Sayt test holatida ishlamoqda!
18 Avgust, 2026   |   5 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:08
Quyosh
05:35
Peshin
12:27
Asr
17:17
Shom
19:22
Xufton
20:45
Bismillah
18 Avgust, 2026, 5 Rabi`ul avval, 1448

Mavritaniya – asl arab tili saqlanib qolgan o'lka

04.08.2023   4778   4 min.
Mavritaniya – asl arab tili saqlanib qolgan o'lka

Mintaqa

Mavritaniya Islom Respublikasi Afrikaning shimoli-g'arbidagi davlat. Poytaxti – Nuakshot. Hududi – 1031 ming kvadrat kilometr. Ma'muriy-hududiy bo'linishi – 12 viloyat va Nuakshot avtonom viloyatidan iborat. Aholisi – 3,30 mln. kishi. Davlat tili arabcha.

Mavritaniya – rivojlanayotgan kambag'al davlat. Uning Mavritaniya deb atalishi tasodifiy emas. Aholi o'zlarini o'rta asrlarda Ispaniya musulmonlari bo'lgan mavrlarga aloqador deb biladi. Ularning ajdodlari genotsidni boshdan kechirib, Ispaniyadan Afrikaga qochishga majbur bo'lgan. Afsuski, Pireney yarim orolidagi musulmon davlatining yuksak madaniyatini qochqin bo'lib Afrikaga borgan aholi saqlab qola olmadi, ammo mavritaniyaliklar orasida "Andalus" va "Kordoba" nomlariga bo'lgan muhabbat o'zgacha. Ko'plab qahvaxonalar, sartaroshxonalar va boshqa muassasalar ana shu qadimiy nomlar bilan ataladi.

Aholisi

Mavritaniyaliklar Islomga e'tiqod qiladi va ikki guruhga bo'linadi. Mamlakat janubidagi Senegal daryosi qirg'og'i aholisi (volof, tukuler va soninklar) dehqonchilik bilan shug'ullanadi.  Ular mamlakat aholisining beshdan bir foizini tashkil qiladi. Qolgan aholi – chorvador va ko'chmanchilar –  cho'l va chala cho'llarning kengliklariga tarqalib ketgan. Etnik kelib chiqishiga ko'ra,  ular arab, berber va g'arbiy afrikalik aralash bo'lgan mavrlar va tuareglarga oid. Berberlar shimoliy va shimoli-g'arbiy Afrikada miloddan avvallari ham yashagan.  VII-VIII yuzyilliklarda arablar kirib kelganidan so'ng berberlarning ba'zi qabilalari arablar bilan chatishib ketgan. Ularning hammasi Islomga kirgan va arab tilida gaplashishni odat qilgan.

Sof arab tili

Mavritaniyaliklarning lingvistik xususiyati shundaki, ular sof adabiy arab tilida, muqaddas Qur'on tilida gaplashadi. Ularning tilini arab nutqi namunasi deyish mumkin. Ko'plab arab davlatlari aholisi turli shevalarda gaplashadilar. Arablarning og'zaki nutqi adabiy til normalaridan juda uzoqlashib ketgan, lekin bundan mavritanlar mustasno. Ular Payg'ambar sollallohu alayhi va sallam zamonidan o'zlarigacha etib kelgan nutq uslubini saqlab qolishgan va sof adabiy arab tilida muloqot qilishadi.

Dunyodagi eng qadim minoraning ikkinchisi

 Mavritaniyadagi xorijlik sayyohlarni tabiiy landshaftlarning go'zalligi, qadimiy tarix va me'morchilik yodgorliklari, mahalliy xalqlarning boy madaniy an'analari o'ziga jalb qiladi. Jumladan, Shingetti jome masjidi XIII-XIV asrlarda Mavritaniyaning Adrar mintaqasidagi Shingetti vohasi shahri asoschilari tomonidan barpo etilgan qadimiy ibodat markazidir. Ushbu qadimiy masjidning minorasi musulmon olamida doimiy foydalaniladigan ikkinchi eng qadimgi minora hisoblanadi. 1970 yillarda masjid YuNYeSKO sa'y-harakatlari bilan qayta tiklangan, ammo shahar va masjidga kuchli cho'llanish jarayoni hamon xavf solib turibdi.

Dini

Mamlakat aholisining 99,6 foizi – musulmon. Bu erda ahli sunnat val jamoatning molikiya mazhabi keng tarqalgan. Islomning kirib kelishi VIII asrda boshlangan. Aholining 0,1 foizi afrikaliklarning an'anaviy e'tiqodlariga (animalizm, fetishizm, totemizm, tabiat kuchlari va boshqalarga) amal qiladi. Nasroniylik XVI-XVII asrlarda tarqala boshladi. Nasroniylarning kichik jamoasining aksari katoliklardir.

Mavritaniya ayni kunlarda kambag'al davlatlar sirasiga kirsa-da, jadallik bilan rivojlanib borayotgan o'lka. Bunda, albatta, mamlakat aholisining o'z diniga mustahkam e'tiqodi, mehnatsevarligi, eng muhimi, ilmga tashnaligi muhim rol' o'ynamoqda.

Damin JUMAQUL tayyorladi.

Dunyo yangiliklari
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

24–29 avgust kunlari Toshkentda “Islom sivilizatsiyasi: yangi nigoh, yangi kashfiyotlar” mavzusida xalqaro mediaforum bo‘lib o‘tadi

17.08.2026   19005   1 min.
24–29 avgust kunlari Toshkentda “Islom sivilizatsiyasi: yangi nigoh, yangi kashfiyotlar” mavzusida xalqaro mediaforum bo‘lib o‘tadi

24–29 avgust kunlari O‘zbekiston poytaxtida “Islom sivilizatsiyasi: yangi nigoh, yangi kashfiyotlar” mavzusida xalqaro mediaforum o‘tkaziladi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.

Tadbirning asosiy qismi O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida o‘tkaziladi. Unda xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillari, xalqaro ekspertlar va media sohasi mutaxassislari jam bo‘ladi.

Forum dasturidan tantanali ochilish marosimi, yalpi majlislar, mavzuga oid media-ko‘rgazmalar, matbuot anjumanlari va ikki tomonlama uchrashuvlar o‘rin olgan. Sho‘ba yig‘ilishlari doirasida hujjatli kino va tarixiy xotira, nashriyot loyihalari, zamonaviy texnologiyalar, shuningdek, media sohasidagi xalqaro loyihalarni rivojlantirish masalalari muhokama qilinadi.

Bundan tashqari, O‘zbekiston talabalari uchun jahon media sanoatining yetakchi mutaxassislari ishtirokida mahorat darslari tashkil etiladi. Ishtirokchilar zamonaviy jurnalistika, media mahsulotlar yaratish va xalqaro axborot makonida samarali faoliyat yuritish borasida tajriba almashadi.

27 avgust kuni forum qatnashchilari uchun Samarqand shahriga sayohat uyushtiriladi. Dastur doirasida mehmonlar Imom Buxoriy majmuasini ziyorat qiladi va shaharning tarixiy-madaniy merosi bilan tanishadi. Shuningdek, Toshkent shahrida xorijiy OAV vakillari uchun maxsus media-tur o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Forum 28 avgust kuni yakuniy yalpi majlis va tantanali yopilish marosimi bilan o‘z ishini yakunlaydi. Xorijlik mehmonlar, O‘zbekiston davlat mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlangan tadbirlarda ham ishtirok etadi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari