Buyuk tobeinlardan Ato ibn Yasor rahimahulloh hikoya qiladilar: «Ibn Abbos roziyallohu anhuning oldilariga bir kishi kelib: «Bir ayolga sovchi qo‘ydim. Menga turmushga chiqishdan bosh tortdi. Boshqa odam sovchi qo‘ysa, unga turmushga chiqishni istab, (sovchiga rozi bo‘libdi). Ayolning qilgan ishidan g‘azablanib, uni o‘ldirdim. Endi mening tavba qilishimga imkon bormi?» deb so‘radi.
Ibn Abbos roziyallohu anhu undan: «Onang hayotmi?» deya so‘radilar. U «Yo‘q» deb javob berdi. Shunda u kishi: «Allohga tavba qil! Imkoning boricha solih amallarni ado etib U Zotga qurbat hosil qilishga urin!» dedilar.
Men Ibn Abbos roziyallohu anhudan: «Nima uchun u odamdan onasi tirikligini so‘radingiz?» deb so‘rasam, u kishi: «Men onaga yaxshilik qilishdan ko‘ra Alloh azza va jallaga mahbubroq, U Zotga yaqinlashtiradiganroq amalni bilmayman» deya javob berdilar».
Ibn Javziy rahimahullohning «Al-Birru vas sila» nomli kitobidan Nozimjon Iminjonov tarjimasi
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Gar bo‘lmaganda olov qo‘shnisin kuydirmog‘i,
Bilmas edik biz isiriqning foyda bo‘lmog‘i.
Doimo kuchli g‘ayrat va oliy himmat sohibi bo‘ling. Sizning faqat yuqoriga qarab ko‘tarilishingiz va doimo harakatda bo‘lishingizni istardim. Pastga tushish yoki tinib qolishdan saqlaning. Bilingki, hayot soniya va daqiqalardan iborat. Tirishqoqligingiz, sabr va matonatda chumoli kabi bo‘ling, doimo harakat qiling.
Tavba qiling, agar yana gunoh ishga qo‘l ursangiz yana tavba qiling. Qur’onni yodlang, agar unutib qo‘ysangiz ikkinchi, uchinchi, hatto o‘ninchi marta bo‘lsa ham qaytda yodlavering. Asosiysi, ruhiy tushkunlikka tushmang va yiqilganingizni tan olmang. Chunki tarix oxirgi so‘zni bilmaydi, aql so‘nggi chegarani e’tirof qilmaydi, ular faqatgina harakat va orzu ro‘yobini biladi, xolos.
Umr jism kabidir, unda go‘zallashtirish uchun jarrohlik amaliyotini olib borish mumkin. Umr bino kabidir, uni ta’mirlash, qayta qurish va bo‘yoq bilan chiroyli qilish mumkin. Tushkunlik va muvaffaqiyatsizlikdan saqlaning. Kasalliklar, ofatlar, musibatlar va sinovlar kelishidan cho‘chishni to‘xtating, Allohga tavakkul qiling. U zot aytadi:
﴿وَعَلَى اللَّهِ فَتَوَكَّلُوا إِنْ كُنْتُمْ مُؤْمِنِينَ﴾
“…Agar mo‘min bo‘lsangiz, Allohga tavakkal qilingiz” (Moida surasi, 23-oyat).
Shu’la: Ma’siyatni tark etish jihod, unda davom etish esa qaysarlikdir.
Doktor Oiz al-Qarniyning
"Dunyodagi eng baxtli ayol" kitobidan