Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom institutida 2019 yil 25 aprel kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi oliy va o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalarining pedagog-o‘qituvchilari o‘rtasida “Yilning eng yaxshi fiqh o‘qituvchisi” tanlovining respublika bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Bu tanlov O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi oliy va o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalari o‘rtasida har yili an’anaviy tarzda olib boriladi.
Fiqh ilmi ilmlar ichida fazl va sharafga ega ilmdir. Alloh taolo “Tavba” surasining 122-oyatida fiqh ilmini o‘rganishga chaqiradi:
“Mo‘minlar yoppasiga (jangga) chiqishlari shart emas. Har bir firqadan bir toifasi dinda faqih bo‘lish uchun qolsalarchi? Qavmlari ularga qaytganlarida ularni ogohlantirardilar, shoyadki ehtiyot bo‘lsalar”.
Mazkur oyatda musulmonlar jangga chaqirilib turilgan bir davrda bir toifa kishilar jangdan qolib fiqh o‘rganmaydilarmi? – deb fiqhning fazilati va sharafi jangdan ham yuqori ekanligi aytilmoqda. Demak, har bir qavmdan bir guruh kishilar safarbarlikdan qolib bo‘lsa-da, dinni chuqur o‘rganishga, unda faqih bo‘lishga harakat qilishlari lozimligi ushbu oyatda ta’kidlanmoqda. Shu ma’noda hadisi sharifda vorid bo‘ladi:
“Olimlarning siyohi shahidlarning qoni bilan o‘lchanadi va olimlarning siyohi og‘ir keladi. Vaholanki, olimlarning siyohi ishlaridagi martabaning eng pasti va shahidlarning qoni o‘z ahvollarining eng yuqorisidir”.
Fiqh ilmining boshqa ilmlardan afzalligi to‘g‘risida hadisi shariflar juda ko‘p. Jumladan:
“Alloh taolo kimga yaxshilikni iroda qilsa, uni dinda faqih qilib qo‘yadi”.
Boshqa bir hadisi sharifda:
“Bir faqih kishi shaytonga mingta obiddan ko‘ra qattiqroqdir”.
Hanafiy mazhabimizda kechasi turib ibodat qilishdan ko‘ra, kitoblarga nazar solmoq, ilm tahsil qilmoq afzal hisoblanadi.
Mazhabboshimiz imom Abu Hanifa rahmatullohi alayh shunday deganlar:
“Har bir ilm bilan shug‘ullanib ko‘rdim. Birorta ilmni fiqhdan ko‘ra foydaliroq topmadim. Fiqh bilan qancha ko‘p shug‘ullansam, shuncha daqiq ma’nolarni kashf etdim”.
Tanlov yuqori saviyada tashkillashtirildi.
Tanlovda quyidagi ishtirokchilar qatnashdilar:
Tanlovni o‘tkazishdan maqsad – pedagog-o‘qituvchilarning mutaxassisliklari bo‘yicha bilim saviyasi va ko‘nikmalarini yanada rivojlantirish, kasbiy mahoratini oshirish hamda faoliyati bo‘yicha zamonaviy uslublari va tajribasini ommalashtirish, ta’lim sifati va samaradorligini yanada oshirish, fan o‘qituvchilarining pedagogik mahoratini oshirib borish, ta’lim-tarbiya jarayoniga yangi pedagogik texnologiyalarni joriy etish, pedagog-o‘qituvchilarning ilmiy salohiyatini yanada yuksaltirish maqsadida ilmiy-tadqiqot ishlariga keng jalb qilish, diniy ta’lim muassasalari o‘rtasida hamkorlik aloqalarini mustahkamlash, pedagog-o‘qituvchilarning tajriba almashishini yo‘lga qo‘yish kabilardan iborat.
Ishtirokchilarning chiqishlarini baholab borish hakamlar hay’at tomonidan olib borildi. Hakamlar xay’ati tarkibi quyidagicha:
Tanlov 4 shartdan iborat bo‘lib, har bir shart hakamlar hay’ati tomonidan 25 ballik tizimda baholanib bordi.
Tanlov shartlari:
Tadbir Qur’oni karim tilovati bilan boshlandi. Toshkent islom instituti 4-kurs talabasi Xaitboyev Muhammadali qori qiroat qilgandan so‘ng, Mir Arab oliy madrasasi ustozi Ismoiljon domla duoi xayr qilib berdilar.
Tadbirni Toshkent islom instituti rektori Uyg‘un domla G‘afurov ochib berdilar. So‘ng Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi birinchi o‘rinbosari M.Komilov so‘zga chiqib, ishtirokchilarga omad tiladilar.
Ishtirokchilarning chiqishlari qur’a tashlash yo‘li bilan aniqlandi.
Musobaqa ko‘tarinki kayfiyatda va yuqori saviyada bo‘lib o‘tdi. Har bir shartda ishtirokchilar o‘zlarining chiqishlari bilan hakamlar hay’ati va tomoshabinlarning diqqat markazida bo‘ldilar.
Musobaqa yakuniga ko‘ra birinchi o‘rinni Toshkent islom instituti o‘qituvchisi Habibulloh domla Jo‘raboyev bilan qo‘lga kiritdi. Birinchi o‘rin g‘olibi eng kam oylik ish haqining 10 barobari miqdorida pul mukofoti, 1-darajali diplom, rangli televizor hamda bir yil davomida oylik ish haqiga 40% ustama mukofotlari bilan taqdirlandi.
Ikkinchi o‘rinni Mir Arab o‘rta maxsus islom bilim yurti o‘qituvchisi Akmalxon domla G‘aniyev qo‘lga kiritdi. Ikkinchi o‘rinni olgan ishtirokchi 2-darajali diplom, mikroto‘lqinli pech hamda bir yil davomida oylik ish haqiga 30% ustama mukofotlari bilan taqdirlandi.
Uchinchi o‘rinni esa Ko‘kaldosh o‘rta maxsus islom bilim yurti o‘qituvchisi Jaloliddin domla Xolmo‘minov qo‘lga kiritdi. Uchinchi o‘rinni egallagan ishtirokchi 3-darajali diplom, changyutgich hamda bir yil davomida oylik ish haqiga 20% ustama mukofotlari bilan taqdirlandi.
Qolgan ishtirokchilar esa kitoblar to‘plami hamda faxriy yorliqlar bilan taqdirlanishdi.
Musobaqa yakunida Toshkent islom instituti rektori U.G‘afurov, O‘zbekiston musulmonlari idorasi Kadrlar tayyorlash va ta’lim bo‘limi mudiri S.Sherxonov, O‘zbekiston musulmonlari idorasi Kotibiyat bo‘limi boshlig‘i M.Homidov so‘zga chiqib, ishtirokchilarga, tashkilotchilarga o‘z minnatdorchiligini bildirdi.






















“Aqoid va fiqhiy fanlar” kafedrasi
kabinet mudiri Abdulloh Qosim
Manba: https://islaminstitut.uz
Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti rektori, tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) Uyg‘un domla G‘afurov, Mir Arab oliy madrasasi prorektori Uchqun Avliyoqulov va mazkur oliy madrasaning «Diniy fanlar» kafedrasi mudiri Narzullo domla Ahmedovdan iborat yurtimiz diniy ta’lim muassasalari vakillari Rossiya Federatsiyasida bo‘lib, bir qator nufuzli xalqaro anjuman va uchrashuvlarda ishtirok etdi.
Jumladan, Grozniy shahrida bo‘lib o‘tgan xalqaro ilmiy konferensiyada yurtimiz vakillari faol qatnashib, yurtimiz islom ta’limi an’analari, xususan, Toshkent islom instituti va Buxorodagi tabarruk Mir Arab madrasasining Markaziy Osiyo va Kavkaz mintaqasi uchun malakali diniy kadrlar yetkazib berishdagi tarixiy o‘rniga bag‘ishlangan ma’ruzalarini taqdim etdilar.
Tashrif doirasida Checheniston davlat universiteti hamda Kunta Hoji nomidagi Rossiya islom universiteti rahbariyati bilan muloqotlar o‘tkazilib, ta’lim sohasida tajriba almashish, qo‘shma ilmiy loyihalarni amalga oshirish, ustoz va talabalarning akademik almashinuvini yo‘lga qo‘yish masalalari kelishib olindi.
Shuningdek, Toshkent islom instituti rektori Uyg‘un domla G‘afurov 4 sentyabr kuni Sankt-Peterburg davlat universiteti Teologiya institutida o‘tkazilgan «Boyazitov o‘qishlari» IV xalqaro ilmiy-ma’rifiy konferensiyasida ma’ruza qildi. Unda yurtimizda hanafiylik va moturidiylik ta’limoti asosida ta’lim jarayoni yo‘lga qo‘yilgani, ustoz-shogird an’anasi, mo‘tabar asarlarni xatmi kutub qilish hamda «Ijoza» berish amaliyoti qayta tiklangani borasidagi tajriba o‘rtoqlashildi. Safar asnosida Sankt-Peterburg davlat universiteti Teologiya instituti direktori, professor Dmitriy Shmonin bilan ham istiqbolli hamkorlik masalalari muhokama qilindi.
Muloqotlar davomida xorijiy hamkorlar Yangi O‘zbekistonda diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarni yuqori baholab, yurtimizning islom sivilizatsiyasi, ilm-fani va ta’limi sohasidagi beqiyos maqomini alohida e’tirof etdilar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati