بسم الله الرحمن الرحيم
الحَمْدُ لله الَّذِي أَوْضَحَ لَنَا مَعَالِمَ الصِّيَامِ وَالقِيَامِ. وَالصَّلَاةُ وَالسَّلَامُ عَلَى نَبِيِّنَا مُحَمَّدٍ سَيِّدِ الْأَنَامِ، وَعَلَى آلِهِ وَصَحْبِهِ البَرَرَةِ الْكِرَامِ، اَمَّا بَعْدُ
RAMAZON – OYLAR SULTONI
(RO‘ZAGA OID HUKMLAR)
Hurmatli jamoat! Ma’lumki, yeru osmon yaratilgandan beri, bir yilda o‘n ikki oy bor. Bu haqda Qur’oni karimda shunday deyiladi:
إِنَّ عِدَّةَ الشُّهُورِ عِنْدَ اللَّهِ اثْنَا عَشَرَ شَهْرًا فِي كِتَابِ اللَّهِ يَوْمَ خَلَقَ السَّمَاوَاتِ وَالْأَرْضَ
ya’ni: “Albatta, Allohning nazdida oylarning adadi – Allohning osmonlar va Yerni yaratgan kunidagi bitigiga muvofiq – o‘n ikki oydir” (Tavba surasi, 36-oyat).
Dinimizda mana shu oylarning o‘ziga yarasha fazilatlari zikr qilingan bo‘lib, Ramazon oyi ular ichida alohida ajralib turadi. Quyidagi hadisi sharifda shu fazilatlarga ishora qilinadi:
عَنْ سَلْمَانَ الْفَارِسِيِّ قَالَ خَطَبَنَا رَسُولُ اللهِ صلى الله عليه وسلم آخِرَ يَوْمٍ مِنْ شَعْبَانَ فَقَالَ : "يَا أَيُّهَا النَّاسُ إِنَّهُ قَدْ أَظَلَّكُمْ شَهْرٌ عَظِيمٌ شَهْرٌ مُبَارَكٌ فِيهِ لَيْلَةٌ خَيْرٌ مِنْ أَلْفِ شَهْرٍ فَرَضَ اللَّهُ صِيَامَهُ وَجَعَلَ قِيَامَ لَيْلِهِ تَطَوُّعًا فَمَنْ تَطَوَّعَ فِيهِ بِخِصْلَةٍ مِنَ الْخَيْرِ كَانَ كَمَنْ أَدَّى فَرِيضَةً فَمَا سِوَاهُ وَمَنْ أَدَّى فِيهِ فَرِيضَةً كَانَ كَمَنْ أَدَّى سَبْعِينَ فَرِيضَةً وَهُوَ شَهْرُ الصَّبْرِ وَالصَّبْرُ ثَوَابُهُ الْجَنَّةُ وَهُوَ شَهْرُ الْمُوَاسَاةِ وَهُوَ شَهْرٌ يُزَادُ رِزْقُ الْمُؤْمِنِ فِيهِ مَنْ فَطَّرَ صَائِمًا كَانَ لَهُ عِتْقُ رَقَبَةٍ وَمَغْفِرَةٌ لِذُنُوبِهِ" قِيلَ: يَا رَسُولَ اللهِ لَيْسَ كُلُّنَا يَجِدُ مَا يُفَطِّرُ الصَّائِمَ قَالَ: "يُعْطِي اللَّهُ هَذَا الثَّوَابَ مَنْ فَطَّرَ صَائِمًا عَلَى مَذْقَةِ لَبَنٍ أَوْ تَمْرَةٍ أَوْ شَرْبَةِ مَاءٍ وَمَنْ أَشْبَعَ صَائِمًا كَانَ لَهُ مَغْفِرَةٌ لِذُنُوبِهِ وَسَقَاهُ اللَّهُ مِنْ حَوْضِي شَرْبَةً لاَ يَظْمَأُ حَتَّى يَدْخُلَ الْجَنَّةَ وَكَانَ لَهُ مِثْلُ أَجْرِهِ مِنْ غَيْرِ أَنْ يَنْقُصَ مِنْ أَجْرِهِ شَيْئًا وَهُوَ شَهْرٌ أَوَّلُهُ رَحْمَةٌ وَأَوْسَطُهُ مَغْفِرَةٌ وَآخِرُهُ عِتْقٌ مِنَ النَّارِ وَمَنْ خَفَّفَ عَنْ مَمْلُوكِهِ فِيهِ أَعْتَقَهُ اللَّهُ مِنَ النَّارِ"
(أخرجه الإمام البيهقي والإمام ابن خزيمة)
ya’ni: Salmon Forsiy raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sallallohu alayhi vasallam Sha’bon oyi oxirida bizlarga xutba o‘qidilar: “Ey insonlar! Ulug‘, muborak oy sizlarga soya solib turibdi. Bu oyda ming oydan ko‘ra yaxshiroq bir kecha bor. Alloh taolo bu oyning ro‘zasini farz qildi, kechasi bedor bo‘lishni nafl qildi. Kim unda biror bir yaxshilik ila Allohga yaqinlik hosil qilsa, xuddi boshqa oylarda farzni ado qilganga o‘xshaydi. Kim unda bir farz amalni ado etsa (boshqa oylarda) yetmishta farzni ado qilgandek bo‘ladi. Bu oy sabr oyidir. Sabrning savobi jannatdir. Bu oy o‘zgalardan ko‘ngil so‘rash, mehr-muruvvat ko‘rsatish oyidir. Bu oyda mo‘min kishining rizqi ziyodalashadi. Kim u kunda biror ro‘zadorga iftorlik qilib bersa, bu uning gunohlariga mag‘firat va jahannamdan ozod bo‘lishiga sabab bo‘ladi”, dedilar. Shunda: “Ey, Rasululloh, har birimiz ro‘zadorni taomlantiradigan narsa topa olmaymiz-ku”, – deyildi. Rasululloh sallallohu alayhi vasallam: “Alloh taolo bu savobni ro‘zadorga bir yutum sut yo bir dona xurmo yo bir qultum suv bilan iftorlik qilib bergan kishiga ham beradi, kim ro‘zadorni to‘ydirsa, bu uning gunohlariga kafforat bo‘ladi va Alloh taolo uni mening havzimdan sug‘oradiki, undan keyin to jannatga kirguniga qadar chanqamaydi. Hamda iftorlik qilib berganga ham ro‘zadorning ajridan biror narsa kamaytirilmagan holda, o‘shancha ajr bo‘ladi. Bu oyning avvali rahmat, o‘rtasi mag‘firat, oxiri jahannamdan ozod bo‘lishdir. Kim ramazon oyida qo‘l ostidagi (xizmatchisi)ga yengillik qilsa, Alloh taolo uni mag‘firat qiladi va uni do‘zaxdan ozod qiladi”, dedilar (Imom Bayhaqiy va ibn Xuzayma rivoyat qilgan).
Har kunlik fidyaning miqdori yarim so’ bug‘doy (taqriban 2 kg.) yoki bir so’ (taqriban 4 kg.) xurmo yohud bir so’ arpadir. Bularning qiymatini berish bilan ham fidya ado bo‘ladi. Fidyani Ramazon oyi kirishidan oldin berilmaydi. Oy kirishi bilan xohlasalar, o‘ttiz kunlik ro‘zaning fidyalarini birdaniga jamlab beradi, xohlasalar har kuni bo‘lib-bo‘lib to‘lab beradi. Ro‘za fidyasini bir kishiga ham yoki bir necha kishiga ham berish mumkin (“Fatovoyi Hindiya”, “Raddul muhtor”).
Fidyani miskin, faqir, beva-bechora, yetim-yesir, nochor va zakot berishga qodir bo‘lmaganlarga beriladi. Ammo otasi, onasi, farzandlari, nabiralari, eri, xotini va zakot berishga qodir bo‘lganlarga berishi joiz emas.
Afsuski, hozirgi kunda Ramazon oyida bemor bo‘lib, tuzalgandan keyin qazosini tutib berishga layoqati bo‘lgan ba’zi kishilar bemorliklarida ro‘zaning fidyasini berib qo‘yib, tuzalganlaridan keyin “men qazo bo‘lgan ro‘zalarimni tutmayman, chunki men fidyasini berganman” demoqdalar. Vaholanki, shariatimiz fidya berishni ularga buyurmagan, balki tuzalganlaridan keyin qoldirgan ro‘zalarining qazosini tutib berishlarini farz qilgan.
Shunisi ham muhimki, ro‘za tutishdan maqsad – Alloh taoloning buyrug‘ini bajarish, taqvo sifatini hosil qilishdir. Ro‘za tutib yomonligini qo‘ymagan, yolg‘on, g‘iybat va gunoh ishlarni tark etmagan kishining faqat och qolganiyu chanqagani qoladi. Payg‘ambarimiz hadisi shariflarida shunga ishoralar kelgan.
Alloh taolo barchamizga Ramazon oyining fazilatlaridan to‘liq foydalanish uchun tavfiq bersin, o‘zining sevimli, soim va qoim bandalaridan bo‘lishimizni nasib aylasin! Omin!
Muhtaram imom domla! Ko‘pchilik mo‘min-musulmonlarimizda ro‘zaga oid ahkomlarni bilishga ehtiyoj katta bo‘lganligini inobatga olib, boshqa mavzuga chalg‘imay, uni batafsil va ta’sirchan uslubda yetkazishingizni so‘raymiz.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo hay’atining 2019 yilgi zakot, fitr sadaqa va fidya miqdori bo‘yicha
QARORI
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo hay’atining milodiy 2019 yil (hijriy 1440 yil) uchun ZAKOT nisobi 1 gramm tilloning bugungi kunda bozorlarimizdagi o‘rtacha narxi 200 000 (ikki yuz ming) so‘m ekanligini e’tiborga olib, zakot nisobi 85 (sakson besh) gramm tillo, ya’ni 17 000 000 (o‘n yetti million) so‘m deb belgilangani va mazkur summaning qirqdan bir (1/40) hissasi, ya’ni 425 000 (to‘rt yuz yigirma besh ming) so‘mni zakot niyatida chiqarilishi haqidagi xulosasi ma’qullansin.
Ma’lumki, fitr sadaqasi Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallamning hadislariga binoan to‘rt narsadan chiqariladi. Ular bug‘doydan yarim so’, arpadan bir so’, mayizdan yarim so’ va xurmodan bir so’dir. Bir so’ taqriban (≈) 4 kilogrammdir.
Shunga ko‘ra, bu yilgi FITR sadaqasining miqdori Toshkent shahar bozorlaridagi narxga ko‘ra:
≈ 2 kilogramm bug‘doydan 6 000 (olti ming) so‘m;
≈ 4 kilogramm arpadan 10 000 (o‘n ming) so‘m;
≈ 2 kilogramm mayizdan 70 000 (yetmish ming) so‘m;
≈ 4 kilogramm xurmodan 100 000 (yuz ming) so‘m bo‘ladi.
Har kim o‘z imkoniyatiga qarab ushbu to‘rt mahsulotning xohlagan bir turidan fitr sadaqasini bersa kifoya.
Bu yilgi FIDYA miqdori bir miskinning bir kunlik oziq-ovqati barobarida bo‘lib, uning o‘rtacha qiymati 15 000 (o‘n besh ming) so‘m, deb belgilansin.
Muhtaram imom-domla! Kelgusi juma ma’ruzasi “ZAKOT BЕRISH-BUYUK IBODAT” mavzusida bo‘ladi. Jamoatga e’lon qilishingizni so‘raymiz.
Muhtaram imom-domla! Masjidlarda namoz vaqtiga qat’iy rioya etib, xususan, juma namozini belgilangan vaqtdan o‘tkazmagan holda ado etishingiz va juma ish kuni bo‘lgani uchun namozxonlarni ko‘p ushlanib qolishlariga yo‘l qo‘ymasligingiz tavsiya etiladi!
Hayotda ko‘pincha to‘g‘ri yo‘nalish emas, balki tezlashish o‘rgatiladi. Tezroq yurish, tezroq yetib borish, hamma narsani tezroq bajarish... Lekin hech kim to‘xtab: “Bunchalik shoshilishdan maqsad nima?” deb so‘ramaydi. Inson tinimsiz harakatda bo‘lishni erishish, tabiiy hayot tarzi deb o‘ylab, sarflanayotgan umri evaziga aslida nimaga erishayotgani haqida o‘ylamay qo‘yadi.
Ba’zan yo‘lni yo‘qotdik, deb o‘ylaymiz. Holbuki, yo‘qoladigan narsa yo‘l emas, balki to‘g‘ri yo‘nalishdir. Bu yo‘nalish xaritadagi chiziqlar yoki telefondagi yo‘l ko‘rsatkich emas, balki Alloh taolo borlig‘imizga jo qilgan ichki yo‘naltirgich, ya’ni fitratimizdir.
Bu ichki yo‘naltirgich ba’zan to‘g‘ri tomonni ko‘rsatmayotgandek tuyuladi. Dunyo tashvishlari, nafs istaklari ko‘payib ketganida, u sarson bo‘ladi yo qotib qoladi. Shunda biz uni buzildi deb o‘ylaymiz. Lekin fitrat buzilmaydi, shunchaki biz unga ahamiyat bermay qo‘ygan bo‘lamiz. Ba’zilar bu yo‘naltirgichni boshqalarning qo‘liga berib qo‘yadi...
Yo‘nalishini yo‘qotgan odam to‘g‘ri yo‘lga qaytishi kerak. Bu qaytish shunchaki bir manzilga qaytib borishmas, balki ichki dunyomizdagi tarqoqlikni jamlash, fitratimizga qaytishdir. Shunda inson dunyoning “hammasiga erishish” vasvasasidan xalos bo‘ladi. O‘tmishdagi xato va sinovlardan ibrat oladi, ammo ularni o‘ziga og‘ir yuk qilib olmaydi. Boshqalardan va hayotdan juda ko‘p narsa kutishni to‘xtatadi...
Haqiqiy xotirjamlik – hamma narsa mukammal bo‘lishi deganimas. Inson o‘z harakat doirasi chegarasiga yetganida Allohning qazo va qadariga rozi bo‘lsa xotirjamlik topadi. Bu loqaydlik emas.
Musulmon kishi ham xursand bo‘ladi, qayg‘uradi, boshqalar kabi yashaydi. Lekin u o‘tkinchi tuyg‘ular, orzu-havaslar aro sarson bo‘lib qolmaydi. Chunki dunyodagi har bir holat vaqtinchalik sinov ekanini yaxshi anglaydi.
Inson o‘zligiga qaytganida boshqalarning yukini yelkasiga olishga urinmaydi. Yordam beradi, lekin har kim o‘z qismati va qilmishi uchun o‘zi mas’ul ekanini tushunadi. Boshqalarning aybiga qaramay, o‘z xatolarini tuzatish bilan band bo‘ladi. Muhimi, har ishida shoshqaloqlik qilmaydi. Chunki oxiratga va ma’naviy kamolotga eltuvchi yo‘lni shoshib bosib o‘tib bo‘lmasligini biladi.
Aytilganidek: “Kim o‘zini tanisa, Rabbini taniydi”. Bu martabaga erishgan qalb esa hech qachon adashmaydi.
Abdulatif ABDULLOH