Ramazon – musulmonlar uchun chinakam shodiyona. Bu oyda savob amallarni ko‘paytirib ulug‘ ajrlarga ega bo‘laylik. Siz azizlarga ramazon oyi uchun beshta maslahatni tavsiya qilamiz.
Birinchi
Juda ko‘p taom yemang, suvni ham kamroq iching. Saharlik qilayotganda kishi kun bo‘yi och yurishini o‘ylab ko‘p yeb qo‘yadi. Natijada oshqozon faoliyati qiyinlashib, kishi dangasa va behafsala bo‘lib qoladi. Yodda tuting, ramazon ochlik oyi emas, balki iymon-e’tiqod sinaladigan oydir. Keling, ramazon oyini payg‘ambarimiz (s.a.v) tavsiya qilganlaridek nafsimizni jilovlab, oshqozonimizning uchdan birini ovqatga, uchdan birini suvga qolgan uchdan birini havoga to‘ldiraylik.
Ikkinchi
Saxiylikni ko‘paytiring. Payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v) doimo saxiy bo‘lganlar. Ayniqsa, ramazon oyida saxovatlari yanada oshib ketgan. Bu muqaddas oyda kim saxovatpeshalik qilsa unga ulug‘ savoblar yoziladi. Iloji boricha ramazonning har kunida saxiylik qiling. Birgina Qadr kechasida qilingan xayr-saxovatga Allox juda ko‘p savoblarni va’da qilgan. Saxovatli bo‘laylik, inshoalloh ulug‘ ajrlar egasiga aylanaylik.
Uchinchi
Besh mahal namozga qoim bo‘ling. Ramazon oyida kechalari taroveh namoziga odamlar yog‘ilib keladi. Ammo kunduzlari namoz o‘quvchilar bir oz siyraklashgandek bo‘lib qoladi. Albatta taroveh namozining ajri ulug‘, Biroq yodda tuting, Alloh taolo bizga kunda besh mahal namoz o‘qishni farz qilgan. Farz amalni mukammal ado etishda sustkashlik qilmang.
To‘rtinchi
Ramazon – Qur’on oyi! Bu muqaddas oyda ko‘pchilik Qur’onni bir necha bor xatm qilish payida bo‘ladi. Ba’zilarimiz Qur’onni uch marotaba, ba’zilarimiz besh marotaba xatm qilamiz. Bu ajoyib musobaqaga o‘xshaydi. Ayniqsa, oyatlar ma’nosi tushunib o‘qilganda savobi yanada ulug‘ bo‘ladi. Shu muqaddas oyda Qur’on o‘qib qalbimizni nurga to‘ldiraylik.
Beshinchi
Taqvodor bo‘laylik. Alloh taolo bandalariga taqvo qilishni buyurib, Baqara surasining 183-oyatida quyidagicha marhamat qiladi: “Ey, imon keltirganlar! Sizlardan oldingi (ummat)larga farz qilingani kabi* sizlarga ham ro‘za tutish farz qilindi, shoyad (u sababli) taqvoli bo‘lsangiz”.
Oyatda aytilganidek ro‘zadorlik ortidan taqvodor bo‘lishga chaqirilmoqda. Taqvodor odam o‘z nafsini jilovlaydi. Shubhali narsalardan uzoq bo‘ladi. Taqvo so‘zi ko‘p tillarda mavjud emas. Uning asl ma’nosi “Alloxdan qo‘rqish, U belgilagan hadlardan oshmaslik va oxiratni o‘ylab yashashdir”. Taqvo faqat Allohdan qo‘rqqanimiz barobarida unga bo‘lgan cheksiz muhabbatimiz sabab bo‘lsa yanada yaxshi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi oliy va o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalariga 2026-2027 o‘quv yili uchun kirish test sinovlarining 5-hudud (Buxoro viloyati) bo‘yicha imtihon jarayonlari Mir Arab oliy madrasasi binosida bo‘lib o‘tdi.
Mazkur hudud bo‘yicha diniy ta’lim muassasalariga hujjat topshirgan 657 nafar abituriyent test sinovlarida ishtirok etdi.
Imtihonlarning shaffofligi, adolatliligi hamda tartib-intizomini ta’minlash maqsadida jarayonlarga Din ishlari bo‘yicha qo‘mita va O‘zbekiston musulmonlari idorasi mas’ul rahbarlari, diniy ta’lim muassasalari mutasaddilari, pedagog-o‘qituvchilar hamda ichki ishlar va tibbiyot xodimlari jalb etildi.
Test sinovlari boshlanishidan oldin abituriyentlarga imtihon topshirish tartibi va baholash mezonlari batafsil tushuntirildi. Barcha jarayonlar belgilangan talab va qoidalarga muvofiq, yuqori darajada tashkil etildi.
Tashkilotchilar test jarayonlarining shaffof va tartibli o‘tishiga yaqindan ko‘maklashgan Buxoro shahar ichki ishlar organi, sog‘liqni saqlash boshqarmasi tibbiyot xodimlari hamda diniy ta’lim muassasalari vakillariga o‘z minnatdorligini bildirdilar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati