Mintaqa
Mavritaniya Islom Respublikasi Afrikaning shimoli-g'arbidagi davlat. Poytaxti – Nuakshot. Hududi – 1031 ming kvadrat kilometr. Ma'muriy-hududiy bo'linishi – 12 viloyat va Nuakshot avtonom viloyatidan iborat. Aholisi – 3,30 mln. kishi. Davlat tili arabcha.
Mavritaniya – rivojlanayotgan kambag'al davlat. Uning Mavritaniya deb atalishi tasodifiy emas. Aholi o'zlarini o'rta asrlarda Ispaniya musulmonlari bo'lgan mavrlarga aloqador deb biladi. Ularning ajdodlari genotsidni boshdan kechirib, Ispaniyadan Afrikaga qochishga majbur bo'lgan. Afsuski, Pireney yarim orolidagi musulmon davlatining yuksak madaniyatini qochqin bo'lib Afrikaga borgan aholi saqlab qola olmadi, ammo mavritaniyaliklar orasida "Andalus" va "Kordoba" nomlariga bo'lgan muhabbat o'zgacha. Ko'plab qahvaxonalar, sartaroshxonalar va boshqa muassasalar ana shu qadimiy nomlar bilan ataladi.
Aholisi
Mavritaniyaliklar Islomga e'tiqod qiladi va ikki guruhga bo'linadi. Mamlakat janubidagi Senegal daryosi qirg'og'i aholisi (volof, tukuler va soninklar) dehqonchilik bilan shug'ullanadi. Ular mamlakat aholisining beshdan bir foizini tashkil qiladi. Qolgan aholi – chorvador va ko'chmanchilar – cho'l va chala cho'llarning kengliklariga tarqalib ketgan. Etnik kelib chiqishiga ko'ra, ular arab, berber va g'arbiy afrikalik aralash bo'lgan mavrlar va tuareglarga oid. Berberlar shimoliy va shimoli-g'arbiy Afrikada miloddan avvallari ham yashagan. VII-VIII yuzyilliklarda arablar kirib kelganidan so'ng berberlarning ba'zi qabilalari arablar bilan chatishib ketgan. Ularning hammasi Islomga kirgan va arab tilida gaplashishni odat qilgan.
Sof arab tili
Mavritaniyaliklarning lingvistik xususiyati shundaki, ular sof adabiy arab tilida, muqaddas Qur'on tilida gaplashadi. Ularning tilini arab nutqi namunasi deyish mumkin. Ko'plab arab davlatlari aholisi turli shevalarda gaplashadilar. Arablarning og'zaki nutqi adabiy til normalaridan juda uzoqlashib ketgan, lekin bundan mavritanlar mustasno. Ular Payg'ambar sollallohu alayhi va sallam zamonidan o'zlarigacha etib kelgan nutq uslubini saqlab qolishgan va sof adabiy arab tilida muloqot qilishadi.
Dunyodagi eng qadim minoraning ikkinchisi
Mavritaniyadagi xorijlik sayyohlarni tabiiy landshaftlarning go'zalligi, qadimiy tarix va me'morchilik yodgorliklari, mahalliy xalqlarning boy madaniy an'analari o'ziga jalb qiladi. Jumladan, Shingetti jome masjidi XIII-XIV asrlarda Mavritaniyaning Adrar mintaqasidagi Shingetti vohasi shahri asoschilari tomonidan barpo etilgan qadimiy ibodat markazidir. Ushbu qadimiy masjidning minorasi musulmon olamida doimiy foydalaniladigan ikkinchi eng qadimgi minora hisoblanadi. 1970 yillarda masjid YuNYeSKO sa'y-harakatlari bilan qayta tiklangan, ammo shahar va masjidga kuchli cho'llanish jarayoni hamon xavf solib turibdi.
Dini
Mamlakat aholisining 99,6 foizi – musulmon. Bu erda ahli sunnat val jamoatning molikiya mazhabi keng tarqalgan. Islomning kirib kelishi VIII asrda boshlangan. Aholining 0,1 foizi afrikaliklarning an'anaviy e'tiqodlariga (animalizm, fetishizm, totemizm, tabiat kuchlari va boshqalarga) amal qiladi. Nasroniylik XVI-XVII asrlarda tarqala boshladi. Nasroniylarning kichik jamoasining aksari katoliklardir.
Mavritaniya ayni kunlarda kambag'al davlatlar sirasiga kirsa-da, jadallik bilan rivojlanib borayotgan o'lka. Bunda, albatta, mamlakat aholisining o'z diniga mustahkam e'tiqodi, mehnatsevarligi, eng muhimi, ilmga tashnaligi muhim rol' o'ynamoqda.
Damin JUMAQUL tayyorladi.
#Yangiliklar #Haj_2025
O‘zbekiston musulmonlari idorasining Buxoro viloyati vakilligi tashabbusi bilan Buxoro shahridagi “Abu Hafs Kabir” jome masjidida Haj va umraga oid darslar o‘tkazildi.
“Mir Arab” o‘rta maxsum islom ta’lim muassasasi mudiri Jaloliddin domla Saburov va Erkin domla Qudratov bu yil haj safariga ketayotgan navbatdagi guruh a’zolari va tayinlangan ellikboshilar ishtirok etdi.
Ma’ruzada haj qoidalari, ularni buzish oqibatlari, safar odoblari, musofir kishining ibodati, safarga tayyorgarlik va unda e’tibor qaratilishi lozim bo‘lgan ko‘rsatmalar xususida to‘xtalib o‘tdi. Shuningdek, amaliyotga oid maslahatlarni bayon etdi.
Dars mobaynida ishtirokchilarni qiziqtirgan aqidaviy, fiqhiy va diniy-ijtimoiy mavzulardagi savollarga ustozlar tomonidan atroflicha javoblar berildi.
Alloh taolo Haj safariga otlanayotgan hamyurtlarimizning safarini xayrli qilsin, ulug‘ ibodatni bekamu-ko‘st ado etish barchamizga nasib etsin!
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Buxoro viloyati vakilligi
Matbuot xizmati