Sayt test holatida ishlamoqda!
25 Sentabr, 2025   |   3 Rabi`us soni, 1447

Toshkent shahri
Tong
04:55
Quyosh
06:13
Peshin
12:20
Asr
16:28
Shom
18:19
Xufton
19:31
Bismillah
25 Sentabr, 2025, 3 Rabi`us soni, 1447

Xalq manfaati yo‘lidagi ezgu ishlarning amaliy ifodasi

23.04.2019   4886   2 min.
Xalq manfaati yo‘lidagi ezgu ishlarning amaliy ifodasi

 

Yurtimizda so‘ngi yillarda barcha sohalar qatori ijtimoiy-ma’naviy, diniy-ma’rifiy sohalarga, xususan, mo‘min-musulmonlar Umra va Haj ziyoratlarini ado etishlari uchun qulay shart-sharoitlar hozirlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Misol uchun, 2016 yilda mamlakatimizda 5200 kishi Haj amallarini ado etib kelgan bo‘lsa, 2017 yildan boshlab 7200 nafar fuqarolarimiz Islom dinining muqaddas arkonlaridan birini ado etish imkoniga ega bo‘ldi.
Ilgari Umra ziyoratiga fuqarolarimiz cheklangan kvota asosida yuborilgan bo‘lsa, o‘tgan yildan e’tiboran fuqarolarimizning yil davomida kvotasiz Umra ziyoratiga yuborish imkoniyati yaratildi.
Mo‘min musulmon borki, Haj ibodatini ado etishni orzu qiladi. Ammo hammaning ham bunga qurbi yetavermaydi. Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyevning shaxsiy tashabbuslariga asosan fuqarolarimizga Haj va Umra safari mobaynida ko‘rsatiladigan xizmatlar sifatini yanada oshirish, sarf-xarajatlarni arzonlashtirish maqsadida, maxsus ishchi guruhi tashkil etilib, Saudiya Arabistonidagi shirkatlar bilan muzokaralar olib borildi.
2018 yilda fuqarolarimiz uchun Haj ziyoratini amalga oshirish xarajatlari 38 million so‘mni tashkil etgan edi. 2019 yildan Saudiya Arabistonida barcha xizmatlarga 5 foizlik qo‘shilgan qiymat solig‘i va mehmonxonalarga 2,5 foizlik soliq kiritildi. Shunga ko‘ra bu yil haj ziyorati sarf-xarajatlari taxminan
42-43 million so‘m bo‘lishi kutilayotgan edi.
Davlatimiz Rahbarining irodalari va sa’y-harakatlari natijasida joriy yildan fuqarolarimizning haj safari xarajatlari 33,3 million so‘mgacha tushirildi, ya’ni haj ibodatini amalga oshirishni qariyb 10 million so‘mga arzonlashtirishga erishildi. “Haj – 2019” mavsumidan so‘ng umra safari 1,3 millionga arzonlashtirildi. Shuningdek, “Haj – 2018” to‘lovidan ortgan 926,5 ming so‘m miqdoridagi mablag‘ har bir ziyoratchiga qaytarib berildi.
Bularning barchasi mamlakatimizda fuqarolar manfaatlarini ko‘zlab amalga oshirilayotgan xalqparvar siyosat va ezgu ishlarning yana bir yorqin amaliy ifodasi bo‘ldi.


O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Atrof-muhitni asrash – jamiyatni asrashdir

24.09.2025   1750   5 min.
Atrof-muhitni asrash – jamiyatni asrashdir

Atrof-muhitni muhofaza qilish – bu inson salomatligi va tabiatning barqarorligini ta’minlash maqsadida atrof-muhitni asrashga qaratilgan chora-tadbirlar majmuasidir. Bu sohadagi faoliyat tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, chiqindilarni boshqarish, havo va suv sifatini nazorat qilish, bioxilma-xillikni saqlash kabi yo‘nalishlarni o‘z ichiga oladi. 

Alloh bizlarni yashab turgan zaminimizni ozoda saqlagan holda obod qilishga, Uning bergan ne’matlarini asrab-avaylashga buyurib, buzg‘unchilik qilishdan, atrof-muhitga zarar yetkazishdan qaytarib, Qur’oni karimda: «...yer yuzida buzg‘unchilik qilish hamda ekin va naslni halok etish uchun harakat qiladi. Alloh esa buzg‘unchilikni suymas», – degan (Baqara surasi, 205-oyat).

Shariatimizda tuproq, suv, havo va tabiatni toza saqlash, ularning ifloslanishiga yo‘l qo‘ymaslik va sog‘liq uchun zararli bo‘lgan narsalardan saqlanish singari hukmlar keltiriladiki, bu bizlarga ibrat namunasi bo‘lishi lozim. Xususan, Muoz ibn Jabal roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Uchta joyga: suv o‘zanlariga, serqatnov yo‘llarga hamda soya-salqin yerlarga axlat tashlab, la’natga qolishdan qo‘rqinglar», – deganlar (Abu Dovud rivoyati). Aytish joizki, hech bir oriyatli, iymon-e’tiqodli inson ushbu muborak hadisda zikr etilgan nomaqbul ishlarni qilishga botinmaydi. Aksincha, shunday ishni qilayotgan kishini ko‘rgan vaqtda darhol unga tanbeh berib, bunday qilish nomaqbul ekanligini tushuntiradi.

Dinimizda buyurilgan ishlarga qonunlarimiz ham mos keladi. Konstitutsiyamizga ko‘ra yer, yer osti boyliklari, suv, o‘simlik va hayvonot dunyosi hamda boshqa tabiiy zaxiralar umummilliy boylikdir, ulardan oqilona foydalanish zarur va ular davlat muhofazasidadir.

Atrof-muhitdan foydalanish va uni muhofaza qilish bo‘yicha umumiy qoidalarni belgilaydigan va umumiy tartibga soluvchi normalar tizimida Konstitutsiya normalari alohida o‘ringa ega. Unda mamlakatning ekologik strategiyasining asosiy yo‘nalishlari, ekologik talablarni ta’minlash kafolatlari va aholining ekologik xavfsizligi belgilangan.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida ekologik normalar tizimi o‘z ifodasini topgan bo‘lib, ularga fuqarolarning ekologik huquqlari (49-modda), fuqarolar atrof-tabiiy muhitga ehtiyotkorona munosabatda bo‘lish majburiyatini (62-modda) kiritish mumkin.

49-moddaga muvofiq, har kim qulay atrof-muhitga, uning holati to‘g‘risidagi ishonchli axborotga ega bo‘lish huquqiga ega. Davlat fuqarolarning ekologik huquqlarini ta’minlash va atrof-muhitga zararli ta’sir ko‘rsatilishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida shaharsozlik faoliyati sohasida jamoatchilik nazoratini amalga oshirish uchun shart-sharoitlar yaratish majburiyati belgilab qo‘yilgan. Shuningdek, davlat barqaror rivojlanish prinsipiga muvofiq, atrof-muhitni yaxshilash, tiklash va muhofaza qilish, ekologik muvozanatni saqlash bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshiradi. Shu bilan birga fuqarolarda o‘z salomatligi va kelajak avlodning salomatligi uchun qulay tabiiy muhitda yashash, salomatligini atrof muhitning zararli ta’siridan muhofaza qilish huquqi mavjud. Ayni paytda fuqarolar tabiatni muhofaza qilish bo‘yicha jamoat tashkilotlariga birlashish, atrof tabiiy muhitning ahvoli hamda uni muhofaza qilish yuzasidan ko‘rilayotgan chora-tadbirlarga doir axborotlarni talab qilish va olish huquqi mustahkamlab qo‘yilgan.

Shuningdek, Konstitutsiyaning 62-moddasida fuqarolarning atrof tabiiy muhitga ehtiyotkorona munosabatda bo‘lish majburiyati belgilab qo‘yilgan. Ya’ni, fuqarolar tabiiy resurslardan oqilona foydalanishi, tabiat boyliklariga ehtiyotkorlik bilan munosabatda bo‘lishi, ekologiya talablariga rioya etishi shart.

So‘nggi yillarda O‘zbekistonda ekologik xavfsizlikni ta’minlash va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida qator islohotlar amalga oshirildi. 2023 yil 31 mayda “Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasini transformatsiya qilish va vakolatli davlat organi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida” Prezident farmoni qabul qilindi. Farmonga ko‘ra, ekologik xavfsizlikni ta’minlash, chiqindilarning inson salomatligiga zarari oldini olish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish va sanitariya holatini yaxshilash bo‘yicha chora-tadbirlar belgilandi. 

2024 yil 26 sentyabrda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohalarida ochiqlikni ta’minlash hamda boshqarish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni qabul qilindi. Mazkur Farmon ekologik ma’lumotlarning ochiqligini ta’minlash, chiqindilar bilan ishlashda jamoatchilik ishtirokini oshirish va ekologik nazoratni kuchaytirishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir. 

Muhtaram yurtboshimiz ta’kidlaganidek, 2025 yilning “Atrof-muhitni muhofaza qilish va “yashil” iqtisodiyot yili” deb e’lon qilinishi bu sohadagi konstitutsiyaviy normalar va tamoyillarni amalga oshirish uchun muhim asos bo‘ladi.

Atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi islohotlar O‘zbekistonda barqaror rivojlanishini ta’minlash fuqarolarning salomatligi va farovonligini oshirishga qaratilgan. Davlat organlari, jamoatchilik va har bir fuqaroning bu jarayondagi faol ishtiroki esa ekologik muammolarni samarali hal etishga xizmat qiladi. 

Jahongir Xatamov,

O‘MI Huquqshunoslik bo‘limi boshlig‘i

Maqolalar