Sayt test holatida ishlamoqda!
24 Avgust, 2026   |   11 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:16
Quyosh
05:41
Peshin
12:25
Asr
17:11
Shom
19:13
Xufton
20:34
Bismillah
24 Avgust, 2026, 11 Rabi`ul avval, 1448

Yilning eng yaxshi fiqh o‘qituvchisi

25.04.2019   8482   9 min.
Yilning eng yaxshi fiqh o‘qituvchisi

Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom institutida 2019 yil 25 aprel kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi oliy va o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalarining pedagog-o‘qituvchilari o‘rtasida “Yilning eng yaxshi fiqh o‘qituvchisi” tanlovining respublika bosqichi bo‘lib o‘tdi.

Bu tanlov O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi oliy va o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalari o‘rtasida har yili an’anaviy tarzda olib boriladi.

Fiqh ilmi ilmlar ichida fazl va sharafga ega ilmdir. Alloh taolo “Tavba” surasining 122-oyatida fiqh ilmini o‘rganishga chaqiradi:

“Mo‘minlar yoppasiga (jangga) chiqishlari shart emas. Har bir firqadan bir toifasi dinda faqih bo‘lish uchun qolsalarchi? Qavmlari ularga qaytganlarida ularni ogohlantirardilar, shoyadki ehtiyot bo‘lsalar”.

Mazkur oyatda musulmonlar jangga chaqirilib turilgan bir davrda bir toifa kishilar jangdan qolib fiqh o‘rganmaydilarmi? – deb fiqhning fazilati va sharafi jangdan ham yuqori ekanligi aytilmoqda. Demak, har bir qavmdan bir guruh kishilar safarbarlikdan qolib bo‘lsa-da, dinni chuqur o‘rganishga, unda faqih bo‘lishga harakat qilishlari lozimligi ushbu oyatda ta’kidlanmoqda. Shu ma’noda hadisi sharifda vorid bo‘ladi:

 “Olimlarning siyohi shahidlarning qoni bilan o‘lchanadi va olimlarning siyohi og‘ir keladi. Vaholanki, olimlarning siyohi ishlaridagi martabaning eng pasti va shahidlarning qoni o‘z ahvollarining eng yuqorisidir”.

Fiqh ilmining boshqa ilmlardan afzalligi to‘g‘risida hadisi shariflar juda ko‘p. Jumladan:

 “Alloh taolo kimga yaxshilikni iroda qilsa, uni dinda faqih qilib qo‘yadi”.

Boshqa bir hadisi sharifda:

“Bir faqih kishi shaytonga mingta obiddan ko‘ra qattiqroqdir”.

Hanafiy mazhabimizda kechasi turib ibodat qilishdan ko‘ra, kitoblarga nazar solmoq, ilm tahsil qilmoq afzal hisoblanadi.

Mazhabboshimiz imom Abu Hanifa rahmatullohi alayh shunday deganlar:

“Har bir ilm bilan shug‘ullanib ko‘rdim. Birorta ilmni fiqhdan ko‘ra foydaliroq topmadim. Fiqh bilan qancha ko‘p shug‘ullansam, shuncha daqiq ma’nolarni kashf etdim”.
Tanlov yuqori saviyada tashkillashtirildi.

Tanlovda quyidagi ishtirokchilar qatnashdilar:

  • Jo‘raboyev Xabibullo Abdig‘oporovich (Toshkent islom instituti)
  • Xamrokulov Ismaildjon Ibraximovich (Mir Arab oliy madrasasi)
  • Xolmo‘minov Jaloliddin Yusupaliyevich (Ko‘kaldosh o‘rta maxsus islom bilim yurti o‘qituvchisi)
  • Yakupov Axmet Aytmuratovich (Muhammad ibn Ahmad al-Beruniy o‘rta maxsus islom bilim yurti)
  • Mardonov Xayrullo Mahmudovich (Xoja Buxoriy nomidagi o‘rta maxsus islom bilim yurti o‘qituvchisi)
  • Meliboyev Abdugulom Abdulaxatovich (Sayyid Muhyiddin Maxdum o‘rta maxsus islom bilim yurti o‘qituvchisi)
  • G‘aniyev Akmaljon Adhamjon o‘g‘li (Mir Arab o‘rta maxsus islom bilim yurti o‘qituvchisi)
  • Ishanov Ismoil Odilovich (“Hidoya” o‘rta maxsus islom bilim yurtidan)
  • Isoqov Baxromjon (Faxriddin ar-Roziy O‘rta maxsus islom bilim yurti o‘qituvchisi)
  • Qurbonova Inobat Qudratilloyevna (Jo‘ybori Kalom O‘rta maxsus islom bilim yurti o‘qituvchisi)
  • Ibragimova Surayyo Muratovna (Xadichai Kubro o‘rta maxsus islom bilim yurti o‘qituvchisi)

Tanlovni o‘tkazishdan maqsad – pedagog-o‘qituvchilarning mutaxassisliklari bo‘yicha bilim saviyasi va ko‘nikmalarini yanada rivojlantirish, kasbiy mahoratini oshirish hamda faoliyati bo‘yicha zamonaviy uslublari va tajribasini ommalashtirish, ta’lim sifati va samaradorligini yanada oshirish, fan o‘qituvchilarining pedagogik mahoratini oshirib borish, ta’lim-tarbiya jarayoniga yangi pedagogik texnologiyalarni joriy etish, pedagog-o‘qituvchilarning ilmiy salohiyatini yanada yuksaltirish maqsadida ilmiy-tadqiqot ishlariga keng jalb qilish, diniy ta’lim muassasalari o‘rtasida hamkorlik aloqalarini mustahkamlash, pedagog-o‘qituvchilarning tajriba almashishini yo‘lga qo‘yish kabilardan iborat.

Ishtirokchilarning chiqishlarini baholab borish hakamlar hay’at tomonidan olib borildi. Hakamlar xay’ati tarkibi quyidagicha:

  • Shayx Abdulaziz Mansur. O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari (hay’at raisi)
  • M.Homidov. O‘zbekiston musulmonlari idorasi Kotibayat bo‘limi mudiri  (hay’at raisi o‘rinbosari)
  1. U.G‘afurov. Toshkent islom instituti rektori (a’zo)
  2. S.Primov. Toshkent islom instituti “Aqoid va fiqhiy fanlar” kafedrasi mudiri (a’zo)
  3. Ya.Razzaqov. Toshkent islom instituti “Aqoid va fiqhiy fanlar” kafedrasi katta o‘qituvchisi (a’zo)
  4. F.Mamanosirov. Toshkent islom instituti “Hadis va islom tarixi fanlari” kafedrasi katta o‘qituvchisi (a’zo)
  5. E.Alimqulov. Din ishlari bo‘yicha ko‘mita Diniy-ma’rifiy ta’lim muassasalari bilan ishlash bo‘limi xodimi (Kuzatuvchi)
  6. S.Sherxonov. O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ta’lim va kadrlar tayyorlash bo‘limi mudiri (Kuzatuvchi)

Tanlov 4 shartdan iborat bo‘lib, har bir shart hakamlar hay’ati tomonidan 25 ballik tizimda baholanib bordi.

Tanlov shartlari:

  1. Ochiq dars o‘tib berish. Ochiq dars tasvirga olinib, CD diskda hakamlar hay’atiga oldindan taqdim etilgan.
  2. Bitta zamonaviy fiqhiy masalaga yechim topish.
  3. Ibodat va muomalotga oid fiqhiy savollarga to‘liq dalillari bilan javob berish. Biletlarda ikkitadan savol bo‘lib, birinchisi ibodat masalasi, ikkinchisi muomalat masalasi haqida bo‘lib, ishtirokchilar berilgan savolllarga to‘liq dalillari bilan javob berish. Agar bu borada ulamolar o‘rtasida ixtilof bo‘lsa, ularni bayon qilishlari kerak.
  4. Faqihlar hayoti va ijodi, hanafiy mazhabidagi kitoblar va ularning darajasi hamda usulul fiqh qoidalariga oid tezkor savollarga javob berish.

Tadbir Qur’oni karim tilovati bilan boshlandi. Toshkent islom instituti 4-kurs talabasi Xaitboyev Muhammadali qori qiroat qilgandan so‘ng, Mir Arab oliy madrasasi ustozi Ismoiljon domla duoi xayr qilib berdilar. 

Tadbirni Toshkent islom instituti rektori Uyg‘un domla G‘afurov ochib berdilar. So‘ng Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi birinchi o‘rinbosari M.Komilov so‘zga chiqib, ishtirokchilarga omad tiladilar.

Ishtirokchilarning chiqishlari qur’a tashlash yo‘li bilan aniqlandi.

Musobaqa ko‘tarinki kayfiyatda va yuqori saviyada bo‘lib o‘tdi. Har bir shartda ishtirokchilar o‘zlarining chiqishlari bilan hakamlar hay’ati va tomoshabinlarning diqqat markazida bo‘ldilar.

Musobaqa yakuniga ko‘ra birinchi o‘rinni Toshkent islom instituti o‘qituvchisi Habibulloh domla Jo‘raboyev bilan qo‘lga kiritdi. Birinchi o‘rin g‘olibi eng kam oylik ish haqining 10 barobari miqdorida pul mukofoti, 1-darajali diplom, rangli televizor hamda bir yil davomida oylik ish haqiga 40% ustama mukofotlari bilan taqdirlandi.

Ikkinchi o‘rinni Mir Arab o‘rta maxsus islom bilim yurti o‘qituvchisi Akmalxon domla G‘aniyev qo‘lga kiritdi. Ikkinchi o‘rinni olgan ishtirokchi 2-darajali diplom, mikroto‘lqinli pech hamda bir yil davomida oylik ish haqiga 30% ustama mukofotlari bilan taqdirlandi.

Uchinchi o‘rinni esa Ko‘kaldosh o‘rta maxsus islom bilim yurti o‘qituvchisi Jaloliddin domla Xolmo‘minov qo‘lga kiritdi. Uchinchi o‘rinni egallagan ishtirokchi 3-darajali diplom, changyutgich hamda bir yil davomida oylik ish haqiga 20% ustama mukofotlari bilan taqdirlandi.

Qolgan ishtirokchilar esa kitoblar to‘plami hamda faxriy yorliqlar bilan taqdirlanishdi.

Musobaqa yakunida Toshkent islom instituti rektori U.G‘afurov, O‘zbekiston musulmonlari idorasi Kadrlar tayyorlash va ta’lim bo‘limi mudiri S.Sherxonov, O‘zbekiston musulmonlari idorasi Kotibiyat bo‘limi boshlig‘i M.Homidov so‘zga chiqib, ishtirokchilarga, tashkilotchilarga o‘z minnatdorchiligini bildirdi.

 

 

“Aqoid va fiqhiy fanlar” kafedrasi
kabinet mudiri Abdulloh Qosim

Manba: https://islaminstitut.uz

O'zbekiston yangiliklari
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

“The Jordan Times”: Toshkentda islom sivilizatsiyasi va yangi kashfiyotlarga bag‘ishlangan xalqaro media forumi o‘tkaziladi

24.08.2026   11210   1 min.
“The Jordan Times”: Toshkentda islom sivilizatsiyasi va yangi kashfiyotlarga bag‘ishlangan xalqaro media forumi o‘tkaziladi

Iordaniyaning  nufuzli “The Jordan Times” nashrida 24–29 avgust kunlari Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadigan “Islom sivilizatsiyasi: yangi nigoh, yangi kashfiyotlar” xalqaro media forumi haqida maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.

Maqolada yozilishicha, tadbirning asosiy qismi O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida bo‘lib o‘tadi. Unda xorijiy ommaviy axborot vositalari xodimlari, yetakchi ekspertlar va media sohasi mutaxassislari ishtirok etadi.

O‘zbekistonning Iordaniyadagi elchixonasining ma’lum qilishicha, ushbu forum dasturidan yalpi majlislar, media ko‘rgazmalar, matbuot brifinglari va ikki tomonlama uchrashuvlar o‘rin olgan. Uchrashuvlarda hujjatli kino va tarixiy xotira, nashriyot loyihalari va zamonaviy texnologiyalar, xalqaro media loyihalarni rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqiladi.

Bundan tashqari, o‘zbekistonlik talabalar uchun jahon media sanoatining yetakchi vakillari ishtirokida mahorat darslari tashkil etiladi. Ishtirokchilar zamonaviy jurnalistika, media ishlab chiqarish va xalqaro axborot makonida samarali hamkorlik qilish bo‘yicha tajriba almashadi.

Nashrda qayd etilishicha, forum ishtirokchilari 27 avgust kuni Samarqandga sayohat qilishadi. Safar doirasida mehmonlar Imom al-Buxoriy majmuasiga tashrif buyurib, shaharning boy tarixiy-madaniy merosi bilan tanishadi. Shuningdek, Toshkentda xalqaro ommaviy axborot vositalari vakillari uchun maxsus mediatur o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Forum 28 avgust kuni yakuniy yalpi majlis va rasmiy yopilish marosimi bilan yakunlanadi. Mehmonlar O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlangan tantanali tadbirlarda ham ishtirok etadi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari