarning ibodatlarini mukammal bo‘lishi uchun Toshkentdagi astronomiya institutiga borib, oyning holatini aniq o‘rganadilar va Ramazon oyining kirishi oldidan radio va televideniye orqali e’lon qilishadi.
3-savol: O‘tmishda qoldirgan ro‘zalarim uchun fidya bersam bo‘ladimi?
Javob: Yo‘q. Qari kishilar, ya’ni kundan-kun madori ketayotgan chol yoki kampir Ramazon ro‘zasining har bir kuni uchun fidya (bir miskinga ikki kilo bug‘doy yo uning bahosini) beradi (“Hidoya”, “Fatovoyi Hindiya”).
Siz o‘tmishda qoldirgan ro‘zalaringizning har bir kuni uchun qazosini tutib berasiz.
4-savol: Bu yil Ramazon oyi yozning eng issiq kunlariga to‘g‘ri kelmoqda. Men ish taqozosi yuzasidan ba’zan kun bo‘yi ko‘chada yurishimga to‘g‘ri keladi. Ro‘zani yilning salqin kunlarida tutib bersam bo‘ladimi?
Javob: Qudsiy hadisda bunday deyiladi: “Odam bolasining barcha amali ko‘paytiriladi. Bir yaxshilik o‘n barobardan yetti yuz barobargacha ko‘paytiriladi”. Alloh taolo aytadi: “Faqat ro‘za unday emas, u Men uchun, uning mukofotini O‘zim beraman...” (Imom Buxoriy rivoyati).
Shunday bo‘lgach, eng uzun yozning jazirama kunlarida ham sabr bilan nafsini tiyib ro‘za tutgan bandalar Alloh taoloning rahmatiga erishadi.
5-savol: Sha’bon oyining oxirida ro‘za tutib Ramazon oyiga qo‘shib ketsa bo‘ladimi?
Javob: Sha’bonning oxirida ro‘za tutib Ramazonga ulab ketishdan Nabiy (sollallohu alayhi va sallam) qaytarganlar. Bu xususda bir qancha hadislar kelgan.
Abu Hurayra (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi: “Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) bunday dedilar: “Qachonki Sha’bonning yarmi qolsa, ro‘za tutmanglar” (Termiziy rivoyati).
Yana Abu Hurayra (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi: “Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Hech kim ehtiyot yuzasidan Ramazondan bir yoki ikki kun ilgari ro‘za tutmasin, ro‘zani Ramazon oyi chiqqanini ko‘rib, so‘ng tutsin, ammo haftaning ma’lum kunlari doimo nafl ro‘za tutib yurgan odam ro‘zasi shak kuniga to‘g‘ri kelib qolsa, u holda tutaversin”, deb aytganlar” (Muttafaqun alayh).
Ulamolarimiz yuqoridagi hadislarni dalil qilib, Sha’bonning yarmidan keyin ro‘za tutishni makruh deyishadi. Lekin bir kishi dushanba va payshanba kunlarida ro‘za tutishni odat qilgan bo‘lsa yoki nazr ro‘za niyat qilgan bo‘lib, u Sha’bonning oxirgi kunlariga to‘g‘ri kelib tutsa, makruh emas.
6-savol: Ro‘zador kishining tobi qochsa, unga ukol qilish mumkinmi?
Javob: Alloh taolo bandalari zimmasiga toqatidan ortiq narsalarni yuklamaydi.
Imomi A’zam (rahmatullohi alayh) hazratlari tanaga bir narsa kirishi bilan ro‘za buziladi, deganlar. Shuning uchun ro‘zador ukol olsa ro‘zasi buziladi.
Agar o‘ta zarurat bo‘lmasa, ukolni iftorlikdan keyin yoki saharlikdan oldin qildirib olgani ma’qul. Lekin ro‘za tutganida sog‘ligi yomonlashgani tufayli ukol olmasa, hayoti xavf ostida bo‘lsa, ukol olib, ro‘zasining qazosini Ramazon tugaganidan keyin tutib beradi.
7-savol: Ro‘za paytida xotin-qizlar atir-upadan foydalanishlari mumkinmi? Undan foydalanganida ro‘za ochilib ketmaydimi?
Javob: Ro‘za ochilmaydi, chunki bu ro‘zani buzuvchi amallar sirasiga kirmaydi.
O‘MI Matbuot xizmati
18 avgust Toshkentning nafaqat diniy, balki madaniy va ilmiy merosi tarixida muhim o‘rin tutuvchi sana. Qur’oni Karimning eng qadimiy qo‘lyozmalaridan biri sifatida e’zozlanadigan Usmon Mus'hafi asrlar davomida Markaziy Osiyo tarixining turli bosqichlariga guvoh bo‘lib kelgan, xabar bermoqda iccu.uz.
Ushbu nodir qo‘lyozma yirik hajmdagi pergament varaqlarga yozilgan bo‘lib, matni qadimiy Hijoz xatida bitilgan. Mus'hafda hozirgi arab yozuvidagi nuqta va harakat belgilari mavjud emas. Manbalarda uning saqlanib qolgan qismi 338 yoki 353 varaqdan iborat ekani haqida turli ma’lumotlar uchraydi. Ayrim yo‘qolgan pergament varaqlar keyinchalik qog‘oz bilan almashtirilgan. Qo‘lyozmaning aniq sanasi xususida ilmiy adabiyotlarda turli qarashlar mavjud.
Tarixiy ma’lumotlarga ko‘ra, Mus'haf uzoq yillar Samarqandda saqlangan. 1868–1869 yillarda u Sankt-Peterburgga olib ketilgan va Imperator xalq kutubxonasiga topshirilgan. 1905 yilda qo‘lyozmaning 50 ta faksimile nusxasi ko‘chirilgan. 1917 yildagi siyosiy o‘zgarishlardan keyin musulmon ulamolarining talabi bilan Mus'haf avval Ufaga, keyin esa O‘rta Osiyoga qaytarilishi jarayoni boshlangan.
1924 yilda Usmon Mus'hafi Tatariston, Boshqirdiston va Turkiston ulamolaridan tashkil topgan maxsus kuzatuvchilar hamrohligida maxsus poyezd orqali Ufadan Toshkentga olib kelindi. Toshkentga olib kelinganidan so‘ng Mus'haf bir muddat shahardagi masjidlardan birida saqlandi. Keyinchalik uning asrab-avaylanishini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston tarixi davlat muzeyiga topshirildi.
1989 yil 14 mart kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan Musulmonlarning IV quriltoyida O‘zbekiston hukumati qarori bilan Usmon Mus'hafining musulmonlar ixtiyoriga qaytarilgani e’lon qilindi. Keyinchalik u O‘zbekiston musulmonlari idorasi ixtiyoriga topshirildi. Mus'haf bir muddat Hazrati Imom majmuasidagi «Mo‘yi Muborak» madrasasi muzey-kutubxonasida maxsus sharoitda ham saqlandi.
Usmon Mus'hafining tarixiy va madaniy ahamiyati xalqaro miqyosda ham e’tirof etilgan. 1997 yilda qo‘lyozma YUNЕSKOning «Memory of the World» — «Jahon xotirasi» dasturi ro‘yxatiga kiritilgan.
2025 yil 13 noyabr — Usmon Mus'hafi tarixida yana bir muhim sana. Aynan shu kuni nodir qo‘lyozma O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga olib kelindi. Bugun Qur’on zalidagi asosiy eksponatlardan biri sifatida alohida o‘rin egallab, yurtimizning ko‘p asrlik diniy, ilmiy va ma’naviy merosini namoyon etuvchi bebaho yodgorlik sifatida taqdim etilgan. Shuningdek, Markazda turli davrlarda Somoniylar, Qoraxoniylar, Xorazmshohlar va Temuriylar davrida ko‘chirilgan Qur’on nusxalarini ham ko‘rish mumkin. Usmon Mus'hafi tarixi bu faqat bir qo‘lyozmaning tarixi emas. Bu asrlar osha saqlangan ilmiy va ma’naviy meros, uni asrab-avaylagan avlodlar xotirasi va O‘zbekiston zaminida shakllangan buyuk islom sivilizatsiyasining uzviy davomiyligi haqidagi tarixdir.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati