Sayt test holatida ishlamoqda!
11 Yanvar, 2025   |   11 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:24
Quyosh
07:48
Peshin
12:36
Asr
15:33
Shom
17:17
Xufton
18:36
Bismillah
11 Yanvar, 2025, 11 Rajab, 1446

10.05.2019 y. Ramazon – oylar sultoni

6.05.2019   4664   15 min.
10.05.2019 y. Ramazon – oylar sultoni

بسم الله الرحمن الرحيم 

الحَمْدُ لله الَّذِي أَوْضَحَ لَنَا مَعَالِمَ الصِّيَامِ وَالقِيَامِ. وَالصَّلَاةُ وَالسَّلَامُ عَلَى نَبِيِّنَا مُحَمَّدٍ سَيِّدِ الْأَنَامِ، وَعَلَى آلِهِ وَصَحْبِهِ البَرَرَةِ الْكِرَامِ، اَمَّا بَعْدُ

RAMAZON – OYLAR SULTONI

 (RO‘ZAGA OID HUKMLAR)

Hurmatli jamoat! Ma’lumki, yeru osmon yaratilgandan beri, bir yilda o‘n ikki oy bor. Bu haqda Qur’oni karimda shunday deyiladi:

إِنَّ عِدَّةَ الشُّهُورِ عِنْدَ اللَّهِ اثْنَا عَشَرَ شَهْرًا فِي كِتَابِ اللَّهِ يَوْمَ خَلَقَ السَّمَاوَاتِ وَالْأَرْضَ

ya’ni: “Albatta, Allohning nazdida oylarning adadi – Allohning osmonlar va Yerni yaratgan kunidagi bitigiga muvofiq – o‘n ikki oydir” (Tavba surasi, 36-oyat).

Dinimizda mana shu oylarning o‘ziga yarasha fazilatlari zikr qilingan bo‘lib, Ramazon oyi ular ichida alohida ajralib turadi. Quyidagi hadisi sharifda shu fazilatlarga ishora qilinadi:

عَنْ سَلْمَانَ الْفَارِسِيِّ قَالَ خَطَبَنَا رَسُولُ اللهِ صلى الله عليه وسلم آخِرَ يَوْمٍ مِنْ شَعْبَانَ فَقَالَ : "يَا أَيُّهَا النَّاسُ إِنَّهُ قَدْ أَظَلَّكُمْ شَهْرٌ عَظِيمٌ شَهْرٌ مُبَارَكٌ فِيهِ لَيْلَةٌ خَيْرٌ مِنْ أَلْفِ شَهْرٍ فَرَضَ اللَّهُ صِيَامَهُ وَجَعَلَ قِيَامَ لَيْلِهِ تَطَوُّعًا فَمَنْ تَطَوَّعَ فِيهِ بِخِصْلَةٍ مِنَ الْخَيْرِ كَانَ كَمَنْ أَدَّى فَرِيضَةً فَمَا سِوَاهُ وَمَنْ أَدَّى فِيهِ فَرِيضَةً كَانَ كَمَنْ أَدَّى سَبْعِينَ فَرِيضَةً وَهُوَ شَهْرُ الصَّبْرِ وَالصَّبْرُ ثَوَابُهُ الْجَنَّةُ وَهُوَ شَهْرُ الْمُوَاسَاةِ وَهُوَ شَهْرٌ يُزَادُ رِزْقُ الْمُؤْمِنِ فِيهِ مَنْ فَطَّرَ صَائِمًا كَانَ لَهُ عِتْقُ رَقَبَةٍ وَمَغْفِرَةٌ لِذُنُوبِهِ" قِيلَ: يَا رَسُولَ اللهِ لَيْسَ كُلُّنَا يَجِدُ مَا يُفَطِّرُ الصَّائِمَ قَالَ: "يُعْطِي اللَّهُ هَذَا الثَّوَابَ مَنْ فَطَّرَ صَائِمًا عَلَى مَذْقَةِ لَبَنٍ أَوْ تَمْرَةٍ أَوْ شَرْبَةِ مَاءٍ وَمَنْ أَشْبَعَ صَائِمًا كَانَ لَهُ مَغْفِرَةٌ لِذُنُوبِهِ وَسَقَاهُ اللَّهُ مِنْ حَوْضِي شَرْبَةً لاَ يَظْمَأُ حَتَّى يَدْخُلَ الْجَنَّةَ وَكَانَ لَهُ مِثْلُ أَجْرِهِ مِنْ غَيْرِ أَنْ يَنْقُصَ مِنْ أَجْرِهِ شَيْئًا وَهُوَ شَهْرٌ أَوَّلُهُ رَحْمَةٌ وَأَوْسَطُهُ مَغْفِرَةٌ وَآخِرُهُ عِتْقٌ مِنَ النَّارِ وَمَنْ خَفَّفَ عَنْ مَمْلُوكِهِ فِيهِ أَعْتَقَهُ اللَّهُ مِنَ النَّارِ"

(أخرجه الإمام البيهقي والإمام ابن خزيمة)

ya’ni: Salmon Forsiy raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sallallohu alayhi vasallam Sha’bon oyi oxirida bizlarga xutba o‘qidilar: “Ey insonlar! Ulug‘, muborak oy sizlarga soya solib turibdi. Bu oyda ming oydan ko‘ra yaxshiroq bir kecha bor. Alloh taolo bu oyning ro‘zasini farz qildi, kechasi bedor bo‘lishni nafl qildi. Kim unda biror bir yaxshilik ila Allohga yaqinlik hosil qilsa, xuddi boshqa oylarda farzni ado qilganga o‘xshaydi. Kim unda bir farz amalni ado etsa (boshqa oylarda) yetmishta farzni ado qilgandek bo‘ladi. Bu oy sabr oyidir. Sabrning savobi jannatdir. Bu oy o‘zgalardan ko‘ngil so‘rash, mehr-muruvvat ko‘rsatish oyidir. Bu oyda mo‘min kishining rizqi ziyodalashadi. Kim u kunda biror ro‘zadorga iftorlik qilib bersa, bu uning gunohlariga mag‘firat va jahannamdan ozod bo‘lishiga sabab bo‘ladi”, dedilar. Shunda: “Ey, Rasululloh, har birimiz ro‘zadorni taomlantiradigan narsa topa olmaymiz-ku”, – deyildi. Rasululloh sallallohu alayhi vasallam: Alloh taolo bu savobni ro‘zadorga bir yutum sut yo bir dona xurmo yo bir qultum suv bilan iftorlik qilib bergan kishiga ham beradi, kim ro‘zadorni to‘ydirsa, bu uning gunohlariga kafforat bo‘ladi va Alloh taolo uni mening havzimdan sug‘oradiki, undan keyin to jannatga kirguniga qadar chanqamaydi. Hamda iftorlik qilib berganga ham ro‘zadorning ajridan biror narsa kamaytirilmagan holda, o‘shancha ajr bo‘ladi. Bu oyning avvali rahmat, o‘rtasi mag‘firat, oxiri jahannamdan ozod bo‘lishdir. Kim ramazon oyida qo‘l ostidagi (xizmatchisi)ga yengillik qilsa, Alloh taolo uni mag‘firat qiladi va uni do‘zaxdan ozod qiladi”, dedilar (Imom Bayhaqiy va ibn Xuzayma rivoyat qilgan).

  • Ramazon oyida ro‘za ibodatining ado etilishi bu oyga fayz baxsh etadi. Ro‘za ibodati – ro‘zaga layoqatli kishining tong otgandan quyosh botgunicha niyat bilan yeyish-ichishi va jinsiy aloqadan tiyilishidir. Mazkur narsalardan tiyilsayu umuman Ramazon ro‘zasini tutishni niyat qilmasa, ro‘zasi durust bo‘lmaydi. Ramazon ro‘zasining har kuni uchun alohida niyat qilinadi. Ertangi kun uchun niyat qilishni quyosh botishi bilan qilish mumkin. Niyatni qalbda qilish farz bo‘lib, tilda ham aytish mustahabdir (“Fatovoi hindiya”).  
  • Ozgina bo‘lsa ham saharlik qilish sunnatdir. Ramazon oyida saharlikka uxlab qolgan odam, uyqudan turgach, ro‘zani buzadigan (ya’ni, yeb-ichish, er-xotinlik aloqasi kabi) ishlarni qilmasdan, shu kungi ro‘zani tutishni to peshin vaqti kirgunicha niyat qiladi va tutgan ro‘zasi durust bo‘ladi.
  • Agar tong otgandan keyin qasddan yoki unutib yegan, ichgan yo jinsiy aloqa qilgan bo‘lsa, bundan keyin o‘sha kungi ro‘zani niyat qilishi joiz bo‘lmaydi” (“Fatovoi hindiya”, “Sharhut Tahoviy”).
  • Dinimizda iftorlikni tezlashtirishga targ‘ib qilingan, og‘iz ochishni qasddan Shom namozidan keyinga surish sunnatga xilofdir. Iftorni tezlatish afzal va quyosh botishi bilan namozdan oldin og‘iz ochish mustahabdir (“Fatovoi hindiya”).
  • Ro‘zador kishi unutib, yesa, ichsa yoki jinsiy aloqa qilsa, ro‘zasi ochilmaydi, lekin ro‘zadorligi yodiga kelgan zahoti yeb-ichishdan to‘xtaydi, hatto og‘zida chaynab turgan luqmani ham yutmaydi.
  • Ehtilom, ya’ni uyquda bulg‘anish ro‘zani buzmaydi. Chunki, u o‘zi ixtiyori bilan bo‘lmagan. Bunday holatda ro‘zador g‘usl qilib olishi yetarli bo‘ladi. 
  • Ayol kishi ro‘za tutayotganda hayz yoki nifos qoni ko‘rib qolsa, ro‘zasi ochilib ketadi va qazosini tutib berishi zimmasiga lozim bo‘ladi.
  • Hayz qoni tong otmasdan to‘xtasa va hali tonggacha g‘usl qilsa bo‘ladigan vaqt ham bo‘lsa, garchi g‘usl qilmasada ro‘za tutishi lozim bo‘ladi.  Hayz qoni subhi sodiqqacha g‘usl qilsa, ulgurmaydigan vaqtda to‘xtasa, ro‘za tutishi lozim bo‘lmaydi.
  • Ayollar ro‘zani to‘liq tutish maqsadida dori iste’mol qilib, odat qonini kechiktirishi joiz. Odatiy qon kelmaguncha ayol kishi pok sanaladi va ro‘za tutishi lozim. Qonni to‘xtatib turish-turmaslik borasida shar’an qaytariq yo‘q. Bu ish ayol kishining sog‘ligiga zarar qilmasa joiz, zarar qilsa joiz emas.
  • Yonbosh yoki teri ostiga (ozuqa va quvvat bermaydigan) ukol olish bilan ro‘za buzilmasligiga ulamolar yakdil fikr bildirganlar. “Fatovoi hindiya” kitobida shunday deyiladi: “Terining orasidan ichkariga yog‘ kabi narsalarning kirishi ro‘zani ochmaydi. Odatiy yo‘llardan boshqa joylardan terining orasiga narsa kirishi, masalan, ilon chaqib olishi (garchi tomirdan chaqsada), sovuq suvda g‘usl qilish natijasida teri orasidan ichkariga suv o‘tishi, ro‘zani ochmasligiga barcha ulamolar ittifoq qilganlar”.
  • Ulamolarning ko‘pchiligi tomirdan olingan ukol ro‘zaning buzilishini bayon qilishgan.
  • Ko‘zga dori tomizilsa, ro‘zani ochmaydi (“Fatovoi hindiya”). Zamonaviy tibbiyot ko‘zdan dimoqqa yo‘l borligini isbotlagan. Shuning uchun bu ishni ehtiyotan, iftordan keyinga qoldirgan ma’qul.
  • Sepiladigan yoki til ostiga qo‘yiladigan dori o‘zi yoki og‘iz suvi bilan aralashib ichga ketadigan bo‘lsa, ro‘zani ochadi. Ichga ketmaydigan, faqat og‘izda qoladigan bo‘lsa, faqat uning ta’mini sezish sababli yurak tinchlanadigan bo‘lsa, maxsus asbob (pulverizator) bilan og‘izga sovuq havo yuboriladigan bo‘lsa ro‘za ochilmaydi.
  • Nafas qisishi va boshqa kasalliklarda ishlatiladigan aerozollar agar gaz ko‘rinishida bo‘lsa, ro‘zani ochmaydi. Agar suyuq dorilar ko‘rinishida bo‘lsa, tomoqdan o‘tsa ro‘zani buzadi.
  • Turli surtma dorilar va shu kabi vositalarni badanga surtish bilan ro‘za ochilmaydi.
  • Burun, quloq, orqa avrat kabi asliy yo‘llardan suyuqlik, dori tomizish, klizma tufayli ichkariga yoki miyaga biror narsa yetib borsa ro‘za ochiladi (“Badoyius sanoye”).
  • Shariatimiz ikki toifa kishilarni ro‘za tutmasliklariga ruxsat berib, o‘rniga Ramazonning har bir kuni uchun fidya berishga buyurgan.
  1. Qarilik sababli umuman ro‘za tutishga yaramaydigan, kundan-kunga jismonan zaiflashib borayotgan yoshi ulug‘ keksalar.
  2. Surunkali kasal bo‘lib, odatda tuzalishiga umid bo‘lmagan va ro‘za tutish ularning salomatligiga jiddiy ziyon yetkazishi mumkin bo‘lgan bemorlar (“Bahrur roiq”).

Har kunlik fidyaning miqdori yarim so’ bug‘doy (taqriban 2 kg.) yoki bir so’ (taqriban 4 kg.) xurmo yohud bir so’ arpadir. Bularning qiymatini berish bilan ham fidya ado bo‘ladi. Fidyani Ramazon oyi kirishidan oldin berilmaydi. Oy kirishi bilan xohlasalar, o‘ttiz kunlik ro‘zaning fidyalarini birdaniga jamlab beradi, xohlasalar har kuni bo‘lib-bo‘lib to‘lab beradi. Ro‘za fidyasini bir kishiga ham yoki bir necha kishiga ham berish mumkin (“Fatovoyi Hindiya”, “Raddul muhtor”).

Fidyani miskin, faqir, beva-bechora, yetim-yesir, nochor va zakot berishga qodir bo‘lmaganlarga beriladi. Ammo otasi, onasi, farzandlari, nabiralari, eri, xotini va zakot berishga qodir bo‘lganlarga berishi joiz emas.

Afsuski, hozirgi kunda Ramazon oyida bemor bo‘lib, tuzalgandan keyin qazosini tutib berishga layoqati bo‘lgan ba’zi kishilar bemorliklarida ro‘zaning fidyasini berib qo‘yib, tuzalganlaridan keyin “men qazo bo‘lgan ro‘zalarimni tutmayman, chunki men fidyasini berganman” demoqdalar. Vaholanki, shariatimiz fidya berishni ularga buyurmagan, balki tuzalganlaridan keyin qoldirgan ro‘zalarining qazosini tutib berishlarini farz qilgan. 

  • Ish tufayli ro‘zani tark qilishga ruxsat yo‘q. Ammo ro‘zadorga ish chog‘ida ro‘zani ochishga shar’iy uzr (ro‘zani ochmasa, joniga zarar yetadigan holat) paydo bo‘lsa ro‘zasini ochadi. Uning zimmasiga qazo lozim bo‘ladi, kafforat emas (“Fatovoi hindiya”).
  • Ro‘zador mushk, atr va boshqa xushbo‘yliklarni hidlashi makruh emas, ro‘zasi ochilmaydi.
  • Ro‘za holatida misvok ishlatish mumkin. Lekin, misvok ishlatganda milklar qonasa yoki og‘izga suv to‘plansa yutib yuborib bo‘lmaydi.
  • Ro‘zador tahlil uchun yoki birovga qon berish uchun qon oldirishi mumkin. Agar qon oldirish ro‘zadorni charchatib qo‘yadigan bo‘lsa, makruh bo‘ladi. Bunday ishlarni og‘iz ochgandan keyinga qoldirgan yaxshiroq.
  • Qasddan qayt qilmasa ro‘za ochilmaydi. Agar qasddan, o‘zini-o‘zi qayt qildirsa, og‘iz to‘la bo‘lsa ro‘za ochiladi, og‘iz to‘la bo‘lmasa ochilmaydi. Taom og‘ziga kelib, so‘ng beixtiyor qaytib ketsa, ro‘za ochilmaydi.
  • Sigaret chekish, tamaki va nosga o‘xshash moddalarni iste’mol qilish bilan ro‘za ochiladi (“Al-Fiqhul islamiy va adillatuh”). “Raddul muhtor” kitobida chilim, sigaret kabi moddalarni chekish kafforatni vojib qilishi aytilgan.
  • Ro‘zador biror narsani tatib ko‘rsa makruh bo‘lsada, ro‘za ochilmaydi, lekin tatib ko‘rgan narsasini yutib yubormasdan, og‘zidan chiqarib yuborishi darkor, aks holda ro‘za ochiladi (“Raddul muhtor”).
  • Ro‘zani qasddan buzish aslo mumkin emas, bu katta gunoh bo‘ladi. Ro‘zador kishi kunduz kuni, qasddan jinsiy aloqa qilsa, insonga ozuqa bo‘ladigan narsalarni yesa va ichsa yoki dori bo‘ladigan narsalarni yesa va ichsa kaffarot vojib bo‘ladi. Yuqoridagi holatlarda inson yo‘qotilgan o‘sha kun uchun bir kun qazo tutib beradi va qasdan qilganlik jazosiga yana ikki oy uzluksiz ro‘za tutishi yoki oltmish miskinni to‘ydirishi lozim bo‘ladi.

Shunisi ham muhimki, ro‘za tutishdan maqsad – Alloh taoloning buyrug‘ini bajarish, taqvo sifatini hosil qilishdir. Ro‘za tutib yomonligini qo‘ymagan, yolg‘on, g‘iybat va gunoh ishlarni tark etmagan kishining faqat och qolganiyu chanqagani qoladi. Payg‘ambarimiz hadisi shariflarida shunga ishoralar kelgan.   

Alloh taolo barchamizga Ramazon oyining fazilatlaridan to‘liq foydalanish uchun tavfiq bersin, o‘zining sevimli, soim va qoim bandalaridan bo‘lishimizni nasib aylasin! Omin!

 

Muhtaram imom domla! Ko‘pchilik mo‘min-musulmonlarimizda ro‘zaga oid ahkomlarni bilishga ehtiyoj katta bo‘lganligini inobatga olib, boshqa mavzuga chalg‘imay, uni batafsil va ta’sirchan uslubda yetkazishingizni so‘raymiz. 

 

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo hay’atining 2019 yilgi zakot, fitr sadaqa va fidya miqdori bo‘yicha

QARORI

 

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo hay’atining milodiy     2019 yil (hijriy 1440 yil) uchun ZAKOT nisobi 1 gramm tilloning bugungi kunda bozorlarimizdagi o‘rtacha narxi 200 000 (ikki yuz ming) so‘m ekanligini e’tiborga olib, zakot nisobi 85 (sakson besh) gramm tillo, ya’ni 17 000 000 (o‘n yetti million) so‘m deb belgilangani va mazkur summaning qirqdan bir (1/40) hissasi, ya’ni 425 000 (to‘rt yuz yigirma besh ming) so‘mni zakot niyatida chiqarilishi haqidagi xulosasi ma’qullansin.

Ma’lumki, fitr sadaqasi Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallamning hadislariga binoan to‘rt narsadan chiqariladi. Ular bug‘doydan yarim so’, arpadan bir so’, mayizdan yarim so’ va xurmodan bir so’dir. Bir so’ taqriban () 4 kilogrammdir.

Shunga ko‘ra, bu yilgi FITR sadaqasining miqdori Toshkent shahar bozorlaridagi narxga ko‘ra:

2 kilogramm bug‘doydan 6 000 (olti ming) so‘m;

≈ 4 kilogramm arpadan 10 000 (o‘n ming) so‘m;

2 kilogramm mayizdan 70 000 (yetmish ming) so‘m;

≈ 4 kilogramm xurmodan 100 000  (yuz ming) so‘m bo‘ladi.

Har kim o‘z imkoniyatiga qarab ushbu to‘rt mahsulotning xohlagan bir turidan fitr sadaqasini bersa kifoya.

Bu yilgi FIDYA miqdori bir miskinning bir kunlik oziq-ovqati barobarida bo‘lib, uning o‘rtacha qiymati 15 000 (o‘n besh ming) so‘m, deb belgilansin. 

 

Muhtaram imom-domla! Kelgusi juma ma’ruzasi “ZAKOT BЕRISH-BUYUK IBODAT” mavzusida bo‘ladi. Jamoatga e’lon qilishingizni so‘raymiz. 

 

Muhtaram imom-domla! Masjidlarda namoz vaqtiga qat’iy rioya etib, xususan, juma namozini belgilangan vaqtdan o‘tkazmagan holda ado etishingiz va juma ish kuni bo‘lgani uchun namozxonlarni ko‘p ushlanib qolishlariga yo‘l qo‘ymasligingiz tavsiya etiladi!

Juma mav'izalari
Boshqa maqolalar

Sirdaryo imom-xatiblarining ish tajribasi oshirildi

10.01.2025   2659   2 min.
Sirdaryo imom-xatiblarining ish tajribasi oshirildi

Shu yil 9 yanvar kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi va Din ishlari bo‘yicha qo‘mita hamkorligida o‘tkazib kelinayotgan namunaviy-amaliy tadbirlarning navbatdagisi Sirdaryo tumanida o‘tkazildi.


Mazkur tumandagi “Abu Bakr” masjididagi yig‘ilishda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Zayniddin domla Eshonqulov boshchiligida Sirdaryo viloyat vakilligi xodimlari, tumanlar bosh imom-xatiblari va tajribali imom-xatiblardan iborat Ishchi guruh tuzilib, ular hududdagi 7 ta masjid va 21 ta mahallaga biriktirildi. Shuningdek, mahallalardagi “Haj – 2024” ziyoratchilari ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarga jalb etildi.


Tadbir doirasida imom-xatiblar 105 ta oilaga, 21 ta oilaga, umumiy hisobda 126 ta oilaga kirib, targ‘ibot va amaliy yordam ishlarni olib bordi.


Xususan, 38 ta xonadonda yot g‘oyalar ta’siriga moyil bo‘lganlar bilan suhbatlashilib, ularning tushunchalari to‘g‘rilandi. 19 oila buzilishining oldi olindi. Nogironligi bor, ehtiyojmand va tabarruk yoshdagi qariyalar yashaydigan 5 ta oilaga kirib sovg‘a-salomlar ulashildi.


Shuningdek, ishchi guruh a’zolari imom-xatiblar faoliyatini o‘rgandi. Jumladan, ustav asosida ish yuritish, jamoani boshqarish, masjidni toza va ozoda saqlash, unda qulay sharoitlar hozirlash kabi jihatlar ko‘rib chiqildi. Natijada imom-xatib boshchiligidagi masjidlar jamoasining faoliyatiga ijobiy baho berildi.


Bundan tashqari, ishchi guruh a’zolari o‘zlariga biriktirilgan masjidlarda peshin namozini ado qilib, qavmga “Tinchlik ne’mati”, “Shukronalik”, “O‘zaro hamjihatlik”, “Oila muqaddasligi”, “Husni xulq”, “Qo‘shnichilik odoblari”, “Mazhabga ergashish va yot g‘oyalar ta’siridan saqlanish” kabi dolzarb mavzulardagi ma’ruza qilishdi. Ularda 1 300 nafardan ortiq namozxon qamrab olindi.


Tadbir so‘ngida Sirdaryo tumani imom-xatiblarining ma’naviy-ma’rifiy va masjid boshqaruvidagi faoliyatida kuzatilgan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan ko‘rsatma va tavsiyalar berildi.


Ma’lumot o‘rnida Sirdaryo viloyati imom-xatiblari faoliyati samaradorligini oshirishga qaratilgan Ishchi guruh faoliyati 2025 yilning 28 yanvar kuni Xovos tumanida o‘tkazilishi reja qilindi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi

Matbuot xizmati

Sirdaryo imom-xatiblarining ish tajribasi oshirildi Sirdaryo imom-xatiblarining ish tajribasi oshirildi Sirdaryo imom-xatiblarining ish tajribasi oshirildi Sirdaryo imom-xatiblarining ish tajribasi oshirildi Sirdaryo imom-xatiblarining ish tajribasi oshirildi Sirdaryo imom-xatiblarining ish tajribasi oshirildi Sirdaryo imom-xatiblarining ish tajribasi oshirildi Sirdaryo imom-xatiblarining ish tajribasi oshirildi Sirdaryo imom-xatiblarining ish tajribasi oshirildi Sirdaryo imom-xatiblarining ish tajribasi oshirildi Sirdaryo imom-xatiblarining ish tajribasi oshirildi Sirdaryo imom-xatiblarining ish tajribasi oshirildi Sirdaryo imom-xatiblarining ish tajribasi oshirildi Sirdaryo imom-xatiblarining ish tajribasi oshirildi Sirdaryo imom-xatiblarining ish tajribasi oshirildi Sirdaryo imom-xatiblarining ish tajribasi oshirildi Sirdaryo imom-xatiblarining ish tajribasi oshirildi Sirdaryo imom-xatiblarining ish tajribasi oshirildi Sirdaryo imom-xatiblarining ish tajribasi oshirildi