Hasan Basriy rahimahulloh bir majlis yonidan o‘tdilar. O‘sha majlisda o‘tirgan bir yigit kulayotgan edi. U zot yigitga qarab:
“Hoy yigit, Sirotdan o‘tdingmi?” dedilar. U:
“Yo‘q” dedi.
“Jannatga borishing haqida bildingmi?” deb so‘radilar buyuk imom. Yigit yana:
“Yo‘q” deb javob berdi. Shunda Hasan Basriy rahimahulloh:
“Unda nega kulyapsan?” deya tanbeh berdilar.
Shu voqeadan keyin hech kim u yigitni kulgan holda ko‘rmadi.
*****
Hasan Basriy rahimahulloh: “O‘lim qaytadigan joyi, qiyomat va’da qilingan kuni, Alloh taoloning huzurida turish aniq ko‘radigan manzarasi ekanini bilgan kishining mahzunligi doimiy bo‘lishi kerak” der edilar.
*****
Imom Ahmad rahimahullohga “Ey imom, sizdan keyin kimdan fatvo so‘raymiz?” deb savol berishdi. Imom “Abdulvahhob Varroqdan so‘ranglar!” dedilar. Odamlar: “Ey Abu Abdulloh, uning ilmi oz-ku!” deyishdi. Shunda imom: “Lekin taqvosi, parhezi ko‘p. Ana shu taqvosi uni Allohning dinida bilmagan narsasini gapirishdan to‘sib turadi” dedilar.
Abdulvahhob Varroq kim?
U kishi Abdulvahhob ibn Abdulhakam ibn Nofe’ bo‘lib, buyuk imom, hujjat, taqvoli olim va obid zot edilar. Kunyalari Abul Hasan, laqablari Varroq. Bag‘dodda tavallud topganlar. 251 hijriy sanada vafot etganlar.
*****
Gunohlari ustiga og‘ir yuk bo‘lgan, iymoni zaiflashib qolgan, ishonchi ozayib qolgan qanchadan qancha kishilar bor. Ular tun qorong‘usida Alloh taoloning huzurida Uning Kalomini tilovat qilib namoz o‘qiydilar. Natijada namozni yakunlaganlarida gunohlari to‘kilgan, ayblari berkitilgan, darajalari ko‘tarilgan, dillari ochilib ravshan bo‘lgan va iymonlari komil bo‘lgan holda bo‘ladilar.
Shayx Shinqitiy hafizahulloh
*****
Maymun ibn Mehron rahimahulloh “Agar Qur’on ahllari solih bo‘lsalar, odamlar ham solih bo‘lishadi” deganlar.
Bu gapga Shayx Abdurazzoq al-Badr quyidagicha izoh bildirganlar: “Qur’on ahli odamlar uchun o‘rnakdirlar. Agar ular solih bo‘lsalar, odamlar yaxshilikda ularga ergashadilar va bo‘ysunadilar. Lekin musibat shuki, agar Qur’on ahli gunoh ishlarni qilsalar, qalbida Qur’onni ko‘tarib yurgan kishining buzg‘unchilik qilishi odamlarga va o‘zlari yashayotgan jamiyatga nisbatan ulkan jinoyat hisoblanadi. Shuning uchun Qur’on ahlining solih bo‘lishi odamlarning solih bo‘lishiga sabab bo‘ladi. Qur’on ahlining buzg‘unchilik qilishi esa odamlarning buzilishiga olib keladi. Chunki Qur’on ahli o‘sha odamlar uchun ibrat o‘rnidirlar”.
*****
Salafi solihlardan birlari shunday deganlar: “Albatta, Alloh taolo mo‘minning quvvatini uning qalbiga joylab qo‘ydi, a’zolariga emas. Ko‘rmaysizlarmi, keksa solih kishi jazirama kunlarida ro‘za tutib, kechasi ibodat bilan bedor bo‘ladi. Vaholanki, yoshlar bu ishni qilishdan ojiz bo‘ladilar”.
“Hilyatul avliyo”
*****
Imom Zuhriy rahimahullohdan mana bu gap rivoyat qilingan: “Ramazondagi bitta tasbeh boshqa oylardagi mingta tasbehdan afzaldir”.
“Ibn Abu Dunyo ensiklopediyasi”
*****
“Qur’on mo‘jizalari” sahifasi ma’lumotlari asosida
Nozimjon Iminjonov tayyorladi
O‘zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi Kotibiyat mas’ul xodimi Muhammadamin qori Xoliqovning padari buzrukvori vafoti munosabati bilan u kishining yaqinlariga chuqur ta’ziya izhor etadi.
Oxirat safariga kuzatilgan otaxon el koriga yaraydigan, dinu diyonat yo‘lida xizmat qiladigan farzand va nevaralarni o‘stirdilar, chiroyli tarbiya qildilar.
Alloh taolo marhum otaxonning barcha solih amallarini o‘zlariga hamroh aylab, O‘z mag‘firatiga olsin. Haq taolo marhum otaxonning yaqinlari, farzandu arjumandlariga chiroyli sabr berib, bu musibatlariga ajru mukofotlar ato etsin.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi, ulamolari, imom-domlalari va o‘qituvchi-mudarrislari nomidan Muhammadamin qori Xoliqovga, u kishining oila a’zolari, yor-birodarlari, yaqinlariga hamdardlik bildiramiz.
Innaa lillaahi va innaa ilayhi roji’uun.
«Musibat yetganda «Albatta, biz Allohnikimiz va albatta, biz Unga qaytuvchimiz», degan sabrlilarga xushxabar bering».
O‘zbekiston musulmonlari idorasi